Falsafa fanining predmeti, funktsiyalari. Endi «Falsafa nimani o’rganadi?», degan savolni berishimiz mumkin. Falsafaning predmeti - insonda bilishga qiziqish uyg’otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o’ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, muayyan e’tiqod, ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug’diradigan har qanday ob’ektiv va sub’ektiv borliqdir. Boshqacha aytganda, inson o’z qiziqishi ob’ekti haqida muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida savol berishga asos bo’lishi mumkin bo’lgan hamma narsa falsafaning predmetidir.
Falsafaning funksiyalari.Falsafa u yoki bu muammolarni hal qilar, qonunlar, muayyan tamoyillarni ta’riflar yoki gipotezalar, g’oyalar va nazariyalarni ilgari surar ekan, ayni vaqtda (ba’zan shu tariqa) har xil funksiyalarni bajaradi. Falsafaning muhim funksiyalaridan dunyoqarashni shakllantirish, bilish, metodologik, integrativ, madaniy, aksiologik, axloqiy va tarbiyaviy funksiyalarni qayd etish mumkin. Ularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog’liqdir. Bu funksiyalarning roli va ahamiyati falsafaning amal qilish sohasi, u hal qilayotgan vazifalar darajasi va xususiyati bilan belgilanadi.
Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi. Falsafaning, dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi, insonning dunyoga munosabati, uning o’z-o’zini va o’zini qurshagan borliqni tushunishi, shuningdek turli voqealar, hodisalarni va o’z burchini qanday talqin qilishi avvalo va bevosita uning dunyoqarashiga bog’liq bo’ladi.
Falsafaning gnoseologik funksiyasi tajribada sinash, tavsiflash yoki shak-shubhasiz inkor etish mumkin bo’lmagan, ya’ni fan ochib berish, tadqiq etish va tahlil qilishga qodir bo’lmagan narsalar va hodisalarni oqilona yo’l bilan tushuntirishga harakat qilishdir.
Metodologik funksiyasi to’g’risida so’z yuritganda metod tushunchasiga murojaat etish o’rinli bo’ladi. Bu tushuncha yunoncha methodos – yo’l, tadqiqot, tekshirish so’zidan kelib chiqqan bo’lib, u yoki bu maqsadga erishishning muayyan usulini, shuningdek borliqni nazariy va amaliy o’zlashtirishga qaratilgan usullar yoki amallar majmuini anglatadi.
Falsafaning integrativ funksiyasi fan bilan chambarchas bog’liq. Real borliqning yangi va yangi ob’ektlari va hodisalari inson nazariy tadqiqotlari sohasidan o’rin olishi, shuningdek ilgari ma’lum darajada anglab yetilgan narsalar va hodisalarni yanada chuqurroq o’rganishga bo’lgan ehtiyoj ilmiy bilim o’z rivojlanishining dastlabki bosqichlaridayoq tabaqalanishiga turtki beradi.
Madaniy funksiyasi. Falsafa odamlar dunyoqarashini kengaytirish, ularda bilishga qiziqish uyg’otish, nazariy fikrlash madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish orqali madaniy funksiyani ham bajaradi.
Aksiologik funksiyasi. Falsafa hayotning ma’nosi, o’lim va umrboqiylik masalalarini kun tartibiga qo’yish, u yoki bu harakat, voqea, hodisaga “yaxshi”, “yomon”, “muhim”, “foydali”, “foydasiz” kategoriyalari bilan baho berish orqali– aksiologik (yunon. axia - qadriyat) funksiyani bajaradi.
Falsafaning axloqiy funksiyasi odamlar xulq-atvori va u yoki bu jamiyatda yuzaga keluvchi munosabatlar bilan bog’liq.