O‘zbek adabiyoti tarixi fanidan O‘tkir hoshimovning tushda kec
1.2. Yozuvchi ijodiy laboratoriyasida o‘tmish, bugun va kelajak tasviri uyg‘unligi Roman so‘ngida komissar hayoti poyoniga yetib qolgan bo‘lsada, biroq u, shu umri davomida shaxs sifatida shakllanmadi, balki sho‘ro mafkurasining «maxsus odami” sifatida yashab o‘tdi. Uning kuzi allaqachon kelgan. Lekin Komissar shunday tubanlashib ketganki, bu haqiqatni tan olgisi kelmaydi. O‘ylab qaralsa, uni hamma tark etdi. Naziradek ayol (xotini), farzandlari, kelinlari undan yuz o‘girdi. Keyingi xotinidan u vafo topmadi. Na bir do‘st, na bir suyanchiq qolmadi. So‘ngida esa, u e’tiqod qo‘ygan jamiyat, mafkura tanazzulga yuz tutdi. Shunday bo‘lsa-da, u aynan shu holatni-haqiqatni anglab yetishdan mahrum. Chunki, u, butunlay, inson qiyofasidagi hayvonga aylanib ulgurgan, har qanday insoniy his-tuyg‘ulardan mosuvo, “qotma” ga aylangan mahluq edi.
Onadan tug‘ilmagan jonzot yo‘q. Jannatdan yer yuziga haydalgan Odam Ato, Momo Havo, Azozil va ilonni istisno qilganda, barcha jonzotni ona tuqqan. Hadislarida aytilganidek har bir go‘dak tug‘ilganda musilmon bo‘lib tug‘iladi. Ammo ulg‘aygan sari uning dini ham, fe’l-atvori ham o‘zgarishi mumkin. Bu muhitga, muhitdagi tarbiyaga bog‘liq. Ajabki, bo‘ritabiat komissarlarni ham ona tuqqan. Soatni ham iymoni butun ona dunyoga keltirgan. Biroq keyinchalik muhitning ta’siri bilan ularning hammasi oqpadarlik tavqi-la’natini bo‘yniga osgan. Buni komissar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Badiiy ijodda ruhiy tahlilning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Har qanday badiiy asarning darajasi unda inson qalbi haqidagi haqiqat qay yo‘sinda, qanday ifoda etilgani yoki tasvirlanganligiga ko‘ra belgilanadi. Badiiy asarlar markazidagi inson qiyofasi uning ruhiyati tahlili orqali ochib beriladi. San’atkor-ijodkorlar yaratgan asarlarga e’tibor qaratilsa, jahon adabiyotining yetuk durdonalari sanalmish asar mualliflari ruhshunos insonshunos sifatida qalam tebratganliklarining guvohi bo‘lish mumkin. Roman nomi ham bejiz bunday tanlanmagan. Adib 70 yil davomida mudroq holatda bo‘lgan, uyquda hayot kechirgan millatning ijtimoiy, ma'naviy holatiga ishora beryapti. Asarda ko‘p yillar kommunistik ahdiga sodiq yashagan Rustamning otasi tuhmat bilan qamalgandan so‘ng, o‘g‘liga yozgan xatida aytadi: “O‘ylab qarasam o‘tgan umrim– umr emas, tush ekan. Go‘yo men esimni tanib-tanimay birov uyqu dori ichirgan-u tush ko‘rib yuraverganman:goh shirin, goh xatarli tush ko‘rib, o‘sha “birov” qayoqqa sudrasa, ketidan ergashib ketaverganman... uyg‘onishga esa qo‘rqqanman... mana endi, uyg‘onib, yon-verimga qarasam, menga o‘xshaganlar ko‘p ekan...” Bu so‘zlar o‘zi yashab turgan tuzumning adolatsizliklarini ko‘rgan, nohaq jabr tortgan raisnigina emas, roman personajlarining barchasiga, ular timsolida esa minglab jabrdiydalarga ham tegishli. Ular bu qo‘rqinchli tushdan uyg‘onib amin bo‘ladilarki, ular ishongan g‘oyalar puch, bir umr e’tiqod qo‘yganlari sarob bo‘lib chiqdi. Adib bu tuzumning va unga ishongan odamlarning taqdiridagi ma’nisizliklarni shu tarzda ochib beradi. Romanda insonlar taqdiri orqali mustabid tuzumning g‘ayriinsoniy mohiyati ochib beriladi.
