Masal — axloqiy, hajviy va kesatiq mazmunni majoziy obrazlar orqali aks ettiradigan kichik hajmli she’riy, ba’zan nasriy asar turidir. Inson xulq-atvoriga xos bo‘lgan xislatlar masalda kinoyaviy obrazlar vositasida ifoda etiladi. kishilar o‘rtasida sodir bo‘ladigan hayotiy muammolar, turli-tuman jiddiy voqealar hayvonot dunyo- si, tabiiy jismlar yoki hasharotlar timsoli orqali gavdalantiriladi. Bu janrning o‘ziga xos xususiyati shundaki, voqea bayonining kirish qismida yoki oxirida qissadan hissa, ya’ni axloqiy xarakterdagi ibratli xulosa chiqariladi.
Masal qadimiydir. Antik adabiyotda Ezop masallari juda mashhur bo‘lgan. U pinhona tanqidni kinoyaviy so‘z va iboralarda tasvirlagan. O‘sha vaqtdan boshlab tanqid tili va uslubi Ezopga nisbat berilib, «Ezop tili» deb yuritilgan. keyinchalik bu janr dunyo kezib, ko‘plab masalchi shoirlarni kashf etgan. Bunday «mashhuri jahon»likning xarakterli tomoni shundaki, u kitobxonning axloqiy tarbiyasini «nishon»ga oladi. Shunday ekan, masalda fikr ixchamligi, tilining tasvir vositalariga boyligi, nutqiy ravonligi, xalqchilligi kichik yoshdagi o‘quvchilarning diqqatini o‘ziga tortishi tabiiy.
Masal shakl va mazmuni badiiy qolipga solingan vodevil (fransuzcha UAUDEUİLLE — qishloq tovushi) — kichik hajmdagi quvnoq sahna asarini eslatadi. U biror voqea-hodisani qisqa va mazmundor qilib tasvirlashda noan’anaviy usul bilan o‘quvchini hayratga soladi. Bunda hayvon, hasharot yoki o‘simliklar odamdek bahslashadi, gurung- lashadi, qandaydir masalalar ustida bosh qotirishadi. Masal ustida ishlashni hayvonlar haqidagi ertaklar tahliliga o‘xshatib uyushtirish mumkin. Ammo noan’anaviy usul bilan o‘quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyatini o‘stirish nazarda tutilsa, MODULLI ta’lim (M.A. Choshanovning muammoli- modulli o‘qitish texnologiyasiga asoslangan) dasturidan foydalanish o‘qituvchi belgilagan rejaga bog‘liq bo‘ladi. Deylik, 4-sinf o‘quvchilari A. Avloniyning «Zuluk va ilon» masalini o‘rganishmoqda. O‘qituvchi she’riy matnni ifodali o‘qib bergach, darslikda izohi berilmagan ayrim so‘zlarni lug‘at daftariga yozdiradi:
so‘rdi — so‘radi; hab — zap, juda; larzon — titroq;
suymayur — sevmaydi; sob — tamom, yakun;
sanchuram — sanchgayman; xo‘b — juda soz, yaxshi.
keyin o‘qituvchi sinf diqqatini masaldagi mazmunni chuqurroq mushohada qiladigan tugunli (modulli) savollarga jalb qiladi:
l. Ilon yoki zulukni ko‘rganmisiz? Ularning qanday o‘xshash- ligi bor? Farqlari-chi?
2. Ilon zulukdan nima haqida so‘radi?
3. Zulukning ilonga javobida xalqning qaysi hikmati yashiringan?
4. Qanday kishilar ilonga o‘xshatiladi?
5. «Zulmdan doimo qochar inson» misrasidagi «Zulm» so‘zini qanday tushunasiz? Fikriy xulosangizni oydinlashtiring.
O‘qituvchi savol asosida o‘quvchilarga yo‘nalish berib, jadval chizdiradi va unga masal mazmunidan kelib chiqib, har kim mustaqil fikr bayon etishi lozimligini uqtiradi. O‘quvchilar jadvalning l-qismida berilgan savollarga doir nimani bilishsa, shuni yozishadi. 2-qismida berilgan savollar bo‘yicha ularni nimalar qiziqtirsa, o‘shani so‘raydilar. Bu so‘rovga qaysi o‘quvchi javob bersa, bilmaydiganlar uni jadvalning «Bilib oldim» qismiga yozib qo‘yishadi. Nihoyat, biluvchilardan bilmaganlar o‘rganishib, o‘rtada o‘zaro fikr almashish jarayoni yuz beradi, masal tahlilidagi mushohada maydoni kengayadi, o‘qituvchi va o‘quvchilar hamkorligidagi mavzu ijodiy hamda hayotiy dalillarga boy tarzda o‘zlashtiriladi. Dars qizg‘in va jalbkor ruhda o‘tadi. Namuna uchun modulli ta’limga doir jadvalning bir varianti bilan tanishaylik:
Bilaman Bilishni istayman Bilib oldim
l. Ilonni ko‘rganman. Sudralib yuruvchilar toifasidan. l. Zuluk ko‘proq qayerda bo‘ladi? l. Zuluk buloqlarda, tog‘ etagidagi oqar soylarning havzasida bo‘lar ekan.
2. Masaldan bildimki, ilonga zuluk shaklan o‘xshaydi. 2. Zulukning: «Sog‘a- yur tishlasam qayu xasta», deganini kengroq tushunish istagidaman. 2. Zulukdan xalq ta- bobatida «harom» qonni so‘rdirish uchun foydalanadilar.
3. Ilon chaqsa kishini zaharlaydi, shuning uchun odamlar uni yomon ko‘radi. Zuluk zaharlamaydi. U qon so‘radi. 3. Ilon qanaqasiga zulm o‘tkaza oladi? Masaldagi
«zulm» so‘zida qanday ma’no yashiringanligini bilmoqchiman. 3. Odamga yetkaziladi- gan ozorning barcha turi zulm hisoblanar ekan. Ilon zahri — jiddiy ozor.
4. Ilon ham, zuluk ham so‘zlamaydi. Masaldagi nutq — majoziy obraz- lar nutqidir. Ammo ularning gapirishi meni hayratlantirmaydi, ak- sincha, qiziqarli. 4. kinoyaviy ma’no- ning hayotiy sharhiga qiziqaman. Muhokama qilaylik. Masal xulosasi kishini nimaga undaydi? 4. kinoyaviy ma’no yuzasidan bilganlarim:
—Zuluk va ilon odamlar timsoli;
Zuluk — insonparvar shaxs, u yaxshiligini boshqalardan ayamaydi;
Ilon — dilozor kimsa, uning xulqi ham, turqi ham sovuq;
Masal xulosasi — yaxshi bo‘l, yaxshilik qil.
Masal tahlilida asar tiliga ham katta ahamiyat beriladi. So‘zlar- ning ko‘chma ma’nolari, stilistikasi, gaplarning grammatik qurilishi, qo‘shimcha ma’no bo‘yoqdorligiga ega bo‘lgan nutq birliklarining qo‘llanishi, badiiy tasvir vositalariga asos bo‘lgan morfemalar tizimi o‘qituvchi ko‘magida yoritib boriladi. Bundan tashqari, masal personajlarining individual xarakterini ham hisobga olish zarur. Masalan, «Chumoli va tipratikan» masalini (3-sinf) o‘qishda ti pratikanning: «O‘zi kichkina-yu, katta narsani olib ketmoqchi bo‘lib urinishini ko‘ringlar-a, obbo, badnafs-e!» degan masxa- raomuz xitobi, «O‘jar toshbaqa»da (3-sinf) toshbaqaning: Onasiga: «Dod!» dedi, Menga iloj top, dedi. keragi yo‘q kosamning, Bunda yurish osonmi? Xalaqit berar, qarang, Chopaman sekin, arang, degan qaysarona gaplari nutqiy ohangda o‘z ifodasini topadi. Shuning uchun dialogli masallarni rollarga bo‘lib o‘qish yoki inssenirovka qildirish maqsadga muvofiqdir. Shunday qilib, masal o‘rganish darsini qaysi usulda tashkil etilsa ham quyidagi tamoyillarga amal qilinadi:
masalning g‘oyaviy mazmunini aniq idrok etish;
masal personajlarining o‘ziga xos xulq-atvorini, ularni qamragan muhit realligini aniqlash;
kinoyaviy ma’noni ochish;
masal tiliga e’tibor qaratish;
masal xulosasini muhokama etish.
Ana shu izchillikka amal qilgan masal o‘qish darsining tuzilishi quyidagicha bo‘ladi:
l. O‘rganilayotgan masal haqida o‘qituvchining ma’lumoti bilan tanishish.
2. Masalni ifodali o‘qish yoki uning mazmunini yoritgan multfilm namoyish etish.
3. Masal mazmunini oydinlashtiradigan badiiy detallar bilan tanishish.
4. Masaldagi kinoya ma’nosini ochish.
5. Axloqiy mantiqni topish.
6. Majozni inson hayotiga taqqoslash.
Boshlang‘ich ta’limda masal o‘rganishning tarbiyaviy tomoniga alohida e’tibor beriladi. Chunki insoniy fazilatlarning shakllanishi kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar kamolotida bebaho bosqichdir.
She’r — ohang jihatidan bir tartibga solinib, his-tuyg‘ular qobig‘iga o‘ralgan poetik fikr ifodasi sifatida vujudga keluvchi hayajonli ritmik nutq. Atoqli adib, so‘z ustasi Abdulla Qahhor she’rga shunday ta’rif bergan edi: «She’r — fikr ekstrakti bo‘lishi jihatidan Hikmat, ko‘ngilga yo‘l topishi, undan o‘zi hamohang sado chiqarishi jihatidan — MUSIQA.
...She’r — bir MO‘JIZA»...
Akademik adib Oybek esa she’rdagi subyektiv kechinmani teranlashtirib yozadi: «Lirikada shoir ma’lum bir hodisani, ma’lum bir obyektni gavdalantirib, so‘ngra bunga o‘z qarashlarini, o‘zida qo‘zg‘algan tuyg‘ularni ifoda qilar»...
Shoira Zulfiya «She’riyatning katta karvoni» maqolasida yuqo- ridagi fikrlarni quvvatlantirib, she’rdagi his-tuyg‘ular ko‘lamini kengaytiradi: «Lirika inson qalbini kashf etish, uning orzu va tuyg‘ularini, muqarrar dramalarini idrok etish demakdir. Insonning ruhiy olami nechog‘liq chuqur payqab bilib olinsa, she’riyat shu qadar boy va ta’sirchan bo‘ladi».
Mashhur kishilarning she’riyatga bergan ta’rifini ko‘plab keltirish mumkin. Demak, she’riyat nafosati yetmagan ko‘ngil yo‘q, hatto kitob o‘qishga xohishi kamlar ham hech bo‘lmaganda tabrik so‘ziga she’r qo‘shgisi keladi yoki gapiga she’riy shakldagi xalq maqollarini aralashtiradi. Axir, she’r ko‘ngil ehtiyoji, ko‘ngil esa hammada bor! Shu boisdan bilim maskaniga qadam qo‘ygan bola ham savod o‘rganish davridayoq she’rga oshna qilinadi. Ular she’r o‘rganishni, ko‘pchilik oldida yoddan aytishni yaxshi ko‘radi. Qarangki, boshlang‘ichlarning «O‘qish kitobi» darsligi ham she’r bilan ochiladi. 2-sinf «O‘zbekiston» she’ri bilan boshlansa, 3— 4-sinflarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat Madhiyasi o‘quvchilarga taqdim etiladi.
She’rni o‘qiganda kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar hayot hodisalari, tabiat go‘zalliklari, qalb kechinmalarining poetik tasviridan hayajonga tushishlari muhim ahamiyatga ega. Boshlang‘ich ta’limda, asosan, she’riy matnning ikki turi o‘rganiladi:
l. Sujetli (epik xarakterdagi) she’rlar.
2. Lirik she’rlar.
Sujetli she’rlar ma’lum voqea asosiga qurilgan bo‘ladi. Lirik she’r- lar esa, mashhur nemis faylasufi V. F. Gegel ta’riflagandek, «boshqa har qanday haqiqiy poeziya (badiiy asar — G‘.E.) kabi inson yuragining chinakam mazmunini ifoda qilib berishi kerak. Biroq ham- ma narsa va hatto eng xolis, eng moddiy hodisalar ham lirik maz- mun kasb etar ekan, shaxsan his qilingan, ko‘ngil qo‘rida yo‘g‘rilgan, tasavvur qilingan va o‘ylangan holda gavdalanmog‘i lozim».
She’r o‘rganish darslarini tashkil qilishdagi asosiy ish turi ifodali o‘qishdir. Buni amalga oshirish uchun o‘qituvchi she’rdagi lirik qadriyatni o‘zida his qila olishi va uni o‘quvchilarga «yuqtira» bilishi lozim. She’rda hikoya qilib beradigan mazmun emas, balki nafis tuyg‘u va tovlanib turuvchi kayfiyat mavjud bo‘ladi. Bu fikrni asoslash uchun V. G. Belinskiyning she’riyat haqidagi ushbu ta’ri- fini keltirish o‘rinli: «Poeziya bog‘da barq urib ochilgan gulni batafsil tasvir etmaydi, balki bichimidagi ko‘rimli unsurlarni tashlab yuboradi-da, faqat muattar hidini, ranglaridagi nafis jilvalanishni oladi va ulardan bog‘dagiga nisbatan yaxshiroq, dilbarroq o‘z chechagini yaratadi».
Shunday ekan, lirik she’rni o‘qish va tahlil qilish o‘qituvchidan uslubiy mahorat talab qiladi. U lirik she’rni ifodali o‘qigach, matn tahlilini izohtalab so‘zlarning ma’nosini tushuntirishdan boshlaydi va o‘quvchilarning lug‘at daftarchasiga yozdiradi.
Agar she’r tabiat, ona-yurt, yil fasllarini BARMOQ vaznida vasf etgan bo‘lsa (A. Obidjonning «O‘ktam avlod», E. Vohidovning
«Yangi yil archasiga» she’rlari — 3-sinf), she’r matnidagi his- tuyg‘u va fikrni anglash oson kechadi. Undagi tasvir vositalari, misralarning sintaktik qurilishi, so‘zlarning ko‘chma ma’nosi o‘quvchi tiliga, his qilish va tushunish sezgilariga yaqin turadi. Chunonchi: ko‘zlar bilan, do‘stlar bilan, Sizlar bilan dillashaylik.
Mehr bilan, sog‘inch bilan, Quvonch bilan birlashaylik,
kabi kavsar Turdiyevaning «Dunyoni saqlar bolalar» (3-sinf) she’ridagi lirik kayfiyat har jihatdan o‘quvchiga begona emas. Ammo shu sinfdagi E. Vohidovning «O‘zbegim» qasidasidan olingan parcha aruz janrida yozilgan bo‘lib, uni o‘qituvchi maxsus tayyorgarlikdan so‘ng tahlil qilishi lozim:
she’rni aruz qoidasiga amal qilgan holda o‘qish;
o‘quvchida she’riy tafakkur uyg‘otish;
so‘zning lug‘at ma’nosini izohlash;
tarixiy ishoralarga qisqacha sharh;
she’riy san’atning fikriy ifodada tutgan o‘rnini sodda qilib tushuntirish.
Ushbu lirik g‘azalning ikki baytini keltiraylik:
Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o‘zbegim,
Senga tengdosh Pomir-u, oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim. So‘ylasin Afrosiyob-u, so‘ylasin O‘rxun xati,
ko‘hna tarix shodasida bitta marjon, o‘zbegim.
O‘qituvchi birinchi navbatda, o‘quvchilarga kitobiy so‘zlarning sinonim lug‘atini yozdiradi:
pinhon — yashirin; ko‘hna — eski, qadim; shoda— tizim ...
keyin «tengdosh», «oqsoch», «so‘ylasin», «shoda», «marjon» kabi so‘zlarning ko‘chma ma’noda qo‘llanganligini tushuntiradi. Misralarda nafosat yaratgan sifatlash (oqsoch), tashbih-qiyos (tarix shodasida bitta marjon), tashxis — jonlantirish (So‘ylasin Afrosi- yob-u, so‘ylasin O‘rxun xati) kabi badiiy-tasviriy vositalar tarixga chuqurroq nazar tashlash uchun tafakkurni teranlashtirishga xizmat qilayotganligini aytadi. She’rdan o‘quvchilar o‘zbek xalqi tarixi Pomir va Tyanshan tog‘laridek qadimiy ekanligini, bunga Afrosiyob (Samarqand tarixiga oid) va O‘rxun xati (V—VI asrlardagi turkiy xat) guvohligini, uzoq tarix tizimida o‘zbek tarixi ham marjonday yarqirab turishini anglab yetadilar. kichik maktab yoshidagi bolalar sujetli she’rlarni ham zavq- shavq bilan tahlil qilishga o‘rgatilishi o‘qituvchidan jiddiy mahoratni talab qiladi. Ayrim hollarda she’riy mashg‘ulotlar juda ham jo‘n va sodda o‘tkazilishini ko‘rish mumkin. O‘qituvchi, aqalli, o‘quv- chilarni she’r muallifi bilan tanishtirmaydi ham. Faqat o‘qish va tavsiya etilgan bo‘lsa, yodlab kelish talab etiladi, xolos. Ayonki, bunday paytda ta’lim, aldagani bola yaxshi, qabilida tashkillashtirilib, o‘quvchi ma’naviyatiga yetarli ma’naviy oziqa bermaydi. Ular she’riyat chinakam go‘zallik namunasi ekanligini his qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lmay qoladilar, she’r aytib, shoirni tanimaydilar.
Yangi ta’lim standartining tavsiya va talabidan kelib chiqqan holda nutq odobini takomillashtirish uchun she’riy asarlarni o‘rganish o‘quvchining so‘z boyligini oshiradi, estetik ruhda tarbiyalashning asosiy omili sanaladi. Sujetli she’rlar boshqa janrdagi asarlar tahliliga o‘xshasa-da, lirik she’rlar undan farq qiladi. Lirik she’rlar tahlilida savollar voqea asosida emas, tuyg‘ular, mushoha- dalar asosida tuziladi. Masalan, Quddus Muhammadiyning «kitob- ni qancha sevsam oz bo‘lur» (2-sinf) she’ri tahlilida savol va topshiriq beriladi:
l. «kitob desam ko‘nglim bahor, yoz bo‘lur», deganda nimani tushunasiz?
2. Siz kitobingizni qanday saqlaysiz?
3. She’rni ifodali o‘qing.
4. sinfdagi A. Obidjonning «Qaldirg‘och qo‘shig‘i» she’ri uchun esa savol va topshiriqlar ko‘lami kengayadi:
l. Qaldirg‘och qanday qush? Qurt-u hasharotlar nima uchun undan qochishadi?
2. Qaldirg‘och haqida qanday rivoyatni bilasiz?
3. Qaldirg‘ochlar yurtimizga qaysi faslda keladi?
4. She’rni yod oling. Mazmunini o‘z so‘zingiz bilan bayon eting. kichik yoshdagi o‘quvchilar ravshan til bilan yozilgan sodda vaznli jarangdor she’rlarni tez va oson yodlashadi. Faqat ifodali yod olish uchun o‘qituvchi she’r texnikasiga oid komponentlarni (ritm, pauza, vazn, ohang, qofiya kabilarni) to‘g‘ri qo‘llash yo‘l-yo‘riqlarini o‘rgatishi zarur.
Shunday qilib, o‘qish darslarida she’riy tahlil o‘tkazish uchun e’tiborga loyiq metodik tamoyillarni boyitish maqsadga muvofiqdir. She’riyat o‘quvchining estetik dunyoqarashini o‘stiradi, nutq madaniyatini egallashda muhim rol o‘ynaydi.