III Bob
Ming bir shisha
Shunday qilib, to'qqizinchi fevral kuni, endigina eruvgarchilik boshlangan mahalda Aypingda g'alati qiyofali noma'lum kishi paydo bo'ldi. Ertasi kuni pilch-pilch loygarchilikda uning yukini qovoqxonaga keltirishdi. Bu unchalik ham oddiy yuk emas ekan. To'g'ri, har ikkala chamadonning ham odatda sayohatchilarda bo'ladigan chamadonlardan hech qanday farqi yo'q edi; ammo, chamadonilardan tashqari, ichiga kitob joylangan yana bir quti ham bo'lib — undagi kitoblar katta-katta, qalin-qalin edi, ammo u kitoblarning ba'zilari nashr etilmay, balki juda badxat qilib qo'lda yozilgandi — shuningdek, ichiga poxolga o'rog'liq allaqanday buyumlar joylangan anchagina savatlar, yashiklar, qutilar ham bor edi. Poxollarni titib ko'rishni unutmagan Xoll ularni shishalar deb o'yladi. U yuklarni uyga olib kirishga yordamlashmoqchi bo'lib, aravakash Firensayd bilan chaqchaqlashayotgan mahalda, shlyapasini bostirib olgan, egniga palto, qo'liga qo'lqop kiyib, bo'yniga sharf o'ragan noma'lum kishi eshikdan chiqib keldi.
Noma'lum kishi uydan chiqarkan, Firensaydning erinchoqlik bilan Xollning oyog'ini iskab turgan itiga hatto qayrilib ham qaramadi.
— Yashiklarni xonaga olib kiringlar,— dedi u.
— Axir yukni kutaverib ko'zim to'rt bo'lib ketdi-ku.
Shunday deb u zinapoyadan tushdi-da, chog'roq bir savatni olmoqchi bo'lib aravaning ortiga o'tdi.
Uni ko'rib Firensaydning iti g'azab bilan irillab, junlarini hurpaytirdi; musofir zinapoyadan tushib aravaning orqasiga o'tganda esa it yugurib borib uning qo'liga yopishdi.
Itni ko'rsa kapalagi uchadigan Xoll bir cho'chib tushdi-da, keyin:
— Et!—deb qichqirdi. Firensayd esa:
— Jim bo'l!— deb baqirdi-da, qamchisiga yopishdi.
Ular it noma'lum kishining qo'lini tishlaganini ko'rdilar, tepki tovushini eshitdilar, it bir sapchib musofirning oyog'iga yopishdi, shundan so'ng shimning «tirr» etib yirtilgani eshitildi. Shu payt Firensayd qo'lidagi qamchisi bilan itning tumshug'iga solgan edi, it alam va og'riqdan angillab aravaning ostiga yashirindi. Bu hodisa yarim minut ichida sodir bo'ldi. Hech kim gapirmas, hamma baqirardi. Noma'lum kishi darhol yirtilgan qo'lqopiga va shimiga qaradiyu egilmoqchi bo'lganday bir harakat qildi, keyin shartta orqasiga o'girilib yugurganicha zinapoyaga chiqib ketdi. Atrofdagilar uning shoshilinch ravishda o'tib borgani va xonasiga ko'tariladigan taxta zinapoyadan taraq-turuq qilib chiqqanini eshitdilar.
— Eh, iflos maxluq!— so'kindi Firensayd qo'lidagi qamchi bilan aravadan tushar ekan, shu mahal it g'ildirak ostidan uning harakatini diqqat bilan kuzatib turar edi.
— Beri kel!— deb qichqirdi Firensayd.
— Beri kel deyapman senga, bo'lmasa bundan battar savalayman.
— Xoll avvaliga nima qilarini bilmay, bir oz anqayib turdi.
— It uni qopdi,— deb gap boshladi u keyin.
— Kirib ko’raychi, ahvoli nechuk ekan.
— Shunday deb Xoll noma'lum kishining ortidan ketdi. U koridorda xotiniga duch kelib unga:— «Firensaydning iti ijarachini qopdi»,— dedi.
— U zinapoyadan yuqori ko'tarildi-da, noma'lum kishining eshigi oldida to'xtadi. Eshik qiya ochiq ekan. Xoll uni lang ochib, mehmonga o'zining taassufini izhor etish niyatida, hech qanday takallufsiz xonaga kirib bordi.
— Darparda tushirilgan bo'lib, xonani g'ira-shira qorong'ilik bosgan edi. Xollning ko'zi g'oyatda antiqa bir manzarani ilg'ab qoldi: bu boshi ustida turgan panjasiz qo'l hamda oq doka oldida tussiz kapalak gulga juda ham o'xshab ketadigan uchta katta noaniq dog'dan iborat bo'lgan bashara edi. Kyoyin ko'kragiga tekkan qattiq bir zarba uni koridorga uloqtirib yubordi, u eshikning qars etib yopilgani va shiqirlab qulflanganini eshitdi. Bularning hammasi shu qadar tez yuz berdiki, Xoll hech narsani idrok etishga ulgura olmadi. Allaqanday g'ira-shira ko'lankalarning ko'zga elas-elas chalinishi, zarba, ko'krakdagi og'riq esda qoldi, xolos. Mana hozir u, bu qanaqasi bo'ldi, a, deb bosh qotirganicha eshik oldidagi qorong'i yo'lakchada serrayib turibdi.
— Saldan keyin Xoll ko'chada, qovoqxona oldida yig'ilgan bir to'da odamlarga borib qo'shildi. Bu yerda o'z hikoyasini boshidan boshlab ikkinchi marotaba aytib berayotgan Firensayd ham, nuqul «itingiz mening ijarachimni qopishga hech qanday haqqi yo'q» deb ta'kidlayotgan missis Xoll ham, voqeaga juda qiziqib qolgan ro'paradagi do'konning xo'jayini Xaksters ham, Firensaydning hikoyasini qovog'ini solib, donishmandlarga xos bir qiyofada tinglayotgan temirchi Sendi Uojers ham bor edi. Voqea sodir bo'lgan joyga birpasda xotinlar va bolalar yugurib kelishdi, ularning har biri: «Meni qopib ko'rsin edi», «Bunaqangi itni boqish mumkin emas» kabi biron bema'ni gapni aytardi.
Mister Xoll zinapoyada bir oz turib, ularning gaplariga quloq soldi, shunda unga yuqorida hech qanaqangi favqulodda bir narsa ko'rgan bo'lishi mumkin emasday tuyula boshladi. Agar gapirmoqchi bo'lganida ham, baribir, u o'z taassurotini tasvirlash uchun so'z topa olmagan bo'lardi.
— U menga hech nimaning keragi yo'q dedi,—javob berdi mister Xoll xotinining savoliga.— Endi yuklarni ichkariga olib kiraversak ham bo'lar deyman.
— Yaxshisi darhol kuydirish kerak edi,— dedi mister Xaksters,— ayniqsa, yara yallig'lagan paytda buning foydasi katta bo'ladi.
— Men bu itni otib o'ldirardim,— dedi bir xotin.
It birdan yana irillab qoldi.
— Qani, yukni tushiringlar,— degan zardali ovoz eshitildi va ostonada shlyapasini bostirib kiygan, yoqasini ko'tarib, paltosiga o'ralib olgan noma'lum kishi paydo bo'ldi,— uni ichkariga qancha jadal olib kirsangiz, shuncha yaxshi,— deb so'zini davom ettirdi u. O’sha yerdagilardan birining gapiga qaraganda, musofir qo'lqopi bilan shimini almashtirib olgan ekan.
— Yomon qopdimi, taqsir?—so'radi Firensayd.
— Kelib-kelib sizni xuddi mening itim qopganidan juda o'ng'aysizlanyapman...
— Arzimaydi,— deb javob berdi noma'lum kishi.
— Hatto tishining izi ham qolgani yo'q.
Yaxshisi yuklarni tezroq olib kitishga shoshiling!
Mister Xollning gapiga qaraganda, shundan so'ng musofir sekingina so'kinib qo'yibdi.
Birinchi savati mehmonxonadagi o'zi ko'rsatgan joyga olib kirishlari bilanoq, musofir hech uyalmay-netmay, missis Xollning gilamiga poxollarni to'kib-sochib, sabrsizlik bilan uni ocha boshladi. U savatdan har xil hajm va har xil shakldagi shishalarni olishga kirishdi. Bularning orasida poroshok solingan qorindorlari ham, xilma-xil rangga bo'yalgan yoki shaffof suyuqlik bilan to'latilgan ingichka-ixchamlari ham, ustiga «zahar» degan so'z yozig'liq egri-bugrilari ham, tor bo'g'izli yumaloqlari ham, yashil va oq rangli kattalari ham, sirtiga o'yib xat yozilgan, oyna probkalilari ham, mahkam yopiladigan burma tiqinlilari ham, po'kak tiqinli vino hamda zaytun moyidan bo'shagan shishalar ham bor edi. Ana shu shishalarning hammasini u jovonga, kaminning peshtaxtasiga, stolga, deraza tokchasiga, polga, etajerkaga — xullasi kalom, hamma yoqqa qator-qator qilib terib qo'ydi. Bremblxerst dorixonasida shu shishalarning yarmisi ham yo'q edi. Salobatli bir manzara hosil bo'ldi. Musofir savat ortidan savat bo'shatardi, ular esa hammasi shisha bilan to'la edi. Nihoyat, barcha quti va savatlar bo'shaldi, stolning ustida bir g'aram poxol uyulib qoldi; savatlarda shishalardan tashqari, bir talay probirka va juda avaylab o'rab-chirmalgan tarozi ham bor edi.
