Ijtimoiy gumanitar fanlar


Estetikaning asosiy kategoriyalari



Yüklə 0,79 Mb.
səhifə44/96
tarix03.12.2023
ölçüsü0,79 Mb.
#172218
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   96
Guliston davlat pedagogika instituti-fayllar.org

Estetikaning asosiy kategoriyalari
Zero, go‘zallik- estetikaolamining mag‘zi, bosh xossasi, mohiyati, asosini tashkil qiladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, estetika, estetika, go‘zallik falsafasi tarzida ham talqin etib kelinadi.
Go‘zallik muammosiga murojaat etgan barcha mutafakkirlar go‘zallik haqida fikr yuritib va uni tadqiq qilish nihoyat darajada mashaqqatli masala ekanligini doimo ta’kidlaydi. Mazkur qiyinchilik, birinchi navbatda, go‘zallik tushunchasining o‘zaro hech bir umumiyligi bo‘lmagan turli-tuman hodisalarning keng doirasiga taalluqliligi bilan bog‘liqdir.
Go‘zal bo‘lgan, ya’ni bizda ijobiy tuyg‘u qo‘zg‘atgan narsani ko‘rsatib berish nisbatan ancha oson. Lekin nima uchun mazkur narsa go‘zal ekanligini tushuntirib berish ancha mushkul. Xuddi shu tarzda go‘zallik muammosiga falsafiy yondoshish tarixan shakllangan.
Go‘zallik bu voqelik (tabiat, jamiyat, san’at) hodisasi bo‘lib, aniq hissiy ta’sir o‘tkazish orqali insonda jismoniy va ma’naviy kuchlar oqimining ko‘payishiga, shodlik, zavqlanish, to‘la ma’naviy qoniqish holati vujudga kelishiga imkon yaratadi. Go‘zallik doimo foydalidir, lekin bu foydalilik jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qilishga mo‘ljallangan bo‘ladi. Va nihoyat, go‘zallik, Shillerning o‘rinli iborasi bilan aytganda, inson ozodligining ramzi sifatida ifoda topadi. Mustaqil Respublikamizda erkin ma’naviyatli shaxs tarbiyasi muhim vazifaga aylangan tarixiy bir sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi. Go‘zallik cheksiz xilma-xillikka ega bo‘ladi. Tabiatdagi go‘zallik ijtimoiy hayot go‘zalligidan, foydali amaliy faoliyatidagi go‘zallik badiiy ijoddagi go‘zallikdan farq qiladi. Lekin go‘zallik qanchalik o‘zining rango-rangligi bilan ajralib turmasin, ularning barchasi qandaydir umumiy tub belgilarga ega bo‘lib, mana shu umumiy tub belgilar tufayli ularning barchasini maxsus ilmiy-falsafiy istiloh-go‘zallik tushunchasi orqali talqin etish imkoniyati mavjud.
Ulug‘vorlik-estetik va axloqiy mezonlar bilan bog‘lanib, nihoya darajada yaqqol va bevosita amal qidadigan estetik tushunchani tashkil etadi.
Ulug‘vorlik ko‘lami go‘zallik ko‘lamidek cheksiz va benihoyat. Ulug‘vorlik tabiatda, jamiyatda, inson ishlarida, uning faoliyat mahsulotlarida jamlangandir. Ulug‘vor narsalarning, hodisalarning hammasiga hos bo‘lgan umumiylik-ularning me’yoriy barkamolligi, goho behadligi cheksizligidir.
Ulug‘vorlik kategoriyasi odamlar uchun alohida ahamiyatli hodisalar sirasiga kiradi. Bunday hodisalar mohiyatan shu qadar keng ko‘lamliki, ular ijtimoiy taraqqiyotning ma’lum bosqichida to‘la o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lmaydi, shuning uchun odamlarni faol harakatga, o‘zlaridagi ijodiy imkoniyatlarni ishga solishga doimo rag‘batlantiradi.
Tabiatda ulug‘vorlik baland tog‘lar, qudratli sharsharalar, cheksiz okeanlar, moviy mavj urayotgan dengizlar, tubiz osmon va h. k. timsolida namoyon bo‘ladi. Bu yerdagi umumiylik- ulardagi kengko‘lam, ulkanlik, buyuklik, tuganmaslikdir. Tabiatdagi ulug‘vorlik insonda zaiflik emas, balki tabiat bilan uyg‘unlikka intilish hissini uyg‘otadi.
Ulug‘vorlik hissi o‘z-o‘zidan estetik mazmunga ega bo‘lmagan quvonch, hayratlanish, ehtirom, tan berish tuyg‘ulvrini o‘z ichiga qamrab oladi. Bularga ba’zida qo‘rquv ham qo‘shiladi, lekin u insonni kamsitmaydi. Balki to‘siqlarni yengib o‘tishga turtki beradi.
Ulug‘vorlik hissi umuminsoniy, umumiy belgilari bilan birga ijtimoiy shartlangan, aniq-tarixiy tabiatga ham molik bo‘ladi. Ulug‘vorlikka, ijtimoiy hayotga tarixiy taraqqiyotga alohida ta’sir o‘tkazuvchi hodisalar va jarayonlar ham kiritilishi mumkin. Ijtimoiy hayotda ulug‘vorlik bilan qahramonlik, mardlik shu qadar qorishib ketadiki, ularni alohida-alohida mushohada etish ulug‘vorlikning asosiy mazmunidan mahrum qilib qo‘yish bilan barobar bo‘lar edi qahramonlikda ulug‘vorlikka hos estetik va axloqiy birlik ayniqsa to‘la va bevosita namoyon bo‘ladi. halq fidoiylari, elu-yurt jonkuyarlarining qiyofalari bir vaqtning o‘zida ham ulug‘vor, ham ustivor namoyon bo‘ladi.
Fojealilik muammosi har doim falsafiy va estetik tafakkur e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan. Fojealilik tabiati to‘g‘risida fikr-mulohaza bildirmagan biror bir mutafakkirni topish amri mahol bo‘lsa kerak, chunki fojealilikda voqeiy hayotning eng muhim, chuqur ziddiyatlari va to‘qnashuvlari hayot va o‘lim, ozodlik va zarurat, aql va tuyg‘u, qonun va burch, shaxsiy va ijtimoiy manfaatlar kurashi namoyon bo‘ladilar.
San’atdagi fojealilik haqida fikr yuritganimizda san’atdagi fojeali ohanglar, fojealilik san’ati va nihoyat fojealilik-san’at turi kabi muammolar alohida mushohada qilinishi lozimdir.
Deyarli barcha ulkan ijodkorlar yaratgan asarlarda fojeali ohanglar mavjudligini juda ko‘p misollarda ko‘rib chiqishimiz mumkin. Masalan, M. Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» va «Mirzo Ulug‘bek» asarlarida fojeali ohanglar boshdan oxiriga qadar sezilib (eshitilib) turadi. Mazkur dramalar maxsus fojea asari sifatida yaratilmagan bo‘lsa ham, aslida, fojeali ohanglar ularda ustivor darajada ifodalangandir. San’atda fojealilik to‘qnashuvlari, vaziyatlarni eng to‘la va chuqur badiiy in’ikos etish ehtiyojidan kelib chiqadi. Sofokl fojea asarlari Shekspirnikidan, Shekspir asarlari Rasinnikidan, Rasinniki Vishnevskiynikidan qanchalik farqlanmasin, ular o‘rtasida umumiylik, bari-bir, mavjuddir.
Har qanday fojea zaminida alohida fojeali to‘qnashuv yotadi va uning eng muhim tomoni bo‘lib ko‘lamlik, ijtimoiy ahamiyatlilik xizmat qiladi. Hegel fojealilikni bekorga mohiyatli kuchlar to‘qnashuvlarining natijasi sifatida ta’riflagan emasdi, chunki bu to‘qnashuvlar kurashining qanday tugallanishi bilan insoniyat istiqboli, taqdiri bog‘lanib ketgan bo‘ladi. Bu hol fojeani san’atning falsafiy jihatdan eng ulug‘vor turiga aylantiradiki, unda ijodkor insoniyatni butun tarixi davomida hayajonlantiradigan tub masalalarni o‘z oldiga qo‘yib, hal qilishga intiladi.
Kulgililik. Insonnning dunyo-voqea-hodisalariga o‘ziga xos munosabatlaridan biri-dunyoga kulgili nigoh bilan qarashdir. Bunday qarashni mavjud voqelik va uning beo‘xshov tomonlari to‘ldiradi.
Barcha tadqiqotchilar bir ovozdan kulgililik kategoriyasining murakkabligi va uni tushunchalar sistemasini anglab, in’ikos etish juda qiyinligidan noliydilar va ogohlantiradilar. Masala shundaki, kulgi qo‘zg‘aydigan hodisalarning benihoyat ko‘pligi, eng muhimi, kulgililik ko‘lami hamda chegarasining o‘ta harakatchan, qo‘nimsiz, o‘zgaruvchan bo‘lishi natijasida nima, qachin, qaerda, qanday sharoitda kulgi qo‘zg‘aydiyu, nima, qachon, qaerda, qanday sharoitda kulgini to‘xtatadi yoki umuman gulgiga olib kelmaydi degan savolga bir mazmunda javob topib bo‘lmaydi. Kulgililik ta’rifiga, ilmiy tushunchasiga nisbatan ishlab chiqilgan nuqtai najarlar, fikr-mulohazalarning o‘ta xilma-xilligi, rango-rangligi shundan kelib chiqqandir. Kulgililikka nisbatan mavjud bo‘lgan qarashlarning xilma-xilligi, tabiiyki, nafaqat narsa, hodisa bilan bog‘lanibgina qolmay, balki uning ijtimoiy aloqadorligi, go‘zallik va kulgililik tushunchalarining u yoki bu talqini bilan bog‘langanligidir.
Kulgililik tushunchasi talqinining har biri odatdagidek o‘zining aniq, oqil mag‘ziga ega bo‘ladi, kulgililikka haqiqatda ham xos bo‘lgan ba’zi tomonlarini ochib beradi, lekin shu bilan birga bir tomonlamalik kasaliga uchrab, kulgililikning qandaydir bir tomoninni bo‘rttirib, haddan tashqari oshirib yuboradida keyin uni kulgililikning mutloqqoidasiga aylantirishadi.
Kulgilililk boshqa estetik hodisalar sngari faqat ob’ektiv tomonga ega bo‘lmay, sub’ektiv tomonlarni ham o‘zida birlashtiradi. Kulgililikning sub’ektiv tomoni-keng ma’nodagi hazil (yumor) tuyg‘usidir. (Moler hazil tuyg‘usini insonni hayvondan ajratib turadigan xususiyati deb atagan edi.) Kulgililikning sub’ektiv tomoni bo‘lgan hazil tuyg‘usi shaxsning tabiiy va erkin, bevosita idrok etish natijasida xilma-xil kulgili beo‘xshovliklarni ko‘rib, anglab, ularga kulgi bilan javob berish qobiliyati ifodasidir. Hazil tuyg‘usi juda murakkab estetik tuyg‘u bo‘lib, unda shaxs o‘zining butun borlig‘i bilan namoyon bo‘ladi, uning his-tuyg‘u va aql madaniyati, orzu-umidlari matni va tabiati namoyish etiladi. Bevosita kulgililik bilan bog‘liq bo‘lgan kulgi masalasiga shuni aytishimiz kerakki, u biror bir hodisaning, birinchi navbatda, insonning tashqi ko‘rinishi bilan uning asl mohiyati o‘rtasidagi nomuvofiqlik ziddiyati, boshqacha aytganda, amaldagi voqelik bilan yuksak estetik orzularga mos kelishi kerak bo‘lgan voqelik o‘rtasidagi muhim tafovutlar, beo‘xshovliklar, kelishmovchiliklarni tabiiy anglash natijasida vujudga keladi.
Komediya bilan kulgi egizaklardek bir-biridan ajramaydigan tushunchalardir. Kulgi komediyada tasvirlanayotgan voqea-hodisalar mohiyatini ochib berishning hal qiluvchi vositasi, tasvirlanayotgan ob’ektga nisbatan estetik baholashning va muallif munosabati ifodasining asosiy shakli bo‘lib xizmat qiladi. Komediya san’atida kulgini asosiy estetik vosita qilib ishga solish uning ijtimoiy ahamiyatliligini pasaytirmaydi, chunki kulgi dunyoning barkamol emasligini ta’kidlab qolmasdan, balki uni qayta qurib yangilashni ham ko‘zda tutadi.
Kulgining‘ komediyada o‘ynaydigan maxsus roli ko‘p jihatlardan uning o‘ziga xos ijtimoiy burch-vazifalarida ifoda topadi. Komediya, birinchi navbatda, badiiy tanqid va o‘z-o‘zini tanqid qilishning o‘ziga xos shaklidir. Komediyalarning asosan tanqidiy yo‘nalganligini ko‘pincha o‘ta soddalashtirib, komediya yomon hulq, yomon odam, yomon hodisalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita tuzatishga, yaxshilashga olib keladi deb tushunadilar va tushuntiradilar.
Ob’ektiv kulgililik kulgi quroli bevosita o‘zlariga qarshi qaratilgan odamlarga, ular fahm-farosatiga yetib bormasligi haqida gapirganida Lessing haq fikrni aytgani shubhasizdir. Komediyaning bosh vazifasi utilitar-maishiy mohiyati emas, balki estetik yo‘nalishdadir, ya’ni komediya axloq-odobdan saboq berib qolmay, hayotdagi kulgulilikni ilg‘ab olishdagi qobilyatini o‘stiradi, odamlarda hazil tuyg‘usi kabi qimmatbaho fazilatni ham rivojlantiradi.
Komediya asarlarining buyuk ijodkorlari estetik baholarining aniqligi va to‘g‘riligi bilan ajralib turadilar. Ular hech mahal achchiq, savag‘ich, istehzoli kulgini faqat mayin hazil va muruvvatli tabassumga loyiq hodisalarga nisbatan ishlatmaganlar va aksincha, ayovsiz keskin qoralanishi lozim bo‘lgan hodisalarni tasvirlayotganlarida mayin hazil va muruvvatli tabassumdan butunlay yuz o‘girganlar.
Masxara badiiy umumlashtirishning alohida turi sifatida mumkin qadar keng mushohadalarga etiladi. Shu boisdan mashara ob’ekti bo‘lgan kimsalar gohida yirik ramziy umumlashmalar darajasiga ko‘tariladi. Bekorga biz gap orasida Tartyuf, g‘ori Ishkamba, Xlestakov, Iudushkalar nomini qistirib o‘tmaymiz, chunki bu hollarda ustida gap borayotgan odamning ularga o‘xshagan xislatlari borligiga ishora qilib, uzoq vaqt ijtimoiy hayotda o‘z mavqeini saqlashga qodir bo‘lgan tabaqalar qiyofalarini masxaraomuz umumlashtirishga uringan bo‘lamiz.
Masxara mazmunining xususiyati uning mubolag‘a (giperbola) va g‘aroyibot hajvi (grotesk) kabi keskin bo‘rttirish vositalaridan kelib chiqadi.
Kulgili san’at turlari va xillari orasida hazil tuyg‘usi (yumor) ham alohida o‘ringa ega. Uning ishtirokisiz biror-bir kulgililik turi amal qila olmaydi, u eng buyuk qadriyat sifatini tashkil etib, unga moyillik ko‘rsatgan odamlar, odatda, barcha ulug‘vorlik, axloqlilik, olijanoblilik his-tuyg‘ularining naqadar buyuk va qadrli fazilatlar ekanligini ham chuqur anlaydilar. hayot ikir-chikirlari, kamchiliklarini tanqid qilayotgan ijodkor hazil tuyg‘usining yuksak sifat darajasida namoyon bo‘lishi hamda shaxs ma’naviy yuksakligining ko‘rsatkichi deb insonning nuqsonlar, kulgili tomonlarini faqat boshqalardagina emas, balki o‘zida ham topa bilish va ko‘ra bilish qobiliyatini ko‘rsatadi. hazil tuyg‘usi o‘zida tanqid bilan o‘z-o‘zini tanqidni uzviy bog‘laydi. U voqelikka hissiy munosabatning alohida shakli sifatida masxarali komediya asarining tarkibiy qismi va ifoda vositasi burchini ham ado etishi mumkin.

Yüklə 0,79 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   96




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin