Iqtisodiyot nazariyasi


Pul-kredit siyosatini amalga oshirishning usul va mexanizmlari (inflyatsion targetlash rejimiga o‘tishning ahamiyati)



Yüklə 207,92 Kb.
səhifə3/6
tarix29.01.2022
ölçüsü207,92 Kb.
#51767
1   2   3   4   5   6
Kurs ishi Eshboyev Mirzohid

2.Pul-kredit siyosatini amalga oshirishning usul va mexanizmlari (inflyatsion targetlash rejimiga o‘tishning ahamiyati)

Ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash vazifasi pul-kredit siyosatini amalga oshirishning aniq strategiyasi va batafsil rejasi bo‘lishini hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun samarali instrumentlar va mexanizmlarni talab etadi.

Pul-kredit siyosati rejimlaridan foydalanishning xalqaro tajribasi

Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar markaziy banklari tomonidan keng qo‘llanilayotgan usullar inflyatsion targetlash, monetar targetlash, valyuta kursini targetlash va nominal yakorsiz rejimlarni o‘z ichiga oladi.

Inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish vazifasi aksariyat markaziy banklar uchun bosh maqsad hisoblansa-da, yuqorida qayd etilgan uslublar asosan tezkor va oraliq mo‘ljallarga qarab farqlanadi.

Monetar targetlash rejimi

Pul-kredit siyosatini amalga oshirishning ushbu usulida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida pul agregatlari, rezerv pullar va pul massasi hajmlari o‘zgarishini nazorat qilish nazarda tutiladi.

Ushbu strategiyaning samarali qo‘llanilishi inflyatsiya ko‘rsatkichlari va pul agregatlari o‘rtasidagi mustahkam doimiy bog‘liqlik bo‘lishini talab etadi. Bunda inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga pul agregatlari hajmini maqbul darajada ushlab turish vositasida erishiladi.

Monetar targetlash rejimi 1970-chi va 1980-chi yillarda AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya va boshqa rivojlangan davlatlarda faol qo‘llanilgan.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda moliya bozorlarining rivojlanishi va yangi moliyaviy instrumentlarning amaliyotga joriy etilishi hisobiga pulga nisbatan talabning nobarqaror darajada bo‘lishi mazkur usul samaradorligining pasayishiga olib keldi.

Natijada markaziy banklar pul massasidagi o‘zgarishlarga samaralari ta’sir ko‘rsatish va inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlarini ta’minlash imkoniyati cheklanishi kuzatildi.

Pul agregatlari va inflyatsiya darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlikning kuchsizlanishi tufayli ko‘pchilik markaziy banklar tomonidan pul agregatlarini targetlash amaliyotidan voz kechilib, inflyatsion targetlash rejimini joriy qilinishiga sabab bo‘ldi.

Monetar targetlash rejimi pul taklifi va talabining keskin o‘zgarishlari kuzatilgan rivojlanayotgan va o‘tish davridagi mamlakatlarda iqtisodiy rivojlanishning dastlabki yillarida samarali strategiya sifatida keng ko‘llanilgan. Bunda inflyatsiya bo‘yicha tegishli ko‘rsatkichlarni belgilashda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadlaridan kelib chiqilgan.

1994 yildan boshlab1 O‘zbekistonda amalga oshirilgan pul-kredit siyosati ham pul massasining keskin o‘sib ketishini oldini olish orqali milliy valyuta barqarorligini ta’minlash maqsadlariga qaratildi. Bunda rezerv pullar va pul massasining o‘zgarishi operatsion hamda oraliq mo‘ljallar sifatida qo‘llanildi.

Mazkur rejim rasman monetar targetlash deb tasniflansa-da, amaliyotda milliy valyutaning almashuv kursini dollarga bog‘lash orqali bosqichma-bosqich devalvatsiya qilib borilganligi tufayli ba’zi xalqaro institutlar va mutaxassislar tomonidan ushbu rejim aralash turga kiritilgan.

Bir vaqtning o‘zida ikki maqsadga yo‘naltirilgan almashuv kursi siyosati tashqi shoklar vujudga kelgan sharoitlarda samarasiz ekanligini ko‘rsatdi. Bunda bir tomondan oltin-valyuta zahiralarini oshirish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan so‘mning almashuv kursini ma’lum bir darajada ushlab turish maqsadi ko‘zlangan. O‘z navbatida, mazkur almashuv kursi to‘lov balansi holati va tashqi iqtisodiy sharoitlarni o‘zida aks ettirmagan.

