2. Iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasini barpo etish
Respublika bir jamiyatdan ikkinchi jamiyatga o‘tish muammosini yechayotgan ekan, bu maqsadda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasini barpo etish ob’ektiv zaruriyatga aylandi.
«Mustahkam huquqiy negiz bo‘lgandagina, – ta’kidlaydi I.A. Karimov, – o‘zini oqlamagan eski tizimni to‘la ishonch bilan qayta qurish, madaniy bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lgan yangi jamiyat qurish mumkin...
Shu sababli birinchi bosqichda biz islohotlarning o‘z huquqiy negizini yaratishga asosiy e’tiborni qaratib keldik»21.
Bu zaruriyatning amaliy sabablarini ham I.A. Karimov asoslab berdilar. Ular quyidagilardan iborat:
– mamlakatda shakllangan qonunlar tizimi avvalgi totalitar, ma’muriy-buyruqbozlik tizimini himoya qilish manfaatlariga xizmat qilar edi;
– mamlakatda qabul qilingan qonunlar butunittifoq talablariga moslangan bo‘lib, respublikaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olmas edi;
– respublika bozor munosabatlariga o‘tish borasida o‘z yo‘lini tanlab, o‘z modelini ishlab chiqar ekan, bu model mazmuniga moslangan qonunlar tizimini ishlab chiqish kerak edi.
I.A. Karimov ta’kidladilarki: «Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy nuqtalaridan biri bozor iqtisodiyotining huquqiy negizini yaratishdan iboratdir. Avval boshdanoq biz o‘zimiz uchun muhim saboq chiqarib oldik – zarur huquqiy omilni shakllantirmasdan turib, tegishli qonunlar va me’yoriy hujjatlarni qabul qilmasdan turib, islohotlarni amalga oshirishning ishonchli kafolatini, islohotlar ortga chekinmasligining kafolatini amalda yaratib bo‘lmaydi»22.
Iqtisodiy islohotlarning huquqiy negizi respublikada qabul qilingan Konstitutsiyada, Qonunlarda, Respublika Prezidenti Farmonlarida, Vazirlar Mahkamasining Qarorlarida o‘z ifodasini topdi.
Respublika qonunlarida mamlakatimizda barpo etilayotgan sotsial yo‘naltirilgan, ko‘p ukladli bozor iqtisodiyotini barpo etish borasidagi asosiy nazariy va amaliy muammolar o‘z ifodasini topadi.
Respublika Prezidenti Farmonlarida qabul qilinayotgan qonunlarni amalga oshirishga bag‘ishlangan iqtisodiy islohotlarning asosiy mafkurasi va ularning amalga oshirish bosqichlari, yo‘nalishlari o‘z aksini topadi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlarida Respublika Prezidenti Farmonlarida ko‘tarilgan muammolar huquqiy asosda yoritib beriladi va ularni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqiladi.
Respublikada tayyorlanayotgan normativ ma’muriy hujjatlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi, keng aholi ommasiga taqdim etiladi, muhokama yakunlarini e’tiborga olib ko‘riladi va tasdiqlanadi. Buni tashkil qilish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida maxsus iqtisodiy islohot, tadbirkorlik va chet el investitsiyalari bo‘yicha idoralararo Kengash tuzilgan. Kengash respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishining yagona strategiyasini hamda bu strategiyani ro‘yobga chiqarishning amaliy chora-tadbirlarini ishlab chiqadi.
Iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasini barpo etish murakkab va ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, bu jarayon I.A. Karimovning ko‘rsatmalariga binoan quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda:
1. Respublika mustaqilligining huquqiy negizlarini yaratish, davlatning boshqaruv qoidalarini tartibga soluvchi qonunlarni qabul qilish. Shu maqsadda respublikada «O’zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining asoslari to‘g‘risida», «O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida», «Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida» va boshqa Qonunlar qabul qilindi.
2. Respublikada shakllantirilayotgan yangi iqtisodiy munosabatlar tarkibida mulkchilik munosabatlariga asos soladigan qonunlarni yaratish. Shu maqsadda respublikada mulk to‘g‘risidagi, yer to‘g‘risidagi, davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish to‘g‘risidagi, davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risidagi va bir qancha boshqa Qonunlar tayyorlandi, qabul qilindi.
3. Mamlakat iqtisodiyotida xo‘jalik yuritishning bozor munosabatlariga mos keladigan yangi mexanizmini, bozor iqtisodiyotining infratuzilmasini tashkil qilish asoslarini aniqlab berish. Bu muammolarni yechish uchun respublikada korxonalar to‘g‘risidagi, kooperatsiya to‘g‘risidagi, fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi, dehqon xo‘jaligi to‘g‘risidagi, xo‘jalik jamoalari va shirkatlari to‘g‘risidagi, bank va bank faoliyati to‘g‘risidagi, pul tizimi to‘g‘risidagi, tadbirkorlik to‘g‘risidagi, sug‘urta to‘g‘risidagi, birjalar va birja faoliyati to‘g‘risidagi, auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi, qimmatli qog‘ozlar va fond birjasi to‘g‘risidagi va boshqa Qonunlar qabul qilindi.
4. Respublikaning tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish, O’zbekiston Respublikasining xalqaro munosabatlarida teng huquqli sub’ekt sifatida ifodalanishini ta’riflovchi huquqiy asoslarni ishlab chiqish. Shu maqsadda respublikada tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida, O’zbekiston Respublikasining yetakchi xalqaro tashkilotlarga a’zoligi to‘g‘risida, valyutani tartibga solish to‘g‘risida, xorijiy investitsiyalar va xorijiy investorlar faoliyatini kafolatlash to‘g‘risida, O’zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘g‘risida, investitsiya faoliyati to‘g‘risida, chet el investitsiyasi to‘g‘risida, chet el investorlar huquqining kafolatlanishini himoya qilish choralari to‘g‘risida Qonunlar ishlab chiqildi, qabul qilindi.
5. Respublikada sotsial-yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti barpo etilar ekan, respublika aholisining konstitutsion va yuridik huquqlarini, sotsial kafolatlarini, sotsial himoyalashni ta’minlaydigan qonunlarni yaratish. Bu borada qabul qilingan qonunlar, ish bilan bandlik to‘g‘risida, nogironlarni himoya qilish to‘g‘risida, fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti asoslari to‘g‘risida, ta’lim to‘g‘risida, yoshlarga doir davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida, ayollarga qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida, davlat uy-joy siyosati asoslari to‘g‘risida, kadrlar tayyorlash bo‘yicha milliy dastur to‘g‘risida va hokazo Qonunlar qabul qilindi.
O’zbekiston Respublikasi iqtisodiy islohotlarining mazmunini, uning sotsial-iqtisodiy rivojlanish strategiyasining huquqiy asoslarini belgilovchi yuridik hujjat – bu respublikada 1992 yili qabul qilingan Konstitutsiya. «Konstitutsiya yosh davlatimiz chinakam mustaqilliligining, yangi ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlar dunyoga kelishining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda»23.
O’zbekiston Respublikasi iqtisodiy islohotlarini huquqiy bazasini barpo etish jarayoni aniq xususiyatlarga ega.
Bu xususiyatlardan birinchisi – bozor munosabatlariga o‘tishga yo‘naltirilgan iqtisodiy islohotlarning huquqiy negizini barpo etish respublikada uning mustaqillikka erishmasdan oldingi davrda boshlanganligi.
Ma’lumki, bir guruh qonunlar, hukumat qarorlari 1989-1991 yillarda, respublika mustaqilligi e’lon qilinmasdan oldin, albatta, markazning ruxsatini olmasdan ishlab chiqildi, qabul qilindi. Bu Yer to‘g‘risida – (1990 yil 20 iyun), O’zbekiston SSRda mulk to‘g‘risida – (1990 yil 31 oktabr), Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida – (1991 yil 15 fevral), O’zbekiston SSRda korxonalar to‘g‘risida – (1991 yil 15 fevral), O’zbekiston SSRda kooperatsiya to‘g‘risida – (1991 yil 14 iyun), O’zbekiston SSRda chet el investitsiyalari to‘g‘risida – (1991 yil 14 iyun), O’zbekiston SSRning tashqi iqtisodiy aloqalari to‘g‘risida – (1991 yil 14 iyun), O’zbekiston SSRda tadbirkorlik to‘g‘risida – (1991 yil 15 fevral) va b.
1989-1991 yillarda hukumatning qarorlariga binoan tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun 360 ming gektar yerlar ajratildi, bo‘lib berildi, demak 1,5 mln. qishloq oilalari tomorqa xo‘jaligi uchun yerlar oldilar yoki mavjud tomorqa yerlarining maydonini kengaytirdilar. Shu sababli respublika aholisidan 9 mln. kishining turmush darajasi ko‘tarildi.
Bu chora-tadbirlarni amalga oshirishning sababi shundan iborat ediki, 1989 yili respublika qishloq xo‘jaligida tomorqa xo‘jaliklarning qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining hammasi bo‘lib 20 foizini berar edi, 240 ming oilalar tomorqalar tashkil qilish uchun yer maydonlariga, 1,5 mln. oilalar tomorqa xo‘jaliklari maydonini kengaytirishga muhtoj edilar.
Mustaqillikka erishmasdan oldin tegishli respublika qonun-qarorlarini qabul qilishning zaruriyatini, mohiyatini esga olib, I.A. Karimov bunday degan edilar:
«Yangi ittifoq shartnomasiga binoan bizga beriladigan mustaqillikni kutmasdan, bu mustaqillikni biz amalga oshira boshladik. Bu bizning huquqimiz, uni bizdan hech kim olib qo‘yolmaydi.»24
Bu tegishli qarorlarni qabul qilib, tomorqa xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha yer maydonlarini ajratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga xarid narx-navolarni ko‘tarish, budjet muassasalari xodimlarining ish haqi darajasini, pensiya, nafaqa, stipendiya darajasini oshirish, bozor infratuzilmasini rivojlantirish, mayda xususiylashtirishni amalga oshirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va hokazo muammolar yechila boshladi.
Demak, respublika mustaqillikka erishmasdan oldingi davrdan boshlab, respublika xalq xo‘jaligini bozor munosabatlariga o‘tkazish borasidagi iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasi barpo etila boshladi va unga asoslanib kerakli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Ikkinchidan, iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasi kompleks, har tomonlama yondashilgan ravishda ishlab chiqildi, ta’minlandi. Bu Konstitutsiya, Qonun, Farmon, Qarorlar tizimi shaklida edi.
1992 yilda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi respublikada shakllanayotgan, rivojlanayotgan yangi sotsial-iqtisodiy tizimning mazmuni, nazariy asoslari, maqsadi, yo‘naltirilganligini yoritib berdi.
1989-2014 yillarda respublikaning sotsial-iqtisodiy rivojlanish iqtisodiy muammolari, iqtisodiy islohotlar va ularni amalga oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha 150 dan ortiq O’zbekiston Respublikasi Qonunlari, 250 dan ortiq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, 350 dan ortiq O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarorlari qabul qilindi.
Demak, respublika iqtisodiy islohotlarining huquqiy bazasi barpo etildi.
Bu qabul qilingan Respublika Qonunlarida xalq xo‘jaligini bozor munosabatlariga o‘tkazish, respublikada bozor munosabatlarini shakllantirish, bozor iqtisodiyotini barpo etish bilan bog‘liq bo‘lgan korxona va tashkilotlarni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish, ijara munosabatlari, yakka hukmronlik faoliyatini chegaralash, birjalar faoliyati, fermer va dehqon xo‘jaliklarini tashkil qilish, auditorlik faoliyati, soliq va soliqqa tortish, sug‘urta, respublika aholisini sotsial himoyalash, korxonalarni sanatsiyaga o‘tkazish, bankrot deb e’lon qilish, qimmatli qog‘ozlar bozori, respublika xalqaro shartnomalari, kichik va o‘rta tarbirkorlikni rivojlantirish, respublika banklari va banklar faoliyati, respublika Markaziy bankining faoliyati, iste’molchilar huquqini himoya qilish, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish, xorijiy investitsiyalarni respublikaga jalb qilishni rag‘batlantirish, aksiyadorlar jamiyatlarini tashkil qilish va aksiyadorlar huquqini himoya qilish, yerlar va ulardan foydalanish, suv resurslari va ulardan foydalanish, korxonalararo raqobatbardoshlik va uni tashkil etish va boshqa muammolar o‘z yechimini topdi.
Respublika mustaqilligi e’lon qilinmasdan oldin qabul qilingan qonunlar respublika mustaqillikka erishgandan keyin qaytadan ko‘rib chiqildi, bir guruh keyin qabul qilingan qonunlar bozor munosabatlariga o‘tish davrida mavjud bo‘lgan shart-sharoitlarni etiborga olib, ular ham o‘zgartirilib, qaytadan qabul qilindi.
Qabul qilingan Respublika Qonunlarini amalga oshirish maqsadida Respublika Prezidentining tegishli Farmonlari qabul qilindi. Bu qabul qilingan Farmonlarda xalq xo‘jaligida boshqaruv tizimini takomillashtirish, respublika bank tizimini shakllantirish, respublika aholisi hayotiy darajasini qo‘llab-quvvatlash, bozor munosabatlari infratuzilmasi elementlarini barpo etish, fermer, dehqon (tomorqa) xo‘jaliklarini rivojlantirish, narx-navo tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlariga moslab soliq tizimini shakllantirish, har xil xuqumatdan tashqari fondlarni tashkil qilish, iqtisodiy islohotlarni barpo etish va ularni chuqurlashtirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, milliy valyutani barpo etish va uning konvertatsiyasini ta’minlash, qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish va uni rivojlantirish, soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirish, xorijiy investorlar bilan aloqador korxonalar faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish, davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, xalq xo‘jaligida o‘zaro hisob-kitoblarni yaxshilab, to‘lov intizomini kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, pul-kredit munosabatlarini takomillashtirish, aholining pul jamg‘armalarini va davlat sug‘urtasini indeksatsiya qilish, davlat tomonidan fan va innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning yakka hukmronlik faoliyatini chegaralash, ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiya darajasini oshirib turish, davlat buyurtmasi bo‘yicha topshiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xarid qilish narxlarni ko‘tarish, korxona, tashkilotlar ustidan nazorat qilishni tartiblash, nazorat olib boruvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish, respublikada chet el naqd pullari muomalasini tartibga solish, bank tizimini yanada erkinlashtirish, mehnat va aholini sotsial himoya qilishni kuchaytirish, davlat tassarufidan chiqarish va xususiylashtirishni yanada takomillashtirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, xalq ta’limi sohasida islohotlarni chuqurlashtirish, iqtisodiyotda xususiy sektorni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va boshqa muammolarni yechish yo‘nalishlari ko‘rsatib berilgan.
Ko‘rinib turibdiki, bozor munosabatlariga o‘tish davrining iqtisodiy muammolari yo‘qki, ular qabul qilingan Farmonlarda o‘z ifodasini topmagan bo‘lsa.
Prezident Farmonlarida qo‘yilgan muammolarni, ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli Qarorlari qabul qilindi. Bu qarorlarda respublika xalq xo‘jaligida bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirish masalalari yoritilgan, respublika iste’mol tovarlar bozorini himoya qilish, narx-navoni erkinlashtirish, respublikada kassa operatsiyalarini tartibga solish, davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni tashkil qilish, xalq xo‘jaligining alohida tarmoqlarida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va chuqurlashtirish, respublikaning kelgusidagi eksport salohiyatini rag‘batlantirish, milliy valyutaning ichki konvertatsiyasini ta’minlash, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturi, dehqon bozorlar faoliyatini, unga boshqaruvlikni tartibga solish, respublikaning sotsial-iqtisodiy taraqqiyoti natijalari va xalq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, qo‘shma korxonalarning samarali faoliyatini ta’minlash, bozor munosabatlari infratuzilmasini rivojlantirish davlat dasturi, respublika xalq xo‘jaligida pul muomalasini tartibga solish va respublika iste’mol tovarlar bozorini mahsulotlar bilan ta’minlash, paxta tolasini eksport qilishni rag‘batlantirish, respublikada savdo tizimini erkinlashtirish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni yanada rivojlantirish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, xalq xo‘jaligida veksel tizimidan foydalanish, naqd pullarni konvertatsiyaga ega bo‘lgan valyutaga almashtirishga boshqaruvlik qilish, boshqaruv organlarining faoliyatini tashkil qilish, respublika bank tizimini, uning alohida tarkibiy qismlarini shakllantirish, aholini sotsial himoyalanishini kuchaytirish, naqd pullarni emissiya qilishni qisqartirish, respublika hududida aksiz markalarni tatbiq etish, respublika soliq tizimini takomillashtirish yo‘nalishlari, markazlashtirilgan valyuta zaxiralaridan foydalanish samaradorligini ko‘tarish, budjetga to‘lovlar intizomini kuchaytirish, barterga asoslangan eksport-import operatsiyalarni qisqartirish, tomorqa xo‘jaliklarini kelgusida yanada rivojlantirish, kichik va o‘rta tadbirkorlikka beriladigan xorijiy kreditlarni tashkil qilish, birjadan tashqari valyuta bozorini rivojlantirish, tijorat banklarining tadbirkorlikni rivojlantirishdagi ta’sirini kuchaytirish, auditorlik faoliyatini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligida kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, iqtisodiyotni kreditlashtirishni yanada takomillashtirish, davlat mulkiga boshqaruvlikni takomillashtirish, pul-kredit ko‘rsatkichlarini tartibga solish, qimmatli qog‘ozlar ikkilamchi bozorini rivojlantirish, bojxona tariflarini tartibga solish, aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalaridan samarali foydalanish, o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish va boshqa masalalar o‘z ifodasini topgan.
Ko‘rinib turibdiki, respublikada ishlab chiqilgan iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasi kompleks ravishda, har tomonlama yaratilgan.
Respublikada iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasini barpo etishning yana bir xususiyati, shundan iboratki, ishlab chiqilayotgan huquqiy baza bozor munosabatlariga o‘tishdagi asosiy iqtisodiy muammolarni o‘ziga jalb etib, ular quyidagilardan iborat:
– bozor munosabatlariga moslashgan yangi iqtisodiy munosabatlarni barpo etish;
– ko‘p ukladli bozor iqtisodiyotini qurish;
– aholini sotsial himoyalash;
– bozor iqtisodiyoti infratuzilmasini barpo etish;
– yangi boshqaruv tizimni shakllantirish.
Ko‘p ukladli bozor iqtisodiyotini shakllantirishda yerga nisbatan iqtisodiy munosabatlarni tashkil etishni tartibga solish katta ahamiyatga ega. Shu sababli respublikada bozor munosabatlariga o‘tish davrida yer muammolarini yechishga tegishli e’tibor qaratildi.
Bu muammoni yechishga bag‘ishlangan Mulk to‘g‘risida, Ijara to‘g‘risida, Yer to‘g‘risida Respublika Qonunlari, Yer kodeksi qabul qilindi.
Bu qonunlarni amalga oshirish maqsadida bozor munosabatlariga moslangan yer muammolarining yechilish yo‘nalishlari, ularni amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha Respublika Prezidenti tomonidan tegishli Farmonlar va Respublika Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli Qarorlar qabul qilindi.
Qabul qilingan me’yoriy hujjatlarga binoan respublikada yer munosabatlarining quyidagi tizimi tasdiqlandi:
– respublikada qabul qilingan Konstitutsiyaga binoan respublikada yerlar umummilliy boylik, mulk hisoblanadi va bu yerlar davlat tomonidan himoya qilinib, oqilona foydalanish lozim;
– qishloq xo‘jaligida yerlar 5-10 yil va undan uzoq muhlatga ijaraga berilib, yerlarni ijaraga olgan jismoniy shaxslar yerlarni kelgusi avlodlariga merosga qoldirish huquqiga ega;
– 1994 yil 24 noyabrda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti «Yerlardan foydalanish samaradorligini oshirish to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan:
1. Shahar va tuman hokimiyatlariga shaxsiy uy qurish uchun 0,04 gektar, shaxsiy tomorqa tashkil etish uchun 0,06 gektar chegarasida yerlarni auksionda sotish huquqi berilgan.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasida tajriba sifatida sug‘oriladigan yerlardan 5 gektargacha, lalmikor yerlardan 15 gektargacha, foydalanilmayotgan yerlarni va zarar ko‘rib faoliyat yuritayotgan, past rentabellikka ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi korxonalari yerlarini auksion yoki konkurs tashkil qilish yo‘li bilan sotish tartibi aniqlangan.
– 1994 yili 4 mayda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qaroriga binoan umuman qabul qilingan tartibga istisno sifatida savdo, maishiy xizmat ob’ektlari joylashgan yerlar bilan auksionda xususiy mulkka sotilishi mumkin.
– 1994 yili 24 fevralda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining Qaroriga binoan kichik yer uchastkalarida joylashgan bog‘ va uzumzorlar xususiy mulkka sotilishi mumkin.
– Yer resurslaridan samarali foydalanish maqsadida yer solig‘i tatbiq etildi. Bu soliqni yerdan foydalanuvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari to‘laydi. Agarda yerlar ijaraga berilgan bo‘lsa, ijaraga olganlar ijara haqi to‘laydi.
Shunday qilib respublikada yerlarga egalik qilish, yerlardan foydalanish to‘lovli bo‘lib, u yerlarni xususiy mulkka sotish, ijaraga berish, yer solig‘i to‘lash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Respublikada qabul qilingan yer munosabatlarini tashkil qilish tartibi bir qancha muammolarni yechishga imkoniyat bermoqda. Bu:
– ilgari o‘zlashtirilgan yerlarni saqlash, ulardan oqilona foydalanish bilan birga yangi yerlarni o‘zlashtirish davom etmoqda, ularning meliorativ holatini yaxshilash borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 1990-1995 yillarda, ya’ni iqtisodiy inqiroz davridagi qiyinchiliklarga qaramasdan 50 ming gektar yangi yer o‘zlashtirildi, ilgari o‘zlashtirilgan yerlarning 200 ming gektarida ularning meliorativ holati yaxshilandi;
– qishloq xo‘jaligida paxtaning yakka hukmronligi bartaraf etildi. Uning maydoni 340 ming gektarga kamaytirildi, don mahsulotlari uchun ekin maydonlar kengaytirilib, respublika don bo‘yicha mustaqillikka erishdi;
– Respublikada keng miqyosda tomorqa-dehqon xo‘jaliklari rivojlantirilmoqda. Ilgari tomorqa xo‘jaliklari uchun ajratib berilgan 200 ming gektarga qo‘shimcha 1990-1993 yillarda 500 ming gektar ajratildi, tormorqa xo‘jaliklari uchun bo‘lib berildi.
Demak, respublikada tashkil qilinayotgan, amalga oshirilayotgan yer munosabatlari umuman ijobiy natijalarga ega.
Respublika bozor munosabatlariga o‘tar ekan, demak respublikada ko‘p ukladli bozor iqtisodiyoti shakillanishi lozim. Bu muammo doimo mamlakatimiz rahbariyati diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Bu borada avvalambor, ko‘p ukladli bozor iqtisodiyotini barpo etishning huquqiy bazasi tashkil etildi.
Ko‘p ukladli bozor iqtisodiyotining muammolariga bag‘ishlangan korxona va tashkilotlarni davlat tasarrufidan chiqarish, monopoliya faoliyatini chegaralash, ochiq iqtisodiy zonalarni tashkil qilish, korxonalar, aksiyadorlik jamiyatlari, tabiiy monopoliya korxonalar, kooperativlar, dehqon va fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va tadbirkorlikni rag‘batlantirish va hokazo muammolar to‘g‘risida O’zbekiston Respublikasi Qonunlari qabul qilindi.
Bu Qonunlarni amalga oshirish maqsadida Respublika Prezidentining 20 tadan ortiq Farmonlari, O’zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 80 dan ortiq Qarorlari qabul qilindi.
Barpo etilgan huquqiy bazaga asoslanib respublikada ko‘p ukladli bozor iqtisodiyoti shakllandi.
Korxona va tashkilotlarning 90 foizi davlat tasarrufidan chiqarildi, xususiylashtirildi.
Respublika aholisining 75 foizi nodavlat sotsial-iqtisodiy ukladlarda band, bu ukladlar respublika yalpi mahsulotining 65 foizini ishlab chiqarmoqda.
Ma’lumki, respublikada sotsial yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti barpo etilmoqda. Bozor munosabatlarining shakllanishi, rivojlanishi aholining turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki bu davrda narx-navo ko‘tariladi va ishsizlar soni ko‘payadi.
Respublikada sotsial yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini qurish, rivojlantirish va respublika aholisini bozor munosabatlarining salbiy ta’siridan himoya qilish maqsadida respublika iqtisodiy islohotlarining asosiy tamoyillaridan biri sifatida mamlakatda kuchli sotsial siyosatni amalga oshirish qabul qilingan.
Demak, kuchli sotsial siyosatning mohiyati, mazmuni amalga oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha ham huquqiy bazani barpo etish lozim edi. Bu muammo ham respublikada o‘z vaqtida kun tartibiga qo‘yildi va yechildi.
Kuchli sotsial siyosatning muammolari-respublika aholisining mehnat bilan bandligi, davlat uy-joy fondini xususiylashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish, respublika budjet tizimi, aholi salomatligi, mehnatini himoya qilish, soliq siyosati, aholi jamg‘armalari himoyasini kafolatlash, iste’molchilar huquqini himoyalash, nogironlarni sotsial himoyalash, kadrlar tayyorlash va boshqa muammolar bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Qonunlari qabul qilindi.
Bu qonunlarni amalga oshirish maqsadida Respublika Prezidentining 35 tadan ortiq Farmonlari, Respublika Vazirlar Mahqamasining 30 dan oshiq Qarorlari qabul qilindi.
Barpo etilgan huquqiy bazaga asoslanib, respublikada ko‘p qirrali kuchli sotsial siyosat amalga oshirilmoqda, sotsial yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti shakllantirilmoqda va respublika iqtisodiyoti imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda respublika aholisi bozor munosabatlarining salbiy ta’siridan himoya qilinmoqda.
Ma’lumki, bozor iqtisodiyotining samaradorligi uning infratuzilmasiga bog‘liq.
Infratuzilma – bu bozor munosabatlari shakllanishiga, rivojlanishiga kerakli shart-sharoitlarni barpo etuvchi sohalar, tashkilot va muassasalardir. Shu sababli bozor iqtisodiyotining infratuzilmasini barpo etishning huquqiy bazasini ishlab chiqish ham respublika rahbariyatining diqqat markazida bo‘lgan.
Bozor iqtisodiyoti infratuzilmasining elementlari bo‘lmish bank, moliya, soliq, sug‘urta, bojxona organlari, birjalar, auditorlik kompaniyalari, valyuta bozori, depozitariya tizimi, qimmatli qog‘ozlar bozori, tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi va boshqa muammolar bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Qonunlari qabul qilindi.
Bu qonunlarni bajarish maqsadida 50 dan oshiq Respublika Prezidenti Farmonlari, 55 dan oshiq Respublika Vazirlar Mahkamasining Qarorlari qabul qilindi.
Qabul qilingan Qonun, Farmon va Qarorlarga binoan respublikada bozor iqtisodiyoti infratuzilmasi shakllanmoqda va u milliy iqtisodiyotning rivojlanishiga so‘zsiz ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Lekin bu borada hali yechilmagan muammolar kam emas.
Iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasi bozor munosabatlariga moslangan yangi boshqaruv tizimni shakllantirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham barpo etilgan.
Shunday qilib bozor munosabatlariga o‘tish borasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning birinchi yo‘nalishi bo‘lib islohotlarning huquqiy bazasini barpo etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi va ular respublikada bozor munosabatlari shakllanishini jadallashtirishda asosiy omillardan biri bo‘lmoqda.
I.A. Karimov ta’kidlaydilarki: «Isloh qilishning birinchi bosqichida biz huquqiy asoslarni yaratishda o‘zimizga xos yondashuvlarni, qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha o‘z mexanizmimizni vujudga keltirdik…
Hozirgi vaqtda islohotlar jarayonini davlat – huquqiy jihatdan boshqarishning yaxlit tizimi tarkib topdi…
Islohotlar jarayoni rivojlanib va chuqurlashib borgan sari, ularning huquqiy negizi sayqallanib va takomillashib boradi, qabul qilingan qonun hujjatlariga o‘z vaqtida zarur o‘zgartirishlar kiritiladi»25.
Shunday qilib:
Birinchidan, respublikada bozor munosabatlariga o‘tish borasidagi «o‘zbek modeli» ishlab chiqish, barpo etish uning huquqiy asoslarini ishlab chiqishdan boshlandi, amalga oshirildi.
Ikkinchidan, iqtisodiy islohotlarning huquqiy asoslarini avvalambor ishlab chiqish «o‘zbek modeli»ning tamoyillaridan biri bo‘lmish qonun ustuvorligini ta’minlashdan kelib chiqib, u bilan chambarchas bog‘liq.
Uchinchidan, «o‘zbek modeli»ning huquqiy asoslarini avvalambor ishlab chiqilishi respublika iqtisodiy islohotlarini ilmiy, qonuniy va tashkiliy asoslanganligini ta’minlaydi.
To‘rtinchidan, iqtisodiy islohotlarning huquqiy asoslarini o‘z vaqtida ishlab chiqilganligi respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning yuqori samaradorligini ta’minladi.
Dostları ilə paylaş: |