Nazorat savollari 1. Bilish va bilim — falsafiy tahlil mavzui. 2. Bilishning ob’ekti va sub’ekti. 3. Inson bilishining asosiy bosqichlari. 4. Ilmiy bilishning mohiyati va usullari. 5. Metod, nazariya va metodologiya.
4-mavzu. Mantiq. Reja
tafakkur - mantiq ilmining o‘rganish ob’ekti.
Mantiqning asosiy qonunlari.
Tushunchaning mohiyati va uning ifodalanishi.
Hukm. Xulosa chiqarish. Argumentlash.
Tayanch so’zlar Mantiq, bilish, hissiy bilish, aqliy bilish, tafakkur, tafakkur shakllari, tafakkur qonunlari; formal, dialektik va matematik mantiq. Predmet belgisi, termin , tushuncha, tushuncha mazmuni, tushuncha hajmi, tushunchalarni umumlashtirish, tushunchalarni chegaralash, tushunchani bo'lish, klassifikatsiya, sub'ekt (S), predikat (P).
Tafakkur - mantiq ilmining o‘rganish ob’ekti «Mantiq» («Logika») eng qadimgi fanlardan biri bo‘lib, uning asoschisi yunon faylasufi Aristoteldir. Logos atamasi grek tilida «fikr», «so‘z», «aql», «qonuniyat» kabi ma’nolarni ifodalaydi. “Mantiq” atamasi logika terminiga ekvivalent xisoblanadi. Mantiq (logika) atamasi quyidagi ma’nolarda qo‘llanadi: birinchidan, ob’ektiv olam qonuniyatlarini ifodalashda (masalan, «ob’ektiv mantiq», «narsalar mantig‘i» kabi iboralarda); ikkinchidan, har bir insonning o‘ziga xos tafakkurlash usulini, fikrlar o‘rtasidagi aloqadorlikni anglatishda (masalan, «sub’ektiv mantiq» iborasida) va uchinchidan, tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganuvchi fan ma’nosida.
Mantiq ilmining o‘rganish ob’ektini tafakkur tashkil etadi. «Tafakkur» ham arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilidagi «fikrlash», «aqliy bilish» so‘zlariga teng ma’noli tushuncha sifatida qo‘llaniladi. Tafakkur bilishning yuqori bosqichidir. Bilish voqelikning, shu jumladan, ong hodisalarining inson miyasida sub’ektiv, ideal obrazlar shaklida aks etishidan iborat. Bilish jarayonining asosini va oxirgi maqsadini amaliyot tashkil etadi. Bilish murakkab, ziddiyatli, turli xil darajalarda va shakllarda amalga oshadigan jarayondir.