Mavzu: Idrok va mohiyatga asoslangan bilim reprezentasiyasi REJA: 1 Bilimlarning reprezentasiyasi to’g’risida umumiy tushuncha. 2. Idrokning turlari va murakkabligi. 3. Idrokning faolligi va kuzatish. 4. Idrokka asoslangan – qo’sh kodlashtirilganlik nazariyasi Idrok sezgi a’zolarimizga ta’sir qilib turgan narsalarning ongda bevosita aks etishidir. Biz narsa va hodisalarni yaxlit holicha idrok qilamiz, narsalarning ayrim xossalarini esa sezamiz. Masalan, quyoshni biz idrok qilamiz, uning yorug’ini esa sezamiz, og’zimizdagi chaqmoq qandni idrok qilamiz, uning shirinligini esa sezamiz. Ammo xossa va narsa bir-biridan ajralmasdir, shu sababli narsalarni idrok qilish ham sezgilardan ajralgan holda voqye bo’lishi mumkin emas.
Biz bir narsani idrok qilayotganimizda uning ayrim xossalarini ham sezamiz.
Biror narsaning o’zini idrok qilmasdan hosil bo’ladigan sezgilar yangi tug’ilgan chaqaloq hayotining dastlabki kunlaridagina mavjud bo’lsa kerak; chaqaloq narsaning o’zini idrok qila bilmasa ham undan hosil bo’ladigan sezgilarni ajratadi, masalan, yorug’ va qorong’ini, shirin va nordonni sezadi. Odamning murakkab psixik hayotida ayrim sezgilar faqat idrok jarayonida fikrni analiz va abstraktlashtirish yo’li bilan ajratiladi.
Sezgilar, odatda sodda, elementar psixik jarayonlar deb hisoblanadi, idrok esa murakkab psixik prosessdir. Biz idrok qilayotgan narsalar g’oyatda xilma-xildir. Bular jumlasiga, avvalo turli buyumlar, chunonchi–binolar, daraxtlar, jihozlar, texnika buyumlari va hokazolar kiradi. Biz muzika, surat, rasm va boshqa san’at asarlarini idrok qilamiz. Odamning hayotida nutqni - og’zakiva yozma nutqni idrok qilish eng katta va muhim o’rin tutadi.
Atrof-yonimizdagi narsa va hodisalar bir-biridan ajralgan holda emas, balki hamma vaqt idrok qilinib turgan narsa boshqa narsalar bilan makon va vaqt jihatdan bir-biri bilan bog’langan holda idrok qilinayotganini har bir kishi o’z kundalik tajribasidan yaxshi biladi. Masalan, stolni idrok qilayotganimizda biz uning joyini, atrofini o’rab olgan stullarni, shu paytda radiodan eshitilayotgan muzikani ham idrok qilamiz, xona ichidagi radiopriyomnikni ham, kishilarni ham bir vaqtda ko’ramiz.
Biz narsa va hodisalarni makon va zamon sharoitida idrok qilamiz. Makon va zamon moddiy bog’liq formasi sifatida, barcha boshqa realliklar kabi idrok qilinadi. Buning ma’nosi shuki, biz narsalarni, ularga xos bo’lgan fazodagi formalari (kub, uchburchak, doira va hokazo shakllari)ga, fazodagi katta-kichikligi (katta, kichkina, mayda va hokazo)ga, fazodagi munosabatlari (bir-biriga va bizga nisbatan yaqin, uzoq, chap, o’ng tomonda, yuqori va past turishlari)ga qarab idrok qilamiz, ular tinch yoki harakat holatlarida idrok qilinadi. Biz idrok qilib turgan narsa va hodisalarni ma’lum vaqt (zamon) davomida paydo bo’lish va o’zgarib borishlarida idrok qilamiz.
Idrokda – 1) idrok jarayonini ya’ni ongimizning bevosita aks ettiruvchi faoliyatini va narsalarni idrok qilish (aks ettirish)dan hosil bo’ladigan subyektiv obrazni bir-biridan farq qilish lozim.
Idrok murakkab psixik prosessdir. Bu murakkablik, avvalo shundan iboratki, har bir idrok tarkibiga ayni vaqtda bir necha sezgi kiradi. Masalan, qovunni idrok qilish uning shaklini (uzunchoq. va hokazo), rangini (ko’k, oq. va hokazolarni) sezish – bu ko’rish sezgilar idrok, hidini sezish (hid sezgilari), shirin, chuchukligini sezish (maza sezgilari), og’ir-yengilligini, qattiq-yumshoqligini sezish (muskul sezgilari) va boshqa sezgilardan tarkib topadi. Idrok qilishda analiz yordamida ajratilgan shu ayrim sezgilar (resepsiyalar) idrokning reseptiv tomonini tashkil qiladilar.
Shu xossalarning jamini sezishdan idrok qilayotgan narsaning dastlabki bevosita obrazi hosil bo’ldi, bu idrokning perseptiv tomonini tashkil qiladi. Bunda shu xossalar narsaning o’zida qanday bog’langan bo’lsa, ayni shu tarkibda seziladi. Shu sababli idrok qilinayotgan narsaning dastlabki obrazi ham sezgilarning mexanik jami (yig’indisi)dan iborat bo’lmay, balki yaxlit, bir butun bo’ladi.
Idrokning nerv-fiziologik mexanizmlari ham sezgilardagiga qaraganda ancha murakkabdir. Idrokning fiziologik asosi bosh miya po’stining analiz sintez faoliyatidan iborat bo’lib, bu faoliyat sezgi organlarimizga ta’sir qilib turadigan narsa yoki hodisannng bitta hossasi bilan emas, balki bu hossalarning jami, butun bir kompleksi bilan vujudga keladi. Idrokning nerv-fiziologik mexanizmi narsalar hossalari jamining ta’siri bilan hosil bo’ladigan muvaqqat bog’lanishlar sistemasidan iboratdir. har bir narsadagi hossalarning shu jamiga qarab, biz narsalarni bir-biridan farq qilamiz.
I.P.Pavlov qilgan tajribalardan ma’lum bo’ldiki, agar analizatorga bironta yakka qo’zg’ovchi emas, balki qo’zg’ovchilarning jami muntazam ta’sir qilib tursa, bundan tug’iladigan reaksiya har bir qo’zg’ovchining o’z hususiyatiga qarab emas, balki bu qo’zg’ovchilarning o’zaro qanday bog’lanishiga, o’zaro munosabatiga qarab tug’iladi. I.P.Pavlov bu hodisani munosabat refleksi deb atadi.
Bunday bog’lanishlarning ko’rish analizatorida hosil bo’lishi, masalan, muayyan bir figuralarning qanday rang bilan chizilganligi va katta-kichikligidan qat’iy nazar, ularning konturlarini topib olishga imkon beradi. Bunday bog’lanishlarning eshitish analizatorida hosil bo’lishi bironta melodiyaning baland yoki past (ingichka yoki yo’g’on) tonda ijro qilinishidan qat’iy nazar, uni tanib olinishiga (bir xilda idrok qilinishiga) imkon beradi. Munosabat refleksi narsaning ayrim xossalarining o’zaro obyektiv bog’liqligini aks ettirishdan iboratdir.
28-a rasm. Uchburchak 28-b rasm. Doira Shunday qilib, idrok bitta sezgi organining ishi bo’lavermay, balki boshqa bir qancha sezgi organlari, bir qancha analizatorlarning faoliyati mas’ulidir. Lekin har bir idrokda sezgi organlaridan biri eng muhim o’rin tutadi. Masalan, suratni idrok qilishda ko’rish organi, muzikani idrok qilishda eshitish organi bosh o’rinda turadi. Idrok ham sezgilar kabi, bosh o’rinda turadigan ana shu organlarga qarab: ko’rish, eshitish, hid, maza va boshqa idrok xillariga bo’linadi. Bulardan hayotimiz uchun eng muhimlari ko’rish bilan eshitish idrokidir. Bulardan tashqari, idrokning yana aralash turi ham bor. Idrokning bu turida yolg’iz bir sezgi organi emas, balki ikki, uch sezgi organi baravar muhim o’rinda turadi. Ovozlikinofilm yoki operani idrok qilishda ko’rish va eshitish sezgisi baravar muhim o’rin tutishi aralash idrokka misol bo’la oladi.
Idrokning mazmuni uning tarkibiga kirgan sezgilarning faqat oddiy jami yig’indisidan iborat bo’lib qolmaydi. (xar bir idrok tarkibiga sezgilar kirishi bilan birga ,odamning o’tmishida hosil qilgan tajribalari va bilimlari ham kiradi). Masalan, 28 «A» -rasmni uchburchak va 28 «B» - rasmni doira deb idrok qilamiz, holbuki birinchi rasmda uchburchak emas, balki uch chiziq, ikkinchisida esa yarim doiradan boshqa narsa yo’q. Birinchi rasmda yo’q burchaklarni va ikkinchi rasmda yetishmagan tomonini o’zimizdan, o’z tajribamizdan olib «qo’shamiz» va bu rasmlarni uchburchak va doira deb idrok qilamiz. Biz o’tmishdagi tajribamizda uchburchak va doiralarni ko’p marta ko’rganmiz, bu figuralar bilan ko’p marta ish ko’rganmiz. Bu figuralarning obrazi miyamizda mustahkam o’rnashib qolgan. Shu sababli, bu rasmlarni ko’rishimiz bilan ilgari bizda hosil bo’lgan tasavvurlar yana esimizga kelib, miyamizda uchburchak yoki doiraning yaxlit obrazi paydo bo’ladi. Atrof-yonimizdagi hamma narsalarni idrok etish ana shunday amalga oshiriladi. Shunday qilib, idrok jarayonlariga xotira faoliyati ham qo’shiladi. Shu sababli idrokning fiziologik asosida avval hosil bo’lgan muvaqqat nerv bog’lanishlari ham mavjuddir.
Agar idrok jarayoniga xotira ishtirok qilmay qo’ysa edi, u holda idrok unchalik mazmunli bo’la olmas edi, hamma buyum va hodisalar nazarimizda har gal yangi va notanish narsadek bo’lib ko’rinaverardi. Xotira tufayli biz narsalarni har gal aynan o’sha narsa yoki o’xshash narsa, yo bo’lmasa bir-biridan boshqa-boshqa narsa deb idrok qilamiz. Har bir idrok ma’lum darajada tanib olish va umumlashtirish jarayoni hamdir.
Ko’p hollarda idrokimiz tarkibiga o’tmishdagi tajriba bilan birga xayol tasavvurlari ham kiradi. Idrokning mazmuni ba’zan idrok qilinayotgan obyektning o’ziga qaraganda kengroq, boyroq bo’ladi. Masalan, biz uy ichida turib, qirov bosgan deraza oynasiga qarasak, odatda, qirov allaqanday tropik o’rmon va gullarga o’xshab ko’rinadi. Kechqurun yoki oydin kechalarda bog’ yoki o’rmondagi daraxtlar ba’zan xayoliy tus olib, ko’zimizga allaqanday g’alati bo’lib ko’rinadi.
Idrok qilinayotgan obyektlarning o’z tomonimizdan «qo’shib» shu tarzda kengaytirilishi xayolimiz mas’ulidir. Lekin bunda xayol jarayonlari ham, xotira jarayonlari singari, idrokda ixtiyorsiz, ongimiz uchun «bilinmaydigan» bir suratda sodir bo’ladi. Idrok jarayonlarida xayol ishtirok etganligi bizga idrok natijalarini analiz qilib ko’rganimizdagina ma’lum bo’lib qoladi. Masalan, o’rmondagi to’nkaning qorasi bironta yovvoyi hayvonga o’xshab ko’zga ko’rinsa, bu holda hayvonning obrazi bu to’nkani idrok qilayotgan kishining xayoli mahsulidir. Idrok tarkibiga tafakkur va nutq faoliyati ham kiradi. Bunda tafakkur va nutq, faoliyati, avvalo idrok qilinayotgan narsa va hodisaning nomini ovoz bilan yoki o’z ichidan aytishda va bilishda ifodalanadi. Narsa va hodisaning nomini so’z bilan ifodalash demak–bu narsa va hodisaga nom berish va uni mavjud tushuncha doirasiga kiritish demakdir. Masalan, biz 28 «A»- rasmni uchburchak va 28 «B»- rasmni doira deb aytamiz va shu bilan birga ularni biz bilgan geometrik tushunchalar doirasiga kiritamiz. Idrok qilayotgan narsa va hodisalarni anglab va tushunib olishimiz sababi ham shundadir. Agar idrok qilayotgan biron narsa yoki hodisamiz yangi, noma’lum bo’lsa, bizda darrov fikr faoliyati boshlanib, «bu nima», «buning nomi nima» degan savol tug’iladi. Bu hol ham idrok jarayonida tafakkurning ishtirokini ko’rsatadi. har bir idrok hukm (gap) formasida ifodalanadi, masalan: «bu kitob», «bu odam», «bu muzika» va hokazo. Odamning idroki sezgi organlariga ta’sir ko’rsatayotgan biron narsaning oddiygina obrazi emas, balki odamning tajribasi zaminida anglab, tushunib olinadigan obrazdir.
