Idrok qilinadigan ob`ektlar idrok qiluvchiga nisbatan ko`p xil sharoitlarga ega. Ularning turgan joyi, masofasi, fazodagi holati, yoritilganlik darajasi cheksiz har xillikda bo`ladi. Lekin predmetlarni shakl, hajm va rang jihatdan nisbatan doimiylikda idrok qilamiz. Narsa -hodisalarni idrok qilish sharoiti o`zgarsa - yu, ulardan hosil bo`lgan obrazlarning o`z holicha saqlanib qolishi idrokning konstantligi deyiladi. Ko`rish idroklarida masofa, rang, shakl, hajm konstantliklari ro`y beradi. Masalan, qalamni 20 sm va 1 sm. masofadan idrok qilish, doskani 1m va 10 m masofadan idrok qilish, oq qogoz yoki oq bo`rni quyoshda, xona ichida, koridorda ham oq idrok qilinadi. Konstantlik hodisasida odam narsalarni ko`z to`r pardasiga tushgan suratiga aynan muvofiq kurmaydi, balki ular haqiqatdan qanday mavjud bo`lsa shunday ko`radi. Bu kishining tajribasi, amaliy faoliyati jarayonida vujudga keladi.
Ba`zi hollarda narsalar noto`g`ri, yanglish idrok qilinadi. Narsalarni ana shunday noto`g`ri idrok qilishni illyuziya deyiladi. Masalan: Arastu illyuziyasida og`irligi aynan bir xil bo`lgan 1 kg torozi toshi 1 kg paxtadan og`irdek idrok qilinadi. Illyuziya hodisasi ayniqsa geometrik shakllarni idrok qilishda ko`p uchraydi. Idrok qilib turgan shaxs psixikasida ro`y beradigan o`zgarishlar ham illyuziya hodisasini paydo qilishi mumkin. Masalan: o`rmondagi to`nkani biror yirtqich hayvon deb idrok qilish. Illyuziyalar hosil bo`lishining sabablari bor. CHunonchi Arastu ilyuziyasida hajmi katta narsaga ko`proq o`rganib qolgan. Geometrik shakllarda qo`shimcha chiziqlar ta`sir etadi. Ko`ruv illyuziyalari amaliy ishlarda katta ahamiyatga ega. CHunonchi harbiy ishlarda texnika va qism turgan joyni niqoblash sho`nga asoslangan. Illyuziyadan gallyutsinatsiyani farqlash lozim, gallyutsinatsiya yo`q narsalarni idrok qilishdir. Masalan: yo`q narsalarni ko`rish, yo`q tovushlarni eshitish kabi.
III. Idrokning tasnifi
Ma`lumki, idrok sezgi a`zolari asosida vujudga keladi. Har bir idrok jarayonida bir necha sezgi a`zosi ishtiroq etishi mumkin. Lekin ulardan biri eng muhim o`rinda turadi. Masalan, suratni idrok qilishda ko`rish organi, musiqa va nutqni idrok qilishda eshitish organi bosh o`rinda turadi. Idrok jarayonida qaysi sezgi a`zosining etakchilik rolini o`ynashiga qarab idrokni bir necha turlarga ajratish mumkin. Masalan: ko`rish idroki, eshitish idroki, hid bilish idroki, ta`m bilish idroki va boshqalar. Bundan tashqari idrokning aralash turi ham mavjud bo`lib, bunda bir necha analizator birgalikda ishtiroq etadi. Masalan, kinofil’mni idrok qilishda ko`rish va eshitish sezgisi ishtiroq etadi. Tevarak - atrofdagi narsa va hodisalar bir - biriga bog`liq. Ular muayyan makonda, ma`lum vaqtda sodir bo`ladilar. SHuningdek, ular bir - birlariga va idrok qiluvchiga nisbatan ma`lum munosabatda, shakl, hajm va boshqa xossalarga egadir. Idrokni tasnif qilishda materiyaning yashash shakllari - fazo, vaqt, harakat asos qilib olinadi, unga ko`ra idrok quyidagi turlarga ajratiladi:
1. Fazoni idrok qilish.
2. Vaqtni idrok qilish.
3. Harakatni idrok qilish.
Fazoni idrok qilish undagi narsalarning shaklini, hajmini va o`zaro munosabatlarini aks ettirishdir. Demak, fazodagi narsalar uch o`lchovda idrok qilinadi, narsalarning shakli: uch burchakli, turt burchakli, kub, kvadrat, doira, konus va boshqalar. Narsalarning hajmi katta - kichik, o`rtacha, yirik mayda va boshqalar. Narsalarning bir -biriga va idrok qiluvchiga munosabati: o`ngda, chapda, yuqorida, pastda, uzoqda va hokazo. Fazoni ko`rish, teri, muskul - harakat organlari bilan idrok qilinadi. Fazoni bir ko`z bilan va ikki ko`z bilan idrok qilamiz. Monokulyar idrokda narsalarning chetlaridan kelayotgan nurlar bitta ko`zning to`r pardasida aks etadi. Bu nurlar ko`z gavharida bir -birini kesib o`tadi va ularning kesishgan joyida ko`rish burchagi hosil bo`ladi. Bu burchakning katta - kichikligi idrok qilinayotgan narsaning katta kichikligiga hamda uning ko`zdan qanchalik uzoq - yaqinligiga bog`liq. Ko`z gavharining va umuman, ko`zning narsalarni eng yaxshi ko`rish uchun moslashuvini akkomodatsiya deyiladi.
Odatda fazodagi narsalarning, shakl, hajmi va o`zaro munosabatlarini ikki ko`z bilan (binokulyar) idrok qilinadi.
Biz bir narsaga ikki ko`z bilan qaraymiz. Lekin narsa bitta aks etadi. Buning sababi o`sha narsadan keladigan nurlarning ko`z to`r pardasiga mos yoki nomos nuqtalarga to`g`ri kelishiga bog`liq. Narsalarning fazo munosabatini binokulyar idrok qilishda konvergentsiya muhim ahamiyatga ega. Konvergentsiya biror narsaga qaraganda ikkala ko`z soqqasining qanshar tomon bab - baravar burilishidir. Konvergentsiya masofani, chuqurlikni aniq, to`liq idrok qilishga imkon beradi.