SHARHLASH TURLARI. OCHIQ SHARH Har bir janr o‘ziga xos xususiyatlari bilan boshqa janrlardan farqlanadi. SHu bilan birga, muyyan janr ma’lum qoidalarga ko‘ra ichki bo‘linishlarga ham ega. Odatda, biz ularni “tur”, deb ataymiz. Masalan, reportaj janri turlari, intervyu janri turlari. Albatta, sharh janri ham bunday turlarga bo‘linishdan mustasno emas. SHarhni turlarga ajratishda nazariy adabiyotlarda turlicha yondashuvlar uchraydi. Masalan, aks ettirilayotgan voqea va hodisalarga qarab tashqi va ichki sharhlar yoki mahalliy va xalqaro sharhlar, izohlanayotgan mavzusiga ko‘ra ilmiy, rasmiy, diniy, adabiy-badiiy, publitsistik sharhlar bir-biridan farqlanadi. Quyida keltirilayotgan misol mavzu nuqtai nazaridan huquqiy, yoritish uslubiga ko‘ra esa publitsistik sharhdir. Qonunlarning bu kabi sharhlari kitobda va matbuotda berilganda o‘zaro farqlanadi. Endi mazkur misolni o‘qib chiqing va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga sharh” kitobidagi sharh bilan solishtiring.
Qonun va sharh Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari vazifasiga nomzodlarni ko‘rsatish va saylovda ovoz berish Ma’lumki, 2010 yil 12 noyabrdagi parlament palatalarining qo‘shma majlisida Davlatimiz rahbari mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish instituti – mahalla faoliyatining tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, uning vazifalari ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari (oqsoqollar) va ularning maslahatchilari eng munosib fuqarolar ichidan saylanishini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi. YUrtimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tashkil etilishi va faoliyati masalalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi qonunlari bilan tartibga solingan bo‘lib, ushbu hujjatlar muhim huquqiy kafolat sifatida xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda ham fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari haqidagi normalar o‘z aksini topgan. Ma’lumki, ayni paytda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi bo‘lib o‘tmoqda. Unda 10 ming nafarga yaqin fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va ularning 98 ming nafardan ortiq maslahatchisi saylanadi. Saylov O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma yillik bayramini nishonlash arafasida sifat jihatidan yangi, davlat va jamiyat qurilishining hamma tomonlarini demokratlashtirish va liberallashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlari chuqurlashib borayotganligi bilan ajralib turadigan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy sharoitda o‘tmoqda. “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 15-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar, qoida tariqasida, oliy ma’lumotli bo‘lishi va saylov kuni tegishli hududda doimiy yashab turgan bo‘lishi, shuningdek, tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak. Mazkur qonunning 16- va 17-moddalariga binoan, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) maslahatchilarining miqdoriy tarkibi hovlilar, uylar, ko‘chalar, mahallalar, mavzelar va dahalardan vakillikni hisobga olgan holda fuqarolar yig‘ini tomonidan belgilanadi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) maslahatchilari vazifasiga nomzodlar fuqarolar yig‘iniga ko‘rib chiqishi uchun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tomonidan taqdim etiladi. (…) Xulosa qilib aytganda, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari vazifasiga nomzodlar ko‘rsatish va saylash jarayonining huquqiy asoslari qonunda mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, ularga og‘ishmay rioya etish saylovlarni ochiq, oshkora va demokratik ruhda o‘tkazishga xizmat qiladi.