Savatlarni bo'shatgach, noma'lum kishi derazaga yaqin bordi-da, uyulib yotgan poxol, o'chib qolgan kamin, ko'chada qolib ketgan kitob to'la quti, chamadonlar va yuqoriga olib chiqilgan boshqa yuklarga qayrilib ham qaramay, ishga kirishib ketdi.
Missis Xoll tushki ovqatni olib kirganida, musofir ishga qattiq berilib ketgandi, u shishalardan probirkalarga tomchi-tomchi suyuqlik quyishi bilan band bo'lganidan, missis Xollning xonaga kirganini payqamadi ham. Missis Xoll poxolni yig'ishtirib olgach, gilamning ayanch ahvolini ko'rib ranjigani uchunmi, har qalay, patnisni stolga odatdagidan ko’ra tarahlatibroq qo’ygan edi, musofir unga yarq etib bir qaradi-yu darhol yuzini teskari o'girdi. Missis Xoll musofirning ko'zoynaksiz ekanini so'rib qolishga ulgurdi: ko'zoynak shundoq yonginasida, stol ustida yotardi. Shunda ayolga uning ko'z kosasi haddan ziyoda chuqur bo'lib ko'ringanday bo'ldi. Musofir ko'zoynagini taqib o'girildi-da, missis Xollning basharasiga tikildi. Missis Xoll poxollar polga sochilib yotganidan xafa ekanini aytmoqchi edi, biroq musofirning o'zi oldinroq gap ochdi:
—Men sizdan xonaga eshikni taqillatib kirishingizni so'rardim,— dedi u nihoyatda zarda bilan, aftidan, bular-bo'lmas gapga ham uning darrov jahli chiqaverardi.
— Men eshikni taqillatdim, lekin siz, balki...
— Balki taqillatgandirsiz. Ammo men tadqiqot bilan mashg'ul paytimda—bu tadqiqotlar favqulodda muhim va zarur — qandak notinchlik, eshikning g'ijirlashi ham... Men sizdan so'rar edimki...
— Albatta, mister. Basharti sizga zarur bo'lsa, eshikni qulflab qo'yishingiz mumkin. Istagan vaqtingizda...
— Juda o'rinli fikr!—dedi noma'lum kishi.
— Lekin manovi poxollar, afandim... Sizga aytishga botina...
— Kerak emas! Agar poxollar g'ashingizga tegayotgan bo'lsa, ularni ham mening hisobimga yozib qo'ya qoling.
— Keyin u o'zicha so'kinishga o'xshash allanima balolar deb do'ng'illab qo'ydi.
Noma'lum kishi mehmonxona bekasi oldida bir qo'lida shisha, ikkinchisida probirka tutgan holda jangari va darg'azab qiyofada turar, uning va johati kishini shu qadar taajjubga soladigan ediki, missis Xoll o'zini noqulay his eta boshladi. Lekin u cho'rtkesar shaddod ayol edi.
U holda,— dedi ayol,— qancha to'lamoqchi ekanligingizni bilsam bo'ladimi...
— Bir shilling. O’sha hisobga yana bir shilling qo'shib qo'ying. Etarli bo'lsa kerak, deb o'ylayman?
— Yaxshi, siz aytganday bo'la qolsin,— dedi missis Xoll dasturxon tuzashga kirishar ekan.
— Albatta, basharti siz shunga rozi bo'lsangiz...
Noma'lum kishi teskari qarab, missis Xollga orqasini o'girib o'tirdi.
U eshikni ichidan qulflab olib, missis Xollning ishontirishicha, miq etgan tovush chiqarmay, kechgacha ishladi. Faqat bir marotabagina «taraq» etgan tovush va shishaning jaranglagani eshitildi, go'yo kimdir stolni itarib, shishani polga uloqtirib yuborganday bo'ldi, keyin esa, uning gilam ustida tez-tez qadam tashlab, u yoqdan-bu yoqqa yurgani eshitildi. Biror falokat yuz berib qoldimi-kin deb xavfsiragan missis Xoll eshik oldiga kelib, quloq sola boshladi.
— Hech nima chiqmaydi!—deb qichqirardi musofir xunob bo'lib.
— Hech nima chiqmaydi, vassalom! Uch yuz ming, to'rt yuz ming! Axir, buning poyoni yo'q-ku! Aldandim! Butun umrim shunga sarf bo'lib ketadi! Sabr, sabr qilish kerak! Aytishga oson! Ahmoq, ahmoq!
Shu mahal allakim qovoqxonaga kirdi, salmoqlanib bosilgan qadam tovushi eshitildi va missis Xoll gapni oxirigacha eshitmay, chor-nochor eshikdan uzoqlashishga majbur bo'ldi.
Missis Xoll qaytib kelganida, kresloning sal-pal g'ijillagani va goho shishalarning bir-biriga tegib ohista jaranglaganini hisobga olmaganda, xona yana suv quyganday jimib qolgan edi. Chamasi, noma'lum kishi qaytadan ishga kirishgan edi.
Missis Xoll choy keltirgan mahalida, xonaning burchagidagi ko'zguning ostida singan shishalarni va beparvolik bilan artib olingan sariq dog'ni ko'rdi. Missis Xoll uni musofirga ko'rsatdi.
Shularning hammasini mening hisobimga yozib qo'ying,— dedi noma'lum kishi g'ijinib.
— Undan keyin, xudo haqi, menga xalal beravermang. Mabodo sizga biror zararim tegsa, mening hisobimga yozib qo'yavering.
— Shundan so'ng u oldidagi daftarga turli belgilar qo'yishga boshladi...
— Bilasizmi, men sizga nima demoqchiman?— deb sirli ravishda gap boshladi Firensayd. Bu suhbat o'sha kuni kechqurun pivoxonada bo'lmoqda edi.
— Xo'sh?—so'radi Teddi Xenfri.
— Itim qopib olgan o'sha odam... Xullas, gapning lo'ndasini aytsam: u qora tanli. Har qalay, uning oyoqlari qora. Itim shimi bilan qo'lqopini yirtib yuborgan vaqtda ko'rib qoldim. Yirtilgan joydan pushti rang badan ko'rinishi kerak edi-a, shundaymi? Ammo, men sizga, sira unaqa bo'lgani yo'q. Faqat qop-qora narsa ko'rindi, xolos. Sizga rost gapni aytyapman: uning badani qop-qora, manovi shlyapamdan farqi yo'q.
— Xudoyo tavba!— xitob qildi Xenfri.
— Buning gapini qara-ya! Axir, uning burni pushti rangda-ku.
— Shundaylikka shunday,— dedi Firensayd.
— Bu gaping to'g'ri. Lekin men, bu odam olachipor, desamchi, sen unda nima deysan, Teddi? Uning ba'zi joyi qora, ba'zi joyi oq, chovkar. U ana shundan xijolatda. Allaqanday duragay, ikki rang aralashib ketish o'rniga, xol-xol, chovkar bo'lib qolgan, bildingmi! Men shunaqangi hodisalar bo'lishini ilgari eshitgandim. Otlarda bunaqa narsa juda ko'p uchraydi. Buni xohlagan odamingdan so'rashing mumkin.
IV Bob
Mister Kass noma'lum kishi bilan suxbatlashadi
— Noma'lum kishi Aypingga kelganidan keyingi barcha voqealarni batafsil tasvirlashdan maqsadim, nima sababdan hamma unga qiziqib qolganini kitobxonga tushuntirishdir. Uning mashhur klub kuni bayrami vaqtigacha Aypingda qanday yashagani masalasiga kelganda, shuni aytish kerakki, ikkita g'alati voqeani hisobga olmaganda, bu to'g'rida to'xtalmasa ham bo'laveradi. Ba'zan missis Xoll u bilan xo'jalik masalasida tortishib qolardi, biroq bunda hamisha musofir g'olib chiqardi, ya'ni u shu zahotiyoq qo'shimcha haq ola qolishni taklif etardi. Bu holat aprelning oxirlarigacha, musofirda pulsizlikning dastlabki ishonalari sezilib qolgunga qadar davom etdi.
— Xoll uni yoqtirmasdi va qachon qarasa, bu ro'daponing dumini tugib yuborish kerak deb yurardi, biroq o'zining qo'lidan hech nima kelmasdi. Shuning uchun ham u iloji boricha musofir bilan uchrashmaslikka harakat qilardi.
— Yozgacha sabr qil,— deb unga nasihat qilardi missis Xoll.
— Rassomlar yig'ila boshlasin, ana o'shanda ko'ramiz. Uning surbetligi rost, bu haqda sen bilan bahslashmayman, lekin u o'z vaqtida haqimizni to'lab turibdi, nima deganingda ham, uning bu fazilatidan ko'z yumish mumkin emas.
