I mavzu. «Ilmiy tadqiqot metodologiyasi» fanining maqsadi va vazifalari



Yüklə 254,42 Kb.
səhifə36/41
tarix21.10.2023
ölçüsü254,42 Kb.
#159308
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   41
I mavzu. «Ilmiy tadqiqot metodologiyasi» fanining maqsadi va vaz-fayllar.org

2. Analogiya va gipotetik usul

Analogiya (yun. anologiya – moslik, o‘xshashlik) bilvosita mulohaza yuritish va xulosa chiqarish usulidir. Analogiya bo‘yicha tadqiq qilishda xossa, struktura va munosabatlarda mavjud bo‘lgan o‘xshashlikka e’tibor qaratiladi.


Usuldan foydalanish quyidagicha sodir bo‘ladi: bir ob’ekt (A) xossalarini o‘rganishdan hosil bo‘lgan bilim o‘sha turdagi ikkinchi ob’ektni (V) bilish muammosi doirasiga o‘tkaziladi va shu bilan ob’ekt (V) o‘rganilgan hisoblanadi. Masalan, Tyan-Shan tizmasi, uning stratigrafiyasi, geomorfologiyasi va geologik davrlari haqida har jihatdan asoslangan bilimga egamiz. Fan tog‘ tizmasi esa yetarli darajada o‘rganilmagan ob’ektdir. Bunda biz Tyan-Shan tog‘ tizmasiga doir bilimlarimizni analogiya bo‘yicha fikrlashga asoslanib va ekspiditsiya uchun katta harajat qilmasdan Fan tog‘ tizmasini o‘rganish muammosi doirasiga kiritamiz, shu tog‘ tizimi haqida bilimga ega bo‘lamiz.
Bunday analogiyani sxemasi quyidagicha:
Tyan-Shan tog‘ tizmasi, a, v, c, d, ye, f hislatlarga ega.
Fan tog‘ tizmasi a, v, s, d hislatlarga ega
Fan tog‘ tizmasi ye, f hislatlarga ega bo‘lishi mumkin.
Analogiya bo‘yicha tadqiqot o‘tkazishni 3 ta turi mavjud:
1) xossalar bo‘yicha analogiya;
2) strukturalar bo‘yicha analogiya
3) munosabatlar bo‘yicha analogiya
Xossalar bo‘yicha analogiya o‘tkazilganda bir turdagi ikki predmet o‘xshash yoki aynan belgilarga ega bo‘lishi kerak degan g‘oya, faraz olg‘a suriladi.
Astronomlar bir turdagi sayyoralar tizimiga kiruvchi osmon jismlarida o‘xshash unsurlar mavjud deb, Quyoshda topilgan yangi element-geliy Yerda ham bo‘lsa kerak degan xulosaga kelishgan. Ko‘p o‘tmay bu xulosani chinligi tasdiqlandi. Yerda geliy elementi topildi.
Strukturalar (S) va munosabatlar (M) xususida analogiya usuliga tayanib tadqiqot o‘tkazishda ob’ektlarda mavjud bo‘lgan o‘xshash yoki aynan S va Mlar taqqoslanadi, olingan natija bo‘yicha xulosa qilinadi.
Aniqlik jihatdan qat’iy, qat’iy bo‘lmagan va yanglish (yolg‘on) analogiyalar farqlanadi. Qat’iy analogiya ishonchli, qat’iy bo‘lmagan analogiya ehtimolli, yanglish analogiya nochin xulosa beradi.
Qat’iy analogiya modellashtirish usuliga asoslangan tadqiqotlarda, bir qator matematik, tabiiy va texnik ilmiy yo‘nalishlarda qo‘llaniladi. Ijtimoiy-gumanitar fanlarda qo‘llaniladigan qat’iy bo‘lmagan analogiya usuli ehtimolli hislatga ega bo‘lgan bilim beradi.
Yanglish analogiyadan ko‘rib chiqilayotigan masala mohiyatini tushunmagan paytda yoki muxolif tomonni adashtirish maqsadida foydalanadilar. XIX asrni oxirida vujudga kelgan sotsial-darvinizm ta’limotida biologik evolyutsiya va jamiyatni rivojlanishi o‘rtasida analogiya (o‘xshash tomonlari qayd qilish) o‘tkazilib, ijtimoiy taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuchi hayot uchun kurash va tabiiy tanlanishdir degan nochin g‘oya olg‘a surildi.Hayvonot olamida bo‘lmagan,lekin jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan omillar va qonuniyatlar mavjudligi inobatga olinmadi.
Analogiyani ishlatganda quyidagi qoidalarga rioya qilish kerak:
1) taqqoslanayotgan predmetlarning imkoni boricha ko‘proq o‘xshash xossalarini aniqlab olish;
2) taqqoslanayotgan predmetlarning muhim bo‘lgan o‘xshash belgilarini ajratib olish va ko‘rib chiqish;
3) taqqoslanayotgan predmetlardagi belgilar o‘zaro uzviy aloqada bo‘lishi lozim. Asl ob’ekt bo‘lgan «I» predmetni a belgisi b, v, g, d belgilari bilan uzviy bog‘langan. Asl ob’ekt bilan taqqoslanayotgan «K» predmetdagi o‘xshash a belgi ham shu predmetdagi b, v, g, d belgilar bilan aloqada bo‘lishi kerak;
4) O‘zaro taqqoslanayotgan predmetlarning farq qiluvchi belgilari mumkin qadar oz bo‘lishi shart. Agar taqqoslanayotgan «I» va «K» predmetlardagi zaruriy belgilar bir-biridan farq qilishsa, «K» predmetga nisbatan qilingan xulosa xato chiqadi. Sotsial-darvinizm ta’limotida shunday xatolik yo‘l quyilgan.
Yuqorida qayd etilgan qoidalarga rioya qilish analogiya bo‘yicha mulohaza yuritish va xulosa chiqarishni chinlik, ishonchli bo‘lish darajasini oshiradi.
Rus olimi M.V.Lomonosov aytgan ediki, analogiyalar isbotlamaydi, balki aniqlangan narsani asoslaydi. Shu bilan birga, analogiya ilmiy farazga turtki beradi, yangi fikrni paydo bo‘lishiga yordam beradi, to‘g‘ri chiqqan holda ko‘p kuch va sarf-harakajatni tejaydi.
Gipotetik usul. Bu usul o‘rganilayotgan ob’ektning xossalari xususida faraz, taxmin qilishga asoslangan. Gipoteza (yun.hupothesis-asos, faraz)-biron-bir xodisa yoki uning sababi haqida taxminiy fikr bo‘lib, uni hozirgi bilim va amaliyot darajasida tekshirib, isbotlab bo‘lmaydi, lekin ma’lum ehtimollik bilan tushuntirib berish qobiliyatiga ega.
Gipotezani ishlab chiqishda analogiya, to‘liqsiz induksiya, umumlashtirish, ehtimoliy sillogizm va boshqa usullardan foydalanadilar.
Qanday hollarda gipoteza qurish ehtiyoji paydo bo‘ladi?
1. Xodisa sababini aniqlash uchun faktlar yetarli emas, lekin uni tushuntirib berish zaruriyati bor. Bunday holatda ishchi gipoteza olg‘a suriladi.
2. Tadqiqot ob’ekti va unga doir bilimda nomuayanlik darajasi katta, gipoteza esa dastlabki yondashuv sifatida muammo va izlanish yo‘nalishiga ma’no beradi, faraz negizida yotgan g‘oyani asoslashga qaratilgan harakatni faollashtiradi.
3. faktlarga asos bo‘lgan xodisa yoki xossalar tajribada bevosita namoyon bo‘lmaydi, lekin ulardan kelib chiqqan ayrim belgilarni o‘rganib gipoteza ishlab chiqish imkoniyati mavjud.
Fan va amaliyotda muntazam ravishda faktlar ochiladi, ular mavjud tasavvurlar, nazariyalar doirasida tushuntiriladi. Lekin, shunday yangi hodisalar kuzatiladiki,ularni biron-bir nazariya doirasida tushuntirib bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda tadqiqotchi xodisani namoyon etgan sabab xususida ilmiy gipotezani ishlab chiqadi.
Tushuntirishni ko‘lamiga qarab gipoteza umumiy, juz’iy va yakka bo‘lishi mumkin. Umumiy gipoteza nihoyatda keng miqyosda namoyon bo‘ladigan narsa va xodisalarni tushuntirish uchun ishlab chiqilgan farazdir. Masalan, Demokritning barcha narsalar eng kichik, bo‘linmas atomlardan tuzilganigi haqidagi farazi. Faqat XIX asrga kelib ingliz ximigi va fizigi Djon Dalton (1766-1844) ayrim elementlarning atom og‘irligini eksperimental tadqiqotda aniqladi, kimyoviy atomizm ta’limotini yaratdi.
Juz’iy gipoteza ma’lum guruhga oid ob’ektlar sababi, qonuniyatlarini tushuntiradigan farazdir. Aytaylik, irsiyat birligi bo‘lgan genni kelib chiqishini tushuntiradigan nazariya hanuz ishlab chiqilgani yo‘q. AQSH olimi G.Kastler genni vujudga keltirgan boshlang‘ich sabab-ipsimon informatsion makromolekulalar bo‘lishi kerak degan gipotezani olg‘a surdi. Sotsiobiologlar (E.Uilson, I Lamsden va boshqalar) insonga xos xatti-harakatlarni tomiri xayvonlarga borib taqalishi haqidagi farazni ishlab chiqishgan.
Yakka gipoteza – bu alohida hodisa yoki faktlarni tushuntiradigan ilmiy farazdir. Taxmin qilinishicha 1908 yil 30 iyunda Sharqiy Sibirga tushgan Tungus meteoriti katta bo‘lmagan kometaning yadrosidir. Urilishdan hosil bo‘lgan zarba to‘lqini 2000 km2 maydonni vayron qilib tashlagan, lekin bironta ham meteorit bo‘lagi topilmagan.
Fanda bir xodisa mohiyatini tushuntirishga da’vo qiladigan, bir-biri bilan raqobatda bo‘lgan gipotezalar ham yaratilishi mumkin. XVI asrda nurning fizik tabiatini tushuntirishga qaratilgan ikkita gipoteza – korpuskulyar (I.Nyuton) va to‘lqinli (Gyuygens) mohiyati haqidagi ilmiy faraz yaratildi. Ikki asr davomida u yoki bu gipoteza navbatma-navbat g‘alaba qozonib turdi. XX asr boshlarida (1924) fransuz fizigi Lui de-Broyl nur tabiatini tushuntirish uchun asos bo‘lgan tqlqin-zarracha dualizmi ta’limotini ishlab chiqdi, oldin ishlab chiqilgan ikki yondashuv sintezini amalga oshirdi.
Gipotezani tasdiqlaydigan tadqiqot vositalari va natijalari bevosita va bilvosita bo‘ladi. Xususan, sabab bo‘lib xizmat qilgan xodisani kashf qilish (masalan, Neptun planetasini kashf etilishi) ilmiy farazni bevosita tasdiqlashga kiradi.

3. Formallashtirish usuli

Ob’ektdagi xossalar, miqdoriy qiymatlar va strukturaviy shakllarni simvollar (belgilar) bilan ifodalab, shu simvollar bilan ishlash, ular orqali ma’lum tuzilish, munosabat va modellarni tadqiq qilish mumkin. Simvollar, ularning tuzilmalari bilan ob’ektni xossalari va tomonlarini ifodalab, keyin faqat shu simvollar bilan ishlash formallashtirish usulini tashkil qilaid.


Simvollar qatori tartiblashtirilganda shakl hosil bo‘ladi. Predmetda mazmunni bildiradigan unsurlar mavjud bo‘ladi. Shakl tuzilganda unsurlar simvollar bilan almashtiriladi. Shu tarzda mazmunni ifodalaydigan formulalar, tenglamalar, belgilardan tuzilgan shakllar ishlab chiqiladi.
Formallashtirish usulidan foydalanish asosida barqaror xolatda turgan mazmundan ajratib olingan shaklni simvollarda belgilash, simvollar tizimida berilgan matematik, lingvistik va shakliy ifodalar bilan ishlash yotadi. Mazmun o‘zgargan taqdirda tizimga yangi simvollar kiritiladi, tadqiqot davom etadi.
Formallashtirishning birinchi tarixiy ko‘rinishi matematik ifodalarni qo‘llashda, matematik amallarni bajarishda namoyon bo‘ldi.
Formallashtirish usulidan foydalanishda, qayd qilinganidek, simvollar tuzilmasidan iborat bo‘lgan shakliy tizim ishlatiladi. Mantiqda qo‘llaniladigan sillogistik figuralar (masalan, ), matematikada ifodalash vositasi bo‘lgan differensial tenglamalar, strukturaviy lingvistikada tilning simvolik modeli, kompyuter texnologiyasida algoritm va dasturlar shakliy tizimlar namunasini bildiradi.
Tadqiqot ob’ektini ifodalaydigan (yoki modellashtiradigan) shakliy tizimni ishlab chiqish uchun quyidagilarga e’tibor berish kerak:
1) ma’lum belgilardan iborat bo‘lgan alfavitni tuzish;
2) belgilardan «so‘zlar» va «formulalar» tuzish uchun qoidalar ishlab chiqish;
3) bir turdagi ifoda va formullardan boshqa ifodalar va formulalarga o‘tish imkoniyatini beradigan qoidalarni ishlab chiqish
Keng tatbiq qilish sohasiga ega bo‘lgan formallashtirishni turi mantiqiy formallashtirish bo‘lib, bu usul tafakkur mazmunini mantiqiy shakllarida ifodalash imkoniyatini beradi. Sun’iy til va sun’iy intellekt mantiqiy shaklni namoyon bo‘lishidir.
Tafakkurni modellashtirish, uning bir ko‘rinishi bo‘lgan ekspertlar tizimini tuzish formallashtirish usulini nihoyatda samarali tatbiq qilingan sohasi hisoblanadi.
To‘g‘ri, formallashtirish usulidan foydalanish mutloq mazmunni to‘la qamrab olish imkoniyatiga ega emas. Buni sotsiologiyada shakliy maktab namoyondalari olib borgan tadqiqotlarda ko‘rish mumkin. Mazkur yo‘nalish doirasida xukmdorlik va boshqa ijtimoiy jarayonlarni formallashtirish ishi olib borildi. Lekin, bunday faoliyat qayd qilsa bo‘ladigan natijaga olib kelmadi. Dinamik ijtimoiy jarayonlar bilan sof shakllar o‘rtasidagi farqni, ziddiyatni bartaraf qilib bo‘lmaydi. Shakliy sotsiologiyani ishlab chiqish loyihasi amalga oshmadi.
Formallashtirish usulidan foydalanish sohasida uchrab turadigan ayrim kamchiliklarga qaramasdan uning umumilmiy samarasi va ijodiy imkoniyati shubha o‘yg‘otmaydigan faktdir.

4. Mavhumlashtirish va umumlashtirish usuli

Nazariy tadqiqotning vazifalaridan biri izlanish ob’ekti xossalari va qonuniyatlarini aks ettiradigan tushuncha, tamoyil va kategoriyalarni (eng umumiy tushunchalar) ishlab chiqishdir. Bular tadqiqotning konseptual vositalaridir, yanada kengroq ma’noda aytadigan bo‘lsak ilmiy shakllaridir.


Tadqiqot uchun zarur bo‘lgan tushunchalarni hosil qilish, shakllantirish, ularni mazmunini boyitishida mavhumlashtirish va umumlashtirish usullari katta rol o‘ynaydi.
Tadqiqot ob’ekti, uning xossalarini o‘rganish zaruriyati tug‘ilganda, biz xossalarini namoyon etuchi xolatlar va belgilarni tahlil qilamiz, ularning mazmunini o‘zida mujassamlantiradigan tushunchalar hosil qilamiz. Bu bilan biz ob’ektning o‘rganilgan xossalarini fikrda ajratib olamiz, tushunchalarda ifodalaymiz, keyinchalik empirik materiallarni tahlil qilishda shu tushunchalardan foydalanamiz.
Ruhiyatshunoslikda «faoliyat» tushunchasini hosil bo‘lishini ko‘rib chiqaylik. Hayovonlarda hatti-harakat mavjud. Inson faolligi shunchaki hatti-harakat emas. Nima uchun? Psixologlar inson faolligini o‘rganishlar ekan, uni hayvonning hatti-hakarakatidan farq qiladigan belgi va hislatlarga e’tibor beradilar; a) muhitga bo‘lgan munosabat: b) moddiy va ma’naviy ehtiyojni paydo bo‘lishi; v) predmetga bo‘lgan munosabatni ifodalaydigan manfaatni mavjudligi; g) faollikni anglatilgan yoki rejalashtirilgan maqsadga qaratilganligi; d) maqsadga muvofiq ravishda narsani, predmetni o‘zgartirish; ye) ehtiyoj va manfaatni qondirishga qaratilgan sun’iy predmetlarni yaratish. Psixolog faollikning mana shu ajratib olingan qirralari haqida tasavvurlar hosil qiladi, tasavvurlarni ongida, tafakkurida bir-biriga bog‘lab «faoliyat» tushunchasini hosil qiladi, ta’riflaydi.
Shunday qilib, psixolog inson hayoti asosida turgan faollikning belgi va hislatlarini fikrda ajratib oldi, tadqiqot jarayonida ular haqida tasavvurlar vujudga keladi, tasavvurlarni umumlashtirish esa «faoliyat» tushunchasini hosil bo‘lishiga olib keldi.
Mavhumlashtirish usulidan ikki yo‘nalishda foydalanish mumkin:
1. O‘rganilayotgan ob’ekt xossalarini fikrda ajratib olish, tahlil qilish, tushunchalarda ifodalash. Bu yerda ob’ekt empirik tavsiflashga qaraganda chuqurroq tadqiq qilinadi, sababiy asos, tamoyil, qonuniyat ochiladi. Adabiyotshunoslikda – g‘oyaviylik, ijodiyot erkinligi, vorislik, realizm, fizikada – kuch, massa, energiya, inersiya tushunchalari shu tarzda shakllangan.
2. Idealizatsiyalashtirish. Bu amalni bajarishda ob’ektning biron-bir tomonini o‘rganishga yordam beradigan, namuna rolini o‘ynaydigan tushuncha ishlab chiqiladi. Hosil bo‘lgan tushuncha ob’ektni aniq aks ettirishi shart emas, uni real hossani tushunishga tatbiq qiladilar, qimmatli ma’lumot oladilar. Ma’naviyatshunoslikda komil inson, muruvvat, metin iroda, adabiyotshunoslikda garmoniya, badiiy obraz, estetik ideal, ideal qahramon (Farhod obrazi), fizikada moddiy nuqta, karno sikli, ideal gaz, mashinani ideal foydasi kabi tushunchalarni hosil qilish, tadqiqotda ulardan foydaoanish shundan dalolat beradi.
Umumlashtirish. Umumlashtirish mavhumlashtirishning yuqoriroq pog‘onasiga utishni bildirib, unda narsa va hodisalardagi o‘xshash, ular uchun umumiy bo‘lgan belgi va tomonlar haqida obraz va tasavvurlar hosil qilindi, tafakkurda ular birlashtirilib, umumiy mazmunga ega bo‘lgan tushuncha ishlab chiqiladi. Shu bois tushunchani ma’lum belgilar guruhini o‘zini mazmunida umumlashtiradigan ilmiy bilish shakli, deb izohlash mumkin.
Ob’ektlardagi xossa va tomonlarni oldin tahlil qilib, keyinchalik tasavvurlar, to‘plangan faktlar va materiallarni umumlashtirish jarayonida nafaqat tushunchalar, balki tamoyillar, g‘oyalar, nazariyalar ishlab chiqiladi.
Kimyoviy izlanishlarda bir xil mikrozarrachalarni atomidan tashkil topgan, mustaqil mavjudligi, tarkibida ma’lum miqdorda atom yadrosi va elektronlarni bo‘lishi kabi xolatlarni tahlil qilinishi va umumlashtirilishi molekula tushunchasini shakllanishiga sabab bo‘ldi.
Adabiyotshunoslikda turli janrga ta’luqli asarlarda keltirilgan obrazlarni tahlil qilish, ularni yaratish usullarini o‘rganish, shularga oid bilimlarni umumlashtirish badiiy obraz tushunchasini hosil bo‘lishiga olib keldi.
Xulosa qilib aytganda umumlashtirish bilishda ijodiy samara beradigan nazariy tafakkur darajasi va usulidir.



Yüklə 254,42 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   41




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin