372-modda. Haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti va haq to‘lanadigan stajirovka Haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti deganda amaliyot o‘tayotgan shaxs tomonidan kasb malakasiga va ish tajribasiga ega bo‘lish maqsadida amalga oshiriladigan hamda amaliyot o‘tayotgan shaxsni o‘quv rejasiga muvofiq ish beruvchida mavjud bo‘lgan bo‘sh (vakant) o‘ringa qabul qilishni nazarda tutuvchi kasb tayyorgarligiga oid o‘quv jarayonining amaliy qismi tushuniladi.
Haq to‘lanadigan stajirovka stajirovka muayyan kasb, mutaxassislik, malaka yoki lavozim bo‘yicha ishlash uchun zaruriy shart bo‘lgan hollarda bevosita ish joyida xodimni nazariy jihatdan tayyorlash natijasida egallangan kasbiy bilimlar, malakalar va ko‘nikmalarni amaliyotda shakllantirish hamda mustahkamlash maqsadida kasbga tayyorlash bosqichidir.
Haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini yoki haq to‘lanadigan stajirovkani o‘tayotgan shaxs bilan muddatli mehnat shartnomasi amaliyotni yoki stajirovkani o‘tash muddatiga tuziladi. Bunda mehnat shartnomasida mehnat shartnomasining majburiy shartlari bilan bir qatorda, amaliyotga yoki stajirovkaga rahbarlik qiluvchi shaxs belgilanishi kerak.
22-bob. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi 373-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi tushunchasi Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi ish beruvchi va o‘quvchi (ish beruvchida ishlayotgan shaxs yoki ish qidirayotgan shaxs) o‘rtasida mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralgan yoki ajralmagan holda ta’lim olish uchun tuzilgan, kasbiy bilimlar, malakalar va ko‘nikmalarni o‘rganish to‘g‘risidagi yoki qayta tayyorlash haqidagi kelishuvdir.
374-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining mazmuni Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
taraflarning nomi;
o‘quvchi tomonidan olinadigan aniq malaka;
ish beruvchining o‘quvchiga ishlab chiqarish ta’limini o‘tash uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash majburiyati;
o‘quvchining ishlab chiqarish ta’limini o‘tash va olingan malakaga muvofiq ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida belgilangan muddat davomida ishlab berish majburiyati;
ishlab chiqarish ta’limining muddati;
o‘qish davrida mehnatga haq to‘lash miqdori;
taraflarning rekvizitlari.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida taraflarning kelishuvi bilan belgilangan boshqa shartlar ham bo‘lishi mumkin.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida belgilangan, ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlab berish muddati ishlab chiqarish ta’limi muddatiga hamda ish beruvchining uni o‘tkazishga doir chiqimlariga mutanosib bo‘lishi va har qanday holda ham ushbu Kodeksning 110-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisiga muvofiq belgilangan muddatli mehnat shartnomasining eng ko‘p davridan oshib ketmasligi kerak.