2. Falsafa tarixida borliq muammosi. Borliq muammosini falsafiy Borliq muammosini falsafiy
anglab etishga ilk urinishlar miloddan avvalgi birinchi ming yillikda vujudga kelgan qadimgi hind va
qadimgi xitoy falsafalaridayoq kuzatiladi. Xususan,«Veda»lar (Qadimgi hind tafakkurining ilk
yodgorliklari) va ularga diniy-falsafiy sharhlar – «Upanishada»larda yaxlit ma’naviy substansiya,
o‘lmas jon haqidagi g‘oyalar, shuningdek, dunyo haqidagi materialistik va ateistik tasavvurlar o‘z
aksini topgan. So‘nggi zikr etilgan tasavvurlarga muvofiq butun borliqning negizini tabiiy asoslar –
olov, havo, suv, yorug‘lik, makon, vaqt tashkil etadi. Qadimgi Hindiston mutafakkirlari borliq sirining
tagiga etishga harakat qilar ekanlar, quyosh tunda qaerga ketadi, yulduzlar kunduzi qayoqqa yo‘qoladi
kabi savollarga javob topishga uringanlar va bu tasavvurlarni eng qadimgi kitob – «Rigveda»larda aks
ettirganlar.
Qadimgi Xitoy falsafasi, avvalo, ijtimoiy muammolarga qarab mo‘ljal olgani bois, unda inson
borlig‘iga, shuningdek, ijtimoiy borliqqa ko‘proq e’tibor berilgan. Ayni vaqtda, tabiatning birinchi
asoslari ham e’tibordan chetda qolmagan. Bu qiziqish, xususan narsalar va hodisalarning butun
rangbarangligini belgilovchi besh stixiya (suv, er, daraxt, temir, olov) haqidagi ta’limotda o‘z aksini
topgan. Keyinroq «O‘zgarishlar kitobi»da borliqning butun rang-barangligini tashkil etuvchi bunday
birinchi asoslarning sakkiztasi qay etiladi.
Xudolarning kelib chiqishi, ularning hayoti, ishlari, o‘zaro kurashi haqida hikoya qiladigan va shu
tariqa qadimgi odamlarning dunyoning vujudga kelishi va evolyusiyasi haqidagi tasavvurlarini aks
ettirgan kosmogonik miflar Suqrotga qadar, avvalo, tabiat falsafasi sifatida yuzaga kelgan va
rivojlangan yunon falsafasining birinchi manbai bo‘lib xizmat qildi. Ilk yunon faylasuflari o‘z
asarlarini odatda «Tabiat haqida» deb nomlaganlari, ularning o‘zlari esa naturalistlar, «fiziklar» deb
atalishi bu fikrni tasdiqlaydi. Sharq donishmandlari kabi, antik mutafakkirlarni ham borliqning
manbalari qiziqtirgan. Qadimgi yunon falsafasi vujudga kelgan paytdan boshlab ular butun borliqning
birinchi sababini mavjud voqelikning o‘zidan izlaganlar, uni dam suv (Fales) yoki havo (Anaksimen)