Bunday siyosat, o‘z navbatida, ichki valyuta bozorida muammolarni yuzaga keltirib, samarali pul-kredit siyosatini yuritish imkoniyatlarini pasaytirdi. Bundan tashqari, pul-kredit instrumentlaridan foydalanishning passiv rejimi monetar targetlashni samarali qo‘llashda qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirdi.

Pul massasi o‘zgarishini omillar asosida tahlili, pul massasi o‘sishi turli davrlarda oltin-valyuta zaxiralarining oshishi hamda iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining kengaytirish hisobiga ta’minlanganligini ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda iqtisodiyotni kreditlashning asosiy manbalari markazlashgan mablag‘lar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilganligi hamda ushbu mablag‘lar asosan ishlab chiqarish texnologiyalari va xomashyo materiallarini import qilish maqsadida foydalanilganligi tufayli iqtisodiyotda pul massasi o‘sishiga va mos ravishda inflyatsiya darajasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmagan.

Umuman olganda, ushbu omillar ta’sirida pul massasi tez sur’atlarda oshishining oldi olingan.

Shu bilan birga, amalga oshirilgan tahlillar natijasida inflyatsiya darajasi, YaIM deflyatori va pul massasi o‘zgarishi o‘rtasida aniq va barqaror o‘zaro bog‘liqliklar aniqlanmadi.

Pul aylanish tezligi va pul multiplikatori ko‘rsatkichlari o‘zgarishi ham ushbu ko‘rsatkichlar dinamikasining o‘zgaruvchan xarakterga ega ekanligini, pul-kredit ko‘rsatkichlarining maqsadli parametrlarini ishlab chiqishda xatoliklarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, pul massasining YaIM nominal hajmiga nisbatan mo‘tadil darajada o‘sishi inflyatsiya bosimining sezilarli kuchayishini oldini olishga xizmat qildi. Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkichlar o‘rtasida aniq bog‘liqlikning mavjud emasligi rezerv pullar va pul massasi aniq darajasini hisoblash imkoniyatini bermaydi.

Masalaning yana bir muhim jihati, Markaziy bankning pul agregatlarini samarali boshqara olishi qobiliyati bilan bog‘liq. Odatda, markaziy banklar rezerv pullar darajasini samarali boshqara oladilar, ammo pul massasini nazorat qilishda qiyinchiliklarga duch keladilar.

Ushbu jarayon asosan dollarizatsiya darajasi yuqori bo‘lgan hamda moliya bozorlari rivojlanish bosqichida turgan mamlakatlarda ko‘p kuzatiladi, binobarin, bunday mamlakatlarda kredit va depozitlarga bo‘lgan talab keskin o‘zgarib turishi mumkin.

Pulga bo‘lgan talabning o‘zgaruvchanligi, keng ma’nodagi pul massasining tarkibi, dollarizatsiya darajasining yuqoriligi kabi omillar pulga bo‘lgan talabni aniqlash imkoniyatini pasaytiradi.

Bunday holatda, pulga bo‘lgan talab va foiz stavkalari o‘rtasidagi bog‘liqlik sust bo‘lganligi sababli Markaziy bank uchun pul massasining maqsadli darajasini saqlab turish vazifasi murakkablashadi.

Yuqorida qayd etilgan muammolar natijasida keng ma’nodagi pullar hajmining oraliq mo‘ljallardan chetlashishi Markaziy bankning pul-kredit siyosatiga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi.

Valyuta kursini targetlash rejimi

Valyuta kursini targetlash rejimi milliy valyuta ayirboshlash kursini past va barqaror inflyatsiya darajasiga ega rivojlangan davlatlar valyutasiga bog‘lashni nazarda tutadi.

Shuningdek, valyuta kursini targetlashning milliy valyuta ayirboshlash kursi tebranishi mumkin bo‘lgan gorizontal va shartli koridorlarni o‘rnatish hamda real ayirboshlash kursini asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalari savatchasiga nisbatan targetlash kabi turlari ham mavjud.

Valyuta kursini targetlash rejimi iqtisodiyoti eksport, ayniqsa, xom-ashyo tovarlari eksportiga bog‘liq bo‘lgan, shuningdek, iste’mol savatida import tovarlari yuqori ulushni tashkil qilgan mamlakatlarda faol qo‘llaniladi.

