9-MAVZU: BYUDJET TASHKILOTLARIDA ASOSIY VOSITA VA NOMODDIY AKTIVLAR HISOBI.
REJA: 1. Asosiy vositalar hisobini tashkil etish, uning maqsadi va vazifalari. 2. Asosiy vositalar kirimini hisobga olish va xujjatlashtirish. 3. Asosiy vositalarni hisobvaraqlarda aks ettirish. 4. Asosiy vositalar eskirishi hisobi. 5. Asosiy vositalarni balansdan chiqarilishi hisobi. 6. Nomoddiy aktivlar hisobini tashkil etish, uning maqsadi va vazifalari. 7. Nomoddiy aktivlar kirimini hisobga olish va ularni baholash xamda ularni balansdan chiqarilishi hisobi.
1. Asosiy vositalar hisobini tashkil etish, uning maqsadi va vazifalari. Byudjet tashkilotlarida asosiy vositalar hisobi alohida tashkil etiladi. Tashkilotlar o’zlarining zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bog’liq bo’lgan faoliyatlarini amalga oshirishi, shuningdek ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko’rsatish) jarayonida foydalaniladigan, qiymatidan qat’i nazar 1 yildan ortiq xizmat qilish muddatiga ega bo’lgan moddiy aktivlarni buxgalteriya hisobida asosiy vositalar tarkibida hisobga oladi va aks ettiradi. Asosiy vositalar – qonunchilikka muvofiq zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkilot tomonidan uzoq vaqt davomida (bir yildan ortiq) foydalanadigan, shuningdek, ijaraga berishi mumkin bo’lgan moddiy aktivlardir.
Asosiy vositalar tarkibida quyidagilar hisobga olinadi: imoratlar, inshootlar, mashina va uskunalar, kompyuter texnikasi va unga qo’shimcha qurilmalar, transport vositalari, kutubxona fondi, uzatkich moslamalari, ishchi va mahsulot beruvchi hayvonlar va boshqa asosiy vositalar (muzey boyliklari, hayvonot olami eksponatlari, sahna-tomosha vositalari, o’quv kinofilmlari, magnit disklari va lentalari, kassetalar va hokazo).
Qiymati va xizmat muddatidan qat’i nazar, quyidagilar asosiy vositalar tarkibiga kiradi: qishloq xo’jaligi mashinalari va uskunalari, katta yoshdagi ishchi va mahsulot beruvchi hayvonlar (shu jumladan, maydasi ham), kutubxona fondlari, muzey boyliklari (muzey eksponatlaridan tashqari), hayvonot olami eksponatlari va namunaviy loyihalashtirishga oid hujjatlar.