35-§. Qo`qon xonligi shahrlari Qo`qon xonligidagi shaharlar bir-biridan aholisi, madrasa va masjidlarining soni, mahsulotining sifati bilan farq qilardi. U yoki bu shaharning ahamiyati uning strategik mavqei bilan belgilanardi. Katta shaharlarga xonning o`g`illari yoki yaqin qarindoshlari hokim etib tayinlanardi.
Qo`qon shahriga oid ma`lumotlar tarixiy manbalarda X asrdan boshlab uchraydi. Qo`qonning yoshi 2000 yildan ortiq bo`lib, ma`lumotlarda "Ho`qand", "Havoqand" degan nomlar bilan qayd etilgan. “Havoqand” - go`zal, yoqimli, xushmanzara, shamol shahri, degan ma`nolarni anglatadi. Qo`qonni mahalliy aholi “Ho`qandi latif” yoki “Qo`qon” deb ataganlar. Qo`qon shahri XVIII-XIX asr 1-yarmida Markaziy Osiyoning yirik shaharlaridan biri edi. Qo`qon shahri devor bilan o`ralib, ma`muriy jihatdan 12 dahaga bo`lingani uchun 12 darvozali bo`lgan, shaharda 30 ming aholi yashagan. XIX asr o`rtalarida 38-100 ta xujrasi bo`lgan Madalixon, Norbo`tabiy, Jome, Hojim Oyim, Xoja dodxoh, Mingoyim madrasalari alohida ajralib turgan.
Marg`ilon (Marg`inon) shahriga bundan 2000 yil avval asos solingan. Marg`ilon nomi taxminan “Maysazor”, “O`tzor” degan ma`noni anglatadi. “Boburnoma”da Farg`onadagi 8 ta shahardan biri Marg`ilon ekanligi, uning obodoligi, shirin mevalari, “donoyi kalon” degan anori, “subhoniy” navli o`rigi maqtalgan. Marg`ilon Buyuk ipak yo`lida joylashgani uchun hunarmandchilik gullab-yashnagan, uning atlas to`qish turi nihoyatda rivojlangan, atlas Marg`ilonni jahonga mashhur qilgan. Marg`ilon ilm-fan markazi ham bo`lib, huquqshunos Burhoniddin Marg`inoniyni etkazib bergan. Marg`ilon Qo`qon xonligi davrida pilla sotiladigan asosiy bozor markazi edi, shaharda ko`plab pillakashlik va shoyi to`qish ustaxonalari bor edi. Marg`ilon shahrining 2000 yilligi 2007 yil nishonlandi.
Andijon Markaziy Osiyoning mashhur shahri bo`lib, "Buyuk Ipak yo`li"da bunyod etilgan. Manbalarda shahar nomi "andi", "adoq" kabi urug` atamalari bilan bog`liqligi aytilgan. Arablar bosqini davrida shahar Andukon deyilgan. Andijon XV asrdan Farg`ona vodiysi markaziga aylanib, Bobur davrida xo`jalik, fan va madaniyat ravnaq topgan. Bobur "Boburnoma"da Andijon haqida "Oshlig`i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi bo`lur. Samarqand va Kesh qo`rg`onidin so`ngra mundin ulug`roq qo`rg`on yo`qtur. 3 darvozasi bor, 9 tarnov suv kirar" deb yozgan. Qo`qon xonligi tashkil topgach Andijon shahri Andijon bekligining markazi bo`lib, XIX asr o`rtalarida 4 dahaga bo`lingan, har dahaning qozisi, mingboshisi bo`lgan, dahalar oqsoqol boshliq mahalalarga bo`lingan.