Page 159
davrida karlarning bilish imkoniyatlariga nisbatan ilg‘or (progressiv) qarashlarining
yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Niderlandiyalik olim Rudolf Agrikola (1443-1485)
o‘zining «Dialektika kashfiyoti haqida» nomli kitobida maxsus metod va usullar
yordamida karlarni yozma nutqqa o‘rgatish haqida fikr yuritadi va bu borada aniq
misollar keltiradi. Karlarni o‘qitish va tarbiyalash nazariyasi hamda amaliyotida muhim
o‘rin egallagan yana bir yorqin serqirra faoliyat tajribasining egasi italiyalik professori
Jerolamo Kardano edi [20-34]. Olim «Nafisliklar haqida», «Sezgilar fiziologiyasi
haqida», «Mening hayotim haqida» kabi asarlarida kar-soqovlikning fiziologik
sabablarini tushuntirib berdi va karlik, kasallik oqibatida yuzaga kelishi, soqovlik esa
karlik oqibati ekanligi mohiyatini ochib berdi. Jerolamo Kardano farzandlarining kar-
soqov bo‘lib dunyoga kelishi va otaning ularni hayotga «qaytarishi»ga urinishlari
natijasida karlikning dastlabki tasnifi yuzaga keldi. Ushbu tasnifga ko‘ra karlar quyidagi
toifalarga bo‘linadi:
a) tug‘ma karlar;
b) erta eshitishni yo‘qotganlar (bola gapirishni o‘rgangunga qadar) va kech
eshitishni yo‘qotganlar;
v) nutqi saqlangan holda kech eshitishni yo‘qotganlar.
Olim, shuningdek, tarixda birinchi bo‘lib karlik va soqovlikning fiziologik
asoslarini ko‘rsatib, sog‘lom sezgi a’zolariga tayangan holda karlarni o‘qitish
imkoniyatlarini isbotlab berdi. U ilk bor eshitish qobiliyatining darajasi va nutqning
rivojlanish darajalarini hisobga olgan holda o‘qitishga tabaqlashgan holda munosabat
g‘oyasini ilgari suradi. J.Kardanoning nazariy qarashlari Ispaniyada o‘zining amaliy
isbotini topdi. Pedro Ponso De Leon(1520-1584) karlarni o‘qitishning original metodini
yaratadi va kibor oilalarning farzandlarini yakka tartibda o‘qitish tajribasini
muvaffaqqiyatli tatbiq etadi. P. Ponso o‘z metodikasida nutqning turli: og‘zaki, yozma,
daktil va imo-ishora kabi ko‘rinishlarini qo‘llaydi.
X.P.Bonet (1579-1633) o‘zining 1620 yilda yozilgan «Tovushlar tabiati va kar-
soqovni gapirishga o‘rgatish san’ati» asarida karlarni o‘qitish va tarbiyalashning o‘sha
davrdagi maqsad va vazifalarini ko‘rib chiqar ekan, ularni so‘zlashuv nutqiga daktil va
uning og‘zaki shakli orqali o‘rgatish lozimligi haqida so‘z yuritadi. U maxsus o‘qituvchi
tomonidan savol-javob shaklidan foydalangan holda olib boriluvchi nutqni
rivojlantirishga qaratilgan ishlar bolalarning aqliy rivojlanishlari ta’siriga alohida
e’tiborli omil sifatida qaraydi. E.R.Karrion (1579-1652) o‘z zamondoshlarining boy
tajribasidan unumli foydalangan holda ularning g‘oyalarini rivojlantirar ekan, karlar
ta’lim-tarbiyasida taktil-vibratsiya sezgilariga hamda eshitish qoldig‘iga tayanadi.
X.P.Bonnet g‘oyalarining keyinchalik taraqqiy etishiga angliyalik Djon Vallis (1616-
1703) va Dj.Bulver, shveysariyalik Dj.K.Amman (1669-1724), niderlandiyalik F.M.Van
Xelmont (1614-1699), italiyalik F.L.Tersiy (1631-1687) kabi amaliyotchi olimlar
karlarni o‘qitishga alohida urinishlar sifatida o‘z hissalarini qo‘shdilar.