Biz idrok qilib turgan narsa - hodisalar muayyan vaqt davomida paydo bo`ladi, o`zgaradi va o`tib ketadi. Vaqt materiya mavjudligining asosiy shakllaridan biridir. Vaqtni idrok qilish voqelikdagi hodisalarning ob`ektiv tezligi, davomiyligi va muntazamligini aks ettirishdir. Vaqtni idrok qilish ob`ektiv reallikni aks ettirib, kishini o`rab olgan muhitda mo`ljal olishiga imkon beradi. Vaqtni mo`ljal olish orientirovkasi miyaning po`sti bo`limlari yordamida amalga oshadi. Lekin vaqtni idrok qiluvchi maxsus a`zo yo`q. Vaqtni idrok qilishda turli analizatorlar qatnashadi, biroq vaqtlar oralig`ining bir muncha aniq farqi kinestezik va eshitish sezgilari beradi. Markaziy asab tizimida, bosh miya katta yarim sharlarida qo`zg`alish va tormozlanishning ritmik almashuvi, vaqtni idrok qilish asosida yotadi. Agar bosh miya po`stida qo`zg`alish jarayoni ustunlik qilsa, vaqt “tez” o`tgandek, agar tormozlanish ustunlik qilsa, vaqt “sekin” o`tgandek idrok qilinadi. Vaqtning “tez” yoki “sekin” o`tishi kishining vaqtga va diqqat yo`naltirilgan ob`ektga munosabatiga ham bog`liq. Masalan: biror darsning o`tishi, kinofil’mni ko`rish, avtobus yoki biror kishining kelishini kutish va xokazo. Odamlar vaqtni ob`ektiv belgilash, uning oralig`ini to`g`ri farqlashga imkon beradigan, narsalar oy, quyosh, yulduzlar harakatidan foydalanib kelganlar.
Tevarak - atrofdagi narsa - hodisalar muayyan vaqt davomida o`z o`rinlarini almashtirib turadilar. Kishilar narsa - hodisalarning fazoda o`rin almashtirib turishini, ya`ni harakatini ham idrok qiladilar. Harakatni idrok qilishda ko`rish va kineztezik analizator asosiy rol’ o`ynaydi. Tezlik, tezlanish va harakatning yo`nalishi harakat qilayotgan ob`ektiv parametridir. Odam narsalarning harakati haqida ikki yo`l bilan ma`lumot olishi mumkin:
1. harakatni bevosita idrok qilish.
2. harakat haqida xulosa chiqarish.
Harakatni bevosita ko`rish orqali idrok qilish ikki xildir:
a) ko`zni harakatdagi narsa bilan birga yuritish; b) ko`zni bir nuqtaga qaratib turish.
Harakatni tez yoki sekin bo`layotgandek idrok qilinadi. Harakatni bunday idrok qilishi narsalarning ob`ektiv tezligiga va uning idrok qiluvchidan qanchalik uzoq - yaqinligiga bog`liq. Harakatni eshitish analizatori yordami bilan ham idrok qilinadi.