Mazkur rejim iqtisodiy inqiroz kuzatilgan davrlarda inflyatsiya darajasini tez va samarali.

pasaytirish imkonini beradi. Bunda pul-kredit siyosati faqatgina ayirboshlash kursining maqsadli darajasini ta’minlashga yo‘naltiriladi. Jumladan, valyuta kursi qadrsizlanganda qat’iy pul-kredit siyosati, valyutaning qadri maqsadli darajadan ko‘proq oshganda yumshoq pul-kredit siyosati yuritiladi

Valyuta kursini targetlash rejimi aniqligi va oddiyligi sababli aholi, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari va bozorning boshqa ishtirokchilari tomonidan oson tushuniladi.

Mazkur rejimning yana bir ijobiy tomoni moliyaviy institutlar yaxshi rivojlanmagan sharoitlarda ham u o‘zining samaradorligini saqlab qoladi. Bunday vaziyatda valyuta kursiga pul-kredit siyosati choralari va valyuta intervensiyalari orqali ta’sir ko‘rsatiladi.

Shu bilan birga, kapital oqimlari kuchli bo‘lgan davrlarda ushbu rejimni samarali qo‘llash imkoniyati cheklanadi va iqtisodiy inqiroz davrida markaziy bankning valyuta kursini barqarorlashtirish borasidagi vazifasini qiyinlashtiradi.

Valyuta kursini targetlash rejimini qo‘llanishi quyidagi shart sharoitlar bilan chambarchas bog‘liq:

valyuta kursining maqsadli ko‘rsatkich doirasida bo‘lishini ta’minlashda markaziy banklarning imkoniyati oltin-valyuta zaxiralarining hajmiga bog‘liq bo‘ladi. Zaxiralarning yetarlicha bo‘lmasligi valyuta kursining kadrsizlanishiga olib keladi, bu esa keyingi davrlarda ham devalvatsion va inflyatsion kutilmalarni oshiradi. Bu, o‘z navbatida, import narxlarining oshishiga hamda ichki valyuta bozorida cheklovlarning o‘rnatilishi natijasida iqtisodiyotda xufyona valyuta bozori va turli ayirboshlash kurslarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi;

milliy valyuta ayirboshlash kursining bir necha marta rejali devalvatsiyasi amalga oshirilganda, devalvatsion va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi oqibatida inflyatsiya darajasi oshishi xatari yuzaga keladi;

nominal ayirboshlash kursi qat’iy belgilanadigan sharoitda real ayirboshlash kursining oshishi to‘lov balansining yomonlashishiga va iqtisodiyotda devalvatsion xatarlarning ortishiga olib keladi;

narxlar darajasi va ayirboshlash kursiga bo‘lgan bosimning kuchayishi markaziy banklarning moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi imkoniyatiga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Mazkur sharoitda barqarorlikni ta’minlashga foiz stavkalarining oshirilishi orqali erishiladi. Bu esa o‘z navbatida, iqtisodiyotning real sektori rivojlanishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Xorijiy mamlakatlar, shu jumladan, mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari tajribasi ayirboshlash kursini targetlash oltin-valyuta zaxiralarining sezilarli darajada kamayishi, kursning sun’iy ravishda ushlab turish oqibatida mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligining pasayishi, eksport sektori rivojlanishining sekinlashishi va iqtisodiyotning tashqi omillarga ta’sirchanligining oshishi kabi qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Nominal yakorga ega bo‘lmagan rejim

Pul-kredit siyosatining nominal mo‘ljalsiz rejimida markaziy banklar tomonidan aniq bir maqsadli nominal ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha majburiyat olinmaydi. Bunda uzoq muddatli maqsadlar sifatida iqtisodiy o‘sish sur’ati, yuqori bandlik va inflyatsiyaning past darajasi kabi maqsadlar belgilanib, oraliq mo‘ljallar esa keng jamoatchilikka oshkor etilmaydi.

Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning maqsadli parametrlariga erishishda markaziy banklar tomonidan pul-kredit siyosatining turli miqdoriy mo‘ljallaridan foydalaniladi.

Inflyatsiya darajasi past va kam o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘lgan hamda pul-kredit siyosati choralarining natijasi uzoq muddat talab qiladigan mamlakatlarda mazkur rejimdan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Inflyatsion targetlash rejimi

Pul-kredit siyosatining inflyatsion targetlash rejimida markaziy bank tomonidan inflyatsiyaning o‘rta muddatli maqsadli darajasi e’lon qilinadi va pul-kredit instrumentlari ushbu inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga erishishga yo‘naltiriladi.

Pul-kredit siyosatini amalga oshirishning mazkur usuli ko‘pgina rivojlangan hamda rivojlanayotgan mamlakatlarda keng qo‘llanilib kelinmoqda. Inflyatsion targetlash rejimi inflyatsiya darajasining o‘zgaruvchanligi va inersion davomiyligini kamaytirishning samarali usuli hisoblanib, o‘rta muddatli istiqbolda barqaror va muvozanatli iqtisodiy o‘sishga erishish uchun kulay sharoitlarni yaratadi.

Inflyatsion targetlash rejimi dastlab 1989 yilda Yangi Zelandiyada amaliyotga joriy qilingan. Bugungi kunga kelib dunyoning 30 dan ortiq davlatlari, jumladan, Avstraliya, Argentina, Braziliya, Buyuk Britaniya, Gruziya, Isroil, Hindiston, Kanada, Polsha, Turkiya, Shvetsiya, Yaponiya, Chexiya kabi davlatlar pul-kredit siyosatining mazkur rejimidan foydalaniladilar.

MDH mamlakatlari orasida Armaniston va Rossiyada inflyatsion targetlash rejimi qo‘llanmoqda. Qozog‘iston va Belarus Respublikasi markaziy banklari tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish rejasi va dasturlari e’lon qilingan.

Pul-kredit siyosatini yuritishda inflyatsion targetlash rejimining tanlanilishi ushbu rejimning afzalliklari bilan bir qatorda valyuta kursi yoki pul agregatlarini targetlash rejimlarida kuzatilgan qator muammolar bilan izohlanadi.

Markaziy bankning pul-kredit siyosatining maqsadlari va asosiy yo‘nalishlari, shuningdek inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha majburiyatlarining aniq belgilanishi jamiyatda ijobiy iqtisodiy kutilmalarning shakllanishiga xizmat qiladi.

Inflyatsion targetlash rejimida inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda markaziy bankning yuqori darajadagi mustaqilligi talab qilinadi. Bunda makroiqtisodiy sharoitlarning o‘zgarishlariga tezkor moslashuvchanlik imkoniyatining mavjudligi markaziy bankka iqtisodiyotdagi ichki muammolarga e’tibor qaratishiga imkoniyat yaratadi.

Mazkur rejimda markaziy bank faoliyati shaffofligining oshishi aholining inflyatsiya kutilmalarini pasayishiga hamda markaziy bankka bo‘lgan ishonchi mustahkamlanishiga olib keladi.

Shu bilan birga, ushbu rejimga o‘tish va uni samarali amalga oshirish mamlakatda muhim tashkiliy-huquqiy va makroiqtisodiy sharoitlar majmuini talab qiladi.

Xususan, past va barqaror inflyatsiya darajasiga erishish vazifasi markaziy bankning pul-kredit siyosatini amalga oshirishdagi nafaqat rasman balki amalda ham bosh maqsadi bo‘lishi kerak.

Markaziy bank oraliq mo‘ljal sifatida xizmat qiluvchi narxlar dinamikasidagi o‘zgarishlar prognozi asosida inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichga erishish yuzasidan majburiyat oladi. Boshqa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar (iqtisodiy o‘sish, pul massasi, ayirboshlash kursi va boshqalar) bo‘yicha maqsadli mo‘ljallar rasmiy ravishda qabul qilinmaydi.

Bunda markaziy bank amaldagi inflyatsiya darajasi va kutilayotgan narxlar dinamikasiga baho berishda ishonchli tahliliy va prognozlashtirish bazasiga ega bo‘lishi talab etiladi. Tahlillarning sifatli bo‘lishi ko‘p jihatdan, ichki bozordagi narxlarning real dinamikasini o‘zida aks ettiruvchi ishonchli va batafsil statistik ma’lumotlarning mavjudligini talab etadi.

Inflyatsion targetlash rejimining samaradorligi ko‘p jihatdan, markaziy bankning inflyatsiya bo‘yicha miqdoriy mo‘ljallarni belgilash va pul-kredit instrumentlarini tanlashdagi mustaqilligi darajasi bilan bog‘liq.

Shuningdek, bu rejimni qo‘llashda fiskal siyosatning pul-kredit siyosatidan ustunlik qilmasligi, ya’ni pul-kredit siyosatining soliq-byudjet sohasidagi maqsadlarga qaratilmasligi talab etiladi.

Inflyatsion targetlash rejimida inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda aholi va biznes vakillarining inflyatsion kutilmalari muhim ahamiyat kasb etishi tufayli olib borilayotgan pul-kredit siyosatiga jamiyatning ishonchini mustahkamlash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Bunda markaziy bank faoliyatining shaffofligi hamda aholi bilan muloqot tizimining kuchaytirilishi yuqoridagi vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi. Xususan, markaziy bank doimiy ravishda statistik ma’lumotlarni chop etib, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida jamiyat va iqtisodiyotning real sektori ishtirokchilarini xabardor qilib boradi.

Inflyatsion targetlash rejimida markaziy bankning foiz stavkasi pul-kredit siyosatining asosiy instrumenti bo‘lganligi uchun mazkur rejimning natijadorligi mamlakatdagi moliya institutlari va bozorlarining rivojlanganlik darajasiga bog‘liq hisoblanadi.

Bunda, markaziy bank pul bozoridagi foiz stavkalari darajasi va dinamikasiga likvidlikni taqdim etish yoki likvidlikni qaytarib olish operatsiyalari orqali ta’sir ko‘rsatadi.

Mazkur holatda, markaziy bank tomonidan belgilanadigan inflyatsiya o‘zgarishining oraliq intervali amal qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy bank tomonidan asosiy e’tibor maqsadli ko‘rsatkichlarning mazkur interval doirasida bo‘lishini ta’minlashga qaratiladi.

Ushbu parametrlar bajarilmagan holatlarda markaziy bank tomonidan tafovutlarning sabablariga tushuntirish berilishi va keyingi davrda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar xususida aniq pozitsiya shakllantirilishi lozim.

Shu bilan birga, xorijiy mamlakatlar tajribasida inflyatsion targetlash rejimi qo‘llanilishining tahlili mazkur rejimni amaliyotga joriy etish jarayonida qator muammoli holatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, rivojlanayotgan va MDH mamlakatlarida inflyatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy omillar nomonetar xususiyatga egaligi hamda ularning markaziy bank nazorati doirasidan tashqarida ekanligi pul-kredit siyosati instrumentlarini qo‘llash samaradorligini sezilarli darajada cheklaydi.

Shuningdek, maqsadli ko‘rsatkich sifatida haqiqiy vaziyatni o‘zida aks ettiruvchi narxlar indeksining tanlanishi ham inflyatsion targetlash rejimini qo‘llashning yana bir muhim talablaridan hisoblanadi.

Ayrim mamlakatlarda iste’mol baholari indeksi (IBI) o‘rniga jahon bozorlaridagi narxlar o‘zgarishi, ma’muriy o‘rnatiladigan narxlar, mavsumiylik kabi qator omillarni istisno etuvchi indekslardan foydalaniladi. O‘zgartirilgan ko‘rsatkichlarning qo‘llanilishi rasmiy IBI yoki YaIM deflyatori bilan tafovutlarning kelib chiqishi xatarlarini oshiradi.

Inflyatsion targetlash rejimining amaliyotga joriy qilish xususiyatlari turli mamlakatlarda bir-biridan farqlansa-da, umuman olganda, erishilgan natijalar mazkur usulning rivojlangan mamlakatlar, shuningdek, o‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida samarali bo‘lganligidan dalolat beradi.

Inflyatsion targetlash rejimining joriy qilinishi iqtisodiy siyosatni keng ko‘lamda takomillashtirishni talab etadi.

Misol uchun, Lotin Amerikasida inflyatsion targetlashning qo‘llanilishi soliq-byudjet siyosatining ham qayta ko‘rib chiqilishini taqozo qilgan.

Shuningdek, inflyatsion targetlash rejimini amaliyotga joriy qilgan mamlakatlarda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar sifatining yaxshilanishi, markaziy bankning texnik hamda tahliliy-prognozlashtirish imkoniyatlarining oshishi kuzatiladi.

Inflyatsion targetlashning natijadorligi ko‘p jihatdan pul-kredit siyosati foiz kanali samaradorligiga bog‘liqligini inobatga olib, xorijiy mamlakatlarda asosiy e’tibor moliya tizimini rivojlantirish va barqarorligini ta’minlashga qaratilmoqda.


Yüklə 207,92 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin