Ilmiy tadqiqot turlari va uni olib borishning asosiy usullari. I-fayllar.org
Empirik va nazariy tadqiqotlarda tahlil va sintez, deduksiya va induksiya, abstraktlash kabi universal usullar keng qo‘llaniladi.
Tahlil usulining mohiyati tadqiqot obyektini fikran yoki xayolan tarkibiy qismlarga ajratib uning xossalari va xususiyatlarini alohida ajratib o‘rganishdan iboratdir. Masalan, elektr uskunalarning ekspluatatsion samaradorligini oshirish muammosiga oid tadqiqotlarda ularning puxtaligi, buzilmasdan ishlashligi, ta’mirlashga yaroqliligi masalalari alohida o‘rganiladi va natijalari asosida umumiy xulosalarga (yechimlarga) kelinadi. Mazkur holda obyektning ayrim unsurlarining mohiyati, ularning bog‘liqligi va o‘zaro ta’siri o‘rganiladi.
Tahlildan farqli o‘laroq sintez tadqiqot obyektini yaxlit bir butun sifatida qismlarining birligi va o‘zaro bog‘liqligida bilishdan iboratdir. Masalan, mahsulotlarni quritish jarayoni davomiyligini o‘rganishda unga ta’sir ko‘rsatuvchi faktorlar issiqlik agenti temperaturasi, namligi, tezligi ta’sirlarini alohida o‘rganib ularni umumiy ta’siri haqida xulosa qilish. Analizdan keyin sintez o‘tkaziladi va ma’lum bir gipotezalar yaratiladi.
Tahlil va sintez usullari bir-biri bilan bog‘liq va ilmiy-tadqiqot vaqtida biri ikkinchisini to‘ldiradi. Ular o‘rganilayotgan obyektning xossasi va tadqiqot maqsadiga bog‘liq holda turli shakllarda qo‘llanilishi mumkin. Empirik, unsuriy-nazariy, tuzilmaviy-genetik tahlil va sintez mavjuddir.
Empirik tahlil va sintez obyekt bilan yuzaki tanishishda qo‘llaniladi. Bu holda obyektning ayrim qismlari ajratiladi, uning xususiyatlari aniqlanadi, oddiy o‘lchashlar va umumiy yuzasidagi narsalarni qayd etish amalga oshiriladi. Tahlil va sintezning bunday shakli tadqiqot obyektini o‘rganishga imkon beradi, lekin bularning mohiyatini ochish uchun kamlik qiladi.
Tadqiq etilayotgan obyekt mohiyatini o‘rganish uchun gumanitar-nazariy tahlil va sintezdan foydalaniladi.
Tadqiq etilayotgan obyekt mohiyatiga chuqurroq kirib borish uchun tuzilmaviy genetik tahlil va sintez imkon beradi. Tahlil va sintezning bunday shaklida tadqiqot obyekti mohiyatining barcha tomonlariga asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi eng muhim unsurlar ajratiladi.