Zamonaviy axborot tarmoqlari va din omili. Kibermakonda din va axborot iste’moli madaniyati. Ertalab uyqudan uyg‘ongan vaqtimizdan to kech uyquga ketgan vaqtimizgacha atrofimizdagi barcha narsalar bizga o‘zi haqida ma’lumot berib turadi. Bugungi kunda ma’lumotlar shu qadar ko‘pligidan keraksiz axborotlar bilan xotiramiz tobora to‘lib bormoqda. Radio, televideniye, telefon, internet kabi axborot tarmoqlari orqali uzatilayotgan ma’lumotlar turli ko‘rinishga ega. Ular orasida matn, surat, video, turli belgilar tizimi va boshqalar mavjud. Kinematografiya bugungi kunda ma’lumot uzatishning eng intensiv usuliga aylandi. Kino nafaqat ma’lumot uzatish, balki tarbiyalash, mafkura, dunyoqarash va e’tiqodni shakllantirish vazifasini bajarmoqda.
Bugungi kunda kino olami va ularning insonlar ongiga ta’siri ortib bormoqda. Kinoning odamlarga ijobiy ta’siri bisyor. Ammo «parda ortida» ular bilan bog‘liq bo‘lgan qator salbiy jihatlar ham mavjud. Chunki tomoshabin kinoni ko‘rib o‘tirar ekan, uning umumiy ma’nosini tushunishdan tashqari, botiniy ma’no ham kasb etishini, to‘g‘risi, ko‘pchiligimiz tasavvur qilmaymiz. Eng qizig‘i, voqea va hodisalar tomoshabinning ongiga xuddi real voqelikda bo‘layotgan hodisalardek kirib keladi. Asta-sekin, ya’ni kino voqealarining davomida tomoshabin xayoliga ham kelmaydigan holatlarni shunaqa ideallikda gavdalantiradiki, natijada u kinodagi voqelikka ishonib ketadi. Agar 3D formatidagi filmlar bo‘lsa, filmning ishtirokchisiga aylanadi. Texnika taraqqiyotidan salbiy maqsadlarda foydalanadigan kimsalar ham bor. Ular hali dunyoqarashi to‘liq shakllanmagan bolalarning ongini zaharlashga urinishadi. Masalan, ayrim multfilmlarning asosiy mazmuni yovuz hislatga ega pastkash, xudbin odamning to‘g‘ri yo‘lga qaytishi, mehribon odamga aylanishi haqida bo‘lsa-da, lekin tub ma’nosida bolada buzg‘unchilik, hayosizlik, yovuzlik qilishga osongina kirishib ketishga moyil bir qancha jihatlar bo‘lishi ko‘zga tashlanadi. Yana shunaqangi filmlar borki, ularni ko‘rgan bolalarda suitsidga moyillik kuchayadi, ular xayolparast bo‘lib qoladilar.
O‘tgan asrning oxirida yoshlar o‘rtasida karate, kungfu kabi qo‘l jangi san’atini targ‘ib qiluvchi filmlarni qiziqib tamosha qilish urf bo‘ldi. Bunday filmlar jang san’atini chiroyli qilib ko‘rsatish sahnalari bo‘lishi bilan birga, shafqatsizlik, hayosizlik, diniy va milliy urf-odatlarga zid bo‘lgan sahna ko‘rinishlarini ham o‘z ichiga olgan edi. Bu esa, 1980–90-yillardagi jinoyatchilik bilan bog‘liq voqealarda o‘zining aksini namoyon qildi. Turli missioner tashkilotlar kinematografiya orqali har xil ko‘rinishda o‘z g‘oyalarini ilgari surishlari – ochiq-oydin ishora qilish, yashirin, psixologik ta’sir o‘tkazish va boshqa yo‘llar bilan amalga oshirishlari mumkin. Har bir oilada sevib tomosha qilinadigan turli g‘arb va boshqa davlatlarning seriallarida oilaning do‘sti ruhoniy barcha muammolarni hal etadigan, oila a’zolarining sir-asrorlaridan xabardor shaxs sifatida targ‘ib etiladi. Yoki hind kinolarida biror-bir dinga sig‘inish marosimi (fil, maymun, sigir yoki boshqa) ko‘rsatiladi va ular xaloskor sifatida talqin etiladi. Buning natijasida nafaqat bolalar, balki kattalar ham aynan ana shu filmlardagi ibodat sahnalariga ba’zan bilib-bilmay taqlid qiladilar. Masalan, «Faryod-1» o‘zbek filmida ota qizini qaytarib olib ketishlari uchun quda tomonga ikki kaftini bir-biriga tirab (hind filmlaridagidek) iltimos qiladi. Bu kabi odatlar asosan, kinofilmlar orqali kirib keladi. O‘tgan mustabid tuzim davrida suratga olingan ayrim o‘zbek filmlarida ham milliy qadriyatlarimizni buzish kabi sahnalashtirilgan voqealar («Yor-yor» filmi dagi to‘y sahnasida «горько» deb qichqirish kabi holatlar) zo‘rma-zo‘raki kiritilgan. Bu esa sovetlar tomonidan «millatni yo‘q qilish uchun, uning tilini, urf-odatini yo‘q qilishning o‘zi kifoya» g‘oyasining singdirilishi deb tushunish kerak. Bunday mafkuraviy tahdidlar bugungi kunda tashqaridan badiiy filmlar orqali kirib kelayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu filmlar uchun mablag‘ tikkan homiylar shu filmlar orqali o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishni ko‘zlaydilar.
Hozir g‘oyaviy qarama-qarshiliklar murakkab tus olgan, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan kuchliroq bo‘lib borayotgan davrdir. Yuzdan ortiq xalqaro kanallar oynayi jahon hamda global tarmoq orqali mafkuraviy xurujlar bilan tahdid solib turgan davrda yashamoqdamiz. Internet virtual, ammo obyektiv hodisadir. Uning hayotimizga kirib kelishiga to‘siq qo‘yib bo‘lmaydi. Shuningdek, virtual messenjerlar orqali tarqatiladigan mafkuraviy tahdidlarga hech qanday chegara to‘sqinlik qila olmaydi. Internet orqali ijobiy ma’lumotlar bilan birga inson xulq-odobiga salbiy ta’sir etuvchi axborotlar ham uzatilayotgani aniq.
Axborot vositalaridan g‘arazli maqsadda foydalanish, aholi ongiga salbiy ta’sir o‘tkazish orqali siyosiy va iqtisodiy hukmronlikka erishishga urinish axborotlar urushi deyiladi. Axborotlar urushi shaxs yoki mamlakatning tinchligiga tahdid solgan holda, unga bosim o‘tkazishda namoyon bo‘ladi. Axborotlar urushi ijtimoiy, siyosiy, etnik va boshqa tizimlarning o‘z manfaatlari yo‘lida bir-birlariga ochiq va yashirin maqsadli ta’sirlarini ham qamrab oladi. Masalan, jangarilar o‘zlarining qabih maqsadi yo‘lida internetdan ustalik bilan foydalanmoqda. Buzg‘unchi guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgan insoniyatga qarshi jinoyatlar ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, internet orqali ko‘p namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-yanvardagi «Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 10-sonli qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi hamda «Diniy mazmundagi materiallarni davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizomlar tasdiqlandi.
Bugungi kunda Internet orqali sodir etilayotgan jinoyatlar ko‘plab kuzatilmoqda. Ular kibermakonda o‘zlari uchun «in qurib» olib, global miqyosda ijtimoiy-iqtisodiy va mafkuraviy tahdidlarning vujudga kelishiga sababchi bo‘lmoqda. «Kibermakon» tushunchasi birinchi marotaba 1982-yilda iste’molga kiritilgan. Kibermakon «kibernetika» va «makon» so‘zlarining birlashmasidan iborat. Kibernetikaning texnik asosini elektron hisoblash mashinalari — kompyuterlar tashkil qiladi. Kibermakon axborot uzatish va qabul qilish orqali turli jarayonlarni boshqarish va ularga ta’sir o‘tkazishning eng qulay vositasiga aylandi
Kibernetika (yunoncha, boshqarish san’ati) — axborotni qabul qilish, uni qayta ishlash hamda undan turli jarayonlarni boshqarishda foydalanish bilan shug‘ullanadigan fan.
Axborot — tasavvurning shakliga qaramasdan, shaxslar, voqealar va jarayonlar to‘g‘risidagi ma’lumot
Informatsiya — (lot. informatio — tushuntirish, ma’lum kilish) — kibernetikaning asosiy tushunchalardan biri bo‘lib, ko‘rsatkichlar, ma’lumotlar, xabarlarning majmuyi va h.
Bugungi kunda global xavf bo‘lgan terrorchilik Internet olamiga ham kirib borib, kiberterrorchilik atamasi yuzaga keldi. Kiberterrorchilar axborot texnologiyalaridan foydalanib, siyosiy, diniy va mafkuraviy ta’sir o‘tkazishga harakat qiladilar. Bu jarayonda, ko‘pincha, xakerlar xizmatidan foydalaniladi. Xakerlar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davlat idoralari, moliya tizimlari, xalqaro tashkilotlarning ma’lumot zaxiralariga hujumlar uyushtirib, tartibsizliklarni keltirib chiqaradilar. Kiberterrorchilar o‘smir yoshlarning qiziqishiga qarab, ularni turli videolavhalar va fotosuratlarni tomosha qilishga jalb etadilar. Bu bilan esa milliy va umuminsoniy qadriyatlarga putur yetkazishga harakat qiladilar. Natijada manqurt insonlar shakllantirish orqali davlatlarda tinchlik va barqarorlik muhitini izdan chiqaradilar. Kiberterrorchilar o‘z maqsadlarini amalga oshirishda diniy omildan foydalanib, insonlarning qalblarini egallashga harakat qiladilar. Bunda diniy tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilish orqali ma’lum bir hududda mutaassiblik kayfiyatini shakllantirish asosiy maqsad hisoblanadi.
Globallashuv sharoitida ma’lumotlarning zamonaviy vositalar orqali tezlik bilan tarqatilishi kuzatilmoqda. Internet tizimi orqali tarqatilayotgan xabar va ma’lumotlarga turli siyosiy taqiqlar, davlat chegaralari to‘siq bo‘la olmasligi katta moddiy va ma’naviy xavfning kelib chiqishiga sabab bo‘layotganini bir qancha davlatlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Norasmiy xabarlarda buzg‘unchi g‘oyalar targ‘iboti va terrorga chaqiriqlar juda ko‘p uchraydi. Shuning uchun ham bugungi kunda har bir shaxsda axborot iste’moli madaniyatini yuksaltirish hayot zaruratiga aylandi. Zero, zamonaviy ilmiy-texnikaviy inqilob jamiyat hayotining moddiy asoslarini tartibga soldi. Xalqlarning turmush darajasini ular yashaydigan hudud yoki undagi yer resurslari emas, balki axborot, intellektual yoki ma’naviy salohiyat belgilab bera boshladi.
Axborot iste’moli madaniyati — ezgulik va taraqqiyotga xizmat qiluvchi ma’lumotlarni axborot dunyosidan saralab olishdagi bilimlar, qobiliyat va malakani o‘zida ifoda etadi.
Inson ongini yot va begona g‘oyalar bilan zaharlash, ba’zan uning tanlagan sog‘lom hayot yo‘lidan og‘ib ketishiga olib keluvchi axborotlar aynan norasmiy manbalar tomonidan tarqatiladi. Axborot xurujlari natijasida turli davlatlar chegaralari daxlsizligining buzilishigacha borilayotgani bugungi kunda mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko‘proq kuchga ega ekanligini isbotlamoqda. Axborot urushining asosiy maqsadi shaxs yoki mamlakatning tinchligiga tahdid solgan holda, bosim o‘tkazishdan iborat.
Virtual muloqot vositalari har xil turdagi fayllar va xabarlarni almashish maqsadida tuzilgan. Hozirgi kunda virtual muloqot vositalari orqali yuborilayotgan ma’lumotlar faqat boshqalarni hayron qoldirishga asoslanadi va uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani ahamiyatsizdir. Bunda, ko‘pincha, asossiz ma’lumot tarqatilib, ushbu holatni yuzlab, minglab odamlar o‘zlaricha muhokama qilishadi. Sog‘lom aql egalari Internet qulayliklaridan o‘z bilimlarini oshirish yo‘lida oqilona foydalanadilar. Lekin ba’zi yoshlar ushbu tarmoqdagi yovuzlikka, ma’naviy tanazzulga sabab bo‘ladigan saytlarda «sayr qilib», o‘zlari va atrofdagilarning ongini zaharlaydilar.