XX–XXI asrlarda dunyoning konfessional manzarasi. Diniy konfessiya – muayyan diniy ta’limot doirasida shakllangan va o‘ziga xos xususiyatlarga ega e’tiqod va ushbu e’tiqodga ergashuvchilar jamoasi. Konfessiya umumiy atama bo‘lib, xristianlik, buddaviylik kabi katta dinlar ham, ularning zamirida paydo bo‘lgan pravoslavlik, katoliklik, lamaizm, dzen-buddizm kabi yo‘nalishlar ham shunday nom bilan atalaveradi.
Islom dinida bunday holat kuzatilmaydi. Chunki hech qaysi mamlakatda hanafiy mazhabi alohida, boshqa mazhablar alohida konfessiya sifatida ro‘yxatdan o‘tmaydi. Masalan, O‘zbekistonda ham bir necha shia jamoalari bo‘lishiga qaramay, ular o‘zlarini alohida diniy konfessiya hisoblamaydilar. Globallashuv dunyoni bir butun va yaxlit qila borishi bilan birga, uning natijasi sifatida alohida olingan millat va jamiyatlar darajasida o‘z-o‘zini anglashga bo‘lgan intilishning chuqurlashuviga ham zamin yaratmoqda. Bu jarayonlar o‘z navbatida inson ma’naviyatining uzviy qismi bo‘lgan dinning mohiyatini tushunish, uning inson va jamiyat hayotidagi o‘rnini anglashga bo‘lgan e’tiborning kuchayishini keltirib chiqarmoqda.
Dunyoning diniy manzarasi qotib qolgan, o‘zgarmas bir hodisa emas. Xususan, mazkur manzara yildan-yilga o‘zgarib borayotgani, mavjud dinlar o‘zlarining an’anaviy ko‘rinishlari doirasidan chiqib borayotganligini ham alohida ta’kidlash lozim. Bugungi kunda mavjud dinlar doirasida yangi yo‘nalish va sektalar paydo bo‘lishda davom etmoqda. Masalan, mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, XX asrning ikkinchi yarmida xristianlik, buddaviylik, islom va boshqa dinlar doirasida yuzlab sektalar paydo bo‘lgan. Bu esa kelajakda ham bunday jarayonlar davom etishini ko‘rsatadi. Zamonaviy voqelik ekstremistik xarakterdagi sektalarning inson ongi va qalbi uchun kurash yo‘lidagi faoliyatining jonlanishi kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.
Ular aholining diniy bilimlari pastligidan foydalanib, oxiratning yaqinligi bilan qo‘rqitish hamda, asosan, yoshlar va moddiy ahvoli nochor bo‘lganlar ichida ish olib borish yo‘li bilan o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga harakat qilmoqdalar. Bunday sektalarga asos solgan «avliyo»lar o‘z izdoshlarini aldash yo‘li bilan ularning mol-mulklariga egalik qilishga urinmoqdalar. Yashirin faoliyat olib borishi, sekta ichida bo‘layotgan voqealarning ko‘pchilikka ma’lum bo‘lib qolmasligining qattiq nazorat qilinishi oqibatida ular faoliyatidan jamoatchilik bexabar qolmoqda. Ugandadagi «Oxirat kuni» sektasi boshliqlarining faoliyati bunga misol bo‘ladi. Oxiratni 1999-yil 31-dekabrga belgilagan ushbu sekta rahbarlari o‘z tarafdorlarining mol-mulklarini sotish, tushgan mablag‘ni ularga berishga va shu yo‘l bilan gunohlardan forig‘ bo‘lishga chaqirgan. Qiyomatning 2001-yil 1-yanvarga «ko‘chirilishi» sekta rahbarlariga nisbatan shubha uyg‘onishiga olib kelgan. Shundan so‘ng rahbarlar Kanungu qishlog‘ida 500 dan ortiq o‘z tarafdorlarini aldab binoga qamab, ustilaridan o‘t qo‘yib yuborganlar. Ma’lumotlarga ko‘ra, yana to‘rt joyda ommaviy qabrlar topilgan. Bu sektaning qurbonlari 1000 dan ortiq bo‘lgani qayd qilingan.
