Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarda idrokning o’sishi. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarda kattalarning rahbarligi ostida uy-ruzg’or mehnatida ishtirok qilish va o’yin faoliyati tufayli ixtiyoriy idrok qobiliyati ham o’sa boshlaydi. Ixtiyoriy idrok bolalarda tafakkur, iroda va ixtiyoriy diqqatning o’sishi bilan birga tarkib topadi.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolada kuzata bilish qobiliyati ham ko’rina boshlaydi. Kuzata bilish qobiliyatining o’sishiga tabiat burchaklarida olib boriladigan ishlar, sayr va ekskursiyaga borib turishlar yordam beradi. Bolalar narsalarni kattalarning rahbarligida kattalar belgilab bergan maqsadga muvofiq e’tibor berib kuzatadilar. Kuzata bilish maktabgacha tarbiya yoshida, asosan, tarbiya jarayonida o’sib boradi.
Maktabgacha tarbiya yoshida fazoni idrok qilish qobiliyati ancha taraqqiy qiladi. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bola o’yin vaqtida, maishiy hayotda turli-tuman narsalar bilan turli ish-harakatlar bajaradi. Bola ko’p yuguradi, ma’lum masofagacha yugurib yuradi. U rasm soladi, loydan biron narsa qiladi, tuzish-ko’rish bilan shug’ullanadi. Bu ishlarning hammasi bolaning fazo idroklarining o’sishiga yordam beradi. Bola ikki o’lchamli va uch o’lchamli (tekis va hajmli) narsalarni ajrata biladi. U qancha uzoq masofada turgan narsalarning shaklini, katta-kichikligini, qaysisi uzoq, qaysisi yaqinroq turganini mo’ljal bilan ayta oladi.
Maktabgacha tarbiya yoshida vaziyatni idrok qilish qobiliyati ham takomillashadi. Shu yoshdagi bola «endi», «keyin», «ilgari», «avval» hamda «kech kelish», «vaqtida kelish», «uzoq poylash», «tez bo’lish» kabi so’zlarning ma’nosiga tushunadigan bo’ladi. Demak, bu yoshdagi bolalar vaqt haqida tasavvur va ba’zi tushunchalarga ega bo’ladilar.
Bolalarning o’yin faoliyati ularda vaqt hissining o’sishiga anchagina yordam beradi. O’yin vaqtida doimo o’z harakatlari va o’yinga katnashgan sheriklarining harakatlariga e’tibor berishga, harakatlarning sur’atini, jadalligini hisobga olishga, o’yin (harakat) natijasini kutishga to’g’ri keladi.
Shuningdek, bolalarning kuchiga yarasha mehnat qilganda ham harakatdagi ildamlik, chaqqonlik yoki sustkashlikka e’tibor berishi zarur bo’lib qoladi. Ko’pincha kattalar ham bolaning biron yumushni jadallik, chaqqonlik bilan bajarishini talab qiladilar. Bolalar katta yoshdagi kishilarning «tez bo’l» degan buyruqlarini bajarish uchun harakatlarini tezlatishga tirishadilar. Bolalarning o’zlari ham biron narsani «tezroq» bajarish uchun «jadal» harakat qiladilar.
Bolalar boqchasida va oilada belgilangan qat’iy rejim bolalarda vaqt hissini o’stirishga yordam beradi. Bolalar har kuni belgilangan bir mahalda uxlashlari, ovqat yeyishlari, bir ish yoki o’yin va hokazolar bilan mashg’ul bo’lishlari lozim bo’ladi. Olti-yetti yashar bolalar vaqtni soatga qarab bila boshlaydilar.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarda ancha murakkab muzika asarlarini cholg’u va ashulani tinglash va tushuna bilish qobiliyati o’sadi. Bolalarboqchada muzika asbobida chalingan ma’lum bir kuyga moslab yuradilar, chopadilar, raqs qiladilar. Muzika ohanglarini ajrata bilish qobiliyati ham bu yoshda ancha ulg’ayadi, shu sababli, bolalar muzika va ashulani o’rganadilar.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarda surat va rasmlarni ko’rib tushunish qobiliyati o’sa boshlaydi. Uch-to’rt yashar bolalar rasmda tasvir qilingan narsalarni birma-bir ko’rsatadilar, ammo shu narsalarni rasmda tasvirlangan ish-harakatlarini va uni natijalarini hamma vaqt to’g’ri idrok qilavermaydilar. Olti-yetti yashar bolalar mazmuni ular uchun tushunarli bo’lgan surat va rasmlarni ko’rganlarida uni hikoya qilib bera va muhokama qila oladilar, suratda tasvirlangan harakat va voqyealarni ham ko’rib tushuna va ajrata biladilar.