Narsa va hodisalarni nomini atab, biz idrokimiz mazmunini ochiq ravshan qilamiz, bu idrokimizni boshqa kishilar uchun ham aniqlaymiz.
Nutqni, rasmlarni, badiiy suratlarni, muzika va boshqa san’at asarlarini idrok qilish, moddiy buyumlarni idrok etishga nisbatan ko’p darajada murakkabdir. Shu jumladagi idrokning mazmuni, asosan, odam hosil qilgan tajribaning boyligi, unda tafakkur va xayolning nechog’li taraqqiy qilganligi bilan belgilanadi.
Idrokimizda nutq ishtirok qilganligidan, idrokning fiziologik asosi birinchi signal sistemasiga oid nerv tutashuvigina bo’lib qolmay, balki ikkinchi signal sistemaning ham nerv bog’lanishlari idrokning fiziologik asosidir. Idrokda ikkinchi va birinchi signal sistemalari birlashgan holda amal qiladi.
Idrok jarayonlari faqat tevarak-atrofdagi narsalarning sezgi organlarimizga ta’sir qilib turishlari natijasidagina emas, balki shu bilan birga idrok qilayotgan odam o’zining olamni bilish va amaliy faoliyatida yon atrofidagi narsalarga ta’sir ko’rsatishi natijasida ham vujudga keladi.
Idrokning faolligiga, avvalo unga bog’liq bo’lgan hissiy kechinmalar sabab bo’ladi. Bu tuyg’u-hislar, avvalo shu topdagi idrok tarkibiga kiradigan sezgilarning emosional (hissiy) tomonidan iborat bo’ladi. Idrok qilinayotgan narsa va hodisalar to’g’risida o’tmishda tug’ilgan taassurot va fikrlar bilan bog’liq hissiyot ham shu jumladandir. Ko’pincha odamning idrokiga shu paytda kechirayotgan bironta hissiyoti - shodligi, xushchaqchaqligi, g’amginligi, tajangligi va boshqa shu kabi tuyg’ulari ta’sir qilib, idrok qilinayotgan narsa yoki hodisaga ma’lum bir tus beradi. Shu sababli, kishining ta’bi xiralik vaqtida tabiat manzaralari unga allaqanday «g’amgin», «ma’yus» dek ko’rinadigan bo’lsa, ta’bi chog’ vaqtida gullar «kulib» turganday, hamma yok «quvnoq» dek ko’rinadi va hokazo.
Tuyg’u-hislar idrok mazmunini jonli, yorqin qiladi, idrokni ma’lum bir tomonga yo’naltiradi. Tuyg’u-hislar idrokning faollik darajasini kuchaytiradi, idrok sharoiti bo’lgan boshqa psixik jarayonlarning ildamlik darajasiga ta’sir qiladi: bu jarayonlarni tezlatadi yoki susaytiradi. Idrok bilan bog’liq hislar, jumladan, xayol jarayonlarini qo’zg’atib faollashtiradi. Masalan, kishi qattiq vahimaga tushganda har bir arzimagan narsadan ham havfsirayveradi, oddiy, arzimagan narsa ham nazarida allaqanday – dahshatli tuyuladi yoki kishi qattiq, hushvaqtlikda o’zini har narsadan mamnun sezadi, oddiy, arzimagan narsalardan ham zavqlanaveradi, shuning uchun ham: «qo’rqqan ko’zga qo’sh ko’rinar» yoki «guli-gun xayol» deydilar.
Idrok jarayonlaridagi diqqat g’oyatkatta ahamiyatga egadir. Diqqat idrokning faolligini oshiradi va idrokning mukammal, raso va ravshan bo’lishiga xizmat qiladi. Diqqat, faollik darajasiga qarab, ixtiyorsiz va ixtiyoriy bo’lmog’i mumkin, shu sababli idrok ham ixtiyorsiz va ixtiyoriy bo’lmog’i mumkin.
Muayyan bir obyektni oldindan maqsad qilib olmasdan va mahsus tanlanmasdan, kuch sarf etmasdan idrok qilish prosessni ixtiyorsiz idrok deb ataladi. Bunday idrok jarayonlari diqqatimizni beixtiyor o’ziga jalb qilayotgan obyektlarning ta’siri bilan qo’zg’aladi; masalan, biz uzoqdan kelayotgan poyezd ovozini beixtiyor eshitamiz, tunda qirda yonayotgan alangani uzoqdan beixtiyor ko’ramiz. o’zining yorug’ligi, rang-barangligi, harakati, hushohangligi, kontrastligi bilan ajralib turadigan narsa yoki hodisalar, odatda, beixtiyor idrok qilinadi, shuningdek, ayni vaqtda bironta ehtiyoj va manfaatimizga javob beradigan, shaxsiy tajriba va bilimlarimizga eng ko’p darajada muvofiq keladigan va biz uchun g’oyatkatta ahamiyati bo’lgan obyektlar ham beixtiyor idrok qilinadi.
Ixtiyorsiz idrok tetik, bardam vaqtimizda bizda to’xtovsiz bo’lib turadigan prosessdir.
Oldin belgilangan maqsadga qarab muayyan bir obyektni idrok qilishni ixtiyoriy idrok deb ataladi. Badiiy bir rasmni ko’rish, dokladni e’tibor bilan eshitish, yozma ishlardagi imlo xatolarini chizib o’tish, operadagi ariyani tinglash, ko’pchilik orasida o’zimiz qidirgan bir shaxsni topib ajratish ixtiyoriy idrokka misol bo’la oladi.
Ixtiyoriy idrok ixtiyorsiz idrokdan ayrilgan holda bo’ladigan prosess emas. Ixtiyorsiz idrok ixtiyoriy idrok uchun go’yo «fon» bo’lib xizmat qiladi.
Muayyan sohaga tegishli narsa va hodisalarni sistematik va uzoq vaqt davomida ixtiyoriy idrok qilib borishni kuzatish deb ataladi. Masalan, biz olma daraxtining gullashini ma’lum vaqt davomida kuzatib borishimiz yoki bola nutqining qanday o’sib borishini bir necha yil davomida kuzatib borishimiz mumkin. Lekin kuzatish samarali bo’lmog’i uchun yetarli darajada kuchli, barqaror diqqat bilan birga aktiv fikrlash mavjud bo’lishi shart.
Kishining sistemali, davomli va rejali idrok qilish qobiliyati kuzatuvchanlikdeb ataladi. Kuzatish qobiliyati tevarak-atrofdagi narsa va hodisalarni ma’lum bir maqsad bilan sistemali va rejali idrok qila bilishdir.
Xar bir kishi ma’lum darajada kuzata bilish qobiliyatiga ega, bu qobiliyat har kimning o’z hayotiy tajribasi va bilish faoliyatida taraqqiy qilib boradi. Ammo har bir kishini ham razmi o’tkir, kuzatish mahorati zo’r deb bo’lavermaydi. Razmi o’tkir, kuzata bilish qobiliyati zo’r kishi deb, odatda, o’z oldiga jamiyat uchun foydali, ilmiy va boshqa muhim vazifalarni qo’ya biladigan, tevarak-atrofdagi xilma-xil narsa va hodisalardan kerakli va eng muhim obyektlarni ajrata biladigan kishini aytiladi. Razmi o’tkir, kuzata biladigan kishi idrok qilinayotgan narsa va hodisalardagi o’xshashlikni va farqni darrov payqab oladi, bu narsa va hodisalarning eng muhimi, zarur hususiyatlarini ajrata biladi.
Razm sola, bilish, kuzatuvchanlik qobiliyati shaxsning nihoyatda qimmatli sifatlaridandir. U mavjud sharoitni turli tushunishga, o’rab olgan olamni samarali o’rganishga va xususan, o’quv materialini chuqur o’zlashtirishga imkon beradi.
I.P.Pavlov kuzatuvchanlik ilmiy bilishning asosiy sharti deb hisoblardi. Pavlov shahrida u tashkil qilgan biologiya stansiyasi binosining old tomoniga kuzatuvchanlik va yana kuzatuvchanlik» deb bejiz yozilmagan edi.
K.D.Ushinskiy kuzatuvchanlikni o’stirish vazifasiga katta ahamiyat berardi. «Agar ta’lim bolalarning aqlini o’stirmoqchi bo’lsa,– deb yozgan edi K.D.Ushinskiy,– ularning kuzatuvchanlik qobiliyatini mashq qildirish kerak». (Tanlangan asarlar, 6-tom, RSFSR. PFA, Moskva, 1949 yil, 267-bet).
Shuning uchun ham o’sib kelayotgan yosh avlodda kuzatuvchanlikni tarbiyalash pedagogikasining muhim vazifalaridan biridir.