Ilmiy-ommaviy matn yagona, yangi topilgan asarni e’lon qilish uchun yoki ilmiy-tanqidiy, shuningdek, yig‘ma-qiyosiy matn asosida matnning soddalashtirilgan variantini tuzish uchun tayyorlanadi. Keng o‘quvchilar auditoriyasiga mo‘ljallangan ko‘ptomli akademik nashrlar uchun ham ilmiy-ommaviy matnlar tayyorlanadi. Masalan, “Xamsa” dostonlarining ommaviy nashrlari 1939 yildan boshlab tayyorlab kelinmoqda. Jumladan, 1939-1940 yillar mobaynida “Hayrat ul-abror”, “Farhod va SHirin”, “Layli va Majnun” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlari ayrim-ayrim bosilib chiqdi. Bulardan birinchi doston sharh, izoh va lug‘atlar bilan, qolganlari esa doston she’rlarining nasriy bayoni bilan kitobxonga taqdim etildi. “Xamsa”dagi dostonlar 1948 yili(“Hayrat ul-abror”dan boshqasi) Navoiy “Tanlangan asarlari” seriyasida ikkinchi marta nashr etildi. Dostonlarning bu nashriga nasriy sharh berilmagan, lekin har birining oxiriga izoh va lug‘at ilova qilingan. 1957 yildan boshlab dostonlarning nasriy ifodali nashrlari qayta bosildi. Bu nashrlarning hammasi ommaviy nashrlar bo‘lgani uchun dostonlar syujetiga bevosita aloqasi bo‘lmagan boblar qisqartirilgan edi. S. Ayniy tayyorlagan muxtasar “Xamsa” 1940-1947 yillari ikki bor nashr etildi. Ushbu nashrlardan maqsad keng ommani tezroq Navoiy ijodi bilan tanishtirish edi. Haqiqatan ham, “Xamsa”ni keng kitobxonlarga etkazish omma o‘rtasida milliy-ma’naviy qadriyatlarimiz bilan tanishtirishda muhim o‘rin tutardi. SHuning uchun matnshunoslarimiz oldida matn turlarining xilma-xil shakllaridan foydalanish masalasi ko‘ndalang bo‘ldi. SHunday matn shakllaridan biri matnning nasriy bayon shaklini tuzish edi. Bu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar samarali bo‘ldi. G‘afur G‘ulom tomonidan tayyorlangan “Farhod va Shirin”ning ilmiy-ommaviy nashrida asar asl matni va nasriy bayoni yonma-yon berildi. Masalan: