Ummaviylar davrida ilm-fan. Sharqshunos olimlar “arab-musulmon madaniyati”ni yoritar ekanlar, shubhasiz Xalifalikda taraqqiy etgan ilm-fan xususida to`xtalmay o`tmaganlar. Biroq ularning deyarli barchasida abbosiylar davrida gullab-yashnagan fan tarmoqlari va ularni taraqqiy etishiga benihoya ulkan hissa qo`shgan allomalarning ilmiy izlanishlari hamda fan sohasidagi yutuqlari yoritilgan. Buning sababini tarixchi olim Bahrom Abduhalimov quyidagicha izohlaydi: “Ummaviylar hukmronligi davrida diniy ilmlar va arab tiliga e`tibor berilgan bo`lsa, Abbosiylar davriga kelib tabiiy fanlarga bo`lgan qiziqish ortdi29”. Lekin bu ummaviylar davrida ilmiy izlanishlar umuman bo`lmagan degan xulosaga kelishimizga asos bo`lolmaydi. “Sharq va G`arb” monografiyasi muallifi Fozila Sulaymonova o`zining “Islom va ilm” maqolasida ummaviylar davri ilm-faniga qisqacha to`xtalib, quyidagi ma`lumotlarni taqdim etadi: “Xalifalikda ilmiy izlanishlar erta, Ummaviylar davridayoq boshlandi, ko`plab suryoniy olimlar xalifalar saroyida xizmat qildilar. Bular orasida Sever Sebaxt (VII asr), Jirjis Usquf, Ya`qub Ruhaviy (640-702) va boshqalar bor edi. Ular yunon tilidagi qator asarlarni suryoniy tiliga o`girganlar30”.
1.3 Abbosiylar hukmronligi davrida arab-musulmon madaniyati
Abbosiylar davri madaniyati. Abbosiylarning hokimiyat tepasiga kelishi bilan madaniy hayotda ham bir qancha o`zgarishlar ro`y berdi. Arab-islom madaniyati, ilm-fani rivojining eng yuqori cho`qqisi Abbosiylar davriga to`g`ri keladi. Davlat tuzumi va idorasimi, urf-odatlar va turmush tarzimi, madaniyat yoki me`morchilik bo`ladimi, barcha sohalarda xalifalikning sharqiy viloyatlari, Eron va Movarounnahrdan ko`proq ibrat olinganini, bu mintaqalardan chiqqan arboblarga suyanilganini ko`ramiz.
Abbosiylar davridagi madaniyatning ajoyib xususiyati va ahamiyatli tomoni shundaki, fanning va badiiy ijodning hamma sohalarida diniy mafkuraviy cheklanganlikdan yuqori ko`tarilib, dunyoviylik ta`minlangan. U davr olimlari islom aqidalariga mahkam bog`lanib qolmagan, hatto rasmiy islom dogmalariga rioya qilmay, erkin fikrlash darajasiga ko`tarilganlar. Ular inson tabiatning eng oliy mahsuli ekanini tasdiqlaydilar31.
U davr olimlari va badiiy ijodkorlari faqat tor bir sohaning mutaxassisi emas, balki ham olim, ham so`z ustasi bo`lganlar va bu holat tabiiy deb hisoblangan. Qadimgi Yunonistondagi kabi ilmiy risolalar she`r bilan ham yozilgan, olimlar she`rlar, shoirlar esa aksincha ilmiy risolalar yozganlar. Ular ilmning bir qancha sohalarida tadqiqot olib borgan qomusiy fozillar bo`lganlar. O`rta asr Sharq olimlarining o`z tadqiqotlarida tabiat va jamiyat hayotining turli tomonlarini qamrab olishi boshqa davr va boshqa mintaqalar tarixida uchramaydi. Sharq olimlari ijodida tabiat har taraflama yaxlit o`rganilgan. Bu davrda ilm va ilm ahliga nisbatan izzat-hurmat, ehtirom shunchalik yuqori darajaga ko`tarilgan ediki, bunday holatni na biror davr, na biror mamlakatda, hatto ko`klarga ko`tarilib maqtalgan Yevropada ham uchratmaymiz32.