3-BOB. BYUDJETDAN TASHQARI PENSIYA JAMG’ARMASI MOLIYAVIY BARQARORLIGINI TA’MINLASH MASALALARI 3.1. Pensiya jamg’armasi daromadlari va xarajatlari mutanosibligini ta’minlash. Tadqiqotlar ko’rsatishicha, pensiya tizimi samarali amal qilishi uchun pensionerlar va ishlayotgan fuqarolar o’rtasida ma’lum darajada muvozanat bo’lishi lozim. Biroq, demografik prognozlar respublikada aholining keksayish jarayoni nisbatan tezlashishini va bu muvozanat o’zgarishini, ya’ni keksalarning iqtisodiy faol aholiga to’g’ri keladigan demografik yuki ortib borishini ko’rsatmoqda. Bu holat iqtisodiy faol aholidan foydalanishning samaradorlik ko’rsatkichlari bozor nuqtai nazaridan kamayishini, ya’ni ishlayotganlarning badallari pensiyalarni to’lash uchun ham etmasligini ko’rsatadi. Bu esa, o’z navbatida, hozirdan Pensiya jamg’armasining moliyaviy holatini yaxshilashni talab etadi.
Respublikada Pensiya jamg’armasi moliyaviy holatini yaxshilash yo’llaridan biri imtiyozli pensiya tayinlanishini kamaytirishdir. Ta’kidlash joizki, so’nggi yillarda respublikamizda yoshga doir pensiya oluvchilar o’rtasida imtiyozli asosda pensiyaga chiquvchilarning hissasi ortib bormoqda. Ushbu masalani Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish Konsepsiyasida qayta ko’rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Chunki, xorijiy amaliyotda bunday imtiyozlar kuzatilmaydi.
Qator mamlakatlar pensiya tizimini moliyaviy barqarorlashtirish muammosini pensiyaga chiqish yoshini ko’tarish yo’li bilan hal qilmoqda. Masalan, MDH tarkibiga kiruvchi aksariyat mamlakatlar pensiyaga chiqish yoshini qonun yo’li bilan ko’tardi. Jumladan, Ozarbayjon, Moldova va Turkmanistonda pensiyaga chiqish yoshi erkaklar uchun – 62 yoshga, ayollar uchun – 57 yoshga, Armanistonda erkaklar uchun – 63 yoshga, ayollar uchun – 60 yoshga, Qozog’istonda erkaklar uchun – 63 yoshga, ayollar uchun – 58 yoshga ko’tarilgan. Shu nuqtai nazardan O’zbekistonda Pensiya jamg’armasi moliyaviy holatiniyaxshilash yo’llaridan yana biri erkaklar va ayollar uchun pensiyaga chiqish yoshini tenglashtirishdir.
Yangi iqtisodiy munosabatlar sharoitda O’zbekiston aholisining jinsiy tarkibida bevosita ayollarga xos ijtimoiy-demografik xususiyatlar sodir bo’lmoqda.
Jumladan:
– ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo’lgan ayollar salmog’i ortib bormoqda;
– ayollarda erkaklarga nisbatan tug’ilganda kutilayotgan hayot
davomiyligining yuqoriligi saqlanmoqda.
Ko’rib o’tilgan ijtimoiy-demografik xususiyatlari erkaklar va ayollar uchun
pensiyaga chiqish yoshini tenglashtirish imkonini yaratdi.
BMT ma’lumotlariga ko’ra, asrimiz o’rtalariga borib Yerda 100 yoshdan oshganlar soni 3,2 million kishiga etar ekan. Vaholanki, ular 2014-yilda 300 ming kishidan oshmayotgan edi. Dunyoda sog’liqni saqlash sifati yaxshilangani, tibbiyotning jadal taraqqiy etayotgani, sanitar nazoratning takomillashayotgani, ta’limdan foydalanishning kengayayotgani, iqtisodiy farovonlik bois keksalar ulushi borgan sari ko’paymoqda.
Uzoq umr ko’rish – insoniyat taraqqiyotining eng katta muvaffaqiyatlaridan biridir. Shuni ham ta’kidlash joizki, bugun Yevropadagi ishchi o’rinlarining 60 foizini 30 dan 50 yoshgacha bo’lganlar, 40 foizini esa 50 yoshdan oshganlar tashkil qilayotganining o’ziyoq muammoning nechog’li dolzarbligini ko’rsatib turibdi. Hayot darajasi yaxshilangani bois odamlarning umri ham uzayib boryapti.
Jumladan, 2050-yilga borib AQSh, G’arbiy Yevropa va Yaponiyada keksalar miqdori yoshlar ulushiga qaraganda ko’p bo’ladi. Bugun keksalar soni bo’yicha Yaponiya jahonda birinchi o’ringa chiqib oldi. Bu erda 65 yoshdan oshganlar aholining 25 foizini tashkil qilyapti. Tug’ilishning kamligi sababli Janubiy Koreya ham unga etishib kelyapti54. AQSh esa o’z YaIMining 10 foizini qari-keksalar tibbiy sug’urtasini ta’minlash federal dasturlariga yo’naltirayapti. Yevropa davlatlarida pensiya tizimi ular YaIManing 13 foizini “eb qo’ymoqda”. Bu mamlakatlarda har bir pensionerga 4 nafar mehnatga yaroqli kishi to’g’ri kelyapti. Ammo, 2050-yilga borib bu mutanosiblik 2 taga tushib qoladi. Rossiyada 60 yoshdan oshganlar ulushi 2012-yildayoq 26,5 million kishiga yetdi va umumiy aholining 19 foizini tashkil etyapti. 2030-yilga borib ular ulushi 28 foizga ortadi. Xitoyda 2013-yilda 60 yoshdan oshgan aholi soni 202 million kishi bo’ldi va bu aholining 15 foizini tashkil qilmoqda. Shuning uchun fuqarolarga umrining oxiriga qadar pensiya to’lash, munosib yashash sharoitlarini yaratib berishni davom ettirish davlat zimmasidagi dolzarb vaziafaga aylanib bormoqda. 2010-yilda pensiya fondlaridagi defitsit 300 milliard yevroni tashkil qildi. Gollandiya banki pensiya miqdorini o’rtacha 3 foizga kamaytirdi. Boshqalar undan o’rnak olmoqda. Xullas, qari ham, yosh ham ko’proq ishlashiga, o’z istiqboli uchun ko’proq sarmoya kiritishiga to’g’ri kelmoqda.