6.3. Iqtisodiy rivojlanishning asosiy indikatorlari Barcha mamlakatlarda iqtisodiy rivojlanishni ko‘rsatuvchi asosiy ko‘rsatkich bo‘lib, yalpi milliy mahsulot (YAMM) hisoblanadi. Chunki, YAMM mamlakatda bir yil davomida ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarning bozor baholaridagi qiymatidir. Uning asosida milliy iqtisodiyotning qanchalik samarali faoliyat olib borayotganligini aniqlash mumkin.
YAlpi milliy mahsulot (YAMM) ni hisoblash usullarini o‘rganishdan oldin makroiqtisodiy holatni aks ettiruvchi asosiy ko‘rsatkichlarga to‘xtalib o‘tamiz. Bu ko‘rsatkichlarga:
yalpi milliy mahsulot (YAMM), yalpi ichki mahsulot (YAIM), milliy daromad (MD);
davlat budjeti taqchilligi, deflyator, iste’mol baholari indeksi, inflyatsiyaning o‘sish sur’atlari;
ishsizlik darajasi va ishsizlar soni, aholining ish bilan bandlik darajasi;
aholining moddiy ne’matlar va xizmatlar iste’moli hajmi, ularning jamg‘armalari, ish haqining quyi miqdori va boshqalar kiradi.
Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiy tizimning umumiy holatini ifodalab, ijtimoiy ishlab chiqarishda barcha qatnashuvchilar (korxona, tarmoq, mintaqa, davlat) va uy xo‘jaligi faoliyatlari natijalari asosida aniqlanadi. Milliy hisoblar tizimiga ko‘ra asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkich YAMM ko‘rsatkichi hisoblanadi va u iqtisodiyotda bir yil davomida ishlab chiqarilgan yakuniy tovar va xizmatlar jami hajmining bozor bahosi yig‘nazar mahsulot joriy yilda ishlab chiqarilgan mahsulot hisoblanadi. Shu munosabat bilan YAMM tushunchasi ma’lum darajada izoh talab qiladi.
Birinchidan, YAMM yillik ishlab chiqarishning bozor qiymati orqali o‘lchanadi va pulda ifodalanuvchi ko‘rsatkich hisoblanadi. Turli yillarda ishlab chiqarilgan har xil mahsulotlar miqdorini solishtirish uchun ularning nisbiy qiymatini bilish lozim.
Ikkinchidan, ishlab chiqarish hajmini to‘g‘ri hisoblash uchun joriy yilda ishlab chiqarilgan tovar va ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi bir marta hisobga olinish kerak. Ko‘pgina mahsulotlar bozorga borguncha bir nechta ishlab chiqarish bosqichini o‘taydi. Shu sababli YAMMda ayrim mahsulotlarni ikki va undan ko‘p marta hisobga olmaslik uchun, faqat pirovard mahsulotning bozor qiymati hisobga olinadi, oraliq mahsulotlar esa hisobga olinmaydi.
Pirovard mahsulot iste’mol uchun sotib olinadigan tugal mahsulot (tovar va xizmat) lardir.
Oraliq mahsulot deganda, qayta ishlash yoki sotish uchun sotib olingan tovar va xizmatlar tushuniladi. YAMMda mahsulotlarning yakuniy sotish qiymati hisobga olinadi, oraliq qiymat esa hisobga olinmaydi. Chunki, oraliq qiymat hisobga olinsa ayrim mahsulotlar qiymati ko‘p marta hisobga olingan bo‘lar edi. Milliy daromadni hisoblashda ikki yoqlama hisobga olmaslik uchun, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni har tomonlama o‘rganib chiqish va faqat, har bir firmada yaratilgan qo‘shilgan qiymatni hisobga olish zarur. Qo‘shilgan qiymat tovar va xizmatlarning sotish bahosidan ularni ishlab chiqarish uchun sotib olingan xomashyo va materiallar qiymati ayirib tashlanib topiladi.
Uchinchidan, YAMMga noishlab chiqarish bitimlari bo‘yicha tushumlar qo‘shilmaydi. Noishlab chiqarish bitimlariga sof moliyaviy bitimlar va ishlatilgan tovarlarni sotish kiradi.
Moliyaviy bitimlar o‘z navbatida uchta asosiy turga bo‘linadi: davlat budjetidan transfert to‘lovlari, xususiy transfert to‘lovlar va qimmatli qog‘ozlarni sotish.
Davlat budjetidan transfert to‘lovlariga ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha to‘lovlar, ishsizlarga va nafaqaxo‘rlarga, nogironlarga va kam daromadli oilalarga beriladigan nafaqalar, talabalarga stipendiyalar kiradi. Davlat transfert to‘lovlarining asosiy xususiyati shundaki, nafaqaxo‘rlar nafaqa evaziga davlatga hech narsa bermaydi. Xususiy transfert to‘lovlariga masalan, talabalarga ota-onasi beradigan pul va qarindosh urug‘lari beradigan bir martalik to‘lovlar kiradi.
Sotilgan qimmatli qog‘ozlar (akцiya va obligaцiyalar) va ishlatilgan tovarlarni sotish ham YAMM tarkibiga kiritilmaydi, chunki, bunday tovarlarni sotish joriy ishlab chiqirashni bildirmaydi (6.3.1-jadval).