Sazag‘on madaniyati (O‘rta Zarafshon).O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yonbag‘irlariga tarqalgan neolit jamoalari madaniyati hisoblanadi. O‘rta Zarafshon vohasi neolit davri yodgorliklarini o‘rganish tarixi ikki bosqichga bo‘linadi. 1. Bu bosqichga 1930-1940 yillarda qo‘lga kiritilgan topilmalar, xususan, B.N.Kostalskiyning Samarqand yaqinidagi Darg‘om kanali atrofidan topgan tosh buyumlar kolleksiyasi, shuningdek, 1950- yillarda geolog G. Polishchuk tomonidan Tim qishlog‘i atrofi, Quduqchaysoy yon bag‘irlaridan topilgan mikrolit qurollari kiradi. Garchi bu topilmalar tasodifiy xarakterda bo‘lsa-da, O‘rta Zarafshon vohasi neolit davri moddiy madaniyatini o‘rganishda muhim omil bo‘lib, ayniqsa, Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘rida keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar o‘tkazilishiga turtki bo‘ldi27. 2. 1960-yillar 2-yarmidan to hozirgi kunga qadar Samarqand Davlat universiteti arxeologik ekspeditsiyasi (dastlab 1966-1968 yillari D.N.Lev rahbarligida; 1969 yildan buyon hozirgi kungacha muntazam ravishda M.Jo‘raqulov rahbarligida) o‘z taraqqiyotini Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘rida amalga oshirib kelmoqda. Shu kungacha olib borilgan tadqiqotlar tufayli 30 dan ortiq neolit yodgorliklari aniqlanib, Sazag‘on‑1,2, Jangal‑1, Tepaqul‑3,4,5 kabi makonlarda bevosita arxeologik qazish ishlari bajarilgan. Natijada, bu mintaqada o‘rganilgan ko‘p sonli makonlarning umumiy xususiyatlari aniqlanib, Sazag‘on madaniyati nomi bilan fanga kiritildi28. Ayni kunlarda ham Sazag‘on madaniyati majmuasiga mansub yodgorliklarda arxeologik tadqiqotlar davom ettirilmokda. Voha neolit davri moddiy madaniyatini o‘rganishda O‘zR Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti xodimlari tomonidan 1986 yili Ohalik, 1989 yili Zamichatosh (Sevasoy) neolit yodgorliklari o‘rganilishi ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi29.