Quyi Amudaryo Oqchadaryo havzasi. Bu hudud A.V.Vinogradov tomonidan atroflicha o‘rganilgan vamavjud Kaltaminor yodgorliklari 3 xronologik guruhga bo‘lingan: ilk(Jonbos-4, Tolstov, Qavat 5, Kunak), o‘rta (Jonbos 32, Qavat 7, Tojiqazag‘on va boshq.) va so‘nggi (Jonbos 5,11, Tojiqazg‘an 2,3,6,10 va boshq.).
Jonbos-4 yodgorligi Oqchadaryo havzasi Jonbosqala yon taqirida joylashgan. 1939 yili S.P.Tolstov tomonidan ochilib, tadqiq etilgan. Yodgorlikdan qimmatli arxeologik manbalar – turli tosh buyumlar, hayvon, parranda, baliq suyak qoldikdari, sopol buyum parchalari hamda uy-joy qoldiqlari topilib, ahamiyati jihatidan hozirgi kungacha tayanch yodgorlik hisoblanadi. Jumladan, makondagi uy-joy qoldig‘i 24x17 m o‘lchamli, aylana shaklda umumiy maydoni 320 m2bo‘lgan sinchli, cho‘pkori uyniki bo‘lib, o‘rtasida katta o‘choq, atrofidan tartibli ravishda joylashgan bir necha mayda o‘choqlar qoldig‘i topilib, bu uyda 100-125 kishi, ya’ni ona urug‘ jamoasi yashaganligi aniqlangan.
Tolstov yodgorligiOqchadaryo havzasi Jonbosqala yon taqiri janubiy qismida (Jonbos-4 yodgorligi past qismida) joylashgan bo‘lib, 1976 yildan e’tiboran A.V.Vinogradov tomonidan o‘rganilgan. Madaniy qatlami yaxshi saqlangan, undan ko‘plab turli tosh buyumlar, hayvon, parranda, baliq suyaklari qoldiqlari (suyak qurollar ham), sopol buyum parchalari, xullas, 12000 dan ortiq ashyolar topilgan. Ayniqsa, uchta uy-joy qoldig‘i hamda xo‘jalik uchastkalari topilishi yodgorlik moddiy madaniyati xususiyatini aniqlashda juda muhim bo‘ldi. Turar joylar tuzilishi jihatidan Jonbos uyiga o‘xshash, lekin bular to‘g‘ri burchakli shaklda, umumiy maydoni 110-120 m2dir.
Qizilqum ichki hududlari (Lavlakan).1965-1972 yillar mobaynida kompleks ravishda Lavlakan, Qaraqata, Beshbuloq, Mingbuloq cho‘kmasi o‘rganilib, mingdan ortiq ibtidoiy makonlar topilgan17. A.V.Vinogradov arxeologik manbalarni ilmiy tahlil etib, ularni uchta xronologik bosqichga ajratdi: 1. Mezolit-ilk neolit. Bu makonlardan uncha katta bo‘lmagan, mezolit an’anaviy uslublarini mujassamlashtirgan tosh buyumlar kolleksiyasi topilgan (mil. av. VII mingyillik); 2. (Neolit I). Ilk neolit. Bu yodgorliklarda geometrik shakldagi qurollar nisbatan ko‘p emas, Kaltaminor tipidagi o‘q-yoy paykonlari umuman uchratilmagan (mil. av. VI-V mingyilliklar); 3. (Neolit II) O‘rta (rivojlangan) va neolitning so‘nggi bosqichlari – Kaltaminor tipidagi o‘q-yoylar juda ko‘plab uchraydi (mil. av. IV mingyillik va III mingyillikning 1-yarmi). Bu mintaqada madaniy qatlami qisman saqlangan Lavlakan‑26 makonining topilishi muhim bo‘ldi.
Lavlakan-26. Lavlakan botig‘ida joylashgan bo‘lib, 1965-1972 yillar mobaynida A.V.Vinogradov tomonidan atroflicha o‘rganilgan. Madaniy qatlamdan arxeologik manbalar bilan birga uy-joy qoldig‘i ham aniqlangan. Bu sinchli uy bo‘lib, madaniy qatlam qisman buzilganligi tufayli uning shakli va o‘lchamini to‘la aniqlash imkoni bo‘lmagan.
Quyi Zarafshon vohasi. Mavjud uchta (shimoliy, o‘rta, janubiy) qadimiy o‘zanda topilgan ibtidoiy makonlarning aksariyatida madaniy qatlam saqlanmagan. Faqat Uchashi-131 (Daryosoy), Dorbazaqir-1, Dorbazaqir-2 (Moxandaryo-Xo‘jayli) kabi makonlarda madaniy qatlamning yaxshi saqlanganligi bu voha neolit davri moddiy madaniyatini yoritish imkonini berdi.
Uchashi-131. Quyi Zarafshonning shimoliy o‘zani tarkibiy qismi bo‘lgan Daryosoyning yuqori oqimida joylashgan, 1968 yili A.V.Vinogradov tomonidan ochilgan. Makondan 13000 dan ortiq tosh buyum topilgan. O‘rta Osiyo bo‘yicha eng qadimgi (ilk neolit) hisoblanuvchi joytun sopoliga o‘xshash sopol buyum parchalarining topilishi voha moddiy madaniyatini aniqlashda muhim bo‘ldi. Shuningdek, tadqiqot jarayonida o‘z jihatlariga ko‘ra Tolstov, Lavlakan-26, Dorbazaqir-1 uy-joylariga juda o‘xshash 3 ta uy-joy qoldig‘i o‘rganilgan.
Dorbazaqir-1. Janubiy (Moxandaryo-Xo‘jayli) o‘zanning Katta Tuzkon ko‘li shimoli-g‘arbiy sohilida joylashgan. Ya.G‘.G‘ulomov boshliq Mohandaryo otryadi tomonidan 1950 yillarda o‘rganilgan. Makon 3 madaniy qatlamli bo‘lib, ulardan 4670 dona tosh buyum, 946 ta sopol buyum parchasi, shuningdek, ko‘plab hayvon, parranda, baliq suyak qoldiqlari hamda tosh va chig‘anoqlardan yasalgan taqinchoqlar topilgan. 3-madaniy qatlamdan to‘g‘ri burchakli shaklda, maydoni 80 m2 bo‘lgan sinchli, qalama uy-joy qoldig‘i topilgan2. Uchala madaniy qatlam ham bir davrga taalluqli18.
Dorbazaqir-2. Bu makon ham Dorbazaqir-1 makoniga yaqin joylashgan bir madaniy qatlamli yodgorlik bo‘lib, makonda 208 m2maydon tadqiq etilib, 584 dona tosh buyum, 335 dona sopol buyum parchalari topilgan. Bu ashyoviy dalillar voha neolit davri moddiy madaniyatini o‘rganishda muhim manbadir.
Dostları ilə paylaş: |