(“Milliy tiklanish” gazetasi, 2011 yil 1 iyun) SHarh janrining yuqorida aytilgan turlaridan tashqari nazariy adabiyotlarda hatto tele, radio, matbuot va internet sharhlari ham mavjudligi ta’kidlanadi. Rossiyalik mutaxassislar esa, boshqa janrlar qatori sharhni ham informatsion va tahliliy turlarga ajratib ko‘rsatadi. Ehtimol, kelgusida sharhning bu
tarzda ichki bo‘linishi - turlarga ajratilishi yanada konkretlashar. Har biri aniq nomlanar. Deylik, matbuot sharhi, futbol sharhi, marosim sharhi, qonun sharhi kabi. Zero, keyingi yillarda chop etilgan xorijiy nazariy adabiyotlarda shu nuqtai nazarga intilish kuzatiladi. Biz bunday qarashlarni inkor etmagan holda, quyida sharhning - unda bildirilayotgan munosabatning ochiq yoki yashirinligiga ko‘ra - turlari bilan tanishtiramiz.
Kundalik gazetani bosh maqolasiz yoki muallif sahifalaridan xoli tasavvur qilish qiyin. Bunday maqolalarda muyyan mavzuga oid fikr-mulohazalar bayon etilishi tabiiy, albatta. Jurnalist ommaviy axborot vositalaridagi faoliyati mobaynida yozgan maqolalarida o‘zining shaxsiy fikr-mulohazalarini ham berishga majbur bo‘ladi. Aslida jurnalistika sohasi faoliyati tabiatiga ko‘ra sub’ektiv hodisadir. SHu bois, muxbir ro‘y bergan voqealarga o‘z munosabatini bildirishga majbur.
Buyukbritaniyalik jurnalist va olim Devid Rendall sharhning uchta turini ko‘rsatadi: ochiq, pardalangan va noixtiyoriy sharh. Ana shu tasnifni bir oz soddalashtirgan holda, sharhni, unda bildirilgan fikr va munosabatning oshkoraligiga ko‘ra ochiq va pardalangan sharhlarga ajratamiz.
Ochiq sharh – bu aniq ko‘rinib turgan narsani sharhlash. Bunda jurnalist to‘g‘ri va ochiqchasiga o‘z fikr-mulohazasini bildiradi. Hozirgi paytda olganda sharhning ushbu ko‘rinishidan jahondagi ko‘pgina gazetalari voz kechgan, hatto taqiqlab ham qo‘ygan. Buyuk Britaniya va AQSHda ochiq sharhni bema’nigarchilik, deb hisoblashadi. Muallif mavzuni ochiq sharhlayotganda barcha gazetxonlar bir xil fikrga ega deb o‘ylaydi: yangiliklar rubrikasida faqat xabarlar bo‘lishi kerak, iloji boricha unga boshqa narsa qo‘shilmasligi zarur. SHarh esa, bu - tahririyat materiali, mashhur mualliflarning maxsus sahifalari hamda fikr, munosabat va hokazolar uchun mo‘ljallangan.
Ko‘pgina hollarda o‘quvchilar matbuotda xabarlarni o‘qiyotganida o‘zlariga qandaydir faktlarni etkazishmayotganini payqashadi. Muyyan voqea-hodisani hamma ham o‘zicha sharhlashi mumkin, lekin har kimda ham eng oxirgi faktlar bo‘lavermaydi. SHuning uchun ham yangiliklar sharhlardan ko‘ra qiziqarliroqdir. SHu sababli sharhlash bilan yangilikni chalkashtirib yuborish har ikki janrning ham qimmatiga putur etkazishi tayin. Bunday hollar ro‘y
berganda faktlar xira tortadi va o‘z ta’sir kuchini yo‘qotadi.
Agar katta tajribaga ega jurnalist o‘zi bilgan mavzuda yozayotgan bo‘lsa, unda voqea-hodisani ochiq sharhlashi mumkin. CHunki uning fikr- mulohazalari gazetxonga ko‘p narsa beradi. Xorijda ushbu huquqni uzoq yillar ishlagan muxbirlarga ham berishadi. Albatta, muxbirlar: «Ular nima deyishsa deyishsinu, lekin mening fikrimcha…» degan mazmundagi jumlalarni ishlatib maqola yozmaslikka harakat qiladi. CHunki ko‘proq yangi tafsilotlarni berishga urinish kerak bo‘ladi. Lekin barcha holatlarda ham ularga ochiq sharh talabi qo‘yilishi zarur.