Nazorat savollari:
“Etika” fanining predmeti, mohiyati, uning asosiy belgilari va tuzilmasi.
Muomala odobi va uning shaxs ichki madaniyati bilan bog’liqligi.
Etiketning Axloqiy munosabat sifatidagi mohiyati.
Kasbiy odob va uning Axloqiy madaniyat tuzilmasidagi o’rni.
Axloqiy tarbiya va uning asosiy vositalari, yo’llari.
7-mavzu. Estetika – nafosat falsafasi
Reja
Estetikaning predmeti, tadqiqot doirasi, ahamiyati va vazifalari.
Estetikaning asosiy kategoriyalari.
Estetik munosabat, nafosat va estetik anglash.
Estetik madaniyat.
Tayanch so’zlar
Estetika, nafosat, estetik did, go‘zallik, san’at, go‘zallik falsafasi, san’at falsafasi, estetik tarbiya, Go‘zallik, Xunuklik, Tabiat go‘zalligi, inson go‘zalligi, san’at go‘zalligi, ulug‘vorlik va tubanlik, tabiat ulug‘vorligi, fojeaviylik, fojeaviy to‘qnashuv, fojeaviylik va estetik ideal, forig‘lanish, fojeaviy qahramon, kulgili holat, hazil, mutoyiba, kinoya, istehzo.
Estetika yoxud nafosatshunoslik eng qadimgi fanlardan biri. Uning tarixi ikki yarim-uch ming yilni o‘z ichiga oladi. Biroq u o‘zining hozirgi nomini XYIII asrda olgan. Ungacha bu fanning asosiy muammosi bo‘lmish go‘zallik va san’at haqidagi mulohazalar har xil san’at turlariga bag‘ishlangan risolalarda, falsafa hamda ilohiyot borasidagi asarlarda o‘z aksini topgan edi. «Estetika» atamasini birinchi bo‘lib buyuk olmon faylasufi Aleksandr Baumgarten (1714-1762) ilmiy muomalaga kiritgan. U boshqa bir ulug‘ olmon faylasufi Laybnits (1646-1716) ta’limotidan kelib chiqqan holda xulosaga kelgan edi. Laybnis inson ma’naviy olamini uch sohaga - aql-idrok, ixtiyor-iroda, his-tuyg‘uga bo‘ladi va ularning har birini alohida falsafiy jihatdan o‘rganish lozimligini ta’kidlaydi. Baumgartengacha aqlni o‘rganadigan fan-mantiq, ixtiyorni o‘rganuvchi fan esa axloqshunoslikning (etikaning) falsafada ko‘pdan buyon o‘z o‘rni bor edi. Biroq hissiyotni o‘rganadigan fan falsafiy maqomdagi o‘z nomiga ega emasdi. Baumgartenning bu boradagi hizmati shundaki, u «his qilish», «sezish», «his etiladigan» singari ma’nolarni anglatuvchi yunoncha aisthetikos-«oyestetikos» so‘zidan «estetika» (olmoncha «yestetik»-«eshtetik») iborasini olib, ana shu bo‘shliqni to‘ldirdi.
Baumgarten estetikani hissiy idrok etish nazariyasi sifatida olib qaradi. Lekin, Baumgartendan so‘ng ko‘p o‘tmay, u goh «go‘zallik falsafasi», goh «san’at falsafasi» sifatida talqin etila boshlandi. Estetika fanining eng buyuk nazariyotchilaridan biri Hegel esa o‘z ma’ruzalarining kirish qismida shunday deb yozadi: «Estetika» degan nom muvaffaqiyatsiz chiqqani va yuzaki ekani sababli boshqa atama qo‘llashga urinishlar bo‘lgan. So‘zning o‘z-o‘zicha bizni qiziqtirmasligini nazarda tutib, biz «estetika» nomini saqlab qolishga tayyormiz, buning ustiga, u odatiy nutqqa singishib ketgan. Shunga qaramay, bizning fanimiz mazmuniga javob beradigan ibora, bu - «san’at falsafasi» yoki yana ham aniqroq qilib aytganda, «badiiy ijod falsafasi».
Hegelning «estetika» atamasidan ko‘ngli to‘lmaganligiga muayyan sabablar bor. Bulardan biri-yuqorida uning o‘zi aytib o‘tgan fikrlari bo‘lsa, ikkinchisi-mazkur so‘zning barcha his-tuyg‘ularga taalluqliligi. Vaholanki, estetika faqat estetik his tuyg‘ular va ularning ziddini nazarda tutadi. Ayniqsa, mana shu ikkinchi sababga ko‘ra, «estetika» atamasining talabga javob berishi shubhali. Buning ustiga allaqachon fanimizning tadqiqot doirasi san’at hududidan chiqib, inson hayotining deyarli barcha sohalariga yoyilib ketgan. Shu bois biz bundan avval «nafosatshunoslik» atamasini ilmiy muomalaga kiritishni maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz. O‘quv dasturini ham shu nom ostida tuzdik. Lekin, vaqt o‘tishi bilan yana Hegelning fikriga qo‘shilishni ma’qul ko‘rdik.
Endi fanimizning mohiyatini anglatadigan «san’at falsafasi» va «go‘zallik falsafasi» iboralariga to‘xtalamiz. Estetika tarixida birinchi ibora tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Lekin, yuqorida aytib o‘tganimizdek, san’at estetikaning yagona tadqiqot ob’ekti emas. Hozirgi paytda texnika estetikasi va uning amaliyotdagi sohasi dizayn, atrof-muhitni go‘zallashtirish, tabiat estetikasi borasidagi muammolar bilan ham bizning fanimiz shug‘ullanadi. Shu bois uning qamrovini san’atning o‘zi bilangina chegaralab qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Zero bugungi kunda inson o‘zini o‘rab turgan barcha narsa-hodisalarning go‘zal bo‘lishini, har qadamda nafosatni his etishni istaydi: biz taqib yurgan soat, biz kiygan kiyim, biz haydayotgan mashina, biz uchadigan havo kemasi, biz yashayotgan uy, biz mehnat qiladigan ishxona, biz yurgizayotgan dastgoh, biz yozayotgan qalam, biz dam oladigan tomoshabog‘lar-hammasidan nafis bir ruh ufurib turishi lozim.
Yuqorida aytilganlardan kelib chiqsak, demak, «go‘zallik falsafasi» degan ibora estetikaga ko‘proq mos keladi. Negaki, fanimiz faqat san’atdagi go‘zallikni emas, balki insondagi, jamiyat va tabiatdagi go‘zallikni ham o‘rganadi. Shuningdek, go‘zallikdan boshqa ulug‘vorlik, fojiaviylik, kulgililik, mo‘’jizaviylik, xayoliylik, uyg‘unlik, noziklik singari ko‘pdan-ko‘p tushunchalar mavjudki, ularni tadqiq etish ham estetika fanining zimmasida. Lekin, bu o‘rinda, shuni unutmaslik kerakki, mazkur tushunchalarning har birida go‘zallik, bir tomondan, unsur sifatida ishtirok etsa, ikkinchi tomondan, ularning o‘zi go‘zallikka nisbatan unsur vazifasini o‘taydi. Ana shu xususiyatlarning voqelikda namoyon bo‘lishini biz estetikadeb ataymiz.
Estetikaning falsafiy mohiyatini yana uning san’at asariga yondoshuvida ko‘rish mumkin. Ma’lumki har bir san’atshunoslik ilmi o‘z tadqiqot ob’ektiga uch tomonlama - nazariy, tarixiy, tanqidiy jihatdan yondoshadi. Masalan, adabiyotshunoslikni olaylik. Adabiyot nazariyasi faqat adabiyotgagina xos bo‘lgan badiiy qonuniyatlarni, badiiy qiyofa yaratish usuli va vositalarini o‘rganadi. Adabiyot tarixi muayyan tarixiy-badiiy jarayonlar orqali badiiy adabiyotning rivojlanish qonuniyatlarini ochib beradi. Adabiy tanqid esa adabiy-badiiy ijodning zamonaviy jarayonlarini tadqiq etadi va har bir yangi asarni baholaydi, asar ijodkorining ijodiy rivojlanishini kuzatib boradi. Musiqada ham, tasviriy san’atda ham va boshqa san’at turlarida shunday. Estetikada esa tadqiqot ob’ektiga yondoshuv uch emas, birgina-nazariy jihatdan amalga oshiriladi: tarix ham, tanqid ham nazariyaga bo‘ysundiriladi. To‘g‘ri, estetika tarixi degan ibora va shu nomda kurslar o‘qitiladi. Lekin bu nom, ibora-shartli tarzda qo‘llaniladi. Vaholanki, u fanning tarixi emas, balki tarixan davrlarga bo‘lingan estetikanazariyalarining tahlilidir.
Estetikaning, ayniqsa, badiiy asar ijodkorlari uchun amaliy ahamiyati katta. Chunonchi, biror bir san’at turida ijod qilayotgan san’atkor birinchi galda, ma’lum ma’noda, o‘z sohasining bilimdoni bo‘lishi kerak. Deylik, bastakor notani bilmasdan, musiqali asar yaratish qonun-qoidalaridan, shu jumladan, musiqaga ham taalluqli bo‘lgan estetikaning umumiy qonuniyatlaridan bexabar holda tuzukroq asar yaratishi dargumon. Ba’zilar daho san’atkorlar qonun-qoidalarsiz ham ijod qilaveradilar, degan noto‘g‘ri tasavvurga egalar. Vaholanki, daholarning o‘zlari ko‘p hollarda estetika nazariyasi bilan shug‘ullanganlar. Misol tariqasida, Jomiy, Navoiy Leonardo da Vinchi, Shiller, Vagner, Shopen kabi buyuklarning nomlarini eslashning o‘zi kifoya qiladi.
Dizaynchi-injenerlar, atrof-muhitni obodonlashtirish bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar faoliyatida ham estetika muhim o‘rin egallaydi. Shuningdek, korxona rahbarlari, sex boshliqlari mazkur korxona yoki sexda dastgohlar dizaynidan tortib, devorlar ranglari-yu, «ichki gulzor»larning joylashtirilishigacha estetika qonun-qoidalari asosida bo‘lishini ta’minlashlari lozim Zero o‘shandagina ish joyida mehnat unumdorligining oshishi tabiiy. Buning uchun esa mazkur rahbarlar estetikadan albatta xabardor bo‘lishlari shart.
Umuman olganda, estetika hamma uchun ham zarur. Chunki inson zoti bari-bir, hayotda tez-tez san’at asarini idrok etuvchi sifatida maydonga chiqadi. Deylik, siz Samarqandga «sayohat qilib kelgani» bordingiz. Agar estetikadan bexabar bo‘lsangiz, Go‘ri Mir maqbarasinig gumbaziga, Registondagi madrasalar yonida qad ko‘targan minoralarga, peshtoqlaridagi ko‘hna arabiy yozuvlarga qiziqib qaraymiz, chiroyli ekan deb mamnuniyat hosil qilasiz. Bordi-yu, aksincha, estetika ilmidan xabardor bo‘lsangiz, u holda na faqat ularning chiroyliligini, balki gumbaz shunchaki gumbaz emas, Xudo go‘zalligining ramzi ekanini, «jamol» deb atalishini, minoralar-Tangri qudratining timsoli o‘laroq «jalol» deyilishini, ulug‘vorlik ramzi ekanini peshtoqlardagi go‘zal yozuvlar - oyatlar, Xudoning belgisi «sifat» deb nomlanishini eslaysiz va olayotgan taassurotingiz bir necha barobar kuchayadi, falsafiylashadi. Zero estetika orqali biz faqatgina ko‘rganlarimizning shakliy go‘zalligini emas, balki ayni paytda shakl bilan birga uning falsafiy mohiyatini ham idrok etamiz. Shu sababli fermerga yoki temir yo‘l ishchisiga, yoki tijoratchi-tadbirkorga estetika haqida bosh qotirib o‘tirish zarur kelibdimi, degan gaplar xato va zararlidir.
Dostları ilə paylaş: |