2.2. DIDAKTIK LOYIHALASH TA`LIMI
Didaktik loyihalash ta`limning amal qilish namunasini tayyorlash jarayonidir. U jarayon sifatida loyihalash faoliyati, vositasi, predmetidan iborat. Bu jarayonda ma`lumot mazmuni yoki uning bir qismi- o’quv materiali loyihalash predmeti funksiyasida qatnashadi. O’quv materialiga pedagogik ishlov berilib, darslikdagi shakldan yangi shaklga olib kiriladi. O’quv topshiriqlari, muammolari, testlar tizimi va shu kabilar o’quv materialini o’qitish va o’qish extiyojlariga ko’ra o’zgartirilgan- loyihalashtirilgan shakllaridir. Loyiha muallifining didaktik bilimlari unda shakllangan pedagogik mahorat, orttirgan hayotiy tajribasi loyihalash vositalari bo’lib, ular loyiha sifatini belgilovchi omillardir. Didaktik bilimlar ko’lami, hajmi, aniqligi, pedagogik tajribaning etukligi, uning puxta egallanganligiga ko’ra didaktik loyihalar bir-biridan farq qiladi. Binobarin, didaktik loyihalarning samaradorligi va sifati pirovard natijada loyiha muallifining bilimi, tajribasi, mahoratiga borib taqaladi. Didaktik loyihalash- bu ta`lim sub`ektlari o’zaro ta`sirining ta`lim mazmuniga yo’nalgan akt, zveno, bosqich, davr shaklidagi harakatlarini kelgusida amalga oshirish namunasi timsolini tayyorlash demakdir.
Didaktik loyiha mohiyatiga ko’ra o’ta murakkab populyativ tizim bo’lib, o’zini shakllantirishga yo’nalgan faoliyatni loyihalash sohasiga oid bilim hamda vositalarni loyihalash predmeti- o’quv materialini tahlil qilishni taqozo qiladi.
Didaktik loyiha ta`lim sub`ektlari faoliyatida amalga oshiriladi. Binobarin, didaktik loyiha o’qitish faoliyatiga ham, o’qish faoliyatiga ham, shuningdek o’qitish va o’qish faoliyatlarining o’zaro kirishuvidan shakllanadigan hosila faoliyat - ta`limga ham taalluqlidir.
Didaktik loyihalarni tayyorlash jarayonlarida mualliflar turli didaktik nazariya, qarashlardan kelib chiqib loyihalash predmeti - ma`lumt mazmuniga pedagogik ishlov berishadi. Ma`lumot mazmuniga pedagogk ishlov berish yo’li bilan ta`limning keng qamrovli, katta, universal loyihalari konsepsiya, dastur, darslik shaklida tayyorlanadi. Katta, universal didaktik loyihalarni amalga oshirishda ikkilamchi loyihalar- dars ishlanmalari, rejalari, konspektlari sifatida ishlab chiqiladi.
Didaktik loyihalarni tayyorlashda didaktika fani yutuqlaridan foydalaniladi. O’z navbatida didaktik loyihani sinab ko’rish didaktik nazariyani rivojlantirish uchun etakchi omil vazifasini o’taydi. Didaktik loyihalash darajalari deganda loyihani o’zidan katta yoki o’ziga adekvat tizimlar bilan muqoyasa qilib o’rganishni tushunamiz. Ijtimoiy hodisalar o’z mohiyatiga ko’ra ochiq tizim bo’lib, didaktik loyihani o’zidan katta, o’ziga adekvat (teng), o’zidan kichik tizimlar bilan yonma-yon o’rganish didaktik loyihalash muammosini yanada chuqurroq anglashimizga olib keladi. Didaktik loyihani o’zidan katta tizim bilan yonma-en o’rganish, masalan, «jamiyat va didaktik loyiha». Bu tizimda didaktik loyiha jamiyatning bir funksiyasini - yoshlarni hayotga, ishlab chiqarishga yaroqli komil inson qilib etishtirishda etakchi vosita bo’la olish ishini anglatadi. Didaktik loyihani o’ziga adekvat tizim bilan yonma-yon o’rganish, masalan, «ta`lim jarayoni va didaktik loyiha». Bu tizimda didaktik loyiha ta`lim jarayonining timsoli, namunasi funksiyasini bajaradi. Didaktik loyihani o’zidan kichik tizim bilan yonma- yon o’rganish, masalan, «ta`lim akti va didaktik loyiha».Ta`limning turli nuqtai nazarlariga oid kichik dasturlar tuzib, o’qituvchi yoki talabalarni ta`limni loyihalashga ham o’rgatish mumkin.
Fan va o’quv predmeti bir narsami yoki ularning farqlari bormi? Ma`lumot mazmuni va ta`lim mazmuni tushunchalarining o’xshash va farqli tomonlari nimada?
Didaktik loyihalashni ijtimoiy talab darajasida tasavvur etishda mutaxassislar oldida turgan aosisiy muammo fan va o’quv predmeti farqlarini aniq chegaralashdir. Har bir o’quv predmetida o’ziga oid fanning umumiy asoslari o’rganiladi. Fan va ma`lumot o’zaro uzviy bog’liq, ammo alohida-alohida hodisalar sifatida sharxlanishi lozim. Ularning o’zaro bog’liqligini quyidagi fakt orqali kuzatishimiz mumkin: fan o’z sohasidagi bilimlarni , yangi kashfiyotlarning natijalarini o’quv predmetlari ixtiyoriga beradi, o’quv predmetlari esa o’z navbatida, yoshlarni ma`lumotli, madaniyatli, ijodkor shaxs sifatida shakllantirib, jamiyat ixtiyoriga topshiradi. Fan va o’quv predmetining qator farqlari ham mavjud.
Fan ijtimoiy ong hodisasi. O’quv predmeti esa yoshlarga ta`lim berish, ularni tarbiyalash vositasi.
Fan tabiat,jamiyat, ong hodisalarini o’rganib, qonuniyatlarni, tamoyillarni ishlab chiqadi. U o’zini-o’zi rivojlantiradi. O’quv predmeti esa ta`lim-tarbiya vazifasini bajaradi. Fan va o’quv predmeti jamiyatda ikki xil funksiya bajaradi.
Fan hajm va mazmun jihatidan keng, boy hodisa. O’quv predmeti esa bolalarning yosh, psixo-fiziologik hususiyatlari , tayyorgarlik darajasi real bilish imkoniyatlarini o’rganish asosida yaratiladi. Demak, o’quv predmeti fanga nisbatan hajm va mazmun jixhtdan tor hodisa.
Fanni butun insoniyat yaratadi. O’quv predmeti mazmunini mutahassis olim, o’qituvchilar tanlaydi va uni bolalarbop qilib ishlov beradi.
Didaktik loyihalash jarayonlarini o’quv predmeti darajasida tasavvur etish, o’quv predmeti fanning o’qitish va o’rganish uchun tanlangan umumiy asoslaridir. O’quv predmetini tasavvur qilish yo’li bilan dastur, darsliklar yaratiladi. Ammo o’quv predmeti bilan darslik bir xil hodisa emas. Bitta o’quv predmeti bo’yicha qator darsliklar yaratiladi. M-n, 1-9 sinflar uchun o’zbek tili predmetidan 9 ta darslik tayyorlanadi. Darsliklarga nisbatan o’quv predmeti model` funksiyasini bajaradi.
O’quv predmetlari, ularning maqsadi. tarkibi aniqlangach, o’quv dasturlari tuziladi. Dasturlar asosida darsliklar yoziladi.
Didaktik loyihani - o’quv materiali darajasida tasavvur etish yo’li bilan mavzular bo’yicha o’rganiladigan bilim, ko’nikma-malaka ijodiy faoliyat tajribasi, tarbiyalanadigan munosabat ko’lami ishlab chiqiladi.
O’quv materiali qator xususiyatlarga ega: u bilimlarning O’qituvchidan o’quvchilarga siljishini aks ettiradi; unda ma`lumot va ta`lim mazmuni moddiylashadi; o’quv materiali darslikning bir qismi; ta`lim o’quv materialini o’rganishdan boshlanadi; o’quv materiali ma`lumot mazmuni va ta`lim mazmuni o’rtasidagi oraliq zveno hisoblanadi; ta`lim mazmuniga pedagogik ishlov berish o’quv materialidan boshlanadi.
Yuqoridagilardan ko’rinadiki, didaktik loyihalashning barcha ko’rinishlari ma`lumot mazmuni, ta`lim mazmuni tushunchalari bilan bog’langan.
