Respublika islohotlarining ijtimoiy-siyosiy natijalari
Ma’lumki, O’zbekiston 1991 yil 1 sentyabrdan butun dunyoga o‘zining mustaqilligini e’lon qildi, bozor munosabatlariga o‘tish maqsadida o‘zining shaxsiy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini tanladi, va iqtisodiyotni bozor munosabatlariga o‘tkazishda, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirishda ijobiy natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Chunki respublika iqtisodiy islohotlari har tomonlama asoslangan bo‘lib chiqdi va amaliyotda o‘zini oqladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov respublika iqtisodiyotining iqtisodiy inqirozdan chiqish arafasidayoq, ya’ni 1995 yili ta’kidladilarki: «Ishlab chiqilgan tamoyillar hayot sinovidan o‘tdi. Amaliy ish jarayonida ularning to‘g‘riligi va ta’sirchanligi tasdiqlandi, eng muhimi, xalqimizning o‘zi ularni qabul qildi va qo‘llab-quvvatladi. Hozirgi vaqtda mazkur tamoyillarni amalga oshirib Respublikada ijtimoiy – siyosiy barqarorlik, eng muhimi – bozor munosabatlarini joriy etish sari bosqichma – bosqich ilgarilab borishimiz ta’minlanmoqda. Shu bois biz bundan buyon ham ushbu tamoyillarga amal qilaveramiz»9.
I.A. Karimovning bu fikr-mulohazalari tarixan o‘zini oqladi, respublikaning bundan buyon ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida amalga oshirilayotgan islohotlar yanada jadallashtirildi va ular keng miqyosda ijobiy natijalarni qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Respublika islohotlarining ijobiy natijalari quyidagi yo‘nalishlarda o‘z ifodasini topdi:
– ijtimoiy –siyosiy natijalar;
– ijtimoiy-iqtisodiy natijalar.
Respublika iqtisodiy islohotlari natijalari ko‘rilar ekan, qo‘llanmaning bu bobida respublika ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining asosan 1991-2012 yillardagi natijalari tahlil qilingan.
Respublika islohotlarining ijtimoiy-siyosiy natijalari respublika jamiyatini demokratlash va respublikada bozor munosabatlariga moslangan yangi davlatchilik tizimini shakllantirishda o‘z ifodasini topmoqda.
Tarixiy ko‘p ukladli bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat ijtimoiy hayotni demokratlashni ko‘zda tutadi. Shundan kelib chiqib, respublika rahbariyati respublika mustaqilligining birinchi davridan boshlab respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida demokratik prinsiplarni ishlab chiqishga va ularni amalga oshirishga tegishli e’tibor ajratdi.
O’zbekiston «Inson huquqi Deklaratsiya»sini qo‘llab-quvvatladi, qabul qildi va respublika ko‘pchilik inson huquqi to‘g‘risida xalqaro miqyosida, shu jumladan Yevropada xafvsizlik va hamkorlik (OBSYe) to‘g‘risida qabul qilingan shartnomalarni imzoladi.
Respublikada ijtimoiy hayotni demokratlash quyidagi prinsiplarga asoslandi:
– jamiyatni demokratlashtirish borasida mavjud xalqaro tajribani sinchiklab o‘rganish;
– jamiyatni demokratlashtirishda respublikada joylashgan xalqlar mentalitetini va rivojlanish xususiyatlarini e’tiborga olish. Ma’lumki, g‘arbiy mamlakatlarda shaxsparastlik-individualizm, ya’ni shaxsiy manfaatlarini jamiyat manfaatlaridan yuqori qo‘yish falsafasi va xalq ommasini haddan tashqari siyosatlashtirish keng tarqalgan. O’zbekistonda esa sharqiy mamlakatlarda tarqalgan kollektivchilik falsafasi va ijtimoiy fikrning ustuvorligi keng tarqalgan;
– ijtimoiy hayotni demokratlashtirishning adolatli shakllarini qurish va jamiyatni haddan tashqari boy va kambag‘allarga qatlamlanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
– respublikada demokratlashtirishning asosiy yo‘nalishi sifatida fuqarolar jamiyatini qurish, amalga oshirish;
– jamiyatni demokratlashtirishning oldingi bosqichlarida davlatning kuchli hukmronligi saqlanadi va kelgusida bu hukmronlik asta-sekin pasaytirilib, mahalliy, o‘zini-o‘zi boshqaruv organlariga o‘tkaziladi.
Respublikada «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Bu qonunga binoan siyosiy partiyalar O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining birlashmalari fikr-mulohazalar, manfaatlar va maqsadlarning umumiyligiga asoslangan bo‘lib, davlat hukmronligi shakllanishida jamiyatning aniq bir qismining erkinligini amalga oshirishga intiluvchi va davlatni boshqarishda, ijtimoiy ishlarni olib borishda o‘zlarining vakillari orqali ishtirok etuvchilardir.
Respublikada to‘rtta siyosiy partiyalar o‘z faoliyatini olib bormoqdalar. Bu «Xalq-demokratik partiyasi», «Adolat», «Milliy tiklanish» va «Liberal-demokratik» partiyasi, ularning vakillari Respublika Oliy Kengashida bo‘lib, unda fraksiyalarga egalar.
yil 31 oktyabrda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan inson huquqlari bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi milliy Markazi tashkil etilgan va uning oldiga quyidagi vazifalar qo‘yilgan:
– inson huquqlari bo‘yicha respublika konstitutsiyasi, qonunlari va umuman qabul qilingan xalqaro huquqlar bo‘yicha ko‘rsatmalarini amalga oshirish maqsadida respublika strategiyasi va harakatlar rejasini ishlab chiqish;
– inson huquqlari bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi bilan xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning milliy tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;
– inson huquqlari bo‘yicha Davlat va boshqaruv organlari tomonidan maslahatlar berish vazifasini amalga oshirish;
– inson huquqlari bo‘yicha davlat organlarining kadrlarini o‘qitish, propaganda qilish, o‘quv-uslubiy adabiyotlar chiqarish faoliyatini tashkil qilishni amalga oshirish;
– inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat organlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida tavsiyalar ishlab chiqish;
– inson huquqlarini himoya qilish, rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tekshirish ishlarini tashkil qilish, amalga oshirish.
Milliy Markaz «O’zbekistonda demokratlash va inson huquqlari» jurnalini chop etadi.
1996 yili 3 dekabrda mamlakatda demokratlash islohotlarini chuqurlashtirish, bu borada respublika qonuniyatlarini xalqaro me’yorlarga moslashtirish, inson huquqlarini amalga oshirish ustidan nazorat olib borib, uning monitoringini ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida respublika amaliyotidagi qonuniyatlar monitoringi institutini tashkil qilish to‘g‘risida Respublika Oliy Majlisining Qarori qabul qilindi.
Respublika Prezidenti I.A. Karimov O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining VI sessiyasidagi ma’ruzasida ta’kidladiki: «Biz odamlarning eskicha psixologiyasini o‘zgartirib, ularda yangi huquqiy ongni shakllantirmog‘imiz lozim. Shunday bo‘lsinki, har bir kishi inson erkinliklari – ayni vaqtda muayyan burch, majburiyat va mas’uliyat ekanligini chuqur his etib tursin10.
Respublikada davlatchilikni shakllantirish va uning faoliyatini tashkil qilish maqsadida respublikada tegishli qonunlar qabul qilindi. «O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida», «O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy prinsiplari to‘g‘risida», «O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida», «Joylarda davlat hokimiyati to‘g‘risida», «Fuqarolar o‘zini-o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida» va boshqalar shular jumlasidandir.
Respublikada yangi davlatchilikni shakllantirishda quyidagi kardinal vazifalar yechildi:
– Mustaqil O’zbekistonning Konstitutsiyasini qabul qilish.
– Xalqaro munosabatlarda O’zbekistonning teng huquqli sub’ekt ekanligining huquqiy me’yorlarini barpo etish.
– Konstitutsion o‘zgarishlarni amalga oshirib respublikada yangi xo‘jalik yuritish tizimini shakllantirish uchun kerakli shart-sharoitlarni barpo etish.
– Davlat ijtimoiy faoliyati yo‘naltirilganligini o‘zgartirib, uning adresligini ta’minlash.
– Respublika va mahalliy darajalarda davlatning boshqaruv funksiyalarini chegaralash.
– Respublika davlat, ijro etuvchi va sud organlari funksiyalarini chegaralash.
– Ma’muriy boshqaruv tizimini bartaraf etib, demokratik, iqtisodiy metodlarga asoslangan davlat boshqaruv organlarini shakllantirish.
– Respublikada joylashgan xalqlar, millatlar, elatlar mustaqilligini ta’minlash;
– Har xil shakldagi mulklarni, ijtimoiy-iqtisodiy ukladlarni, respublika xalq xo‘jaligidagi plyuralizmni tasdiqlash.
– Ishlab chiqaruvchi va iste’molchi mustaqilligiga va fuqoralar erkinligiga asoslangan fuqarolar jamiyatini barpo etish.
– Inson huquqlarini Konstitutsion ta’minlash va aholini kafolatlash qonuniy asoslarini shakllantirish.
– Respublika ijtimoiy, demokratik institut va muassasalarini shakllantirish;
– Ko‘p partiyalikni, har xil shaklda bo‘lgan ijtimoiy harakatlarni shakllantirish.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov o‘zlarining O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezident Devonining O’zbekiston mustaqilligining 16 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisidagi ma’ruzalarida respublikada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirib, bozor munosabatlariga moslangan davlatchilikni shakllantirish jarayonini har tomonlama tahlil qilib, bu borada quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirilganligini ta’kidlab berdilar11:
– tarixan juda qisqa muddatda respublikaning asosiy qonu-ni – O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Bu hujjatda respublikada davlat va jamiyat qurilishining asosiy tamoyillari bo‘lmish davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi, inson huquqlarining davlat manfaatlaridan, umum-e’tirof etilgan xalqaro huquq normalarining esa milliy huquqiy me’yorlardan ustunligi, hech qanday mafkuraning davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi, ijtimoiy-siyosiy hayot siyosiy institutlarning rang-barangligi, mafkura va fikrlarning xilma-xilligiga asoslanishi belgilab berildi;
– bozor munosabatlariga o‘tish davrida qabul qilingan qonunlarning amalda bajarilishini ta’minlay oladigan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan ijro hokimiyatining samarali tizimi va tuzilmalari shakllantirildi. Markazlashgan rejalashtirish va taqsimlash organlari va ko‘plab tarmoq vazirliklari tugatildi, mahalliy hokimiyat organlari tashkil etildi;
– sud organlarini jazolovchi va faqat davlat manfaatlarini himoya qiluvchi organdan qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qiluvchi organga aylantirildi. Oliy sud, umumiy yurisdiksiya sudlari, xo‘jalik sudlari tashkil etildi;
– mamlakatimiz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, konstitutsiyaviy tizimni ishonchli himoya qiladigan, jamoat tartibini ta’minlaydigan, xalqaro terrorchilik, ekstremizm va narkoagressiya kabi kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga qarshi ku-rashadigan milliy xavfsizlik organlari tizimi shakllantirildi.
I.A. Karimov respublikada milliy davlatchilikni shakllantirishga bag‘ishlangan, amalga oshirilgan chora-tadbirlarni yakunlab shunday deydilar: «Mamlakatimizni 1991-2000 yillar davomida isloh qilish va yangilash borasida qo‘lga kiritilgan natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, bugun ushbu bosqich milliy davlatchilikni shakllantirish va respublikamizni barqaror rivojlantirishda mustahkam zamin bo‘ldi, deb aytishga asoslarimiz bor».12
Ko‘rinib turibdiki, respublikada amalga oshirlayotgan islohotlarning ijtimoiy-siyosiy natijalari sifatida respublika jamiyati demokratlashmoqda va bozor munosabatlariga moslangan yangi davlatchilik tizimi shakllanmoqda va ular respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida asosiy omillarga aylanmoqda.
Lekin kelgusida ham respublika jamiyatini yanada demokratlash va respublikada to‘liq fuqarolar jamiyatini shakllantirish jarayonini yanada takomillashtirish zaruriyati mavjudligini ta’kidlab, I.A. Karimov shunday deydilar: «Parlamentning mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan demokratik yangilanishlar, liberal islohotlar targ‘ibotchisiga aylanishiga erishish eng asosiy vazifa bo‘lmog‘i zarur.
Mazmun-mohiyatiga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni biz tanlagan davlat va jamiyat qurilishi modelini tatbiq etish jarayonida fuqarolarning mamlakat boshqaruvidagi rolini oshirib borishni asosiy o‘ringa qo‘yadigan «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» dasturini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni yanada faollashtirish masalasini bugun hayotning o‘zi kun tartibiga tobora qat’iy qilib qo‘ymoqda13.
Respublika islohotlarining ijobiy natijalari ijtimoiy-siyosiy natijalardan tashqari, albatta, tegishli ijtimoiy-iqtisodiy natijalarga ham ega.
Respublika islohotlarining ijobiy ijtimoiy-iqtisodiy natijalari quyidagi yo‘nalishlarda o‘z ifodasini topmoqda:
– O’zbekiston iqtisodiyotining yuqori sur’atlarda rivojlanishi.
– Neft va don iste’moli bo‘yicha respublikaning mustaqillikka erishganligi.
– Respublika makroiqtisodiyoti moliyaviy holatining yaxshilanganligi.
– Respublika aholisi turmush darajasining muhofaza qilinganligi.
– Respublika tashqi iqtisodiy aloqalarining rivojlanganligi.
– Respublikada ijtimoiy-yo‘naltirilgan ko‘p ukladli bozor iqtisodiyotining shakllantirilganligi.
– Respublika iqtisodiyotining jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroziga bardosh berayotganligi.
– O’zbekiston Respublikasining jahon bozor iqtisodiyotiga kirib borishi va bozor munosabatlariga o‘tishdagi «O’zbek modelining» jahon miqyosida tan olinganligi.
Shunday qilib, respublika islohotlarini amalga oshirishda respublika mustaqillik davrida ijtimoiy-siyosiy natijalarga ega bo‘ldi va shu bilan birga tegishli ijtimoiy-iqtisodiy natijalarni ham qo‘lga kiritdi.
Dostları ilə paylaş: |