Jarqo‘tonbronza (jez) davrining eng yirik yodgorligi bo‘lib, umumiy maydoni 100 ga dan oshiq. U Sherobod tumani Bo‘stonsoy etaklarida joylashgan. Yodgorlik 3 qismdan: ark, shahar va qabristondan iborat. Jarqo‘ton yodgorligi 1970 yildan buyon O‘zR FA arxeologiya instituti Sherobod otryadi tomonidan o‘rganib kelinadi4. Jarqo‘ton arkining umumiy maydoni 3 ga bo‘lib, 2,5-2,80 m qalinliqdagi mudofaa devori bilan o‘ralgan. Ark hududida Jarqo‘ton shohlar saroyi joylashgan, u kvadrat shaklda (42x42 m). Saroy 4 m qalinlikdagi devor bilan o‘ralgan. Devorga tashqi tomondan taqab qurilgan kvadrat shaklidagi burjlar saroyning mudofaa qudratini yanada oshirgan. Saroy ichida Jarqo‘ton hukmdorlari yashagan uylar, mehmonxonalar joylashgan, ular mudofaa devoriga taqab qurilgan. Saroyning markaziy qismida esa keng supa joylashgan (12,8x13,8 m).Ark hududida saroydan tashqari yirik patriarxal oilalar yashagan uy qoldiqlari joylashganligi aniqlanmoqda. Jarqo‘ton arki atrofida joylashgan shahar tabiiy tepaliklar ustida qurilgan, alohida-alohida joylashgan mahallalar majmuasidan iborat.Shunday tepaliklarning birida Jarqo‘ton olov ibodatxonasi ochib o‘rganildi. U to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda bo‘lib (60x44,5 m), 5 m qalinlikdagi mudofaa devori bilan o‘ralgan. Ibodatxonaning ilk qurilish davrida burjlar ham bo‘lganligi kuzatilgan. So‘nggi davrlarda burjlardan foydalanilmaganligi stratigrafik jihatdan kuzatilmoqda. Ibodatxonaning darvozasi uning janubiy devorida joylashgan. Ibodatxona 3 qismdan iborat: ishlab chiqarish va ibodatxona xizmatkorlari yashaydigan g‘arbiy qism, xom g‘ishtdan terilgan keng maydon, shu maydonda joylashgan “chahortak”dan iborat markaziy qism va ibodat uchun mo‘ljallangansharqiy qism5.Ibodatga kelgan ziyoratchi asosiy darvozadan kirgandan so‘ng sharqqa burilsa, 25 metrli uzun yo‘lak orqali ibodat o‘tkaziladigan qismga, pillapoya orqali “chahortak” joylashgan markaziy maydonga, g‘arbga burilsa, ibodatxonaning ishlab chiqarish qismiga borishi mumkin bo‘lgan. Ibodatxonaning ishlab chiqarishga mo‘ljallangan g‘arbiy qismi to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi katta va kichik xonalar majmuasidan iborat bo‘lib, xonalar bir-biri bilan kesishmaydi, aksincha, yagona yo‘lak orqali bog‘langan. Xonalarning ayrimlari ibodat maqsadlarida foydalaniladigan bronza idishlarni tayyorlashga mo‘ljallanganligi shu xonalarda bronza eritadigan o‘choqlar, tigellar (bronza eritadigan qozon) topilganligidan ma’lum bo‘ladi. Boshqa bir xona pollari oq gips bilan shuvalgan, shu xona markazida pol tagiga xum ko‘milgan. Gipsli polga ariqchalar tortilgan, ular xumchaga borib tutashgan. Tadqiqotchilar bu – kishini sarxush qiluvchi ichimlik – xaoma tayyorlanadigan xona, deb e’tirof qilishmoqda6. Ayrim xonalardan esa xom loydan yasalgan odam haykallari ko‘plab topildi. Xuddi shunday haykal va haykalchalar Jarqo‘tonning kenotaf qabrlarida uchraydi. Yuqorida eslatib o‘tganimizdek, ibodatxonaning markaziy qismida keng maydon joylashgan. Maydon 31x13 m bo‘lib, balandligi 1,4 m. Tekis maydonni eslatuvchi bu yerda simmetrik joylashgan to‘rtta toshdan terilgan fundament qoldig‘i topildi. Fundament oralig‘idagi maydon 3,50x2,50 m ni tashkil etadi. Fundamentlarning baquvvatligiga qaraganda, uning ustiga mahobatli inshoot qurilgan va bu inshootni “chahortak” deb ta’riflash mumkin. Fundamentlar oralig‘idan topilgan toza kul qoldig‘i bu yerda “muqaddas olov” yonib turganidan dalolat beradi.Ibodatxonaning uchinchi – ibodat o‘tkaziladigan qismiga, yuqorida ta’kidlaganimizdek, tor yo‘lak orqali boriladi. Tor yo‘lak boshlanish joyida polga katta xum ko‘milgan, xumda saqlanayotgan ilohiy suv yordamida poklanish odati ijro etilgan, deyish mumkin, negaki bu yer – yo‘lak usti yopiq deb tasavvur etilsa, qorong‘i xonadan iborat bo‘ladi. 25 metrli qorong‘i, tor yo‘laqdan o‘tgan ibodatchi keng hovliga chiqqan. Hovliga tosh yo‘lakchalar qurilgan, shu yo‘lakchalar orqali ketma-ket joylashgan doimiy olov yonib turgan olovxona-mehroblarga, ilohiy quduqlarga, ibodatga olib kelingan narsalar saqlanadigan yo‘laklar majmuasiga borishi, ibodat marosimlarini ado etishi mumkin bo‘lgan. Ibodat ado etiladigan qismda joylashgan uchta xona ayniqsa diqqatga sazovor.O‘rtada joylashgan xona ko‘lami jihatidan zalni eslatadi. Bu xonalarning chor atrofida 1,20 m kenglikda supalar qurilgan, ibodatga kelgan kishilar shu yerda, supalarda o‘tirib duo o‘qigan bo‘lsa, ajab emas. Zal o‘rtasi chuqur, chuqurda esa toza kul qatlamlariga duch kelindi. Ibodatxona hududidan doira shaklidagi jami oltita olovxona-mehrob topilgan. Ularning diametri 90 sm dan 1 m60 sm gacha boradi. Olovxona devorining qalinligi 16-22 sm, balandligi esa 8-10 sm. Olovxona ichi olov izi va toza kul qatlamlaridan iborat. Bu ashyolar jarqo‘tonliklarning nafaqat olovni, balki uning kulini ham ilohiylashtirganliklarini ko‘rsatuvchi dalillar hisoblanadi. Ibodatxona hududida jami 5 ta quduq topilgan, ular aylana shaklida (diametri 1 m), 8 m chuqurlikda qazilgan. Topilgan 5 ta quduqdan 4 tasi ibodat o‘tkaziladigan qismda, bittasi ishlab chiqarish qismida joylashgan. Oxirgisi, ya’ni ibodat o‘tkaziladigan qismda joylashgani xo‘jalikda ishlatilgan hisoblanadi, chunki u joylashgan xonada bronza eritadigan o‘choqlar qator joylashgan. Shu qismda joylashgan 4 ta o‘choq ilohiy hisoblanadi. Bu o‘choqlar olovxona bilan yonma-yon,tosh yo‘lak bo‘yida joylashgan. Bu jarqo‘tonliklar suvni ilohiy hisoblashganini tasdiqlovchi ashyoviy dalildir. Ibodatxonani qazish mobaynida sopol, bronza va toshdan yasalgan ko‘plab ashyolar topildiki, ular ham Jarqo‘ton ibodatxonasi xususiyatini ochishga xizmat qiladi. Ilohiylashtirilgan kullar saqlanadigan joydan topilgan ashyolar e’tiborni tortadi.Bular olovxona bo‘laklari (kuygan g‘isht) va kichik sopol idishlardan iborat. Bu sopol idishlarning ichida ham olov izini eslatuvchi kuyganlik belgisi bor. Idishlarning yon qismidagi teshikchalar simmetrik joylashgan.Topilgan joyi va shakliga ko‘ra, bu idishlar ilohiy mazmunga ega bo‘lgan. Yana bir ashyoviy dalil so‘nggi Persepol devorlarida chizilgan, baxtariyaliklar qo‘llarida xuddi shu shakldagi idishlarni, ya’ni ko‘chma olovxonalarni ushlagan holda tasvirlangan arxeologik va san’at asarlar bu manbalarning uyg‘unlashuvi jarayonini ko‘rsatadi7. Ibodatxonadan topilgan, humo qush shaklida ishlangan sopol idish ham e’tiborga molik. Suyuqlik solishga mo‘ljallangan bu idish tashqi tarafdan qizil angob bilan bo‘yalgan. Qush tumshug‘i shakli esa idish chumagi vazifasini ham o‘tagan. Qush qanotlari idish qorniga yopishtirib ishlangan. Tadqiqotchilar ibodatxonadan topilgan oq gips polli xona va humo tasviri tushirilgan idishni “Avesto”da tasvirlangan xaoma ichimligi bilan bog‘lashmokda. Xaoma – efedra o‘simligidan ibodatxonalarda tayyorlanadigan, sarxush kiladigan, zardushtiylik diniga xos ichimlik. Jarqo‘ton ibodatxonasidan topilgan olovxona ham zardushtiylar bilan bog‘lanmokda. Bu arxeologik manbalar zardushtiylik dinining ayrim urf-odatlari Zaratushtra yashagan davrlardan ham oldin mavjud bo‘lganligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlardir. Jarqo‘ton yodgorligining shahar qismida arxeologlar ibodatxonadan tashqari, shahar aholisi yashagan uy qoldiqlari, kulollar mahallasi kabi ko‘plab joylarni o‘rganishganki, bu ma’lumotlar asosida bronza davri aholisining madaniy turmush tarzi, urf-odatlari kabi masalalar o‘z yechimini topmokda.