portal.guldu.uz-IQTISODIYOTNI MODERNIZATCIYALASH VA DIVERSIFIKATCIYALASH STRATEGIYASI
Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish – agrar islohotning hozirgi kundagi ustuvor yo‘nalishidir. Bu yo‘nalishda kommunal va injenerlik tizimlarining keng tarmog‘ini yaratish, servis va maishiy xizmat tarmog‘ini shakllantirish muhim vazifa hisoblanadi.
Shu vazifani bajarish yo‘lida keyingi yillarda ham qishloq ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish hamda qishloq aholisini ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish ishlari davom ettirildi. qishloqlarda 1965 km suv quvurlari tarmog‘i ishga tushirildi, 4844 km gaz tarmoqlari qurildi. Mablag‘ bilan ta’minlanadigan barcha manbalar hisobidan 2002 yilda umumiy maydoni 7, 6 mln. kv.m uy-joy binolari foydalanishga topshirildi1.
Yuqorida tilga olingan agrar islohotlarni amalga oshirishning barcha yo‘nalishlari respublikaning xususiyatlari va bozor iqtisodiyotiga o‘tish talablaridan kelib chiqadi.
Mavjud iqtisodiy tizimning izchillik bilan bozor munosabatlariga o‘sib o‘tishida moliya-kredit sohasini isloh qilish alohida o‘rin tutadi. Moliyaviy munosabatlarda davlat budjeti tanqisligini kamaytirib borish, budjetdan beriladigan dotatsiyalar va subsidiyalarni bosqichma-bosqich qisqartirish, birinchi darajali, eng zarur umumdavlat ehtiyojlari uchungina budjetdan mablag‘ ajratish, xalq xo‘jaligini rivojlantirishda investitsiya kreditlaridan keng foydalanish islohotlarning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Kredit sohasidagi islohotlar bank tizimini takomillashtirish, banklarning mustaqilligini va pul muomalasi uchun javobgarligini oshirishga qaratiladi. Shu maqsadda Respublikada markaziy bank hamda keng tarmoqli tijorat va xususiy banklardan iborat ikki bosqichli bank tizimi vujudga keltirildi. Markaziy bank zimmasiga federal rezerv tizimiga xos bo‘lgan vazifalar yuklatildi. Ixtisoslashgan aksiyadorlik – tijorat banklari «g‘alla bank», «Tadbirkor bank», «Savdogar bank», «Paxta bank» va boshqa banklar) shakllantirildi.
Iqtisodiyotni isloh qilishning eng asosiy muammolaridan biri narxlarni erkinlashtirishdir. Narxlarning erkin shakllanishi uchun narxlar tizimini isloh qilish ham zarurdir. Dastlab davlat xarid narxlarining amal qilish doirasi qisqartiriladi va keyin ichki narxlar jahon narxlariga muvofiqlashtirib boriladi. Shuningdek, narxlarni erkinlashtirishda xom-ashyo va mahsulot ayrim turlarining, narx-navo bilan aholi va korxonalar daromadlari o‘rtasidagi tenglikka erishishga harakat qilinadi.
Respublikada islohotlarni asta-sekin va bosqichma-bosqich amalga oshirish prinsipi, narxlarni erkinlashtirishda yondashishga ayniqsa yorqin namoyon bo‘ladi.
Islohotlar boshlanishdan oldingi davrda respublikada narx-navoning nomutanosib tizimi tarkib topgan edi. Xom ashyo va qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi pasaytirilib, ishlov beruvchi va qayta ishlovchi tarmoqlar tovarlarining narxi sun’iy ravishda oshirib borilgan edi. Bundan ko‘rilgan katta zarar respublikani dotatsiya oluvchi mintaqaga aylantirib qo‘ydi.
Narx belgilashdagi nomutanosibliklar tufayli butun tarmoqlar, shu jumladan qishloq xo‘jaligidagi ko‘plab korxonalar zarar ko‘rib ishladi. Xalq xo‘jalik tarmoqlari ko‘rgan zarar, ayrim mahsulot turlari (don, un va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari) yetishtirishga qilingan xarajatlar va turli ijtimoiy imtiyozlar berishdan ko‘rilgan zarar budjet mablag‘lari hisobidan qoplanar edi. 1991 yil shu maqsadda sarflangan mablag‘ respublika budjeti jami xarajatlarining 12% dan ortig‘ini tashkil qilgan.
Bularning hammasi narxlar islohotini amalga oshirishga real vaziyatni va aholining mavjud turmush darajasini hisobga olib, oldindan ishlab chiqilgan dastur asosida yondashishni talab qiladi.
Narxlar islohoti boshlangandan 1994 yilgacha hamma turdagi xom ashyo va mahsulotlar bo‘yicha erkin narxlarga o‘tildi, barcha iste’mol mollari narxi ustidan davlat nazorati bekor qilindi.
Isloh qilishning dastlabki davrida (1992 yil) keng doiradagi ishlab chiqarish-texnik vositasi bo‘lgan mahsulotlar, ayrim turdagi xalq iste’mol mollari, bajarilgan ishlar va xizmatlarning kelishilgan narxlari va tariflarga o‘tildi. Aholini himoyalash maqsadida cheklangan doiradagi oziq-ovqat va sanoat tovarlari narxlarining chegarasi belgilab qo‘yildi.
Narxlar islohotining navbatdagi bosqichida (1993 yil) kelishilgan ulgurji narxlarni davlat tomonidan tartibga solish to‘lig‘icha to‘xtatildi. Narxlarni erkinlashtirishning oxirgi bosqichida (1994 yil oktabr-noyabr) xalq iste’mol mollari asosiy turlarining narxi erkin qo‘yib yuborildi.
Shunday qilib, iqtisodiyotni isloh qilishning birinchi bosqichi narxlarni to‘liq erkinlashtirish bilan tugadi.
Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish boshqarishning tegishli tizimini yaratishni talab qiladi. Shunga asosan respublikada butun xalq xo‘jaligini, tarmoqlar va hududlarni boshqarishning eng maqbul va hozirgi davrga mos bo‘lgan tuzilmalari ishlab chiqildi.
Ko‘plab markaziy iqtisodiy organlar va vazirliklar tugatildi (Davlat reja qo‘mitasi, Davlat ta’minot qo‘mitasi, Davlat narxlar qo‘mitasi, Davlat agro-sanoat qo‘mitasi va boshqa qo‘mita hamda vazirliklar) yoki ularning faoliyati tubdan qayta qurildi. Faoliyati tugatilgan ma’muriy apparatlar o‘rniga yangi boshqarish bo‘g‘inlari tuzildi.
Masalan, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Respublika ulgurji va birja savdosi aksiyadorlik uyushmasi, antimonopol va narx-navo siyosatini o‘tkazish boshqarmasi kabilar shular jumlasidandir.
Respublika Moliya vazirligi va Markaziy bankining vazifalari hamda tarkibiy tuzilishi ancha o‘zgartirildi.
Masalan, Moliya vazirligi zimmasiga Respublika budjetini vujudga keltirish bilan bir qatorda, davlat soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari va qoidalarini ishlab chiqish, valyuta ishlarini boshqarish vazifasi yuklatildi.
Nazorat organlari faoliyatini tartibga solish, davlatning yagona soliq va bojxona siyosatini o‘tkazish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi va Bojxona qo‘mitasi tuzildi. o‘tkaziladigan iqtisodiy islohot ishlarini muvofiqlashtirib turish uchun Prezident huzurida iqtisodiy islohot, tadbirkorlik va chet el investitsiyalari bo‘yicha idoralararo kengash tuzildi.
Ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarini ishlab chiqish kabi vazifalarni bajarish uchun Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi tuzildi.
Tashqi iqtisodiy aloqalarni boshqarish va shu soha korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirib turish uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tuzildi.
Respublika iqtisodiyotining tarmoqlari va ayrim sohalarini boshqarish tizimida ham chuqur tarkibiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Tarmoq vazirliklari uyushmalarga, konsernlarga, korporatsiyalar, uyushmalar va boshqa xo‘jalik birlashmalariga aylantirish bilan batamom tugatildi. Transport, turizm, madaniyat,kinolashtirish kabi faoliyat sohalarida milliy kompaniyalar tuzildi.
Boshqarishning mahalliy darajasida (viloyat, tuman, shahar) ijroiya – boshqaruv vazifalarini bajarish uchun hokimlik joriy qilindi. quyi bo‘g‘in boshqaruvida korxona va tashkilotlarga iqtisodiy erkinlik berilib, ular yangicha ish uslubiga o‘tdi.
Isloh qilish natijasida tarkib topgan boshqaruv tizimi bozor iqtisodiyotiga o‘tib borish bilan yanada takomillashib va rivojlanib boradi.
Bozor islohotlari bozor infratuzilmasini yaratish chora-tadbirlarini ham qamrab oladi. Bunda moliya, bank-kredit tizimi muassasalari, sug‘urta, auditorlik, yuridik va konsalting firmalari hamda kompaniyalarini, birja tizimini yaratish taqozo qilinadi.
Respublikada bozor infratuzilmasini yaratish bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha bordi. Birinchi yo‘nalish bo‘yicha tovar-xom ashyo birjasi tizimi rivojlandi. Bu, o‘z navbatida, brokerlik va dilerlik idoralari, savdo uylari, vositachi firmalar paydo bo‘lishiga olib keldi.
Ikkinchi yo‘nalishda kapital bozorining ishini ta’minlaydigan tuzilmalar vujudga keltirildi. Kredit resurslari bozori va valyuta bozori vujudga keltirildi hamda davlatga qarashli bo‘lmagan sug‘urta kompaniyalari tuzildi.
Uchinchi yo‘nalish mehnat bozorini shakllantirishdan iborat bo‘lib, bu sohada 240 dan ortiq mehnat birjasini o‘z ichiga oluvchi katta tarmoq tuzildi.