1 – ma’ruza. Statistika faniGA KIRISH. Faning predmeti va metodlari
Reja:
Statistikaning fan sifatida shakllanishi va rivojlanishi
Fanning maqsadi va predmeti.
Fanni o’rganish usullari.
Fanning vazifalari.
Tayanch iboralar:statistika, davlatshunoslik, predmet, metod, ommaviy hodisa, miqdor, sifat, makon, zamon, katta sonlar, qonuniyat, statistik to’plam, statistik belgi, statistik ko’rsatkich, statistika qo’mitasi, statistika boshqarmasi, statistika tarmoqlari, sotsial statistika, makroiqtisodiy statistika, moliya statistikasi, milliy hisoblar tizimi
“Statistika” atamasi lotincha “Status” so’zidan olingan bo’lib, xodisalarning holatini, ahvolini bildiradi. «Status» so’zi negizidan «Stato» - davlat, «Statusta» - davlatni biluvchi, «Statustica», ya’ni davlat to’g’risida muayyan bilim, ma’lumotlar yig’indisi degan tushunchalar kelib chiqqan.
Hozirgi kunda statistika deyilganda, birinchidan, o’z, ob’ektiga va usuliga ega bo’lgan mustaqil fanni, ikkinchidan, amaliy faoliyatdagi mustaqil tarmoqlarni, uchinchidan, ijtimoiy hayotning turli tomonlarini ta’riflaydigan umumiy ko’rsatkichlar, statistik raqamlar ham tushuniladi.
Statistika fani XVII asrning oxirlariga kelib mustaqil fan sifatida shakllana boshladi. Bu davrda endigina feodalizm tuzumi o’rnini kapitalizm tuzumi egallayotgan edi. Kapitalistik tuzumning barqaror bo’lishi ko’pgina fanlarning, shu jumladan statistikaning ham rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. XVII asrda Angliyada «siyosiy arifmetika» degan fan vujudga keldi. Uning asoschilari ingliz olimlari U.Petti (1623-1687) va Jon Graunt (1620-1674) bo’lganlar. U.Pettini o’z vaqtida siyosiy iqtisodning “otasi” va ma’lum darajada “statistikaning ixtirochi”sidir, deb atashgan. Har qanday mustaqil fanning mazmuni uning ob’ekti, ya’ni nimani o’rganishi va qaysi usulda o’rganishi bilan aniqlanadi. Statistika mustaqil ijtimoiy fan bo’lib, o’zining xususiy predmeti va usuliga ega.
Xo’sh, statistika fani nimani o’rganadi? Statistika fani ijtimoiy xodisalarning miqdoriy tomonlarini ularning sifat tomonlari bilan uzviy ravishda bog’langan holda o’rganadi. Butun borliq, ya’ni moddiy dunyodagi tabiiy va ijtimoiy xodisalar barchasi statistikaning o’rganish ob’ekti bo’lib hisoblanadi. Ijtimoiy hayotdagi xodisalarning sifat tomonini falsafa, iqtisodiy nazariya, iqtisodiy geografiya, iqtisodiy tarix, iqtisodiyot va shu kabi ijtimoiy fanlar o’rganadi. Masalan, iqtisodiy nazariya fani ishlab chiqarish munosabatlarini tekshiradi va iqtisodiy qonunlarni belgilab beradi.
Ijtimoiy xodisalarning miqdoriy tomonlarini esa statistika o’rganadi. U ayrim xodisalar bilan shug’ullanmasdan, balki ommaviy xodisalarning miqdoriy tomonlarini ularning sifat tomoni bilan chambarchas bog’langan holda tekshiradi.
Statistika fani bilan bog’liq bo’lgan masalalardan biri statistik to’plam haqidagi tushunchadir. Statistik to’plam deyilganda ma’lum bog’lanishda bir xil sifatga ega bo’lgan xodisalar, elementlar, birliklar, dalillar to’plami tushuniladi. Masalan, sanoatda ish xaqi bilan mehnat unumdorligi o’rtasidagi munosabat statistik jihatdan tekshirilishi lozim bo’lsa, u holda barcha sanoat korxonalari statistik to’plam hisoblanadi. Statistik to’plamning muhim belgisi – unda ichki o’zgaruvchanliklining, ya’ni variatsiyaning mavjudligidir. Statistika ommaviy-ijtimoiy xodisalarni ana shu varitsion belgilari asosida o’rganib, ularning rivojlanish qonuniyatlarini belgilab beradi.
Statistika fani bilan bog’liq bo’lgan masalalardan yana biri – ommaviy-ijtimoiy xodisalar xususidagi tushunchalardir. Xo’sh, ommaviy-ijtimoiy xodisalar deyilganda qanday xodisalar tushuniladi. Ularga:
- birinchidan, iqtisodiy hodisalar tushuniladi. Eng avvalo bu yerda moddiy ne’mat ishlab chiqarish ko’zda tutiladi. Statistika iqtisodiy hodisalar miqdorini, ijtimoiy taraqqiyot negizi – iqtisodiy qonun va qonuniyatlarni aniq vaqt hamda joy sharoitida qanday miqdoriy og’ish va nisbatlarda yuzaga chiqayotganligini o’rganadi. Bu o’rinda u ishlab chiqarishni uning ikki tomoni – ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish munosabatlarining bir butunligida olib tekshiradi.
- ikkinchidan, madaniy va ta’lim tarbiya sohasidagi hodisalar tushuniladi. Statistika ularni ham miqdor jihatdan o’rganadi. Jumladan, u madaniy – ma’rifiy munosabatlarning, o’quv yurtlarning, maktab, kutubxonalarning holati va shu kabilarning rivojlanishini o’rganadi.
- uchinchidan, siyosiy va mafkuraviy hodisalar tushuniladi. Barcha bo’lib o’tgan va bo’layotgan qurultoylar, plenumlar, sessiyalar, saylovlar, ularning qatnashchilarining soni, ovozlarning taqsimlanishi, ish tashlashlar, namoyishlar kabilar ana shunday hodisalar turkumiga kiradi.
- to’rtinchidan, tabiiy hodisalar tushuniladi. Tabiiy ofatlar, ya’ni zilzila, suv toshqini, yong’in, portlash kabi hodisalar statistika fanining o’rganish ob’ekti hisoblanadi.
Har qanday fan o’z ob’ektini ma’lum usullar yordamida o’rganadi. Barcha fanlar uchun umumiy usul – dialektik usuldir. CHunki bu usul ijtimoiy xodisalarni rivojlanish jarayonida, o’zaro bog’langan holda o’rganishni taqozo etadi. Ijtimoiy xodisa va jarayonlarda sodir bo’ladigan barcha o’zgarishlarning tub sababi ularning o’zaro ta’sirda bo’lishidandir. Masalan, odam moddiy ishlab chiqarish orqali tabiat bilan bog’langan. Bu bog’lanishning shakli – insoniyatning yashashi uchun zarur shart bo’lgan mehnatdir. Mehnat jarayonida kishilarning iqtisodiy, ishlab chiqarish munosabatlari tarkib topadi, shu munosabatlar asosida ularning boshqa aloqalari – siyosiy, huquqiy, mafkuraviy, etnik aloqalari ham vujudga keladi. Demak, xodisalarni kuzatayotganda ulardagi tomonlarni alohidalikda, bir-biridan ajralgan holda emas, balki shu xodisaga taalluqli barcha tomonlarni, aloqalarni birgalikda olib o’rganish zarur. Aloqalarni bilish juda katta ahamiyatga ega; odamlar bu aloqalarni bilib olib, ob’ektiv dunyoning qonunlarini kashf etadilar.
Statistika dialektika qonun-qoidalariga asoslanib o’zining xususiy usullarini yaratgan. Ular quyidagilardan iborat:
Ommaviy statistik kuzatish.
Kuzatish materiallarini svodkalash va guruhlash.
Turli umumlashtiruvchi ko’rsatkichlarni (masalan, mutlaq va nisbiy miqdor, o’rtacha miqdor, indeks, dinamik ko’rsatkichlar va hokazo) hisoblash.
Statistik ma’lumotlarni jadval va grafiklar ko’rinishida tasvirlash.
Ilmiy jihatdan asoslangan statistik tadqiqot bu to’rtala usulning chambarchas ravishda olib borilishini taqozo etadi.
Statistika eng avvalo iqtisodiy nazariya fani bilan bog’langan. U ushbu fandan iqtisodiy kategoriyalar – qiymat, ish xaqi, tovar, mehnat unumdorligi, ijtimoiy mahsulot, milliy daromad, foyda va shu kabilar haqidagi tushunchani hamda iqtisodiy qonunlarning mohiyatini bilib oladi, keyin esa aniq sharoitda ular qanday amal qilayotganini miqdor jihatdan belgilaydi.
Statistika fani falsafa fani bilan ham chambarchas bog’langan. Falsafaning sifat, miqdor va o’lchov, mohiyat va xodisa, tasodif va zaruriyat, alohidalik va umumiylik kabi kategoriyalari hamda miqdorning sifatga o’tish, ziddiyatlar kurashi va birlik qonunlari ham statistika uchun katta ahamiyatga egadir.
Statistika ayrim masalani o’rganayotganda boshqa fanlar ko’rsatmalarini ham hisobga oladi. Masalan, ishlab chiqaruvchi kuchlar joylashishini tekshirishda iqtisodiy geografiya fani tushunchalariga, agrotexnika tadbirlarining iqtisodiy samaradorligini aniqlayotganda agranomiya fani tushunchalariga, ijtimoiy xodisalarni o’rganayotganda esa sotsiologiya fani tushunchalariga asoslanadi. SHu bilan birga boshqa fanlar o’z masalalarini yoritayotganda statistika ma’lumotlaridan keng foydalanadilar.
Amaliyotda yagona xalq xo’jaligi hisobi joriy qilingan. Bu hisob uch turdagi hisobni o’z ichiga oladi:
operativ-texnika hisobi;
buxgalteriya hisobi;
statistik hisob.
Operativ-texnika hisobi korxona ishi ustidan operativ boshqarishni tashkil etish uchun xizmat qiladi. Buxgalteriya hisobi korxonaning moddiy va pul resurslari harakatini hisobga oladi. U korxona mulkini qo’riqlashdagi muhim qurol bo’lib xizmat qiladi. Statistik hisob xalq xo’jaligi miqyosidagi hisob bo’lib, undagi sodir bo’ladigan xodisa va jarayonlarni umumlashtiradi va tegishli qonuniyatlarni aniqlaydi.
Statistika faqat mustaqil fan bo’lib qolmasdan, shu bilan birga amaliy faoliyatning muhim soxasi hamdir. Mamlakatimizning bozor iqtisodiyotiga o’tishi va shu munosabat bilan xo’jalik mexanizmida tub o’zgarishlarning sodir bo’lishi bilan statistika oldida quyidagi vazifalar turadi:
statistik informatsiyani takomillashtirish va iqtisodiy tahlil qilishni yanada chuqurlashtirish, statistikaning analitik funktsiyasini oshirish;
xalq xo’jaligidagi barcha hisobotlarni tartibga tushirish va ularning aniqligini ta’minlash; barcha statistik hisobotlardan reja ko’rsatkichlarni olib tashlash, faqat haqiqiy bajarilgan ko’rsatkichlarni qoldirish, shu bilan undagi ortiqcha ko’rsatkichlarni keskin kamaytirib, korxona ustidan keraksiz nazoratlarga chek qo’yishga erishish;
xo’jalik yuritishning turli shakllarini (ijara, pudrat, kooperativ), mulkchilikning ko’p qirraliligini ifodalovchi ko’rsatkichlar tizimini ishlab chiqish;
iste’mol bozorida, ishlab chiqarish vositalari va qimmatli qog’ozlar bozoridagi mutanosiblikni, baho harakati hamda inflyatsiya jarayonini tavsiflovchi ko’rsatkichlarni ishlab chiqish;
takror ishlab chiqarishning moliyaviy qirraligini, banklar faoliyatini va davlat byudjeti holatini, korxonalar va aholi daromadlari va bu daromadlarini tavsiflovchi ko’rsatkichlarni ishlab chiqish;
bozor munosabatlari sharoitida korxonalarning ish samaradorligini, yuqori mehnat unumdorligi va aholi ehtiyojining to’laroq qondirilishini ifodalovchi ko’rsatkichlarni ishlab chiqish;
respublikalar o’rtasidagi iqtisodiy munosabatlar va mintaqalararo xo’jalik aloqalarini tavsiflovchi ko’rsatkichlarni ishlab chiqish;
respublikalarning chet el davlatlari bilan bo’lgan munosabatlarini, ularda korxonalarning qatnashish darajasini ifodalovchi ko’rsatkichlarni ishlab chiqish va hokazolar.
Ijtimoiy hayot voqeliklarni o’rganar ekan, statistika tilida belgilar deb ataladigan, har biri qandaydir umumiy xususiyatlar bilan tavsiflanadigan o’xshash elementlardan iborat bo’lgan statistik to’plamlarga asoslanadi.
Statistik to’plam elementlari sifat jihatdan ma’lum umumiylikka ega bo’lib, qandaydir taqsimot qonuniga bo’ysunadi.
Belgilarni ikki guruhga: miqdoriy va sifat belgilariga bo’lish mumkin.
Miqdoriy belgilar sonlar orqali ifodalanadi, sifat belgilari esa ularning mohiyatini, sifatini, holatini ifodalovchi tushunchalardan iborat bo’ladi. Ayrim to’plam elementlarining belgilari o’z miqdorini, holatini o’zgartiradi. Bunday holat variatsiya deyiladi. Belgining variatsiyasi statistik taqsimotda ifodalanadi.
Ijtimoiy voqeliklar taqsimoti bilan bir qatorda statistika ularning vaqt bo’yicha o’zgarishini ham o’rganadi. Ijtimoiy hayotdagi voqeliklar o’zaro bog’liq hamda bir-birini taqozo qiladi. Ba’zilarining o’zgarishi boshqalarining ham o’zgarishiga olib kelishi mumkin.
Statistika voqeliklar o’rtasidagi aloqalarning miqdoriy ifodalanishini ko’rsatadi. SHunday qilib, statistika sifat jihatidan aniqlangan ommaviy-ijtimoiy voqelik, ularning tarkibiy tuzilishini, dinamikasini va o’zaro aloqasini miqdoriy tomonidan o’rganadi.
Statistika ommaviy-ijtimoiy voqeliklarni o’rganar ekan, ma’lum usullarga asoslanadi. Statistikaning asosiy usullariga statistik kuzatish, guruhlarga ajratish hamda umumlashtiruvchi ko’rsatkichlar usullari kiradi.
Statistik kuzatish natijasida statistik to’plam elementlari to’g’risida ma’lumotlar to’planadi. Ya’ni, o’rganilayotgan ijtimoiy voqelikni tavsiflovchi belgilar ro’yxatdan o’tkaziladi.
So’ngra, kuzatish natijalari svodkalash va guruhlash usuli yordamida biror muhim belgisiga ko’ra guruhlarga ajratiladi va tartibga solinadi.
Guruhlarga ajratilgan ma’lumotlar turli umumlashtiruvchi ko’rsatkichlar: absolyut va nisbiy miqdorlar, o’rtacha miqdorlar, variatsiya ko’rsatkichlari, iqtisodiy indeks kabilardan foydalanilib, umumlashtiriladi va tahlil qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |