XX–XXI asrlarda diniy an’ana va marosimlar. Har bir xalqning o‘ziga xos urf-odat, an’ana va marosimlari bor. Ularning har biri boshqasidan tubdan farq qiladi. Biri foydali, biri mutlaqo zararli. Urf-odat – kishilarning turmushiga singib ketgan, ma’lum muddatda takrorlanib turuvchi xatti-harakat, ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan xulq-atvor qoidalari ko‘nikmasidir.
«Odat» degan tushuncha ma’lum sharoit ta’sirida vujudga kelib, kishining fe’l-atvorida mustahkamlanib qolgan va keyinchalik o‘z-o‘zidan beixtiyor bajariladigan harakat ma’nosini bildiradi. Marosim inson hayotidagi muhim voqealarni nishonlashga qaratilgan, rasmiy va ruhiy ko‘tarinkilik vaziyatda o‘tadigan, umum qabul qilgan tartib-qoidalarga amal qilinadigan tadbir sanaladi. Odamlar kimningdir g‘ami yoki quvonchiga sherik bo‘lishadi, kelajak uchun yaxshi niyatlar qilishadi. Har bir marosimning o‘ziga xos umum qabul qilingan tuzilishi (boshlanishi, o‘rtasi, oxiri) bo‘ladi. Inson hayotida bo‘lib o‘tayotgan muhim voqeani nishonlash jarayonida an’ana ham, odat ham, marosim ham mujassamlashadi. An’ana, odat va marosim bir-biri bilan bevosita bog‘liq hodisalar hisoblanadi.
Shu bois an’analarning tarkibiy qismi odat, odatning tarkibiy qismi esa marosim ham bo‘lishi mumkin. Ba’zi holatlarda «an’ana», «odat» va «marosim» tushunchalari alohida ishlatilsa, ular mavhum ma’noni anglatishi ham mumkin. Bunday paytda ularga aniqlovchi so‘zlar qo‘shilib, masalan, «an’anaviy bayram», «an’anaviy festival», «an’anaviy kecha» yoki «mukofotlash marosimi», «to‘y marosimi», «pensiyaga kuzatish marosimi» tarzida qo‘llaniladi.
Taraqqiyot, zamon talabiga javob bergan urf-odat yanada kuchayib, zamonga qarab rivojlanib bormoqda. O‘zbek xalqining oilaviy marosimlari ham tarixiy zaruriyat asosida vujudga kelgan va zamon chig‘iriqlaridan o‘tib, muhim ma’naviy qadriyat sifatida ravnaq topgan. XX asrda yangi urf-odat va an’analar hayotimizga kirib kela boshladi. Masalan, tug‘ilgan chaqaloqlarning ota-onalariga guvohnoma yoki voyaga yetgan yoshlarga pasport topshirish, o‘quv yurti bitiruvchilariga tantanali ravishda diplom va shahodatnomalar taqdim etish va ularni mehnat jamoasiga qabul qilish, tantanali pensiyaga kuzatish va boshqalar. Hozirga kelib ular an’anaviy tadbirlarimizga aylanib qoldi.
Diniy urf-odat, an’ana va marosimlar vaqt o‘tishi bilan milliy an’ana va marosimlarga aylanib borishi transformatsiyalashuv deb ataladi. Masalan, xristianlik dini Yevropa xalqlari hayotiga kirib kelganida ushbu dinning marosimlari mazkur xalqlarning milliy urf-odat va an’analariga aylandi. Xristianlarda Rojdestvo bayrami, hindlarda Xoli bayrami, koreyslarda shamanizm bilan bog‘liq urf-odatlar mavjud. O‘zbekistonda esa barcha dinlarda muqaddas deb hisoblangan oila instituti milliy qadriyat sifatida Asosiy qonunga kiritilgan va an’anaga aylangan. Diniy marosimlarni bajarishda kohinlar, keyinchalik ruhoniylar boshchilik qilgan. Ular o‘z marosimlarini asta-sekin muayyan dinning talabi, xususiyati, aqidasi va ehtiyojiga moslagan.
Xristianlikda «Yetti sirli marosim»: cho‘qintirish, non va sharob totish, miro moyi surtish, tavba-tazarru qilish, yeley (muqaddas zaytun yog‘i) surtish marosimi, ruhoniy unvonini berish, nikoh marosimlari mavjud. Rojdestvo va Pasxa xristianlikda keng nishonlanadigan eng asosiy bayramlar hisoblanadi.
Islom dinida aqiqa, amri ma’ruf, xatna, ro‘za tutish va Ramazon hayiti, qurbonlik qilish va qurbon hayiti, haj, janoza, nikoh, dafn va boshqa marosimlar bor.
Yahudiylikda ibodat, shanba kunini muqaddas deb bilish, tug‘ilish, balog‘atga yetish, nikoh va dafn marosimlari alohida o‘rin tutadi.
O‘zbekistonda diniy marosimlarning erkin o‘tkazilishi ta’minlanadi, ammo bunda qonunlar, jamoat tartibi buzilmasligi va shaxsga hamda fuqarolarning huquqiga daxl qilinmasligi kerak. Diniy marosimlar masjid va ibodatxonalarda, diniy tashkilot muassasalarida, ziyoratgohlarda, qabristonlarda, fuqarolarning xonadonlari va uylarida o‘tkaziladi. Belgilangan joydan tashqarida diniy marosimlar yoki ommaviy ibodatlar o‘tkaziladigan holatlarda bu haqida mahalliy hokimiyat ogohlantirib qo‘yilishi va bunday tadbirlar qat’iy tartibga rioya qilingan holda tashkil etilishi lozim.
irib kelgan bo‘lib, bugungi kunda bu tushuncha borliq va jamiyatdagi biror-bir narsa va hodisaning kishilar o‘rtasidagi, o‘zaro ijtimoiy munosabatlardagi tutgan muhim ahamiyatini ifoda etishi uchun qo‘llanilmoqda. Bayram – turkiycha «katta yig‘in», «to‘y» ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa keng nishonlanadigan tantanali kundir. Avloddan-avlodga meros tariqasida o‘tib keladigan tadbir an’anaviy bayram deyiladi (masalan, Navro‘z bayrami). Bu turdagi bayramlar biror xalq yoki millatning ayni vaqtdagi ijtimoiy hayoti, turmush tarzi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmaydi. Diniy bayramda esa har bir dinning arkonlarida belgilab qo‘yilgan marosimlar nishonlanadi. Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda diniy marosim va bayramlar (masalan, Ro‘za hayiti va Qurbon hayiti) to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar berilgan. Barcha dinda inson vafoti bilan bog‘liq marosimlar mavjud. Bu marosimlarda ayrim dindagilar maxsus kiyim kiyadilar. Islom dinida motam marosimida kiyiladigam maxsus liboslar mavjud emas. Lekin, musulmon bo‘lgan ayrim xalqlar o‘zlarining urf-odatlaridan kelib chiqib kiyinadilar. Islom dinida ko‘zga ko‘rinadigan yaxshi odatlardan biri, musibat yetgan xonadonning qo‘shnilari isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda darhol ovqat qilib chiqarishadi. Bu milliy-diniy qadriyatga aylangan odat.
Islom dinida aza uchun uch kun belgilangan. Eri vafot etgan ayolning aza muddati Qur’oni karimda to‘rt oy-u o‘n kundan iborat. Bu vaqt ichida ayol yasanmaydi, xushbo‘y narsalardan foydalanmaydi, pardoz qilmaydi, «idda»si ichida boshqaga turmushga chiqmaydi va bunga harakat ham qilmaydi. Uning kiyimi rangining ahamiyati yo‘q, faqat oddiy, kamtarona bo‘lishi tavsiya etiladi. Yetti, yigirma, qirq, yil oshi, qora kiyim kiyish, ayniqsa, ayollarning ovoz chiqarib yig‘lashlari, bir yilgacha to‘y, xursandchilik qilmaslik kabi bid’at ishlarning islom shariatiga aloqasi yo‘q.