XULOSA Oʻzbekiston — Tojikiston munosabatlari . Tojik va oʻzbek xalqlarining yashash sharoiti, urf-odatlari, turmush tarzi bir-biriga nihoyatda yaqin. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov taʼkidlaganidek, oʻzbek va tojik xalqlari ikki tilda gaplashadigan bir xalq. Bu 2 xalqning oʻtmishda birgalashib, oʻz ozodligi, erki uchun kurashgani, oʻlmas meʼmoriy yodgorliklari va sanʼat durdonalarini yaratgani tarixdan maʼlum. Asrlar davomida koʻpgina tojik va oʻzbek sanʼatkorlari biribiriga ustoz, biribiriga shogird boʻlib ijod qilib kelishgan.
Ikki buyuk arbob — Jomiy bilan Navoiyning doʻstligi va hamkorligi tojik hamda oʻzbek adabiy va madaniy aloqalari tarixidagi yorqin sahifadir. Jomiy va Navoiy boshlab bergan zullisonaynlik anʼanalarini Mashrab, Turdi, Nodira, Furqat, Zavqiy, Anbar otin, Asiriy, Ayniy, Hamza va boshqalar davom ettirdilar. Hamza tojik tilida ham gʻoyaviy badiiy jihatdan yetuk sheʼrlar yaratishi bilan barobar oʻzining drama truppasi bilan Tojikistonning shahar va tumanlarida tomoshalar koʻrsatdi. Sadriddin Ayniy "Qullar" romanini oʻzbek tilida yaratdi va tojik hamda oʻzbek tilida samarali ijod qilib, oʻzining ham badiiy, ham ilmiy asarlari bilan 2 xalq madaniyatini rivojlantirishda katta rol oʻynadi. 20-yillar oxiridan Tojikiston teatrlarida Hamzaning "Boy ila xizmatchi", K. Yashinning "Gulsara", F. Zafariyning "Halima", Xurshidning "Farhod va Shirin", keyinroq S. Abdullaning "Tohir va Zuxra", Uygʻun va I. Sultonning "Alisher Navoiy", Tuygʻunning "Muhabbat" va boshqa pyesalari sahnalashtirildi. Ayni vaqtda tojik dramaturglaridan S. Ulugʻzodaning "Gavhari shamchiroq", S. Gʻanining "Toʻy", Gʻ. Abdulloning "Sharq sadosi" kabi pyesalari oʻzbek teatrlari sahnalarida namoyish qilindi.
Tojik-oʻzbek madaniy va adabiy aloqalarning ravnaq topishida badiiy tarjimachilik ham muhim ahamiyatga ega. S. Ayniyning 8 jildli asari, A. Lohutiyning "Devon"i, M. Tursunzodaning deyarli barcha asarlari, Mirshakarning "Biz Pomirdan keldik", "Oltin qishloq", "Togʻ qizining ishqi", J. Ikromiyning "Olov qizi", "Buxoroning oʻn ikki darvozasi", S. Ulugʻzodaning "Yoshligimiz tongi", "Vosʼye", R. Jalilning "Poʻlod va Gulroʻ", "Shoʻrob", F. Niyoziyning "Vafo" asarlari va boshqalarning sheʼriy, nasriy asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan. Ayni vaqtda Hamza, A. Qodiriy, F. Gʻulom, Oybek, A. Qahhor, Gʻayratiy, H. Olimjon, Sh. Rashidov, Zulfiya, A. Muxtor, R. Fayziy, S. Abdulla, E. Vohidov, A. Oripov, G. Jurayeva, B. Boyqobilov va boshqalarning asarlari tojik tiliga tarjima qilinib, Tojikistonda nashr etilgan. Oʻzbek-tojik adabiy va madaniy aloqalarining ravnaq topishida Tojikistonda yashab oʻzbek tilida ijod qilgan shoir va yozuvchilar: Ashirmat, M. Toʻlqin, M. Oston, Oʻ. Jamol, J. Toshmatov, Z. Doʻstmatov, K, Mamajonov, Sh. Sattor, A. Usmon, X. Qurbonova, S. Nishonova, J. Ergash, U. Umarov, A. Zuhur va b.ning ham hissasi bor.