eritrotsitlar + antiglobulinli zardob; 3) tekshiriladigan zardob + rezus manfiy eritrotsitlar + antiglobulinli zardob. Bevosita va bilvosita gemagglyutinatsiya reaksiyasi (BGR) Bevosita gemagglyutinatsiya reaksiyasining (BGR) mohiyati shundan iboratki, turli antigenlar bilan oldindan sensibillangan eritrotsitlarga immun zardob yoki tegishli antigenlarga ega bo'lgan kasal zardobi qo'shilsa, shu sensibillashgan eritrotsitlar bir-biriga yopishib agglyutinatsiyaga uchraydi. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, eritrotsitlar qaysi antigen bilan sensibilizatsiya qilinsa, shu antigenga maxsus bo'lgan antitelalar bilan reaksiyaga kirishadi (57-rasm). Bevosita gemagglyutinatsiya reaksiyasi (passiv) sezgirligi va maxsusligi jihatidan boshqa serologik reaksiyalardan ustun turadi. Hozirgi kunda juda ko'plab modifikatsiyalari bakteriyalar, rikketsiyalar qo'zg'atadigan yuqumli kasalliklarning diagnostikasida keng qo'llaniladi. Bu reaksiyalarda qo'y, maymun, dengiz cho'chqasi, qushlardan (xo'roz, g'oz) va odamning 1 (O) guruh eritrotsitlaridan foydalaniladi. Antigen sifatida esa tozalangan mikrob, virus va boshqa mikroorganizmlarning antigenlari, ularning toksinlari va turli xil oqsil moddalari ishlatiladi. Antigenlar bilan sensibilizatsiya qilingan eritrotsitlar tibbiyot sanoatida eritrotsitar diagnostikumlar ko'rinishida chiqariladi. Bunday eritrotsitar diagnostikumlar yordamida bemor qon zardobidagi maxsus At titri aniqlanib, kasallikka serologik tashxis qo'yiladi (qorin tifi, iyersiyenozlarda, OITV, brutsellyoz va boshqa kasalliklarda). Bu usulni bilvosita (passiv) gemagglyutinatsiya reaksiyasi (45-rasm) deb ham ataladi.
57-rasm. Gemagglyutinatsiya reaksiyalari, mexanizmi va natijalari
Ko'pchilik hollarda eritrotsitlar antigen bilan emas, balki maxsus antitelalar bilan sensibilizatsiya qilinadi. Odatda, getrogen At lar eritrotsitlarga adsorbsiya bo'lmaydi, ularni eritrotsitlar membranasiga biriktirishda kimyoviy biriktiruvchi (SrCl3, glyutar aldegid) moddalardan foydalaniladi. Bunday antitelali eritrotsitar diagnostikumlar ham sanoatda chiqariladi. Bunday eritrotsitar diagnostikumlar bilan antigenlarni aniqlash qayta bilvosita gemagglyutinatsiya reaksiyasi deb ataladi (57-rasm) va ko'pchilik kasalliklarda (gepatit В, C, OITV, vabo, ich burug', o'lat va boshqa) qo'llaniladi. Immunflyuoressent usul Yuqumli kasallik agentlarini patologik materiallardan, infeksiya yuqqan ashyolardan, hayvon to'qimalaridan va hujayra kulturalaridan flyuoressensiya qiluvchi antitelalar (zardoblar) yordamida aniqlashdan yuqumli kasalliklarga diagnoz qo'yishda amaliyotda keng qo'llaniladi. Immunflyuoressent usul tezkor (ekspress) diagnoz qo'yish usuli bo'lib, sezgirligi va maxsusligi bilan boshqa serologik reaksiyalardan qolishmaydi. Flyuoressensiya qiluvchi zardoblarni tayyorlash, ayrim flyuoroxrom- larning (masalan, flyuoressensiyaning izotiotsianati) zardob oqsillarning immunologik maxsusligiga ta'sir qilmay, ular bilan kimyoviy birikishiga asoslangan. Immunflyuoressent usulni Kuns reaksiyalari deb ham ataladi. Immunflyuoressent reaksiyani bevosita va bilvosita usullari tafovut etiladi (55-rasm). Kunsning bevosita immunflyuoressent usulida, flyuoressensiya qiluvchi antitelalar (flyuoroxrom bilan nishonlangan) mikrob antigenlari bilan birikib, kompleks hosil qiladi. Bu komplekslar lyuminessent mikroskop ostida ko'rilganda o'ziga xos yashil rangda nur tarqatadi (55a-rasm). Bu reaksiyaning kamchiligi shundan iboratki, har bir tekshiriluvchi mikrob yoki virusga qarshi flyuoressensiya qiluvchi maxsus zardoblarning keng to'plamini tayyorlash zarur. Kunsning bilvosita usulida esa faqat birgina universal, tarkibida quyon globulinlariga qarshi antitelalari bo'lgan flyuoressensiya qiluvchi antiglobulinli maxsus zardob ko'zda tutiladi. Diagnostik antizardob (AT) tarkibi quyon globulinlari bo'lganligi uchun (chunki antigen quyonlarni immunlash yo'li orqali olinadi) ular flyuoressensiya qiluvchi antiglobulinli zardob bilan antigen sifatida maxsus birikadi (55b-rasm) va kompleks (izlanilayotgan mikrob + mikrobga qarshi AT + nishonlangan antiglobulin zardob) hosil qiladi. Hosil bo'lgan kompleks lyuminessent mikroskopda nur tarqatadi.