Keyingi davrlarda ijtimoiy pedagogik fikrlarning rivojlanishi
Tayanch tushunchalar:ijtimoiy pedagogika, shakllanishi, bosqich, yo‘nalish, sivilizatsiya, atama, fan, qadimgi, uyg‘onish, xorijiy mamlakatlar
Ijtimoiy pedagogikaning fan sifatida shakllanishi va rivojlanishi uzoq tarixga ega. Uning tarixiy taraqqiyotini bir necha bosqichlarga bo‘lib o‘rganish mumkin.
Birinchi bosqich-qadimgi davrlardan XVII asrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy pedagogikaning bu rivojlanish bosqichi tarbiyani ijtimoiy hodisa sifatida tan olinishi bilan harakterlanadi. Bu davrda turli tarbiya nazariyalari paydo bo‘lgan.
Bundan ko‘rinadiki, insoniyat tarixining ilk bosqichlarida ham ijtimoiylashtirish muammosi mavjud bo‘lgan. Dastlab tarbiya umum faoliyat turi sifatida yuzaga kelgan bo‘lsa, keyinchalik esa o‘ziga xos faoliyat turiga aylangan. Mazkur faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tarbiyachilar paydo bo‘lgan. Vaqt o‘tgani sari tarbiya jarayoni ham murakkablashib borgan, yosh, jins, mazmuniga ko‘ra farqlana borgan, uning axloqiy jihatlariga e’tibor qaratila boshlagan. Juft oilalarning oilaviy tarbiyasi ham ommalasha boshlagan. Ibtidoiy jamoa tuzumida yashagan barcha elatlarda mehnatning jins va yoshga qarab ajratish an’anasi bo‘lgan. Mavjud yoshlarni muntazam ravishda turli kasb-xunarlarga o‘rgatishgan.
Bularning hammasi ibtidoiy jamoada ijtimoiy-pedagogik tajribaning ilk ko‘rinishlari mavjud bo‘lganligi haqida tasavvur qilishga imkon beradi.
Agar ibtidoiy davr ijtimoiy pedagogik amaliyotning vujudga kelishiga zamin yaratgan bo‘lsa, qadimgi dunyoning ilk sivilizatsiyalarining paydo bo‘lishi, ijtimoiy-pedagogik fikrning shakllanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Bu xulosani bizgacha yetib kelgan pedagogik g‘oyalarning yozma manbalari tasdiqlaydi.
Sharqda ijtimoiy pedogogik g‘oyalar odatda muqaddas kitoblar shaklida butun halq mulkiga aylangan (Xitoyda-Shukit, Hindistonda-Vedalar, Misrda-Tot xudosi kitoblari, O‘rta Osiyoda-Avesto va boshqa).
Faqatgina miloddan avvalgi birinchi ming yillikning o‘rtalari va ikkinchi yarmida ijtimoiy pedogogik g‘oyalarni yaratuvchilarining nomlari ma’lum bo‘la boshlaydi. Shubhasiz, ijtimoiy pedagogik tafakkurning rivojlanishiga antik davr (yunon va rim) faylasuflari katta hissa qo‘shishgan. Xususan, Suqrot (mil. avv. 469-399 y) “O‘z o‘zingni angla” degan shiorni ilgari surgan va shu bilan ong insonda barcha yovuzlikni yo‘qotishi mumkinligini ta’kidlagan.