Ish haqini tashkil etish bilan bog’liq turli yondashuvlar Bozor iqtisodiyoti sharoitida korxona mehnatga haq to ’lash shakllari, tizimlari
va miqdorini, shuningdek boshqa qo’shimcha haq va ustama haqlarni respublika
qonun hujjatlari asosida mustaqil ravishda belgilaydi.
Ish haqi xodimlar daromadining asosiy manbasi hisoblanadi va korxona
ishining pirovard natijalarini hisobga olgan holda ularning ishlab chiqarishga
qo’shgan mehnat hissasi bilan belgilanadi.
Ish haqi mahsulot ishlab chiqarish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish)
xarajatlarining kattagina qismini tashkil etadi. Ish haqi ishlab chiqarish (muomala)
chiqimlarining bir qismi sifatida mahsulot tannarxini shakllantirishga va pirovardida
- korxona tomonidan foyda olinishiga ta'sir ko’rsatadi. Shuning uchun ish vaqtidan
tashqari mehnatga haq to’lash va bir me'yordagi ish sharoitidan boshqa chetga
chiqishlar singari ish haqiga doir noishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va
ularga yo’l qo’ymaslikka e'tibor berish muhimdir.
Korxona buxgalteriyasining muhim vazifasi - ish haqini to’g’ri hisoblash va
uni o’z vaqtida berishdir.
Ishchilarni ishga qabul qilish mehnat shartnomasi va u imzolangandan keyin
korxona rahbarining ishchini ishga qabul qilish to’g’risida imzolagan buyrug’i
chiqarilishi bilan rasmiylashtiriladi.
Korxona bo’yicha xodimlar jadvali ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi, unda
barcha xodimlarning ro’yxati bo’lib, ular maoshining miqdori ko’rsatiladi.
Xodimlar bo’limida har bir xodimga shaxsiy varaqa to’ldiriladi, rahbar
xodimlar va mutaxassislarga shaxsiy varaqa yuritiladi. Har bir xodimga ishga qabul
qilish paytida tabel raqami beriladi. Keyinchalik ish hajmi va ish haqini hisobga
olishga doir barcha hujjatlarga ushbu raqam qo’yiladi.
Korxonaning buxgalteriya xizmati tomonidan har bir xodimga shaxsiy
hisobvaraqa ochiladi, unda xodimning ish haqi to’g’risidagi ma'lumotlar oyma-oy
jamlanib boriladi.