166-modda. Ish beruvchining xodimlarni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishi Ish beruvchi ushbu Kodeks 137-moddasining to‘rtinchi qismida, 146-moddasining beshinchi qismida, 161-moddasi ikkinchi qismining 1 va 2-bandlarida, 168-moddasi birinchi qismining 6-bandida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha qaysi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish niyatida bo‘lsa, o‘sha xodim ishdan bo‘shatiladigan xodimdir.
Ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasiga yoxud kasaba uyushmalari tegishli birlashmasiga xodimlarning ehtimol tutilgan ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risidagi axborotni o‘z vaqtida, kamida ikki oy oldin taqdim etadi va ishdan bo‘shatish oqibatlarini yumshatishga qaratilgan maslahatlashuvlar o‘tkazadi.
Ish beruvchi har bir xodimning kelgusida ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning kasbi, mutaxassisligi, malakasini va mehnatiga haq to‘lash miqdorini ko‘rsatgan holda ikki oydan kechiktirmay “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuasiga kiritish orqali mahalliy mehnat organi e’tiboriga ham yetkazishi shart.
167-modda. Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq bo‘lgan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) o‘zgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq holda tashkilot, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) o‘zgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi bo‘yicha bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq bo‘lgan xodimlarga beriladi.
Malakasi va mehnat unumdorligi bir xil bo‘lgan taqdirda quyidagilarga afzallik beriladi:
qaramog‘ida ikki yoki undan ortiq kishi bo‘lgan xodimlarga;
oilasida mustaqil ish haqi oluvchi boshqa xodimlar mavjud bo‘lmagan shaxslarga;
mazkur ish beruvchidagi uzoq muddatli ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga;
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarida mehnat shartnomasiga ko‘ra tegishli mutaxassislik bo‘yicha o‘z malakasini oshirayotgan xodimlarga hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan shaxslarga o‘qishni tamomlaganidan keyin mutaxassisligi bo‘yicha ishlash sharti bilan uch yil mobaynida;
ushbu tashkilotda mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga uchragan shaxslarga;
nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlar bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
mehnatdagi yutuqlari uchun rag‘batlantirishlarga ega bo‘lgan va intizomiy jazolarga ega bo‘lmagan xodimlarga;
atom obyektlaridagi avariyalar oqibatida kelib chiqqan yuqori radiatsiyaviy nurlanish bilan bog‘liq bo‘lgan nurlanish kasalligiga va boshqa kasalliklarga yo‘liqqan yoki shunday kasalliklarni boshidan kechirgan shaxslarga, o‘ziga nisbatan boshlangan nogironligining atom obyektlaridagi avariyalar bilan bog‘liqligi aniqlangan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, ushbu avariyalar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etish ishtirokchilariga, shuningdek mazkur obyektlardan evakuatsiya qilingan yoki ko‘chirilgan shaxslarga hamda ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga.
Malaka va mehnat unumdorligi teng bo‘lgan taqdirda, hisobga olinadigan aksariyat holatlar soni bo‘yicha afzallikka ega bo‘lgan xodim ishda qolishga doir imtiyozli huquqdan foydalanadi. Bu holatlarning ushbu modda ikkinchi qismida sanab o‘tilgan ketma-ketligi ahamiyatga ega emas.
Jamoa shartnomasida mavjud bo‘lgan taqdirda xodimlarni ishda qoldirishda afzallik beriladigan boshqa holatlar ham nazarda tutilishi mumkin. Ushbu holatlar, agar xodimlar teng malakaga va mehnat unumdorligiga ega bo‘lsa hamda ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq ishda qoldirishda bir-birining oldida afzalliklarga ega bo‘lmasa, hisobga olinadi.