Iqtisodiyotning amal qilishida pulning tutgan o`rni



Yüklə 219,5 Kb.
səhifə2/6
tarix15.06.2023
ölçüsü219,5 Kb.
#130812
1   2   3   4   5   6
Keragidan ortiqcha pul ishlab chiqarish natijasida narxlarning to`xtovsiz o`sishi va pul birligining qadrsizlanishi inflyatsiya deb ataladi.
Inflyatsiya asosida, odatda, pul talabi bilan tovar massasining bir-biriga nomuvofiqligi yotadi. Tovarlarga va xizmatlarga bo`lgan talab tovar aylanish hajmidan oshib ketadiki, bu narsa tovar ishlab chiqaruvchilar va uni etkazib beruvchilarning sarf-xarajatlari qanchaligidan qat`iy nazar, narx-navoning ko`tarilishi uchun sharoit yaratib beradi. Davlat byudjetining taqchilligi (davlat sarf-xarajatlarining ortib ketishi), haddan tashqari investitsiyalash (investitsiyalar hajmining imkoniyat darajalaridan ortib ketishi) sharoitida ishlab chiqarishning o`sishi va mehnat unumdorligining ko`tarilishiga qaraganda ish haqi ko`proq o`sadi. Natijada talab bilan taklif o`rtasidagi muvozanat buziladi, pulning qadrsizlanish jarayoni sodir bo`ladi.
Pul inflyatsiyasining sabablari asosan quyidagilardir.
Birinchidan, ko`p hollarda Markaziy bank tomonidan noto`g`ri pul siyosatining o`tkazilishi va natijada tovarlar bilan ta`minlanmagan pulning muomalada paydo bo`lishi. Masalan, iqtisodiy o`sishning pasayishining oldini olish yoki fond birjasida aktsiyalar kursining tushib ketishini to`xtatish maqsadida Markaziy bank pul taklifini ko`paytiradi, ya`ni pul emissiyasi amalga oshadi.
Ikkinchidan, byudjet taqchilligi ham muqarrar ravishda pulning qadrsizlanishini keltirib chiqaradi. To`g`ri, pul siyosati bo`lmagan hollarda bunday taqchillikni qoplash uchun yangi pullar chiqarilib, xo`jalik oborotiga kiritiladi.
Uchinchidan, bozorlarning monopollashuvi, ya`ni raqobatning yo`qligi inflyatsiyaning avj olishiga sabab bo`ladi. Monopoliyalar bozordagi narx-navoni yuqori belgilab, tovarlarni ishlab chiqish va taklif etishni ham kamaytirishga harakat qiladilar. Bu narsa umumiy talab bilan taklif nisbatiga salbiy ta`sir o`tkazadi va ular o`rtasidagi nomutanosiblikni kuchaytiradi.
Ulardan tashqari inflyatsiyaga tashqi omillar ham ta`sir qiladi. Masalan, xomashyo va energoresurslar bahosining ko`tarilishi, xorijiy sarmoyalar (kreditlar) foiz stavkasining ortishi, xalqaro ahvolning tanglashuvi va hokazo.
Shuni aytib o`tish kerakki, pulning qadrsizlanishi erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida yuqorida ko`rsatib o`tilgan sabablar tufayli, albatta, sodir bo`lib turadigan hodisadir. Bunday sharoitda uni jilovlab turish va iqtisodiyot taraqqiyoti hamda xalqning turmush darajasiga ta`sirini kamaytirib turish har qanday davlatning muhim vazifasi hisoblanadi.
U yoki bu mamlakat iqtisodiyotida chuqur inqiroz sodir bo`lsa, u holda inflyatsiya ham chuqurlashadi yoki boshqacha qilib aytganda, uning jilovi davlat qo`lidan chiqib ketadi. O`z paytida tegishli choralar ko`rilmasa, giperinflyatsiya sodir bo`ladi, ya`ni pulning qadrsizlanishi oyiga 50 foizdan ortib ketadi.
Shu narsani ham ta`kidlab o`tish joizki, mamlakatimiz bozor iqtisodiyotiga o`tishning eng dastlabki va og`ir yillarida ham giperinflyatsiyaga yo`l qo`yilmadi. Buning asosiy omili bo`lib O`zbekistondagi kuchli antiinflyatsion (inflyatsiyaga qarshi) siyosat xizmat qiladi.
Birinchidan, ishlab chiqarishni jonlashtirish, ya`ni uning o`sishini rag`batlantirish choralari ko`rildi. Xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va boshqalar shular jumlasiga kiradi.
Ikkinchidan, pul massasining ortishini cheklash yoki to`xtatib qolish choralari ko`rildi. Shu maqsadda pul daromadlari: ish haqi, nafaqa, pensiya va boshqa to`lovlarning o`sishi ustidan nazorat kuchaytirildi, ortiqcha pulni tovar bozoridan qaytarish uchun bankka qo`yiladigan depozit pullarga bank to`laydigan foizlar oshirildi.
Pul deganda, biz, odatda, ko`z bilan ko`rish va qo`l bilan ushlash mumkin bo`lgan qog`oz yoki tanga pullarni tushunamiz. Biroq bu pulning bir turi, ya`ni naqd pullardir. Shu bilan bir vaqtda naqd bo`lmagan pullar ham mavjud bo`lib, ular aholining bank depozitlarida, kredit kartochkalarida, korxona, firma va tashkilotlarning bank hisob raqamlarida turuvchi pullaridir. Bu pullarni naqd bo`lmagan pullar deb yuritiladi.
Pulning bu turi, ya`ni naqd bo`lmagan pullarning naqd pulga nisbatan bir qator afzalliklari mavjud bo`lib, ulardan eng muhimi bu pullarni asrashning qulay va xavfsizligidir, aytaylik, safarga chiqqanda ularni ko`tarib yurishga ehtiyojning yo`qligidir. Undan tashqari aholining bankka qo`ygan pullari doimo ko`payib boradi.
Keyingi yillarda O`zbekistonda bozor munosabatlarining joriy etilishi va rivojlanishi bilan “kredit kartochkalari” degan tushuncha hayotimizga kirib kela boshladi. Bunday kartochkalarga qo`yilgan pulni mamlakatimizning istagan shahrida naqd pulga aylantirish mumkin. Modomiki, unga qo`ygan pulingiz erkin almashtiriladigan valyuta bo`lsa, istagan xorijiy mamlakatda kartochkadagi pulingiz hisobidan o`zingizga kerakli miqdorda naqd pul olishingiz mumkin.
Naqd bo`lmagan pullar, ayniqsa, korxona, tashkilot va firmalar uchun hisob-kitobning eng qulay shaklidir. Masalan, aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi yoki avtomobillar ishlab chiqaruvchi korporatsiyaning faoliyat ko`rsatishi uchun zarur bo`lgan pul mablag`larining miqdori bir necha yuz million, hattoki milliard so`mni tashkil qilishi mumkin. Bu pullarni faqat bank hisob raqamlarida saqlash mumkinligi va maqsadga muvofiqligi o`z-o`zidan ravshan.
Shunday qilib, mamlakat miqyosida harakatda bo`lgan pul massasi naqd pullar va naqd bo`lmagan pullar yig`indisidan iboratdir.
Muomala doirasiga qarab, pullarni ikki turga - milliy va baynalmilal (xalqaro) pullarga ajratish mumkin.
Milliy pullar (valyutalar) - ayrim mamlakatlarning pullari hisoblanadi. Masalan, O`zbekiston so`mi, Rossiya rubli, AQSh dollari, Angliya funt sterlingi, Qozog`iston tengesi va hokazolar.
O`z navbatida milliy pullar ham ikki xil bo`ladi - erkin almashtiriladigan (masalan, AQSh dollari, Angliya funt sterlingi va boshqalar) va faqat o`z mamlakati doirasida amal qiladigan. Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga kiruvchi mamlakatlarning pullari hozircha ikkinchi turdagi, ya`ni faqat o`z mamlakati doirasida amal qiladigan pullar jumlasiga kiradi.
O`zbekiston hukumati tomonidan o`zbek valyutasi (so`m)ning kuchi va qadrini oshirishga qaratilgan qat`iy chora-tadbirlar belgilangan. Ularni amalga oshirish natijasida yaqin yillarda bizning milliy valyutamiz ham erkin almashtiriladigan pullar qatoridan o`rin olishi muqarrardir.
Baynalmilal pullar deb, xalqaro (ya`ni mamlakatlararo) munosabatlarda ishlatiladigan pullarni tushunish kerak. Bunday pullar vazifasini bajaruvchi pullar ham ikki xil ko`rinishga ega. Birinchisi – ayrim milliy valyutalar (masalan, AQSh dollari) bo`lsa, ikkinchisi bir necha davlatlarning o`zaro kelishuvi asosida joriy etilgan va ularning barchasida birdek foydalaniladigan valyutalar. Bunday pullarning ilk namunasi Evro valyutasi bo`lib, u 2002 yil 1 yanvardan boshlab, Evropa qit`asining 12 davlati (Avstriya, Belgiya, Olmoniya, Hollandiya, YUnoniston, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Lyuksemburg, Portugaliya, Finlandiya va Frantsiya)da joriy etildi.

Yüklə 219,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin