- Sifatning uch asosiy belgisiga dunyoda mavjud bo‘lgan va faoliyat ko‘rsatayotgan standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar: Xalqaro – standartlashtirish tashkiloti (ISO), Metrologiya sohasida qonunlashtiruvchi xalqaro tashkilot MOZM), Xalqaro savdo tashkiloti (VTO) o‘zining ijobiy ta'sirini o‘tkazadi va o‘tkazib kelmoqda.
Shuning uchun ham ushbu fanni uch qismda (metrologiya, standartlashtirish sertifikatlashtirish) o‘rganish natijasida talabalar metrologiya bo‘yicha asosiy qoidalarni, talablar va me'yorlarni, standartlashtirish va sifatni boshqarishdagi davlat bayonnomalari va me'yoriy hujjatlar bilan ishlashni bilishi va mavjud bilimlarini, tajribalarini amaliy faoliyatda qo‘llay bilishi lozim hisoblanadi. Bu hozirgi kunda, ayniqsa, jahon andozalariga mos keluvchi mahsulotlarni ishlab chiqish va uning raqobatbardoshligini ta'minlashda o‘ta muhim masalalardan biri sanaladi.
2. “Metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish” fanining rivojlanish tarixi
XX asrning ikkinchi yarmida xalq xo‘jaligining barcha sohalaridagi ilm-fan, madaniyatning gurkirab rivojlanishini bejiz ilmiy-texnikaviy inqilob deb atalmaydi. Ilg‘or ilmiy yutuqlar fanga, bizning kundalik hayotimizga kirib kelib, shu darajada odatiy bo‘lib qolganki, aksariyat hollarda biz ularga e'tibor bermaymiz yoki sezmaymiz. Ba'zan esa, bizga, korxona yoki laboratoriyaga yetib kelguncha ularning qanchalik murakkab, notekis yo‘llardan o‘tganligini ko‘z oldimizga keltirmasdan, fikr yuritmagan holda ulardan foydalanamiz.
Yuqoridagilarning hammasi to‘la ma'noda zamonaviy axborotli o‘lchash texnikalariga ham tegishlidir.
O‘lchashlar haqidagi fanning tarixi minglab yillarni tashkil etadi. O‘lchashlarga bo‘lgan ehtiyoj qadim zamonlarda yuzaga kelgan. Inson kundalik hayotida har xil kattaliklarni: masofalarni, yer maydonlarining yuzalarini, jismlarning o‘lchamlari va massalarini, vaqtni va hokazolarni bu jarayonlarning yuzaga kelish sabablarini, manbalarini bilmasdan, o‘zining sezgisi va tajribasi asosida o‘lchay boshlagan.