«Ma`lumot mazmuni - yoshlarning ma`lumoti, taraqqiyoti, tarbiyasini mo’ljallab hozirgi zamon fani, texnikasi, ishlab chiqarishi, fikrlashining umumiy asoslarini didaktik ishlov berish yo’li bilan tanlangan bilimlar, ko’nikma- malakalar, ijodiy faoliyat tajribasi va munosabatlardir» (Didaktika, - T., «Fan», 1997, 85 b)
Ma`lumot mazmuni o’quv rejalari, dasturlari, predmetlari, darsliklari, qo’llanmalarida moddiylashtiriladi. Shunga qo’ra bular ma`lumot mazmunini loyihalash vositalari hisoblanadi.
Ta`lim mazmuni ma`lumot mazmunidan tanlab olinadi. O’qitish va o’qish uchun sinfga olib kiriladigan bilim, ko’nikma-malaka, ijodiy faoliyat tajribasi, shakllantiriladigan munosbatlarni «ta`lim mazmuni»tushunchasi kontekstida qaraymiz. quv materiallari, o’quv elementlari, o’quv savollari, o’quv ko’rsatmalari, o’quv topshiriklari ta`lim mazmunining shakllari bo’lib, ularni loyihxalashda topshiriq, savol, muammo, test, mustaqil ish kabilar ta`lim mazmunini loyihalash vositasi bo’lib hisoblanadi.
Ta`limni didaktik loyihalash muammosi murakkab tizim sifatida quyidagicha tarkibiy qismlardan iborat: ma`lumot mazmuniga ijtimoiy talab - komil insonni yetishtirib chiqarish maqsadiga ko’ra didaktik ishlov berish.
Didaktik loyihalash muammosini tasavvur qilish darajalarini pastdan yuqoriga qarab raqamlab chiqamiz: I o’quv materiali darajasi. Bunda «ta`lim mazmuni o’quv materialida moddiylashadi». Moddiylashtirish shakllari: o’quv topshirigi, muammosi, savoli, ko’rsatmalar, misol va masalalar, test, texnik vosita, chizma, jadval va boshqalar. II Ta`lim mazmuni darajasi. Bu erda « ta`lim mazmuni darsliklarda moddiylashadi» degan ezisga asoslanamiz. III ma`lumot mazmuni darajasi, «ma`lumot mazmuni dasturlarda moddiylashadi» degan tezisga asoslanamiz. IV fan darajasi. Bunda «fanning umumiy asoslari o’quv predmetlarida moddiylashadi» degan tezisga asoslanamiz. V ijtimoiy tajriba didaktik loyihalashning so’nggi, eng yuqori darajasida «ijtimoiy tajribaning mazmuni pedagogik konsepsiyalarda moddiylashadi» degan tezisda ish ko’riladi.
O’tgan XX asrning keyingi 30 yili mobaynida mashhur didakt olimlar M.N.Skatkin, V.V.Kraevskiy rahbarligida ma`lumot mazmuniga pedagogik ishlov berish va didaktik loyihalarni tayyorlash nazariyasi hamda amaliyotida yangi yo’nalish asoslangan edi. Unda ijtimoiy tajriba mohiyatini tahlil qilib. Didaktik loyihalarni yaratish g’oyasi ishlab chiqildi.
Ma`lumot mazmuniga pedagogik ishlov berishning yangi g’oyasi shakllanishidagi 1- bosqich 1970-1980 yillarga to’g’ri keladi. Bu yillarda olimlar o’quv predmetlarini guruhlash, tabiiy va gumanitar sikldagi o’quv predmetlarida ma`lumot mazmunini moddiylashtirish, ma`lumot mazmunining tarkibiy komponentlarini ajratish masalalarini o’rganishdi.
Ma`lumot mazmuniga pedagogik ishlov berishning yangi konsepsiyasi taraqqiyotidagi ikkinchi bosqich 1980-2000 yillarga to’g’ri keladi. Ma`lumot mazmuniga ishlov berish loyihalashning tarkibiy qismi sifatida ajratila boshlandi. qator olimlar (I.YA.Lerner, S.I. Visotskaya) ning tadqiqotlarida bilim, ko’nikma va malaka, ijodiy faoliyat tajribasi, munosabatlarni didaktik loyihalarning tarkibiy qismlari shaklida qarash va tahlil qilish g’oyasi qaror topdi. Ta`limni qanday qilib kafolatlangan natijaga olib keluvchi o’ziga xos texnologik jarayonga aylantirish mumkin? Qanday qilsa oddiy pedagog o’qitishda yuqori samaraga erisha oladi? Sanoatda zamonaviy texnologiya mexnatni keng taqsimlashni ko’zda tutadi. Mahsulotni loyihalash va uni tayyorlash texnologiyasini yuqori malakali mutaxassislar amalga oshiradi. Bunda. Avvalo, barcha ikir-chikirlarini aniq, uzil-kesil ifodalaydigan, nima va qanday tayyorlanishi ko’rsatilgan loyiha ishlab chihiladi, shundan keyingina mahsulotni tayyorlash va ishlab chiqarishni tashkil etish boshlanadi. Muayyan vazifani bajaruvchi ishchilar texnik xujjatlarning talablariga qat`iy rioya qiladilar. Natijada o’rta miyona mahorat bilan ancha murakkab vazifani bajarishga imkon yaratilib, tayyor mahsulotning yuqori sifati ta`minlanadi. O’quv materialining ikki xil tarkibiy tuzilishi - strukturasini farqlaymiz: o’quv materialining mantiqiy qurilishi; o’quv materialining didaktik qurilishi. O’quv materialining didaktik qurilishi ikki xil tushuniladi: o’quv materialining keng (global) qurilishi; o’quv materialining tor (lokal) qurilishi. O’quv materialining keng qurilishini olimlar M.Skatkin, V. Kraevskiy, I.Lernenlar boshlab berishgan. Ularning yozishicha o’quv materiali bilimlar tizimi, ko’nikma va malakalar, ijodiy faoliyat tajribasi, munosabatlar tizimidan iborat. O’quv materialini lokal tushunishda uch xil element ajratiladi: bilim, malaka, ko’nikma. O’quv materialini keng hodisa sifatida qarab, uning tarkibida quyidagi elementlarni ajratamiz: Bilimlar tizimi, tushuncha, termin, faktlar, qonuniyatlar, nazariyalar, ko’nikma-malakalar tizimi, ijodiy faoliyat tajribasi, munosabatlar tizimi. An`anaviy dars o’tish modelida ko’proq ma`ruza, savol-javob, amaliy mashq kabi metodlardan foydalaniladi. Shu sababli, bu hollarda an`anaviy dars samaradorligi ancha past bo’lib, o’quvchilar ta`lim jarayonining passiv ishtirokchilariga aylanib qoladilar. An`anaviy dars shaklini saqlab qolgan holda, unga turli- tuman o’quvchilar faolligini oshiradigan metodlar bilan boyitib borilsa, o’quvchilar o’zlashtirish darajasini ko’tarilishiga olib keladi.
Buning uchun dars jarayoni oqilona tashkil qilinishi, o’qituvchi tomonidan o’quvchilarning qiziqishini orttirib, ularning ta`lim jarayonida faolligi muttasil rag’batlantirilib turilishi, o’quv materialini kichik-kichik bo’laklarga bo’lib, ularning mazmunini ochishda bahs, munozara, aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, tadqiqot rolli o’yinlar metodlarini qo’llash, rang-barang qiziqtiruvchi misollarning keltirilishi, o’quvchilarni amaliy mashqlarni mustaqil bajarishga undash, rang-barang baholash usullaridan foydalanish, ta`lim vositalaridan o’rinli foydalanish talab etiladi.
Loyiha keng ma`noda ma`lum obekt, hatti-harakat, holatning tarxi demakdir. Didaktik loyihalarda ta`lim sub`ektlari o’zaro ta`siridan shakllanadigan, istiqbolga yo’nalgan shirkat faoliyat moddiylashtiriladi. Didaktik loyihalarning eng oddiysi (masalan, dars konspekti) dan tortib ularning o’ta murakkab ko’rinishlari(masalan, dastur, darslik, ta`lim etaloni) gacha turlari inson faoliyati antisipirik - oldindan payqash, ko’ra bilish layoqati mahsulidir. Pedagogik hodisalarning borishi, rivojlanishidagi o’zgarishlarni loyihada aks ettirish, loyihada kuzlangan maqsad, vosita, natijalarni o’quvchi faoliyatiga nisbatan tasavvur qilish, ma`lum bir didaktik nazariyaga asoslanib loyihani tayyorlash loyiha muallifi pedagogik bilimlarining takomillashuviga, pedagogik amaliyotdagi yangi bog’lanishlarni sezish va ajratishga olib keladi. Garchand, loyiha faoliyatning normativ sohasiga taalluqli bulsada, u didatik hodisalarni ko’rish yo’li bilan bilishning eng qulay usuli sanaladi.
O’zbek maktablarida ta`limni loyihalashning ikki jihatdan ahamiyati bor ta`lim jarayonining yangi, pedagogik amaliyotda hali uchramagan loyihalash vositalarini izlab topish; original loyihalar asosida o’quv tarbiya jarayonining zamonaviy sifatlarini qayd etish.
Maktab ta`limida ko’zda tutilgan o’quv predmetlarining barchasi insoniyat tomonidan to’plangan ijtimoiy tajribani yoshlarga o’rgatishga yo’naltirilgan. Ijt. Tajriba ko’p shakl va ko’rinisharga ega bo’lib, uning umumiy asoslari falsafiy asarlarda yoritilgan.
Ijtimoiy tajriba jamiyatda uch xil asosiy vazifani bajaradi: a) o’zini yangi informasiyalar bilan boyitish, o’z ta`sir doirasini kengaytirish; b) jamiyat uchun, uning bundan keyingi rivoji uchun moddiy ne`matlarni, ma`naviy boyliklarni etarli miqdorda ishlab chiqarish; v) ijtimoiy tajribani yoshlarga o’rgatish. Bu esa didaktik loyihalar asosida amalga oshiriladi.
Ijtimoiy tajriba va didaktik loyihaning o’xshash va farqli tomonlari nimada? Ular qanday funksiyalarni bajarishadi?
Ijtimoiy tajriba umuinsoniyatga taalluqli bo’lib, unda yashab o’tgan, yashayotgan avlodlarning hayotiy tajribalari, fikr-o’ylari, orzu-havaslari, bilimlari, erishgan natijalari va hatto faoliyatlari ham moddiylashgan. Didaktik loyiha yoshlarga mo’ljallab tuziladi. Ijtimoiy tajribaga pedagogik ishlov berilib, bolalarbop didaktik loyihalar tayyorlanadi.
Ularning jamiyadagi funksiyalari ham har xil. Ijtimoiy tajriba o’zini-o’zi asraydi, rivojlantiradi. Uning amal qilish shakllari ko’p: falsafa, fan, san`at, adabiyot, madaniyat, din, axloq, urf-odat, ishlab chiqarish usullari va vositalari. Didaktik loyiha esa jaamiyatda yoshlarni hayotga, ishlab chiqarishga tayyorlash funksiyasini bajaradi. Uning shakllari ikki guruhga ajratib o’rganiladi: o’quv rejasi, dasturi, predmeti, darslik, o’quv qo’llanmasi ma`lumot mazmuni darajasida; o’quv materiali, o’quv elementi, o’quv savoli, o’quv topshiri qlari kabilar esa ta`lim mazmuni darajasida tadqiq qilinadi.
T^a`limni didaktik loyihalash konsepsiyasi. Bolalarning o’quv-biluv faoliyati va ijtimoiy tajriba komponentlarining o’zaro aloqadorligiga ko’ra didaktik loyihalashning quyidagicha turlarini farq qilamiz: bilim, g’oya, qarashlarni loyihalash; ko’nikma-malakalarni loyihalash; ijodiy faoliyat tajribasini loyihalash; munosabatlarni loyihalash. «O’quv materiali» atamasini ilk bor Ya.A.Komenskiy «Tillarni o’qitishning yangi metodlari» asarida ishlatib : «Ta`lim - bu o’quvchilarni o’quv materiali bilan tanishtirishdir» -degan edi. (59). Uning yozishicha ta`lim uchlikdan iborat: o’qituvchi, o’quvchi va o’quv materiali. O’qituvchi - bilim beruvchi, o’quvchi bilimlarni idrok kiluvchi, o’quv materali esa- bu bilimlarning o’qituvchidan bolalarga harakati, siljishidir. O’quv materiallarining shakllari ko’p. Ulardan biri o’quv topshirigidir. U qator hususiyatlarga ega: ularda o’rganilgan o’quv materiali mazmuni ham aks etgan, didaktik loyihada bolalarning o’quv-biluv faoliyati ham moddiylashtiriladi; didaktik loyihalarda o’quv-biluv faoliyati usullari ham beriladi.
Dostları ilə paylaş: |