Yozuvchining aytishicha, “Tushda kechgan umrlar” romanidan bir qancha boblarni xorijda nashr etiladigan “Ikarus” jurnalida ingliz tilida e’lon qilishayotganda “U nimasi bilan sizlarga yoqadi?” deb so‘radim. “Unda siyosat yo‘q, ya’ni bu - kommunist, bu -fashist, bu - qizil, bu - oq, bu - Do‘st, bu - dushman, degan gap yo‘q. Bu asarda urush, inson, o‘lim, degan uchlik bor», deb javob qilishdi noshirlar. Darhaqiqat, urush va uning oddiy odamlarga keltirgan zararli oqibatlari haqida. Yozuvchi Afg‘on urushi mavzusiga qo‘l urushdan oldin Afg‘onga borgan yigitlarning ko‘pi bilan gaplashadi. Lekin asarni boshlashi juda qiyin bo‘ladi. Shu orada betob bo‘lib, kasalxonaga yotganida muhim bir voqea sodir bo‘ladi: “O‘shanda kech kuz - noyabr oyi edi. Balkonga chiqib, sigaret chekib tursam, ro‘paradagi - yong‘oqmidi, chinormidi, hozir eslolmayman - daraxtdan bir yaproq uzilib, uchib-uchib kelib, oyog‘im ostiga tushdi. Bosgan edim, “qisir-qisir” etib maydalanib ketdi. Shunda bo‘lajak romanning birinchi jumlasi tug‘ildi: “Kuz o‘lim to‘shagida yotgan bemorga o‘xshaydi, oyoq ostida kasalmand xazonlar ingraydi”. Asarning musiqasi topildi! Shoshilinch bilan statsionardan chiqib ketib, “ Tushda kechgan umrlar” romanini o‘ttiz kunda yozdim. Agar o‘qigan bo‘lsangiz, u boshdan oxirigacha hazin bir musiqaga o‘xshaydi: Rustamning qismati ham ma’yus musiqa, Shahnozaning qismati ham, urushda halok bo‘lgan Xayriddinning qismati ham ma’yus musiqa”. Shu tariqa adibning buyuk bir romani dunyo yuzini ko‘radi. Albatta roman yozilishining ko‘plab ijtimoiy omillari mavjud. 1990 yilda XXVIII syezd bo‘ladi. Unga O‘zbekistondan O‘. Hoshimov ham delegat bo‘lib boradi. O‘shanda Qirg‘izistonda “Ayrim tashkilotlar” qutqusi bilan qirg‘iz va o‘zbek xalqlari orasiga nifoq solingan, “Paxta ishi”, “O‘zbek ishi” deya bolalarimizni armiyada urib o‘ldirishayotgandi. Peshanamizga “Bosmachining bolalari, poraxo‘r, qo‘shib yozuvchi”, degan tamg‘alar bosilgandi. Syezd majlisida Islom Karimov “Paxta ishi”, “O‘zbek ishi” degan gap o‘zbek xalqiga, butun bir millatga nisbatan tuhmat ekanligini qattiq gapiradi. Ertasiga O‘. Hoshimov ham shu masalada so‘zlab, keying paytda armiyadan O‘zbekistonga kelayotgan “ikki yuzinchi” yuklar (ya’ni temir tobut) O‘tkir Hoshimov: "Bu daraxtning nomi edi Yaxshilik, «Markaziy Osiyo madaniyati» gazetasining bosh muharriri bilan ko‘payib ketganini, ularning aksariyati Afg‘onistondan emas, mamlakatning o‘zidan yuborilayotganini aytadi. Shunda s'ezdda qatnashayotgan generallardan biri: “Siz sovet Armiyasiga tuhmat qilyapsiz. Genshtabdan aniqlaymiz, agar gapingiz tasdiqlanmasa, tribunal oldida javob berasiz”, deydi. Shund yozuvchi “Tribunal emas, lozim bo‘lsa, sud oldida javob beraman, men harbiy emas, delegatman”, deya javob qaytaradi. General kech soat oltilarda yuqoridagi masala yuzasidan ma'lumot berishini bildiradi. Haqiqatan ham u soat roppa-rosa o‘n sakkizda minbarga chiqib. “O‘zbekistonga borgan “ikki yuzinchi” yuklar faloncha emas, pistoncha ekan”, deydi. Shunda zaldagilar: “Ikki yuzdan ortiq o‘lim kammi, bitta soldat bolaning o‘ligi borsa ham, fojia-ku bu!” deb qichqirib yuborishadi. Keyin millatimizning jonkuyar adibi O‘. Hoshimov minbarga chiqib. “Boyagi gapingiz uchun mendan emas, o‘zbek xalqidan kechirim so‘raysiz”, deydi. Bu gaplardan ko‘rinib turibdiki, ardoqli adibimizning bu mavzuga qo‘l urishi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lib qolmagan. O‘tkir Hoshimov o‘zigacha bo‘lgan boshqa yozuvchilardan farqli o‘laroq, urushdagi qahramonliklar haqida emas, uning asl qiyofasini, kulfatini, baxtsizligini ko‘rsatib berdi. “Tushda kechgan umrlar” romanida bir lavha bor. Rustam tankda ketayotib, o‘liklarni mashinaga ortayotgan askarlarni ko‘rib qoladi-da, to‘xtaydi. Tushib qarasa, uning eng yaxshi ko‘rgan do‘sti Temurning o‘ligini ham ortishayotgan bo‘ladi. Temurning afti tanib bo‘lmas darajada pachoqlab tashlangani uchun uni qo‘lidagi tatiurovkadan taniydi. Yana bir dahshatli holat: Temurning olati kesib olingan edi (Afg‘on urushida yaralanib qo‘lga tushgan askarlarnig qulog‘i, burni va boshqa a'zolarini kesib tashlash holatlari ko‘p bo‘lgan.) Buni ko‘rgan Rustam o‘zini bilmay qoladi, “quturib” ketadi... U bir hovliga tanki bilan bostirib kiradi. Hammayoq chang-to‘zon. Tankdan tushadi. Birpasdan so‘ng ishkom tagidagi qizil ko‘ylakka ko‘zi tushadi. Beixtiyor yaqin boradi. Qarasa, ko‘ylak emas, yiqilib yotgan ayol ekan. Rustam uning ustiga egiladi. “Qo‘rqmang, opa, biz sizga tegmaymiz”, deb yelkasidan tutsa, ayol yonboshga ag‘dariladi. Bu go‘zal ayolning o‘q teshgan bo‘ynidan oqqan qon yarim yalang‘och ko‘ksiga tushadi. Shu payt vayrona kulbadan bir yarim-ikki yoshlardagi ishtonchang bola chiqib, entak-tentak qadam bosib, ayolning boshiga keladi. “Mo‘rjona”, “mo‘rjona”, (“mo‘rjona”, - ona degani) deb, uni ema boshlaydi. So‘ng bosh ko‘taradi-da, chirqillab yig‘lab yuboradi. Bolaning og‘zidan sut emas, qon oqar edi! Yozuvchi sizu bizga ko‘rsatib bermoqchi bo‘lgan urushning noinsoniy qiyofasi xuddi shunday edi. Bunday fojiaga dosh berolmagan Rustam “Otaman! Hammangni otaman! O‘zimniyam otaman!” deb hayqiradi va hushidan ketib, kontuziya bo‘lib qoladi. Uning ruhiy holatidagi o‘zgarishda nafaqat yarador bo‘lishining, balki ana shu manzaralarning ham “hissa”si bor. U urushga bormasdi, uni majbur qilib yuborishdi. Balki Rustam o‘sha ayolni otmagandir, boshqa bir avtomatdan otilgan o‘q tekkandir unga. Lekin o‘lib yotgan ayolning gunohi nima? Urushga borib ota bo‘lish baxtidan mosuvo bo‘lib kelgan Rustamning gunohi nima? Urushda qornidan xanjar yeb o‘lgan Xayriddinning, Temurning gunohi nima? Va nihoyat, sut o‘rniga onasining ko‘ksidan qon emgan go‘dakning gunohi nima? Roman boshdan oyoq mana shu savollarga javob qidiradi. O‘zining minglab kitobxonlarini topgan O‘tkir Hoshimov asarlari nafaqat o‘zbek xalqi, balki qardosh xalqlarning ham sevimli yozuvchisiga aylangan. Biz uning kitoblarini o‘qiganimizda ijodi xalq hayoti bilan naqadar yaqin ekanligining guvohi bo‘lamiz. Uning yozganlari afsona, ertak ham emas, sof haqiqat. Kitobxon unda yo otasi, yo akasi va yo yaqin kishisi bilan uchrashadi. Olamdan nom-nishonsiz o‘tib ketgan, ammo shon-sharaf bilan yashagan kishilar ko‘z oldimizga keladi. Ularning quvonchlaridan ko‘nglimiz ko‘tarilsa, g‘amu – alamlaridan ko‘zlarimizdan duv-duv yosh to‘kiladi.
O‘tkir Hoshimov adabiyotga shaxsga sig‘inish barham topa boshlagan 50-yillarning oxiri 60-yillarning boshlarida kirib keldi. O‘zining dastlabki asarlari bilan atoqli adib Abdulla Qahhor nazariga tushadi, xalq mehrini qozonadi. Aytish mumkinki O‘tkir Hoshimov omadli yozuvchi. U adabiyot maydoniga kirib kelgan davrda ijtimoiy hayotda bo`lganidek, badiiy adabiyotda ham erkinlik shabadasi esa boshlagan vaqt edi. Bu paytga kelib yozuvchilar o‘z ko‘nglidagilarini ochiq aytmasa ham ancha erkin yoza boshladilar.
Xuddi shu davrda O‘tkir Hoshimov asarlari birin- ketin dunyo yuzini ko`ra boshladi. Bir qator qissa va hikoyalari bilan xalq mehrini qozongan adib yetmishinchi-yillarning oxirlarida roman janriga qo`l urdi. “Ikki eshik orasi”, “Nur borki, soya bor” kabi romanlar tajribasidan so‘ng O‘tkir Hoshimov o‘zining so‘ngi romani “Tushda kechgan umrlar” qo‘l urdi. Badiiy adabiyotda psixologik-ruhiy tasvirning o‘rni benihoya kattadir. Yozma adabiyotda psixologik-ruhiy tasvir tushunchasi ostida adabiy qahramonlarning ruhiy olami, ichki dunyosi, orzu-o‘ylari, kechinmalari, kayfiyatlari hamda intilishlarini yuksak badiiylik asosida tasvirlash san’ati yotadi. Uning mohiyatini esa, qahramon xarakteriga xos xislatlarning, ruhiy olamining qay holda, qay vaziyatda ochilishi belgilaydi. Yozma adabiyotda psixologik tasvir anchagina chuqur va ko‘p qirralidir, ya’ni unda, nafaqat ruhiy-psixologik tasvir, balki ruhiy tahlil hukmronlik qilish darajasiga yetadi. Ruhiy tahlil kuchli bo‘lgan adabiy- badiiy asarlarda har bir detal, xatti-harakat, epizod, har bir voqea u yoki bu qahramonning ichki-ruhiy olamini ochishga bo‘ysundiriladi. Inson ruhiyati juda keng olam bo‘lib, undagi hissiyot va tuyg‘ular ham anglab bo‘lmas darajada cheksizdir.