379-modda. Ishlab chiqarish ta’limi davrida o‘quvchilarga haq to‘lash O‘quvchilarga ishlab chiqarish ta’limi davrida stipendiya to‘lanadi, uning miqdori ishlab chiqarish ta’lim shartnomasida belgilanadi va olinayotgan malakaga bog‘liq bo‘ladi, lekin qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak.
380-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining o‘quvchining holatini ushbu Kodeksda, qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan shartlarga nisbatan yomonlashtiruvchi shartlari haqiqiy emasdir.
381-modda. Ishlab chiqarish ta’limi tugallanganidan keyin o‘quvchilarning huquq va majburiyatlari Ishlab chiqarish ta’limini muvaffaqiyatli tamomlagan ish qidirayotgan shaxslarga o‘zi ta’limni o‘tagan ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzilganda sinov muddati belgilanmaydi.
Agar o‘quvchi ishlab chiqarish ta’limi tugaganidan keyin ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi bo‘yicha va (yoki) mehnat shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini uzrli sabablarsiz bajarmasa, shu jumladan ishga kirishmasa, u ishlab chiqarish ta’limi vaqtida olingan stipendiyani ish beruvchiga uning talabiga ko‘ra qaytarib beradi, shuningdek ish beruvchining ishlab chiqarish ta’limi o‘talishi munosabati bilan qilingan, o‘qish tugaganidan keyin haqiqatan ishlab berilmagan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarilgan boshqa xarajatlarining o‘rnini ushbu Kodeksning 348-moddasiga muvofiq qoplaydi.
382-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasini bekor qilish asoslari Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi ishlab chiqarish ta’limining muddati tugaganidan keyin yoki ushbu shartnomada nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilinadi.
23-bob. Ishni ta’lim bilan birga olib boruvchi xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalar 383-modda. Ishni ta’lim bilan birga olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish Ish beruvchi mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan o‘tayotgan, shuningdek ishlab chiqarish ta’limini o‘tayotgan xodimlarga ish va o‘qishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
Mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tili, qisqartirilgan ish haftasi hamda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan o‘zga kafolatlar beriladi.
Mehnat shartnomasi bo‘yicha ta’lim tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qiyotganlarga yillik mehnat ta’tillarini ish beruvchi, ularning xohishiga ko‘ra, bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga to‘g‘rilab berishi shart.
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim tashkilotlarida, kadrlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarida (kurslarida) mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda o‘qiyotgan, ishga yangi qabul qilingan xodimlar uchun, agar ular o‘z yillik mehnat ta’tillarini bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga moslashtirishmoqchi bo‘lsa, ularning xohishiga ko‘ra, yillik mehnat ta’tili mazkur ish beruvchidagi mehnat faoliyatining olti oyi tugaguniga qadar beriladi.