Organizmda ayrim hujayralar biron-bir moddalarni bir joydan ikkinchi joyga yoki bir a'zodan ikkinchi a'zoga tashib o‘tkazadilar, ya'ni tashish - transport vazifasiga maxsuslashganlar. Masalan: makrofaglar antigen – organizmdagi yot moddalarni limfotsitlarga tashib o‘tkazadi yoki eritrotsitlar – qondagi qizil qon tanachalari o‘pkadan O2 ni to‘qimalarga, to‘qimalardan SO2 gazini o‘pkaga olib keladi. Biz quyida asosiy transport vazifani o‘taydigan eritrotsitlar ustida to‘xtab o‘tamiz.
Eritrotsitlar tuzilishi.
Eritrotsitlar yadrosiz hujayralar bo‘lib, voyaga yetgan odamlarda ular soni 25 trillionga yaqin. Eritrotsitlar soni yoshga va fiziologik holatlarga qarab o‘zgarishi mumkin. Masalan: chaqaloqlarda va 60 yoshdan oshgan kishilarda eritrotsitlar ko‘payadi. Eritrotsitlarning taxminan 60% suvdan va 40% quruq moddadan iborat. Quruq moddaning 95 foizini gemoglobin tashkil etadi.
Ximiyaviy tuzilishi bo‘yicha gemoglobin molekulasi temir elementi bo‘lgan faol guruh gemdan (4%) va oqsil globindan (96%) tarkib topgan. Gem odam gemoglobinining barcha turlari uchun bir xil bo‘ladi, globin esa, turli xilda bo‘lishi mumkin. Gemoglobinning 15 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ular yoshga va organizm holatiga qarab o‘zgarib turadi. O2 va SO2 ni tashish vazifasi gem qismi bilan bajariladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda gemoglobinning F- fetal turi (NvF-fetalembrion) 80%dan ortiq bo‘lib, A definitiv turi esa (NvA-yetuk) 20% tashkil yetadi. Organizm voyaga yetgandan so‘ng, gemoglobin asosan A turdan (98%dan ortiq NvA) tashkil topadi.