Ilk yosh guruh: kattalar ko‘magida suvni sachratmasdan yuvinishga odatlantirib borish, og‘zini chayqashga o‘rgatish, shaxsiy dastro‘molchani o‘z vaqtida qo‘llashga o‘rgatiladi. Bolalarda ovqatni tartibli yeyish malakalarini(nonni uvoq qilmaslik, ovqatni to‘kmaslik, og‘izni yumib chaynash, qoshiqni o‘ng qo‘lda ushlab foydalanishlikni) tarbiyalash. Kiyimlarni mustaqil ravishda yechinib, kiyinish malakalarini tarbiyalash. Kattalar ko‘magida kiyimlarni o‘z javonlariga tartibli joylashtirishga o‘rgatish. Xonada tartiblilik va ozodalikni saqlashga odatlantirish.
Kichik guruh: tungi va kunduzgi uyqudan so‘ng, suvni sachratmasdan yuvinish, sovundan to‘g‘ri foydalanish malaka va ko‘nikmalarini hosil qilish. Shaxsiy dastro‘molchani o‘z o‘rnida qo‘llashga o‘rgatish. Ovqatlanish jarayonida qoshiqni o‘ng qo‘lda ushlab, to‘kmasdan, shoshmasdan, og‘zini yumib chaynashga o‘rgatib borish, shuningdek, kiyimlarni mustaqil ravishda kiyinib, yechinish malaka va ko‘nikmalarini rivojlantirish.
O‘rta guruh: uyqudan so‘ng va zarur bo‘lgan hollarda suvni sachratmasdan, isrof qilmasdan, sovundan to‘g‘ri foydalanib, toza yuvinishga o‘rgatib borish. Sochiq bilan quruq artinishga odatlantirish. Oyoq va qo‘l uchun qo‘llaniladigan sochiqlarni farqlay bilish. Kattalarga yuvinmasdan salom berish hurmatsizlik ekanligini singdirish. Kiyimlarni tez va to‘g‘ri kiyinib, yechinish malakalarini rivojlantirish. Ularni maxsus ajratilgan joyga tartib bilan joylashtirishga o‘rgatish. Kiyim-boshlaridagi kamchiliklarni sezishga hamda tartibga keltirishga odatlantirish. O‘rtoqlardagi kamchilikni sezgan holda, sekin - asta ogohlantirish malakalarini rivojlantirish. Zarur holda sochni to‘g‘ri turmaklab olishga odatlantirish.
Katta guruh: tez va toza yuvinish, tishni o‘z vaqtida kunda ikki marotaba ertalab uyqudan so‘ng va tunda uyqudan oldin shaxsiy tish tozalagichlar yordamida yuvish, zarur hollarda og‘izni chayqashga o‘rgatish. Hojatdan so‘ng qo‘lni yuvishga odatlantirish. Sovun, suvni isrof qilmasdan tejab foydalanishga o‘rgatish.
Kattalarga yuvuqsiz salom berish ularga nisbatan odobsizlik ekanligini anglatish, “savob”, “gunoh”ni farqlay bilishga o‘rgatish.
Ovqatlanish jarayonida “Bismillohir rahmonir rahim” deb, qoshiqni o‘ng qo‘lda ushlab, tartibli ovqatlanishga o‘rgatish, nonni uvol qilmaslikka odatlantirib borish. Ovqatlangandan so‘ng minnatdorchilik bildirib, bo‘sh idishlarni yuvishga olib borib qo‘yishga odatlantirish.