Tepakul-3 makoni. Tepakul qishlog‘idan soy bo‘ylab 2,5 kmyuqorida Tepakulsoy yon qayirida joylashgan, 1989 yili SamDU arxeologik otryadi (rahbar M.Jo‘raqulov) tomonidan ochilgan. 1989-1996 yillar mobaynida 400 m2 maydonda madaniy qatlam o‘rganilib, besh mingdan ortiq arxeologik manbalar to‘plangan, ular orasida tosh buyumlar, hayvon suyagi qoldiqlari, sopol buyum parchalari bor. Tepakul-4 makoni. Tepakul-3 makonidan soy bo‘ylab 250-300 metr yuqoridagi qo‘shni qayirda joylashgan, 1995 yili SamDU arxeologik ekspeditsiyasi ilmiy xodimlari tomonidan M.Jo‘raqulov rahbarligida o‘tkazilgan arxeologik qidiruv jarayonida aniqlangan. 1996-2000 yillar mobaynida 200 m2 dan ortiq madaniy qatlam o‘rganilib, to‘rt mingdan ortiq arxeologik ashyoviy buyumlar topildi. Makon tosh industriyasi o‘z xususiyatlari bilan Sazag‘on madaniyatiga mansubdir31.Sazag‘on madaniyatiga mansub yodgorliklarning barchasi Qoratepa tog‘ massividan Zarafshon vodiysi tomon oqib tushuvchi soy yon qayirlarida joylashgan. Asrlar davomida olib borilgan xo‘jalik ishlari sababli, makonlar madaniy qatlamlari qisman buzilgan. Sazag‘on tosh industriyasi asosini uchirma-paraqali industriya tashkil etadi. Sazag‘on jamoalari paraqadan qurol yasash uslublarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsalar-da, biroq mehnat qurollarining asosiy qismini tosh siniqlaridan yasaganlar. Industriyaning paraqali qismida esa mikroparaqalar salmog‘i katta (68%). Bu jarayon, o‘z navbatida, moddiy madaniyat xususiyatini belgilashda muhim omil hisoblanadi. Paraqa qurollari o‘z shakli va ishlov berilish uslublari jihatidan Kaltaminor jamoalari (quyi Zarafshon) qurollariga juda o‘xshash, lekin Sazag‘on madaniyatida geometrik shakldagi qurollar deyarli yo‘q hisobi, paraqadan yasalgan o‘q-yoy paykonlari esa uchratilmagan. Tosh qurollarning yana bir xususiyati shundan iboratki, ularda so‘nggi paleolit, mezolitga xos ananaviy uslublar saqlanib qolgan. Bu xususiyat ponasimon qurollar, yirik hajmli uchburchaksimon paykonlar, arxaik ko‘rinishli enli paraqalar, tik baland ish qirrasiga ega bo‘lgan qirg‘ich qurollarda namoyon bo‘lgan. Asosiy qurollar – qadama va randasimon qurollar, ikki taraflama ishlov berilgan kamon uchlari, qirg‘ichlar, teshgichlar, silliqlangan boltalar, shuningdek, yirik hajmli plitkasimon qirg‘ichlar bo‘lib, qayroqtosh qurollari (chopping, chopper) ham uchraydi. Suyak qurollardan igna, juvoldiz kabilar qiziqarlidir. Uchratilgan sopol buyum parchalari asosida ular o‘z yasalish uslublari, shakli va naqshlari bo‘yicha Kaltaminor jamoalari sopoliga o‘xshashligini aytish mumkin. Chig‘anoqlardan, toshdan yasalgan turli taqinchoqlarning topilishi ham qiziqarlidir. Sazag‘on-2, Jangal-1 makonlaridan suyri, aylana shaklida uy-joy qoldiqlari topilgan. Sazag‘on-2 makoni tadqiqoti jarayonida to‘plangan antropologik ma’lumotlar hisor, joytun jamoalari xususiyatlariga birmuncha yaqin.Sazag‘on madaniyati o‘zida, bir tomondan, O‘rta Osiyo pasttekislik mintaqasi (Kaltaminor jamoalari), ikkinchi tomondan, O‘rta Osiyo tog‘ mintaqasi (klassik Hisor madaniyati) neolit jamoalari moddiy madaniyati xususiyatlarini mujassamlantirgani holda, o‘ziga xos madaniyat xususiyatlariga ega bo‘lgan oraliq, mustaqil yangi neolit davri madaniyatidir. Sazag‘on madaniyati tosh industriyasi paraqali qismi, sopol buyumlari bilan Kaltaminor jamoalari, tog‘ madaniyatiga xos bo‘lgan ponasimon qurollar, baland, tik ishchi maydoniga ega bo‘lgan qirg‘ichlar, tutkovul tipidagi teshgich qurollar, old tomoniga yonlama ishlov berilgan o‘zaklar, qayroqtosh qurollari (chopping-chopper) mavjudligi bilan klassik tog‘ neoliti (Hisor) jamoalari madaniyatiga yaqin. Markaziy Farg‘ona neolit madaniyatiga o‘xshashlik ularning tosh industriyasi paraqali qismida mikroparaqalar salmog‘i ko‘pligi (68%; 80‑90%) hamda tog‘ neolitiga xos qurollarning uchrashi bilan izohlanadi. Bu xususiyat asl ma’noda Sazag‘on va Markaziy Farg‘ona madaniyatlari O‘rta Osiyo tog‘ neoliti madaniyatlari safiga kirishini belgilash bilan birga, ular jumlasida alohida mustaqil madaniyatlar ekanligini qayd etish imkonini ham beradi.Sazag‘on madaniyatining xronologik chegarasi mil.av. VIII-VII-III mingyilliklar bilan belgilanadi. Sazag‘on madaniyatining kelib chiqish ildizi mahalliy xarakterga egaligi, ya’ni Samarqand so‘nggi paleolit makoni moddiy madaniyati asosida shakllanganini qayd etish lozim. SamDU arxeologik ekspeditsiyasi 2000 yili O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yonbag‘irlari – Sazag‘onsoyning (Sazag‘on qishlog‘i markazida) o‘ng qirg‘og‘idagi Olmabuloq chashmasi yon qayiridan paleolit davriga mansub yodgorlikni topib o‘rganishi bu masalani oydinlashtirishda yana bir muhim manba bo‘ldi. Sazag‘on madaniyati jamoasi xo‘jalik asoslariga to‘xtalsak, hamon ularning turmushida o‘zlashtirma xo‘jalik asosiy rol o‘ynaganini ko‘ramiz, biroq topilgan ba’zi manbalar (Sazag‘on-2, Tepakul-3) dastlabki ishlab chiqarish xo‘jaliklari bo‘lgan chorvachilik va dehqonchilikning kashf qilinganligini ko‘rsatmoqda. Xususan, topilgan ko‘p sonli yorg‘uchoqlar, qadim tosh qurollar, keli singari mehnat qurollari bundan dalolat beradi. So‘nggi yillarda yig‘ilgan arxeologik manbalar Sarazm eneolit va bronza davri madaniyatining kelib chiqish ildizlarini Sazag‘on madaniyati bilan bog‘lashga asos bo‘lishi mumkin.