2.2. Ishlab chiqaruvchi xoʻjalik manzilgohlarini topish, oʻrganish va hamda tadqiqot olib borishdagi muammolar va yechimlar So‘nggi yillar tarixshunosligida O‘zbekiston tarixidagi qadimgi davlatlar rivojlanishining davrlashtirilishi ishlab chiqildi (E.V.Rtveladze). Ushbu davrlashtirish tarixiy hamda arxeologik tadqiqotlar natijalariga asoslangan bo‘lib, mil.avv.II ming yillikning ikkinchi yarmidan milodiy III–IV asrlargacha bo‘lgan quyidagi 6 ta davrga ajratiladi.
Birinchi davr–mil.avv.II ming yillikning ikkinchi yarmi. Bu davrda Shimoliy Baqtriya (Surxon vohasi)da davlatchilikning ilk ko‘rinishi shakllanib, uning tepasida balki oqsoqollar kengashi va saylanadigan hukmdor turgan bo‘lishi mumkin. Bunday ko‘rinishdagi ilk davlatlar bu davrda Baqtriya hududlarida shakllangan nisbatan yirik uyushmalar tarkibiga kirgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Nisbatan taraqqiy etgan iqtisod, jumladan, sug‘orma dehqonchilik, sopol va metall hunarmandchiligi, ichki va tashqi savdo munosabatlari bunday uyushmalarning davlatchilik xususiyatidan dalolat beradi. Ammo, davlatchilikning muhim belgisi hisoblangan yozuvning bu hududlarda mavjudligi hozirga to‘la isbotlanmagan.
Ikkinchi davr – mil.avv. I ming yillik boshlari– mil.avv. 540 y. Bu borada Baqtriya, Sug‘d va Xorazm kabi tarixiy–madaniy viloyatlar shakllanadi. “Avesto” ma’lumotlariga tayanib, tadqiqotchilar ularni ijtimoiy toifalar tizimiga asoslangan siyosiy hokimiyat ko‘rinishidagi davlatlarning ilk shakli sifatida izohlaydilar. Bu davrda nisbatan hududiy yirik mulklar–qadimgi Baqtriya va qadimgi Sug‘d davlatlari, shuningdek, shimolda sak–massagetlarning qabilalar konfederatsiyalari tashkil topgan.
Uchinchi davr – mil.avv.540–330 yillar. Ahamoniylar bosqini tufayli O‘rta Osiyo viloyatlarining ular qadimgi Fors davlati tarkibida kirishi natijasida mahalliy davlatchilik taraqqiyotidagi uzilish davri. Ulkan Ahomoniylar saltanati satrapiyalarga bo‘linib boshqarilgan hamda uchta O‘rta Osiyo satrapiyalari – Baqtriya, Sug‘d, Xorazm to‘laligicha yoki qisman hozirgi O‘zbekiston hududlarida joylashgan.
Qadimgi davlatlar o‘z rivojlanish bosqichlarida, turli xususiyatlar va tarixiy qonuniyatlarga ega bo‘lgan. Dastavval, ilk davlatlar xo‘jalikning ishlab chiqaruvchi shakllari – dehqonchilik va chorvachilik qaerda oldin rivoj topgan bo‘lsa, o‘sha yerda vujudga keldi.
Ibtidoiy tarixda (urug‘chilik jamoasi davrida) aholining joylashuvi qon–qarindoshlik aloqalari bilan belgilanadi. U yoki bu hududda fakat bitta urug‘ a’zolarigina yashagan. Xo‘jalik ishlab chiqaruvchi shakllarining taraqqiyoti aholi joylashuvi hududlarning kengayishiga, tashqi aloqalarning uzluksiz rivojlanishiga olib kelgan. Ishlab chiqarish zarurati va boshqa iqtisodiy omillar shuni taqozo etgan. Shu tarika aholining aralash joylashuvi jarayoni boshlangan. Bunda bir hududda turli urug‘ namoyandalari yashaydigan bo‘lgan. Ana shunday qilib, jamiyatning yangi hududiy tashkiloti vujudga kelgan. Qarindosh–urug‘chilik jamoasi o‘rniga hududiy qo‘shnichilik jamoasi paydo bo‘lib, o‘zini iqtisodiy jihatdan ta’minlay oladigan katta oilalar paydo bo‘lgan.
Bu jamoalar vakillari alohida uy–joylar, ekinzorlar va sug‘orish tarmoqlari bilan chegaralangan, ya’ni, to‘la o‘zlashtirilgan va muttasil xo‘jalik va ishlab chiqarish maqsadlarida foydalanib kelingan voha–tumandarda hayot kechirib, o‘z ichki va tashqi munosabatlarida kelib chiqadigan muammolarni hal qilishda birlashishga harakat qilganlar.
Ishlab chiqarish va ijtimoiy mehnat taqsimoti, tashqi harbiy bosqinlardan himoyalanish, jamoadagi diniy urf–odatlarni bajarish kabi masalalar ijtimoiy mansablar va boshqaruvning yangi rivojlanish bosqichiga asoslangan.