Bunday sektalar ayrim insonlarning jismoniy va ruhiy ojizligi, tushkunlik holatidan chiqishga bo‘lgan intilishlaridan o‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanadilar. Natijada adeptlar – sektalarga a’zo bo‘lganlarni o‘zlarining manfaatlari uchun xizmat qildiradilar. Hozir diniy ta’limotlar, ulardagi muayyan qoidalarni davr talabiga moslashtirish, modernizatsiya qilish jarayonini kuzatish mumkin. Masalan, Rim Papasi O‘rta asrlarda cherkov tomonidan amalga oshirilgan inkvizitsiya va salb yurishlari xato bo‘lganini tan olib, rasman kechirim ham so‘radi. 1992-yilda Papa Ioann Pavel II o‘z paytida Galileo Galileyning haq bo‘lganini tan olib, barchadan uzr so‘ragani ham bunga misol bo‘la oladi.
O‘zbekiston Respublikasida 2017-yil dekabr holatiga ko‘ra 16 konfessiya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular quyidagilardir:
– Islom (O‘zbekiston musulmonlari idorasi); – Pravoslavlik (Toshkent va Markaziy Osiyo yeparxiyasi); – Katoliklik (Rim-katolik cherkovi); – Lyuteranlik (Nemis-lyuteran cherkovi); – Arman-apostol cherkovi; – Pyatidesyatniklar (To‘liq injil xristianlari); – Baptistlar (Yevangel-xristian baptistlar cherkovi); – Novoapostol cherkovi; – Yettinchi kun adventistlari; – «Golos bojiy»; Iegovo shohidlari; – Koreys protestant cherkovlari; – Yahudiylik; – Bahoiylik; – Krishnani anglash jamiyati; – Buddaviylik.
«O‘zbekiston bibliya kitob jamiyati» esa diniy tashkilot hisoblanib, boshqa konfessiyalardan alohida faoliyat olib borsa-da, diniy konfessiya maqomiga ega emas. Mustaqillik yillarida yuzlab cherkov, sinagoga va ibodat uylari, xususan, Toshkent, Samarqand, Navoiydagi pravoslav ibodatxonalari, Toshkent shahridagi katolik kostyoli, Samarqanddagi Arman-apostol cherkovi, Toshkentdagi Budda ibodatxonasi qayta barpo etildi. Hazrati Imom, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Hakim Termiziy, Imom Moturidiy, Shohi Zinda, Qosim Shayx, Zangi ota kabi qadimiy yodgorlik majmualari obod qilindi va yangilari qurildi. Qur’oni karim, hadislar to‘plamlari, Bibliya tarkibidagi Yangi Ahd va Qadimgi Ahdning ba’zi qismlari, masalan, «Sulaymon hikmatlari», «Rut, Ester va Yunus payg‘ambarlar tarixi» o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi. O‘zbekiston ko‘zi ojizlar uchun maxsus Brayl yozuvida Qur’oni karimni nashr qilgan uchinchi mamlakat hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi (O‘MI) 1995-yil dekabr oyida tashkil etilgan. Bugungi kunda O‘MI tarkibiga respublikada rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatayotgan ikki mingdan ortiq masjid, to‘qqizta madrasa – o‘rta maxsus islom bilim yurti, Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi oliy maktabi, Aqoid, Kalom, Hadis, Fiqh, Tasavvuf ilmi maktablari, «Vaqf» hayriya fondi va «Movarounnahr» nashriyoti kiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi «Diniy-marifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga ko‘ra O‘MI O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining muassislaridan biri sifatida belgilandi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1989–1992 yillar davomida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasiga rahbarlik qilgan. Butun umrini jamiyatning diniy-ma’rifiy yuksalishi yo‘lida xizmat qilishga bag‘ishlagan. Uning bu xizmatlari xalqaro islom olamida e’tirof etilgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qator xalqaro islom tashkilotlari, jumladan: — Makka shahridagi Islom olami uyushmasining ta’sis majlisi; — Dunyo tasavvuf uyushmasi; — Dunyo musulmonlar ulamolari kengashi; — Islomobod shahridagi Butun dunyo islom uyushmasi; — Dunyo masjidlari uyushmasi; — Iordaniyadagi Oli Bayt tashkilotiga qarashli Islomiy fikrlar akademiyasi a’zosi hisoblangan. Olim hayoti davomida xalqning ma’naviyati va ma’rifatini boyitadigan va diniy savodxonligini oshirishga xizmat qiladigan yuzdan ziyod kitoblar yozdi. Uning «Hadis va hayot» to‘plami, Qur’oni karim ma’nolarining sharhi hisoblangan «Tafsiri hilol», «Oltin silsila», «Baxtiyor oila», «Ruhiy tarbiya», «Odoblar xazinasi», «Kifoya» va boshqa kitoblari xalqimizning ma’naviy xazinasidir.