XALQARO MOLIYA TASHKILOTLARI VA UNDA XALQARO MOLIYA MUNOSABATLARINING ASOSIY YO’NALISHLARI
Xalqaro moliya – xalqaro moliyaviy resurslar majmuini va ularning harakatlanishini ifodalovchi tushuncha hisoblanadi. Xalqaro moliya munosabatlari muayyan maqsadlarni amalga oshirish uchun xalqaro darajada shakllantirilgan moliyaviy resurslarni taqsimlash va ulardan foydalanish jarayonidagi iqtisodiy munosabatlarni ifodalaydi. Xalqaro moliya munosabatlari o’ziga xalqaro valyuta munosabatlari, xalqaro kredit munosabatlari, xalqaro investitsiya munosabatlari, xalqaro savdo munosabatlari, xalqaro soliq munosabatlari, xalqaro lizing munosabatlari, mamlakatlar to’lov balansini boshqarish, xalqaro moliya tashkilotlari bilan aloqalar kabi munosabatlarni qamrab oladi. Globallashuv jarayoni – jahon savdosining o’sishi, ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi va kengayishi, kapitalning xalqaro oqimini rivojlanishi, xizmatlar va mahsulotlarning xalqaro xarakati xalqaro moliyaning rivojlanishiga zamin yaratdi. Shuningdek, mazkur holat jahon moliya bozorlarining, xalqaro moliyaviy korporatsiyalarning yuzaga kelishiga, davlatlararo moliyaviy munosabatlarning va xalqaro moliyaviy faoliyatning boshqa jihatlarini murakkablashuviga olib keldi.
Xalqaro moliya doimiy o’zgaruvchan xalqaro pul tizimlarining holati va rivojlanishini, alohida mamlakatlar to’lov balansining o’zgarishini, xalqaro moliya bozorlari, xalqaro moliyaviy korporatsiyalar, xalqaro bank va investitsion faoliyatni namoyon etadi. Xalqaro moliya tizimining asosiy ishtirokchilar bo’lib quyidagilar hisoblanadi: banklar, transmilliy korporatsiyalar, portfel investorlar va xalqaro rasmiy karzdorlar. Xalqaro moliyaviy operatsiyalar alohida mamlakatlarning moliya tizimiga jiddiy ta’sir ko’rsatuvchi kuch hisoblanadi.
Xalqaro moliya o’zida ob’ektiv asosga ega bo’lgan moliyaviy munosabatlarni ifodalaydi. Xalqaro moliyaning moddiy asosi bo’lib mamlakatlar o’rtasida amalga oshiriladigan xalqaro moliyaviy oqimlar, jumladan, pul oqimlari – import qilingan mahsulot va xizmatlarning to’lovlari hamda mahsulot va xizmatlar eksportidan kelgan valyuta tushumlari, ushbu oqimlar xo’jalik yurituvchi sub’ektlar moliyasini ifodalashi mumkin, lekin ular turli mamlakatlarga tegishli bo’ladi, shu boisdan mamlakatlar o’rtasidagi pul oqimlari xarakatini namoyon etadi. Shuningdek, kredit mablag’lari oqimi ham ikki tomonlama bo’lib hisoblanadi, bir tomondan qarzning berilishi bo’lsa boshqa tomondan esa, uning qaytarilishi va foizlarning to’lanishi namoyon bo’ladi. Shunday qilib, mazkur oqimlar asosida moliyaviy resurslarning mamlakatlar o’rtasidagi xarakati yuzaga keladi. Ularning taqsimlanishi bir tomondan valyuta kurslari asosida ikkinchi tomondan esa, bojxona tariflari asosida boshqariladi.
Mamlakat davlat moliyasining xususiyatlari sifatida quyidagilarni kelitirish mumkin:
bitta mamlakat xududidan chiqmaydi;
xorijiy sub’ektlarni jalb qilmaydi;
milliy qonunchilik asosida amalga oshiriladi;
mamlakat ichida amalga oshiradigan hisob-kitoblarni o’zida ifodalaydi.
Xalqaro moliya esa turli xildagi jihatlarni o’rganadi. Bularga:
iqtisodiy kategoriya sifatida – moliyaviy resurslarning fondlari bo’lib, xalqaro iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish asosida tashkil etilgan hamda xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan umumiy ehtiyojlarni qondirish va jahon darajasida ijtimoiy takror ishlab chiqarishning rentabelligini va uzluksizligini ta’minlash uchun foydalaniladi.
institutsional jihatdan – bu banklar, valyuta va fond birjalari, xalqaro moliya institutlari, mintaqaviy moliya-kredit tashkilotlari, xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlar va birlashmalar majmui bo’lib ular orqali jahon moliyaviy oqimlarining xarakati amalga oshiriladi.
iqtisodiy munosabat sifatida – bu, jahon bozorida kapital, xizmatlar, tovarlar xarakati vaqtida milliy mahsulotlarning qayta taqsimlanishi jarayonida yuzaga keluvchi pul ko’rinishidagi munosabat. Davlatlararo va transmilliy moliya-kredit munosabatlarini o’z ichiga oladi va ularda xorijiy elementlar ishtirokini ifodalaydi.
Xalqaro moliyaning asosiy funktsiyalariga quyidagilar kiradi:
taqsimlash funktsiyasi;
nazorat funktsiyasi;
takror ishlab chiqarish jarayoniga moliya yordamida xalqaro valyuta-kredit va moliya tashkilotlarining aralashuvi bilan bog’liq tartibga solish funktsiyasi;
barqarorlashtirish funktsiyasi. Mazkur funktsiya jahon xo’jaligi tizimida iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar uchun barqaror sharoitni yaratishda namoyon bo’ladi.
Xalqaro moliya munosabatlari shakllanishi va rivojlanishining asosiy omillari quyidagilardan iborat:
Jahon bozorlarining vujudga kelishi, ayniqsa tovar bozorlari.
Xalqaro mehnat taqsimoti.
Iqtisodiy aloqalarning baynalmilallashuvi va globallashuvi.
Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda integratsiya jarayonlarining kuchayishi.
Ilmiy-texnika taraqqiyoti;
Xalqaro moliya munosabatlarining ko’p tomonlama tartibga solish tizimini takomillashtirilishi;
Jahon iqtisodiyotida global muammolarning keskinlashuvi.
Xalqaro moliya jahon xo’jaligining aniqlovchi tizimlaridan biri hisoblanib, milliy va jahon iqtisodiyotiga aniqlovchi ta’sir ko’rsatadi.
Xalqaro moliya yaxlit tizim sifatida faoliyat ko’rsatadi va uning elementlariga quyidagilar kiradi:
Jahon valyuta tizimi – milliy va zahira valyutalar, xalqaro jamoaviy valyutalar, o’zaro konvertirlash shartlari, valyuta pariteti, valyuta kursi, valyuta kurslarini tartibga solishning milliy va xalqaro mexanizmlaridan tashkil topgan.
Xalqaro hisob-kitoblar – moliyaviy instrumentlar, ishlab chiqarish omillari, tovarlar xarakati, shuningdek, xalqaro hisob-kitoblar bilan bog’liq barcha operatsiyalarni aks ettiruvchi to’lov balansiga xizmat qiladi.
Xalqaro moliya bozorlari va muayyan moliyaviy instrumentlar savdosi mexenizmlari – valyuta, kredit, qimmatli qog’ozlar.
Xalqaro soliqqa tortish – pul mablag’lari fondlarini shakllantirish metodi sifatida.
TMKlarning xalqaro moliyaviy menejmenti, bunda transmilliy moliyalashtirish, risklarni boshqarish, xalqaro investitsiyalash jarayoni asosiy o’ringa chiqadi.
Jahon iqtisodiyotining tizim sifatidagi faoliyati tovarlar, xizmatlar va ishlab chiqarish omillarining harakati bilan bog’liq. Ushbu bog’liqlik asosida xalqaro moliya munosabatlari yuzaga keladi.
Xalqaro moliya munosabatlari bu xalqaro moliya bozori ishtirokchisi bo’lgan shaxsning qaroriga muvofiq tarzda o’ziga tegishli bo’lgan xorijiy valyutalarning harakat jarayonini tavsiflovchi fundamental iqtisodiy kategoriyadir.
1970 yillarda xalqaro moliya tizimida sezilarli o’zgarishlar sodir bo’ldi va mazkur o’zgarishlar ta’sirida zamonaviy jahon valyuta-moliya tizimi shakllana boshladi. Jahon moliya tizimidagi o’zgarishlar va xalqaro moliya munosabatlarining rivojlanishi ko’p jihatdan trasmilliy korporatsiyalar faoliyati bilan bog’liq bo’lib, ular tomonidan butun dunyo bo’ylab ishlab chiqarish tarmoqlarini vujudga keltirish hamda barcha resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan global strategiya amalga oshirildi. Shuningdek, xalqaro moliya munosabatlari rivojlanishida moliyaviy jihatdan barqaror hamda ko’p sonli xorijiy filiallarga ega bo’lgan transmilliy banklar muhim rol o’ynadi.
Xalqaro kreditlashdan foydalanish xususiyatining o’zgarishi bilan bog’liq ravishda xalqaro kredit bozori hajmi keskin ortib bordi. Uning oxirgi yo’nalishi nafaqat xalqaro ayriboshlash sohasi (mahsulotlar, xizmatlar va boshq.) balki, ishlab chiqarish sohasi ham bo’ldi. Bu holat, birmuncha yirik kreditlarni uzoq muddatlarga jalb etishni, shuningdek, moliya-kredit xizmatlari majmuasini rivojlantirishni talab etardi. 1970 yillarda xalqaro kreditni to’lov balansining taqchilligini bevosita yoki bilvosita moliyalashtirish uchun foydalana boshladilar. Xususiy firmalar bilan bir qatorda yirik qarzdorlar sifatida hukumatlar, davlat tashkilotlari va korxonalar, xalqaro kredit tashkilotlari yuzaga keldi.
Ushbu davrda neft import qiluvchi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar to’lov balanslari jami taqchilligining qariyb 60% xalqaro kapital bozorlari hisobiga moliyalashtirildi. Xalqaro kredit hajmining oshishi nafaqat evrokreditlarning o’sishi hisobiga balki, xorijiy kreditlash bozorlari kengayishi hisobiga sodir bo’ldi. Yaponiya milliy valyutasi “iena” hisobiga xorijiy kreditlar bozori hajmining oshishi natijasida Tokioda ienadagi xorijiy obligatsiyalar emissiyasi hajmi keskin ortdi. Mazkur holat natijasida Yaponiya ienasi evrovalyuta bozorida keng qo’llanila boshlandi.
1970 yillarda xalqaro kapital bozori kengayishiga bir qator omillar ta’sir ko’rsatdi va natijada xalqaro resurslar aylanishi va likvidligi oshib bordi. Ushbu davrda jahon iqtisodiyoti ikkita neft inqirozini boshdan kechirdi va neft narxining birdaniga keskin o’zgarishiga sabab bo’ldi. Mazkur holat natijasida neft eksport qiluvchi mamlakatlarda yirik valyuta ortiqchaligi, neft import qiluvchilarda esa, jumladan ko’plab rivojlangan mamlakatlarda joriy hisoblar bo’yicha taqchillik yuzaga keldi. Bu taqchillik asosan retsipient-mamlakatlarga xalqaro banklar, evroobligatsiyalar bozori orqali tushgan neftedollarlar hisobiga qoplandi.
Jahon iqtisodiyotida ro’y bergan boshqa muhim o’zgarishlar ham xaqaro moliya munosabatlari rivojlanishiga ijobiy va salbiy jihatdan sezilarli darajada ta’sir ko’rsatdi. Ushbu o’zgarishlar jumlasiga, jahon va hududiy valyuta tizimlaridagi o’zgarishlar, valyuta tizimi tamoyillarining o’zgarishi, qarzdorlik inqirozlari, mamlakatlar tomonidan iqtisodiy integratsion birlashmalarning tuzilishi, xalqaro va mintaqaviy moliya tashkilotlarining vujudga kelishi, transmilliy korporatsiya va banklar faoliyatining kengayishi, jahonda ro’y bergan moliyaviy-iqtisodiy inqirozlarni kiritish mumkin.
Xalqaro moliyaning barcha tashkiliy elementlari jahon moliyaviy muhitida birlashadi.
Jahon moliyaviy muhiti – investorlar va korporatsiyalar moliyasi, banklar boshqaruvchilari qabul qiluvchi qarorlarga ta’sir ko’rsatadi hamda jahon moliya bozori o’sishi sharoitini aniqlaydi.
Xalqaro moliya tizimining asosiy funktsiyalari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
valyutalar ayriboshlash va hisob-kitob tizimi shartlarining birxillashuvi;
valyuta kurslari rejimlarini tartiblashtirish va valyuta cheklovlarini tartibga solish;