Ijarachi cherkovga bormasdi, yakshanba kuni bilan hech qanday farq qilmasdi, hatto hamisha bir xilda kiyinardi. Missis Xollning fikricha, u uncha muntazam ishlamasdi ham. Ba'zi kunlarda ertalab barvaqt mehmonxonaga tushib, uzoq vaqt ishlardi. Boshqa kunlarda— bo'lsa, o'rnidan kech turar, ovozini barala qo'yib g'o'ng'illar, trubkasini tutatar yoki bo'lmasa, kamin yonidagi kresloda mudrab o'tirardi. Hech kim bilan aloqa qilmasdi. Kayfiyati ham o'sha-o'sha — juda betayin edi, ko'pincha u o'zini o'ta serzarda odamday tutardi. Bir necha bor g'azabidan hatto quturib ketdi, shunday vaqtlarda u duch kelgan narsani uloqtirib yuborar, yirtib tashlar, yerga urib chilparchin qilardi. U hamisha haddan ziyoda iztirob chekadigan odamga o'xshardi. U tez-tez ming'illab o'zi bilan o'zi so'zlashardi; biroq missis Xoll qanchalik urinmasin uning gaplaridan hech narsa anglay olmasdi.
— Kunduzi u xonasini kamdan-kam tark etardi, lekin qosh qoraydi deguncha, basharasini ko'rinmaydigan qilib o'rab olib, tashqarining issiq yoki sovuqligiga qaramay, sayr qilgani chiqardi. U sayrgoh uchun daraxtlar bilan qoplangan yoki ko'tarma bilan to'silgan eng xilvat so'qmoqlarni tanlardi. Uning ulkan qora ko'zoynagi va keng soyabonli shlyapa ostidagi bint bilan o'rab tashlangan qo'rqinchli basharasi qorong'i kechada uyiga qaytayotgan ishchilarni vahimaga solardi; bir kuni kechqurun soat to'qqiz yarimlarda «Qizil kamzul» qovoqxonasidan gandiraklab chiqqan Teddi Xenfri noma'lum kishining bosh suyagiga o'xshash kallasini ko'rib (u shlyapasini qo'liga olib bosh yalang aylanib yurgan ekan), qo'rqqanidan yuragi yorilib o'layozibdi. Qosh qoraygan mahalda uni ko'rib qolgan bolalar kechasi alang-jalang tushlar ko'rib alahlab chiqishardi. Bolalar uni yomon ko'rishar, u ham bolalarni yoqtirmas edi. Kim kimni ortiqroq yomon ko'rishini aniqlab bo'lmasdi, chunki ikkala tomonning bir-biriga qarshi adovati juda kuchli edi.
— Kishini hayratga soladigan shunaqangi qiyofa va shunday g'alati tabiatli odam Ayping aholisining bitmas- tuganmas mish-mishlar to'qib chiqarishiga sabab bo'lganining hech qanday ajablanarli eri yo'q. Uning mashg'uloti — borasida odamlarning fikrlari xilma-xil edi. Bu masalada missis Xoll bilan sira hazillashib bo'lmasdi. «U nima ish qiladi, o'zi?» degan savolga missis Xoll juda dabdaba bilan: «Eksperimental tadqiqot ishlari bilan shug'ullanadi»,— deb javob berardi. Bu so'zlarni u go'yo yanglishib ketishdan qo'rqqanday juda salmoqlanib, ehtiyotkorlik bilan talaffuz etardi. «Buning ma'nosi nima?» deb so'rashganida esa u o'zini katta olib, «bu har bir ilmli odam uchun ma'lum gap» derdi-da, keyin: «U har turli kashfiyotlar qiladi»—deb tushuntirardi. «Bizning ijarachimiz falokatga uchragan,— deb hikoya qilardi missis Xoll,— natijada qo'li bilan yuzi olachipor bo'lib qolgan. U juda ham izzat-nafsi zo'r kishi bo'lganidan shu holatda odamlarga ko'rinishdan o'zini olib qochadi».
— Biroq orqavoratdan, ularning ijarachisi odil suddan yashirinib yurgan jinoyatchi bo'lib, o'zining antiqa libosi bilan polisiyani chalg'itishga urinib yurgan bo'lsa kerak, degan ovoza tarqaldi. Dastlab bu fikr Teddi Xenfrining miyasida paydo bo'ldi. Biroq keyingi haftalar mobaynida birorta kattaroq jinoyat sodir bo'lgani ma'lum emasdi. Shuning uchun bo'lsa kerak, maktab muallimi mister Gould bu tusmolni sal-pal o'zgartirdi: uning fikricha, missis Xollning ijarachisi portlovchi moddalar yasaydigan anarxist emish. Gould ishdan bo'sh vaqtini noma'lum kishini ta'qib etishga bag'ishlamoqchi bo'ldi. Uning ta'qibi asosan noma'lum kishi bilan uchrashib qolganida, unga tikilib qarash va hech mahal uni ko'rmagan odamlardan uning kimligini surishtirishdan iborat edi. Shunga qaramay, mister Gould hech narsani aniqlay olmadi.
— Firensayd to'qib chiqargani—«u odam chovkar yoki shunga o'xshash allanima balo» degan uydurmaning tarafdorlari ham ko'p edi. Masalan, Saylas Dergan «agarda noma'lum kishi yarmarkada o'zini ko'rsatishga jur'at etganida, katta mablag' orttirgan bo'lardi», derdi va hatto bu gapning isboti uchun «Tavrot»da yozilgan, o'z talantini yerga ko'mgan odam voqeasini misol qilib keltirardi. Boshqalar esa noma'lum kishi telbakezik bo'lsa kerak, deb yurishardi. Bu taxminning fazilati shunda ediki, hamma narsani birdaniga ochiq-oydin qilib qo'ya qolardi.
— Ayping jamoat fikridagi bu asosiy oqimlarning ogishmas tarafdorlaridan bo'lak, ikkilanuvchi va yon bosishga tayyor kishilar ham bor edi.
— Susseks grafligi aholisi xurofotga uncha ishonmaydigan odamlar edi. Noma'lum kishining mu'jizaviy tabiati haqidagi gumonlar esa aprel voqealaridan keyin paydo bo'ldi, lekin bunga ham faqat xotinlargina ishondilar.
— Biroq bu odam haqida Aypingdagi kishilarning fikri qanchalik har xil bo'lmasin, uni hamma birday yomon ko'rardi. Uning aqliy mehnat bilan shug'ullanadigan shaharlik odamga tushunarli bo'lgan jizzakiligi og'ir-vazmin Susseks aholisining jig'iga tegardi. Uning achchig'lanib qo'l silkishi, shiddat bilan yurishi, tunda sayr qilib, eng xilvat joylarda qorong'ilik quchog'idan kutilmaganda chiqib qolishi, gapga solmoqchi bo'lganlarning so'zini beodoblik bilan shartta bo'lib ketib qolishi, eshiklarni qulflashi, darpardani tushirib yurishi, sham va chiroqni o'chirib qo'yishga, ya'ni qorong'iga ishqibozligi bilan kim ham chiqisha olardi, deysiz. Noma'lum kishi o'tib borayotganda duch kelgan odamlar undan o'zlarini olib qochishardi. Aypinglik hazilkashlar esa paltolarining yoqasini ko'tarib, shlyapalarini bostirib kiyishar va uning asabiylashib yurishiga hamda sirli xatti-harakatiga taqlid qilib orqasidan mazax qilib qolishardi. O’sha mahalda «Arvoh odam» degan qo'shiq xalq orasida juda keng tarqalgan edi. Miss Stetchel mazkur qo'shiqni cherkovga chiroq olish maqsadida mablag' to'plash uchun maktabda uyushtirilgan konsertda ijro etgan edi. Shundan so'ng noma'lum kishi ko'chada ko'rindi deguncha, biror kimsa o'sha qo'shiq kuyini hushtak qilib chala boshlardi. Hattoki kechikib qolgan bolalar Ham kechqurun uylariga shoshilib borar ekanlar, uning orqasidan: «Arvoh odam!»—deb qichqirishar, so'ng qo'rquv va quvonchdan yuraklari ichlariga sig'may ura qochishardi.
— Aypinglik vrach Kass bu sirdan voqif bo'lishga urinib, o'zini qo'yarga joy topolmay yurardi. Bint bilan o'rab tashlangan bosh uning professional qiziquvini uyg'otardi; ming bir shisha haqidagi ovozalar esa, unda hasadomuz ehtirom uyg'otardi. Butun aprel va may oylari davomida Kass noma'lum kishi bilan suhbatlashish uchun vaj axtardi. Nihoyat sabr xosasi to'ldi-yu, troisa bayrami arafasida shu yerdagi kasalxonada kasal boquvchi bo'lib ishlaydigan kambag'al ayol foydasiga pul to'plash varaqasini to'ldirish bahonasi bilan noma'lum kishi huzuriga borishga jazm qildi. U, missis Xoll o'z ijarachisining ismini bilmasligini eshitib hayron bo'lib qoldi.
— U ismini aytgan edi,— dedi missis Xoll (bu gap tamomila asossiz edi),— biroq men yaxshi eshita olmadim.
— Ijarachisi o'z nomini atashni xayoliga ham keltirmaganini e'tirof etish missis Xoll uchun juda o'ng'aysiz edi.
— Kass mehmonxonaning eshigini taqillatdi-da, ichkari kirdi. U yerdan g'uldirab so'kingan ovoz eshitildi.
— Bunday bostirib kirganim uchun afv etishingizni so'rayman,— dedi Kass, shundan so'ng eshik yopildiyu, missis Xoll keyingi gaplarni eshitolmay qoldi.
— O’n minutlar chamasi missis Xollning qulog'iga g'o'ng’ir-g'o'ng'ir ovozlar chalinib turdi; keyin ajablanib xitob qilgan kishining tovushi, oyoqlarning tapir-tupuri, uloqtirib yuborilgan stulning taraqlagani, uzuq-yuluq kulgi eshitildi va ostonada ranggi o'chgan, qoni qochgan, ko'zlari olaygan holda Kass paydo bo'ldi. U eshikni ochiq qoldirib, missis Xollga qayrilib ham qaramay, zinapoyadan pastga tushdi va zing'illaganicha ko'cha bo'ylab yurib ketdi. U shlyapasini qo'liga ko'tarib olgan edi. Missis Xoll ochiq qolgan eshikdan ijarachining xonasiga mo'ralamoqchi bo'lib peshtaxtaning orqasiga o'tdi. U elas-elas quloqqa chalinadigan kulgi ovozini, keyin esa, qadam tovushini eshitdi. Ayol turgan eridan ijarachining basharasini ko'ra olmasdi. Keyin mehmonxonaning eshigi taraq etib yopildi-yu, hamma yoqni jimlik bosdi.
Kass to'g'ri vikariy Bantingning uyiga bordi.
— Ayting-chi, men aqldan ozganmanmi?—so'radi u hansirab vikariyning oddiygina kabinetiga kirishi bilanoq.— Telba bo'lgan odamga o'xshaymanmi?
— Nima bo'ldi?— so'radi vikariy qo'lidagi bosma qog'oz vazifasini o'taydigan chig'anoqni navbatdagi va'z nasihatlari yozilgan qog'ozlar ustiga bosib.
— Anovi nusxa, Xollarning ijarachisi...
Xo'sh?
— Ichishga biror narsa bering, nafasimni rostlab olay,— dedi Kass stulga o'tirar ekan.
Kass arzon xeresdan ichib olgach (ko'ngilchan vikariyda shundan bo'lak ichkilik bo'lmasdi), bir oz o'ziga kelib, noma'lum kishi bilan uchrashuvi haqida hikoya qila boshladi.
Mehmonxonaga kirdimu,— entika-entika gap boshladi u,— kasal boqadigan ayol uchun bir oz pul berish to'g'risida imzo chekishni so'radim. Men kirishim bilan u qo'llarini cho'ntagiga tiqib, gurs etib o'zini kresloga tashladi. «Eshitishimcha, siz ilm-fan bilan qiziqar ekansiz?»—deb gap boshladim men. «Ha»,— deb javob berdi u va tomoq qirib qo'ydi. U hadeganda tomoq qirardi. Shamollab qolgan bo'lsa kerak. Shunday o'ranib-chirmanib yurganidan keyin, shamollaydi-da, albatta. Men kasalxonada bemorlarga qarab turadigan xotin haqida gapirdimu, o'zim nuqul atrofga razm soldim. Hamma yoqda shishalar va kimyoviy preparatlar qalashib yotibdi. Tarozi va probirkalar ham bor, xonadan esa tungi binafsha hidi keladi. «Lutfan imzo chekib bermaysizmi?» desam, «O’ylab ko'raman», deydi. Shunda men to'g'ridan-to'g'ri «Ilmiy tadqiqot bilan shug'ullanasizmi?»—deb so'radim. «Ha»,— javob qildi u. «Uzoq davom etadigan ilmiy tadqiqotmi?»— so'radim men. Uning g'azabi qaynab ketdi. «Ha, o'lgiday uzoq davom etadigan»,— deb javob berdi u zarda bilan. «Shundaymi?»—dedim. Ana shundan boshlanib ketdi. Oldindanoq g'azabi qaynab turgandi, so'nggi savolim sabr kosasini to'ldirib yubordi. U allakimdan resept olgan ekan, juda muhim resept emish: qanday maqsadda ishlatilishini ayta olmas ekan. «Medisinaga doirmi?» so'radim men «Obbo! Xo'sh, sizning nima ishingiz bor?»—yana qo'pollik qildi u. Men uzr so'radim. U takabburlik bilan tomoq qirdi-da, so'ng yana so'zini davom ettirdi. U reseptni o'qib berdi. Besh ingredientli resept ekan. Qog'ozni stolga qo'yib, orqasiga qaradi. Birdan qog'ozning shildirashi eshitildi: reseptni elvizak uchirib ketdi. Kaminning trubasi ochiq ekan. Birdan alanga ko'tarildi. Ko'z ochib yumguncha resept kuyib, kuli trubadan chiqib ketdi. U kamin tomonga tashlandi — fursat o'tgan edi. Ana shunaqa! Shunda u umidsizlik bilan qo'l siltadi.
— Xo'sh?
Qo'li yo'q ekan — engi bo'm-bo'sh edi. «Yo rabbiy,— deb o'yladim men,— nogiron ekanu. Ehtimol qo'li yog'ochdan bo'lsa keragu, boyaqish uni yechib qo'ygandir. Har holda,— deb o'yladim men,— bu yerda bir sir bor. Agarda ichida bir nima bo'lmasa, nega engi shalvirab qolmaydi?» Sizni ishontirib aytamaiki, engining ichida hech narsa yo'q edi. To tirsakkacha tamoman bo'm-bo'sh. Men buni o'z ko'zim bilan ko'rdim, undan tashqari engning ichi chiroq nurida yorishib turardi. «Yo parvardigori olam», deb xitob qildim men. Shunda u jim bo'ldi va zangori ko'zoynagi bilan avval menga, keyin o'zining engiga tikilib qaradi.
— Xo'sh?
— gap shu. Churq etib og'iz ochmadi, faqat menga bir qarab qo'ydi-yu, tezlik bilan engini cho'ntagiga suqdi. Men resept qanday yonib ketganida to'xtabmidim? U savol so'rayotganday yo'talib qo'ydi. «Qiziq, siz qanday qilib bo'sh engingizni qimirlata olasiz?»—deb so'radim. «Bo'sh en- gimni?» «Ha,— dedim men,— bo'sh engingizni».
«Sizningcha, bu bo'sh engmi? Uning bo'sh ekanini o'z ko'zingiz bilan ko'rdingizmi?» U kreslodan turdi. Men ham o'rnimdan turdim. Shunda u oldinga qarab ohista uch qadam bosdi. Menga yaqin kelib, naq yonginamda turib oldi-da, istehzo bilan tomoq qirdi. Boshi bint bilan o'rab tashlangan yumaloq ko'zoynakli bu qo'rqinchli odamning vajohati har bir kimsani ham vahimaga solishi mumkin bo'lsa-da, xudo haqi, men xotirjam turdim.
«Shunday qilib siz engimni bo'sh deyapsizmi?»—deb so'radi u.
«Albatta»,— javob berdim men. Shunda u bezbet yana o'zining ulkan ko'zoynaklari bilan menga tikildi. Keyin esa, xuddi qaytadan ko'rsatmoqchi bo'lganday, bamaylixotir engini cho'ntagidan chiqarib men tomonga uzatdi. Bu ishni u juda ohista — shoshilmasdan qildi. Men uning engiga tikilib qarardim. Oradan uzoq vaqt o'tib ketganday tuyuldi. «Xo'sh, mana qarang,— dedi u, yo'talib olib,—bunda hech narsa yo'q». Bir nima deyish lozim edi. Yuragim orqamga torgib ketdi. Men engining ichini yaqqol ko'rib turardim. U engini ohista — mana shunday, eng qaytarmasi basharamga tegishiga ikki ellik qolguncha cho'zdi. Bo'm-bo'sh engning yaqinlashib kelishini ko'rish juda qo'rqinchli bo'ch larkan... Keyin...
— Xo'sh?
— Keyin allanima bilandir (menga boshmaldog'i va ko'rsatkich barmog’i bilan chimchilagandek tuyuldi) burnimdan tortdi.
Banting kulib yubordi.
— Biroq u yerda hech nima yo'q edi!—dedi Kass, «hech nima» so'zini chiyillab aytarkan.— Mana siz maza qilib kulyapsiz, men esam shunday dovdirab qolgan edimki, eng qaytarmasiga bir tushirib, orqamga o'girildimu xonadan ura qochib chiqdim...
Kass jim bo'ldi. Uning rostdan ham o'takasi yorilayozganiga shubha yo'q edi. U zo'r-bazo'r o'girilib ko'ngilchan vikariy quyib berayotgan rasvo xeresdan yana bir stakan ichdi.
— Men uning engiga urgan mahalimda,— dedi u,— o'lay agar, qo'lga urgandek bo'ldim. Yengning ichida esa hech vaqo yo'q edi.
Qo'l degan narsalarning nomu nishoni ham sezilmasdi.
Mister Banting o'ylab qoldi. Keyin Kassning basharasiga shubhali nazar tashladi.
— Bu haddan ziyoda ajoyib hodisa,— dedi u donis mandlarga xos jiddiy bir qiyofada,— shak-shubhasiz, haddan ziyoda ajoyib hodisa,— deb takrorladi u, yanada vazminroq qilib.
Dostları ilə paylaş: |