Xulosa sifatida metrologiyaning rivojlanish tarixiga nazar tashlasak, quyidagi muhim bosqichlarni keltirishimiz mumkin.
- 1791 yilda metr etaloni Fransiyada qabul qilinishi (1 metr yer meridiani uzunligining 1x10-7 bo‘lagiga teng qilib olinganligi);
- 1875 yilda Parijda 17 davlat tomonidan Xalqaro konvensiyani qabul qilinishi (bu esa mavjud metrik sistemaning takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, metr o‘lchov birligiga asos soladi);
- 1893 yilda Rossiyada D.M. Mendeleev tomonidan o‘lchov va og‘irlik (tarozi) Bosh palatasining tashkil etilishi;
- 1931 yilda Leningrad shaxrida o‘lchov va tarozi Bosh palatasi asosida D.M. Mendeleev nomidagi Butunittifoq metrologiya ilmiy tadqiqot institutining tashkil topishi;
- 1960 yilda Xalqaro birliklar tizimining SI (SU) qabul qilinishi. Bu tizim bo‘yicha 1 metr vakumda to‘lqin uzunligining 1650763,73 teng qilib olinishi (Kriptonni etalon metri);
- 1983 yilda metrni qabul qilishda yorug‘likning vakumda 1/299792458 sekunda o‘tgan yo‘liga teng qilib qabul qilinishi;
- 1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekiston davlat Standartlash, metrologiya va sertifikatsiya markazi (O‘zdavstandart) tashkil etildi;
- 2002 yilda O‘zbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiya markazi O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish (“O‘zstandart”) agentligiga aylantirildi.
Bugungi kunda ham olimlarimiz o‘lchash nazariyasi va texnikasi rivoji ustida tinimsiz ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.
Ma'lumki, 1993 yilning 28 dekabrida Prezidentimiz tomonidan ketma-ket uchta, ya'ni “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Metrologiya to‘g‘risida” va “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish” Qonunlari imzolangan edi. Bu qonunlarning hayotga tadbiq etilishi respublikamizdagi mavjud metrologiya xizmatini yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilishiga asos bo‘ldi. Shulardan biri, ya'ni “Metrologiya to‘g‘risida” gi qonun ustida biroz to‘xtalib o‘tamiz.